Ma’naviyat
1920-1930-yillardagi oʻzbek rassomlari haqida gap ketganda Aleksandr Vasilevich Nikolayev — Usto Moʻmin, Pavel Benkov, Aleksandr Volkov, Vadim Nikolayevich Gulyayev, Mixail Kurzin, Nadejda Kashina, Nikolay Karaxan, Zinaida Kovalevskaya, Yelena Korovay, Valentina Markova, Vladimir Kaidalov, Oganes Tatevosyan, Viktor Ufimsev kabi koʻplab ism shariflar orasida Oʻrol Tansiqboyev nomi ham eslab oʻtiladi.
Oʻzbekistonda rassomlar yetishtiradigan asosiy maktab Pavel Benkov nomi bilan ataladi. Yaqinda Yevgeniy Aleksandrovich Konobeev “ishi” qoʻlimga tushib qoldi va unda nomlari yuqorida qayd etilgan aksar sovet rassomlarining amalga oshirgan “aksilinqilobiy jinoyatlari” haqidagi guvohliklar mavjud edi. Quyida shu haqida...
Yevgeniy Aleksandrovich Konobeyev 1891-yil Astraxan shahrida chor amaldori oilasida dunyoga kelgan. U avval harbiy kadetlar korpusida, soʻng Astraxan real bilim yurtida oʻqishni davom ettiradi. Moskva shahrida iqtisodiyot yoʻnalishida oliy maʼlumot olgach, Birinchi jahon urushiga safarbar etiladi. Inqilobdan soʻng harbiy xizmatdan ozod etilib, ishga Toshkent shahriga yoʻl oladi.
Hokimiyatga bolsheviklar kelishi bilan Yevgeniy Konobeyev sovet maʼmurlari tomonidan xizmatga olinadi. Avval Toshkent shahar ijroqoʻmida, 1924-1931-yillar Oʻzbekiston Ishchi-dehqon inspeksiyasi nazorat komissiyasi raisi oʻrinbosari vazifalarida xizmat qiladi. 1931-yil oxiridan esa OʻzSSR Xalq Komissarlari Kengashiga ishga oʻtib, 1934-yildan Fayzulla Xoʻjayevning tavsiyasi bilan OʻzSSR XKS Ishlar boshqarmasida ish boshlaydi. Konobeev 1937-yil Akmal Ikromov hibsga olinganidan soʻng uning ishi doirasida tergovga tortiladi. Garchi qamoqqa olinmasada partiya safidan oʻchirilib, ishdan boʻshatiladi.
1938-yil 2-avgust kuni Toshkent shahar reja qoʻmitasi iqtisodchisi boʻlgan Ye.A. Konobeevni OʻzSSR JKning 64-14, 66-1 moddalari bilan aybdor deb topilib qamoqqa olishga qaror qilinadi. Shu kunning oʻzida bitilgan order asosida unga tegishli Toshkent shahri, Pushkin koʻchasi 32-uyda tintuv oʻtkaziladi. 19-avgust kuni toʻldirilgan shaxsiy anketasiga koʻra oila aʼzolari turmush oʻrtogʻi Nadejda Konobeeva (39 yosh), farzandlari Yekaterina (13 yosh), Sergey (11 yosh) va Lidiya (9 yosh)lardan iborat boʻlgan.
Ayblovnomada Konobeyev 1917-1937-yillar davomida kompartiya aʼzosi boʻlgani, 1937-yil Fayzulla Xoʻjayevning ukasi Ibod Xoʻjayev qabriga tosh qoʻyish uchun davlat pulidan sarflagani uchun partiyadan haydalgani yozilgan. U soʻroqda XKS ishlar boshqarmasida rassomlar M.Kurzin, “Pravda Vostoka” gazetasidan V.Gulyayev, rassomlar uyushmasining rahbari V.Kaidalovlar bilan birga ishlaganini aytadi. Biroq, soʻroq bayonnomasida uning rassomlardan iborat terror guruhi tashkil etgani yozilib, imzolattiriladi.
1938-yil 27-sentyabr kuni bu vaqtda Moskvada hibsda boʻlgan taniqli rassom Konstantin Ivanovich Maksimov ham Konobeyev ishi boʻyicha soʻroq qilinadi. Konstantin Ivanovich Konobeyevni bolalikdan tanishi, 1930-yil Moskvaga kelganida uning uyida mehmon boʻlgani, biroq siyosiy emas, asosan partiya tadbirlari haqida gaplashganini aytadi.
