Tabibdan baxshigacha aylanish yo‘li. Bir so‘z evolyutsiyasi


Saqlash
16:02 / 31.10.2025 45 0

Baxshi so‘zini hozirda ikki ma’noda qo‘llaymiz: 1. Xalq dostonlarini kuylovchi shoir, oqin; 2. Duolar o‘qib, dam solib, irim-sirim bilan davolovchi tabib” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. I. 1981. 8-bet). Bu so‘z yuqoridagi ta’rifgacha qancha evrilishlarni bosib o‘tgan, keling, bir boshdan boshlaymiz:

 

Bhikshutilanchi

 

Buddaviylik inonchida diniy xodim, monaxga nisbatan – “bhikshu” (“bhikşu”) deyiladi, lekin bu so‘zning sanskrit tilidagi ilk lug‘aviy ma’nosi: “tilanchi”, “gadoy”, “xayr-ehson tilovchi”, “darveshdir, ta’bir joiz bo‘lsa, mazkur amalni buddaviylik asoschisiBuddadan qolgansunnatdeyish mumkin, chunki hukmron oilada tug‘ilgan shahzoda (Siddhartha Gautama Shakyamuni) shohona hayotdan voz kechib, ruhoniy hayot uchun tilanchilik, darveshlikni tanlaydi va sanskrit tilidauyg‘ongan, idrok etgan, Haqqa erishgankabi ma’nolarni bildiruvchi – “budda” (“buddha”) unvonini oladi. Buddaviylik Sharq tomon yoyilgan sari “bhikshu” so‘zi ham tildan tilga ko‘chib, boshqa tillarga o‘zlashgan. Deylik, xitoyliklar bu so‘zni o‘z tillariga moslab – “böshi” yoki “baḡši” shaklida qabul qilgan va u – “monax”, “ustoz”, “murshid” kabi ma’nolarni anglatgan.

 

 

“Baxshi”ning turklarga o‘tishi

 

Azaldan qo‘shni, doimiy aloqada bo‘lgan qadimgi turklar Xitoyda davlat dini maqomida bo‘lgan buddaviylikdan yaxshi xabardor edilar. Eramizning VI yuzyilligida maydonga kelgan Ko‘kturklar yoki Birinchi Turk xoqonligining uchinchi xoqoni – Muqan Qag‘an (553-572) siyosiy maqsadni ko‘zlab – xoqonlikning Sariq dengizdan Qora dengizgacha cho‘zilgan ulkan hududida yashovchi ko‘pmillatli tobe xalqlarni birlashtirishda buddaviylikdan ham foydalanishni rejalaydi (Qolaversa, undan oldingi Jujanlar xoqonligida ham (330-555) buddaviylik asosiy dinlardan biri edi). Muqan Qag‘andan keyin hokimiyatga kelgan uning ukasi – Taspar Qag‘an (572-581) davrida esa yanada ko‘proq e’tibor beriladi, xoqonning o‘zi 574-yili buddaviylikni rasman qabul qiladi. Xoqon qarorgohida gandharalik budda ruhoniysi Jinagupta boshchiligida Xitoydan, So‘g‘ddan qochib kelgan buddaviy ruhoniylardan iborat markaz tashkil etilib, ular tomonidan buddaviylikka oid ba’zi sutralarni qadimgi turk tiliga tarjima qilish ishlari boshlab yuboriladi. Buning uchun esa, amerikalik tarixchi A.Byorzinga ko‘ra, turk tiliga moslashtirilgan so‘g‘d yozuvidan foydalanilgan. Oradan yuz yil o‘tib Birinchi Turk xoqonligi inqirozidan xulosa chiqargan Ikkinchi – Gʻarbiy Turk xoqonligi so‘zchisi Tunyuquq turklarni buddaviylikdan uzoqlashib, Tangriga qaytishga da’vat etadi.

 

Xullas, “burxan” (“burqan” – “Budda”), “to‘yin” (“buddaviy monax”), “baqshi” (“monax”, so‘ngroq – “ustoz, murabbiy, muallim, kotib”) kabi so‘zlar ko‘kturklar, keyinchalik uyg‘urlar buddaviylikka ixlos qo‘ygan o‘sha davrlarda tilimizga o‘zlashdi.

