O‘zini ezayotgan jamiyat: diqqat, zo‘ravonlik va charchoq


Saqlash
10:50 / 29.10.2025 643 0

I. Kim bizni ekspluatatsiya qilmoqda?

 

 

Ertalab uyg‘onasiz – telefon sizdan oldin, allaqachon uyg‘ongan. Bildirishnomalar, uzundan-uzun “bugun qiladigan ishlarim ro‘yxati”, ish, o‘qish – hammasi sizni kutmoqda, biroq vaqt qisqadek tuyulaveradi. Siz ishlaysiz, o‘rganasiz, yozasiz, ammo ichingizda yulib tashlolmaydigan bir his bor: “kurash hali tugamadi!”

 

Bugun hech kim bizga “ey qul, ishla!” demaydi yoki ishlamasak, o‘lim bilan qo‘rqitmaydi. Shunday bo‘lsa-da, hammamiz bandmiz, charchaganmiz va baribir “nimadir yetishmayapti” degan ichki tuyg‘udan qocholmaymiz. Shunda savol tug‘iladi: kim bizni ishlatmoqda?

 

Koreys-nemis faylasufi Byung-Chul Han bu savolga keskin javob beradi: bizni boshqa birov emas, o‘zimiz ekspluatatsiya qilayapmiz. Uning “Ezilgan jamiyat” (The Burnout Society) nomli asari bugungi zamonaviy insonning paradoksal jihatini ochadi: hokimiyat endi tashqarida emas, ichimizda yashaydi. Biz endi boshqa birovning majburiyati bilan emas, o‘z ichki “motivatsiya”miz orqali charchaymiz. Han bu holatni “o‘z-o‘zini ekspluatatsiya qilish” deb ataydi. Shunday qilib, inson o‘z-o‘ziga ham xo‘jayin, ham qulga aylandi. U o‘ziga buyruq beradi, o‘zi bajaradi, o‘zi charchaydi va shu charchoqni “rivojlanish” deb o‘ylaydi.

 

Bu maqolada biz Hanning fikrlarini tahlil qilamiz va qanday qilib erkinlik charchoqqa aylangani, nima uchun diqqat yo‘qolgani va bu davrdan inson qanday qilib chiqib ketishi mumkinligini muhokama qilamiz.

 

II. Ijobiylik zo‘ravonligi

 

 

Ilgari nazorat “taqiqlash” orqali boshqarilardi: “Buni qilma!”, “Buni aytma!”, “Bunga yaqinlashma!”. Bugun esa dunyo butunlay o‘zgardi, endi hech kim taqiqlolmaydi. Aksincha, har yerda bir xil shiorlar yangraydi: “Sen qila olasan!”, “Hech narsa seni to‘xtata olmaydi!”, “Harakat qil, ishon!”

 

Ammo Han aytganidek, bu ijobiy so‘zlarning ortida yangi, ko‘rinmas zo‘ravonlik yashiringan. Oldin hokimiyat bizni cheklash orqali boshqargan bo‘lsa, endi ruxsat orqali boshqaradi. “Imkoniyatlar cheksiz” degan g‘oya yangi buyruqqa aylanadi: sen doimo faol bo‘lishing kerak. Ya’ni, dam olish – vaqt yo‘qotish, sukut – dangasalik, bo‘sh vaqt – xavf. Deylik, sen to‘xtasang, hammadan orqada qoladigandek tuyulasan.

 

Natijada, inson endi tinchlikdan qo‘rqadi, jimlikdan qochadi, ichidagi bo‘shliqni “motivatsiya” va “samaradorlik” bilan to‘ldirmoqchi bo‘ladi. Han bu holatni “ijobiylik zo‘ravonligi” deb ataydi – tashqi buyruq o‘rnini ichki bosim egallagan davr. Endi u “buni qilma” demaydi, balki pichirlab eshitiladi: “Sen qila olasan… nega qilmayapsan?”

 

Shunday qilib, zamonaviy inson o‘zini charchatadi, ammo bu charchoqni “rivojlanish”, “samaradorlik”, “karyera” deb ataydi. Aslida esa, bu – o‘z-o‘ziga qarshi ishlayotgan ruhning sekin yonishidir.

 

III. Diqqat inqirozi va charchash davri

 

 

Bugungi insonning eng katta yo‘qotgan narsasi – diqqat. Har daqiqada yangilik, xabar, video, bildirishnoma. Fikrlarimiz parchalanishda, e’tiborimiz qisqarishda davom etadi. Han esa shunday yozadi: “Biz diqqat yetishmovchiligi davrida yashayapmiz. Bu kasallik emas, balki zamonaviy hayotning sharti”.

 

“Multitasking” (bir vaqtda bir necha ishni qilish) deb atalayotgan narsa – aslida shunchaki vazifalar orasida shoshilish. Miyamiz tinmay sakraydi, ammo hech narsaga chuqur kira olmaydi. Natijada biz har kuni ko‘p narsani bilamiz, lekin kamroq narsani his qilamiz. Bundan tashqari, ko‘p odamlar endi hayotini ko‘rsatish uchun yashayapti. Suratga olish – his qilishdan muhimroq bo‘lib qolgan joyda hayot tomoshaga, inson esa tomoshabinga aylanib qoldi.

 

Shu jarayonda inson o‘zini ichdan ezadi va bu holatni Han burnout – ichki yonish deb ataydi. Oldin ishchining mehnatini boshqalar ekspluatatsiya qilardi. Hozir esa inson o‘zini o‘zi “yondiradi”: u “motivatsiya” bilan o‘ziga bosim qiladi – “Yana ozgina”, “yana biroz yaxshiroq”, “yanada samaraliroq” degan ichki shior uni asta-sekin kuydira boradi.

 

Shunday qilib, ko‘pchiligimizdagi charchoq oddiy toliqish emas, balki ma’nosizlikdan kelgan ruhiy og‘riq. Biz ishlarimizni tugatamiz, lekin kunni yashamaymiz.

 

IV. Nima qilish kerak?