1938-yil 28-oktyabr kuni hech bir dalil topilamganiga qaramay Konobeyevga OʻzSSR JKning 57-, 58-, 63-, 64- , 67-moddalarida koʻzda tutilgan jinoyatlar bilan aybdor deb qaror chiqariladi. 1939-yil 8-aprel kuni qaror Konobeyevning qoʻliga tutilganida, u “yoʻq, bu moddalarning birortasiga rozi emasman” deb javob beradi. Biroq, 1939-yil 26-aprel kuni chiqarilgan qarorda uning bu noroziligi inobatga olinmaydi.
Zulm saltanatining “Temir komissar”i Yejovning ishdan olinishi bilan vaziyat bir qadar oʻzgaradi. 1939-yil 22-may kuni qayta soʻroqda Konobeyev oʻzining tergovchilarning jismoniy va ruhiy tazyiqlari ostida imzolagan oldingi soʻroq bayonnomasidan voz kechadi. Oʻzining qiynoq ostida Fayzulla Xoʻjayev, Akmal Ikromovlarga nisbatan tuhmat qilganini tan oladi.
U “...toʻgʻri Fayzulla Xoʻjayev bir vaqtlar jadid boʻlgan va hech qachon jadidchilik gʻoyalaridan voz kechmagan”, deydi.
26-28-may kunlari soʻroqda Oʻrol Tansiqboyev va boshqa rassomlarning ishlarini davlat buyurtmasi asosida sotib olgani, mashhur rassom Maksimov bilan 1913-yil Astraxan real bilim yurtida oʻqish davrida tanishgani, uni doimo yaxshi ijodkor sifatida bilganini taʼkidlaydi. Ammo, hech qanday aksilinqilobiy terror tashkilot aʼzosi boʻlmaganini aytadi.
Ammo, 1939-yil 4-iyul kuni imzolangan ayblov bayonnomasida Konobeyev yana OʻzSSR JKning 64-, 67-moddalari bilan ayblanadi. Rassom 1937-yil qishida Kommunistik partiya rahbarlaridan Kaganovich Toshkentga kelganida unga suiqasd uyushtirish maqsadida Gulyayev bilan birga pistoletda mashq qilgani, Fayzulla Xoʻjayevni hamisha maqtagani qayd etiladi.
Konobeyev 1940-yil 9-fevral kuni SSSR IIXK huzuridagi maxsus yigʻin qarori bilan 5-yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. U Sevjeldorlagga surgun qilinib, Gorkiy shahar temir yoʻlida mehnat qila boshlaydi. Tergov jarayonidagi muntazam qiynoqlardan zaiflashib qolgan rassom lagerdagi ogʻir sharoitga uzoq dosh beraolmaydi...
Aleksandr Vasilevich Nikolayev (Usto Moʻmin) 1897-yilda Voronej shahrida harbiy muhandis oilasida dunyoga kelgan. Rus dvoryani xonadonidan chiqqan Aleksandr 1908-1916-yillar davomida Poltava yaqinidagi Sum kadet korpusida taʼlim oladi, keyin esa Tverdagi Ulan korpusida oʻqishni davom ettiradi. Chor armiyasi ofitseri Aleksandr Vasilevich xizmatdan boʻshatilgach, qolgan hayotini sanʼatga bagʻishlaydi. 1918-yildan Voronejda rassom Buchkurining studiyasiga qatnaydi. 1919-yildan badiiy taʼlimni Moskvadagi Malevichning ikkinchi davlat bepul sanʼat ustaxonalarida davom ettiradi. 1920-yilda Turkkomissiya mandati bilan Turkistonga yuborilib, Samarqanddagi asori-atiqalar qoʻmitasiga rassom boʻlib ishga kiradi. 1920–1923-yillarda BXSR va XXSR uchun harbiy mukofot belgilarini yaratish ishiga jalb qilinadi.
Aleksandr Vasilevich Nikolayev Sharq madaniyatini, xalq turmushi, anʼanalari va hunarmandchiligi chuqur oʻrganadi. Hatto, islom dinini qabul qilganidan soʻng Usto Moʻmin ismini qabul qiladi. 1925-yilda Toshkent shahriga koʻchib oʻtib, Oʻzbekiston SSR Davlat muzeyida ish boshlaydi.
1938-yil 10-sentyabrda Moskva shahridagi Butunittifoq Qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasida Oʻzbekiston pavilyonining bosh rassomi boʻlgan Aleksandr Nikolayev aksiliqilobiy tashkilot aʼzosi sifatida hibsga olinadi. 1939-yil 2-yanvarda ilk soʻroqda oʻzining 1920-yildan Oʻzbekistonda yashab, Usta Moʻmin nomi bilan tanilgani, bu yerda Vladimir Kaidalov, Vadim Gulyayev, Aleksandr Volkov kabi rassomlar bilan tanishib, hamkorlikda ijodiy faoliyat olib borgani, ammo hech qanday aksilinqilobiy tashkilotga aloqasi yoʻqligini taʼkidlaydi. Uning Chor imperiyasida harbiy xizmatda boʻlganining oʻzi uning aybdor deb topilishiga asos boʻladi.
1939-yil 4-iyul kuni uning ayblov bayonnomasi tayyorlanib, Nikolayev OʻzSSR JKning 64-, 67-moddalari bilan aybdor deb eʼlon qilinadi. 1940-yil 9-fevral kuni Aleksandr Vasilevich Nikolayev (Usto Moʻmin) 3-yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. U jazoni oʻtash uchun Sibirning Mariinsk shahriga surgun qilinadi.
1942-yilda ozodlikka chiqqan Nikolayev Toshkentga qaytib keladi. Shoʻro tuzumi dahshatlarini koʻrgan ijodkor endi kommunistik mafkuraning ijro mashinasiga aylanadi. Keyingi yillarda yana faol ijodiy jarayonga shoʻngʻiydi. Natijada 1943-yildayoq Mannon Uygʻur teatrini yaratishda ishtiroki uchun Oʻzbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi tomonidan Faxriy yorliq, 1950-yilda Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan artist unvoni bilan taqdirlanadi. Haqsizlik va lagerdagi zulmlardan orttirilgan kasalliklar tufayli mashhur rassom Usto Moʻmin 1957-yil 28-iyunda Toshkent shahrida vafot etadi.
Vadim Nikolayevich Gulyayev 1890-yil 3-fevralda Barnaul shahrida dunyoga kelgan. U 1907-yilgacha Barnaul gimnaziyasida oʻqiydi. 1907-1911-yillar Qozon sanʼat maktabida, 1912-1913-yillar Moskva shahridagi Mashkov studiyasida tahsil oladi. 1914-yil feldsherlar maktabida oʻqib, 1915-1918-yillar Chor armiyasida xizmat qiladi.
Vadim Nikolayevich Gulyayev 1918-yil oktyabrdan 1919-yil noyabrgacha general Kolchak armiyasida xizmat qiladi. Shundan soʻng 1924–1926-yillar Novonikolayevskda, 1926-yildan boshlab esa Toshkentda yashaydi. U “Qizil Oʻzbekiston”, “Sharq Haqiqati” gazetalari va “Guliston” jurnaliga rasmlar chizdi. 1931-yil Moskva poligrafiya institutining plakat va stankali grafika boʻlimida sirtdan taʼlim oladi. Oʻzining “Toshkent kechasi” (1927), “Eski shahar” (1931), “Oʻzbek ishchisi” (1933), “Zarafshon togʻlari”, “Yagʻnob daryosi”, “Parkent” (1935), “Chirchiqstroy” (1936), “Qishloqqa yoʻl” (1937) kabi mashhur asarlarini yaratadi. Moskva va Leningrad shaharlaridagi Oʻzbekiston rassomlarining koʻrgazmalarida faol ishtirok etdi.
1938-yil 22-sentyabr kuni Vadim Gulyayev Moskva shahrida siyosiy ayblovlar bilan hibsga olinadi. Gulyayevga asosiy ayblov sifatida Kolchak armiyasida xizmat qilgani qoʻyiladi. 1938-yil 10-oktyabr kuni Vadim Nikolayevichning turmush oʻrtogʻi “Pravda Vostoka” gazetasi rassomi Olga Dmitriyevna Gulyayeva ham OʻzSSR JK 64-moddasi 14-bandi bilan hibsga olinadi. 1938-yil 4-dekabr kuni Toshkentga keltirilgan V.N.Gulyayev endi terror sodir etish ayblovi bilan soʻroq qilinadi va shu kuni chiqarilgan qarorda unga nisbatan OʻzSSR JKning 64-, 67-moddalari qoʻllaniladi.
Olga Dmitriyevna soʻroqlar davomida oʻzining aybsizligini isbotlab, 1939-yil 23-martda hibsdan qutilishga muvaffaq boʻladi. Biroq, 1940-yil 9-fevral kuni Vadim Nikolayevich Gulyayev 3-yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. Jazoni Sevurallagda oʻtayotgan Gulyayev 1943-yil 29-mart kuni qamoqda vafot etadi. Uning ijodiy ishlari Toshkentdagi Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi va Barnauldagi Oltoy viloyati Davlat sanʼat muzeyida saqlanadi.
Mazkur ishda eng koʻp uchraydigan nomlardan yana biri Sibir va oʻzbek avangardida yetakchilardan boʻlgan rassom, grafik, pedagog Mixail Ivanovich Kurzindir. Mixail Ivanovich Kurzin 1888-yil Barnaul shahrida tugʻilgan. Avvaliga Qozon sanʼat maktabida, 1908-yil esa Moskva sanʼat, haykaltaroshlik va meʼmorchilik maktabining Korovin sinfida tahsil olgan. 1910-1912-yillar Sankt-Peterburgdagi Bernshteynning xususiy studiyasida oʻqigan. 1916-yil harbiy xizmatga safarbar etilgan.
1918-yil boshida xizmatdan ozod etilgan Mixail Ivanovich Kurzin V.N.Gulyayev, V.V.Bessonov, N.N.Yemelyanov, V.V.Karev, E.L.Korovay, K.Laryonov, S.R.Nadolskiy, A.O.Nikulin, N.A.Yanova-Nadolskaya va boshqa ijodkorlar bilan hamkorlikda Oltoy sanʼat jamiyatini tashkil etadi. Ular sanʼatda yangi shakllarni izlar, sanʼat va texnik mahorat ustaxonalarida dars berar edi.
Kurzin 1923-yilda rafiqasi Elena Korovay bilan Qrimga koʻchib oʻtadi. 1924-yildan esa Toshkentda yashab, Sverdlov nomidagi teatrda rassom sifatida ish boshlaydi. Kurzin 1927-yil V.N.Gulyayev, A.N.Volkov, M.Z.Gajdukevich, I.I.Ikramov, S.A.Malta, V.P.Markov va boshqa Toshkentda yashagan rassomlar va grafiklar bilan “Yangi Sharq ustalar” guruhini tashkil etadi. Jamiyat aʼzolari “milliy uslub”ni qidirish bilan birga oʻz ijodlarida zamonaviy inqilobiy gʻoyalarni ham hayotga tadbiq etishga intiladi. 1929-yilda Toshkentda tasviriy sanʼat ishchilari assotsiatsiyasining raisi etib saylanadi. Ayni ijodining choʻqqisi vaqtida, 1936-yil siyosiy ayblovlar bilan hibsga olinib, besh yilga ozodlikdan mahrum etiladi.
Mixail Ivanovich Kurzin ozodlikka chiqqach, 1945-yildan Buxoroda yashaydi. 1948-yil yana qatagʻonga uchrab, Krasnoyarsk viloyatiga surgun qilinadi. 1956-yilda ozod etilgan Kurzin oradan bir yil oʻtib, Toshkent shahrida vafot etadi.
Yevgeniy Aleksandrovich Konobeyev rahbarligidagi taniqli rassomlar Aleksandr Vasilevich Nikolayev — Usto Moʻmin, Vadim Nikolayevich Gulyayev, Vladimir Kaidalovlar ishi 1957-yil 22-iyul kuni OʻzSSR Oliy sudi tomonidan koʻrib chiqilib, barchasi oqlandi.
Shunday qilib, totalitar tuzum nafaqat davlat va jamoat, adabiyot, ilm-fan arboblari, balki nafis sanʼat sohasi vakillarini ham qatagʻon qilgan. Hatto ularning bir qismi Stalin vafot etganidan keyin ham yurtimizning chekka hududlarida surgun va taʼqibda yashagan.
Shoʻro tuzumi oʻlkada gʻoyaviy hukmronlik oʻrnatish orqali oʻz hokimiyatini mustahkamlash maqsadida marksizm-leninizm gʻoyalarini keng targʻib etishga kirishdi. Biroq, bu oson boʻlmasligi ayon boʻlgach, bolsheviklar rejasini adabiyot va sanʼat yoʻli bilan amalga oshirishga intiladi. Natijada “proletar adabiyoti” yaratish maqsadida “qizil qalam” jamiyatlari tuzildi, oʻlkaga koʻplab rus musiqashunoslari va rassomlari safarbar etildi.
Shoʻro mafkurachilari oʻz gʻoyalarini ranglar uygʻunligida xalqning ongiga muhrlash maqsadida matbuot, kitoblar, darsliklar, sanoqsiz plakatlar, afishalar, teatr va muzey yorliqlari, koʻcha bezaklaridan ijtimoiy hayot, tabiat manzaralari, alohida shaxslar siymosigacha sovet rassomlari tomonidan yagona mezonga solindi. Mazkur jarayonda sovet mafkurasini tashuvchi sovet adabiyoti, sovet musiqasi, sovet tasviriy sanʼat maktablari shakllandi. Minglab asarlar yaratildi, kinolar olindi, yuzlab sovet adabiyoti va sanʼati dargʻalari yetishib chiqdi. Biroq, “sovet madaniyati” hech qachon oʻlkamizda milliy darajaga koʻtarilmadi, millat hamisha unga begonasirab qaradi.
Bahrom Irzayev
Ma’naviyat
Adabiyot
Jarayon
San’at
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q