 

Turkona buddaviylik

 

So‘zimiz “baxshi” haqida-yu, ammo shu o‘rinda yana bir nuqtaga oydinlik kiritib o‘tmasak bo‘lmaydi. Xo‘sh, buddaviylik turk xoqonlarini nimasi bilan o‘ziga jalb qildi? Gap shundaki, qadimgi turklar va mo‘g‘ullarning ajdodlari Tangriga sig‘inishar, shu bilan birga, ularning turmushida qamchilik, ya’ni shamanlik amaliyoti muhim o‘rin tutardi. Shuningdek, xoqonlik hududida zardushtiylik, moniylik kabi inonchlar bor edi. Ammo bu inonchlardan siyosiy maqsadda foydalanib bo‘lmasdi. Shu bois Muqan Qag‘an va Taspar Qag‘an uchun sinalgan Xitoy tajribasi, ya’ni u yerda buddaviylikning siyosiy boshqaruvdagi o‘rni, xalqning monaxlarga nisbatan cheksiz hurmati jozibador tuyuldi va bu jihatlar ulkan xoqonlik hududida ham boshqarishning qulay omili bo‘lib ko‘rindi. Ma’lumki, buddaviylik hamma joyda bir xil emas, deylik, Tibetdagi buddaviylik Xitoydagidan farqli, yapon yoki quriyoliklarda o‘zgacha va hokazo. Turk xoqonlari Xitoyga mafkuraviy jihatdan tobe bo‘lib qolmaslik uchun buddaviylikning So‘g‘d, Toharistondagi moniylik va zardushtiylik ta’sirida shakllangan ko‘rinishini tanlaydi, ayni paytda, unga turklarning azaliy e’tiqodlari: tangrichilik va qamchilik ham singib ketadi.

 

Turfandan topilgan bir hujjatda shunday so‘zlar bor: Бақшылығ бурхан тäңрi тўғтуңуз. Ma’nosi: “(Siz) Budda tangridan ustoz, murabbiy bo‘lib tug‘ildingiz”. Bu yerda “baqshi” so‘zi – “ustoz, murshid” ma’nosida, shuningdek, “burxan täңri” deganda – Budda (burxan) shaxsi – Tangriga tenglashtirilyapti. Buddaviylikka oid boshqa bir manba – “Altun Yaruq”da esa qadimgi turk mifologiyasidagi yerosti xudosi – Erlikxan (“Ärklig qan” – “Erklig qan”) obrazi ham bor. Ya’ni, turkona buddaviylik zardushtiylik va moniylik ta’sirida shakllangan, ayni paytda, turklarning azaliy inonchlari: tangrichilik va qamchilik poydevori ustida qurilgan edi.

 

Baxshi – kotib

 

Ikkinchi Turk xoqonligida buddaviylikdan voz kechildi, ammo Sharqda Xitoy bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Uyg‘ur xoqonligida mazkur din keyingi asrlarda ham yashab qoldi. VIII asrda so‘g‘d yozuvi asosida uyg‘ur xati yaratildi, ko‘pgina buddaviylikka oid manbalar asosan xitoy tili, qisman boshqa tillardan turk-uyg‘ur tiliga o‘girildi. Yuqorida aytilganidek, “baqshi” deganda dastlab buddaviy ruhoniy, monax tushunilgan bo‘lib, ularning asosiy vazifalaridan biri – diniy adabiyotlarni ko‘chirish, ya’ni kotiblik edi. Shu bois keyinchalik ham uyg‘ur xatida bituvchi kotiblarga nisbatan, garchi ularning buddaviylikka aloqasi bo‘lmasa-da, “baxshi” deyish udum bo‘lib qolgan. Atoqli olim Qosimjon Sodiqov o‘zining “Eski o‘zbek yozma adabiy tili” kitobida “baxshi” so‘zining Qoraxoniylar va undan keyingi davrlarda ham “kotib” ma’nosida keng ishlatilganini atroflicha tahlil qiladi. Olimga ko‘ra, Temur davrida ham uyg‘ur xatida bituvchi kotiblar otiga “baxshi” unvoni qo‘shilib, misol uchun: “Zaynulobiddin baxshi”, “Abdurazzoq baxshi” qabilida aytilgan va nafaqat Markaziy Osiyo, balki Oltin O‘rda, hatto Qirim xonligida ham “kotib” ma’nosida “baxshi” qo‘llanilgan. Shuningdek, keyinchalik Buxoro amirligida “qurilish uchun belgilangan mablag‘larning hisob-kitobini yurituvchi lavozimli kishi”ga nisbatan ham “baxshi” deyilgan (O‘TIL. I. M. 1981. 86-bet).

 

Baxshi – emchi

 

“Boburnoma”da qiziq bir voqea hikoya qilinadi: yosh Bobur oyog‘idan yaralanganda xon tog‘asini davolash uchun mo‘g‘ul jarrohini jo‘natadi: “Yaramni boqqali Atika baxshi otliq mo‘g‘ul jarrohini yiboribturlar. Mo‘g‘ul eli jarrohni ham “baxshi” der. Jarrohlikda bisyor hoziq edi” (B. Sharq”. 2002. 94)”. Bu yerda biz uchun muhim ikki so‘z bor: “boqqali” va “baxshi”. Ammo bu “tabib-baxshi”ning buddaviylikka aloqasi yo‘q, balki uning ildizlari yuqorida zikr etilgan qamchilik, ya’ni shamanlikka borib taqaladi. Shamanlikning boshqa e’tiqodlardan farqi – qam yoki shaman o‘tib ketgan ajdodlarning ruhlari g‘ayritabiiy kuchlar bilan aloqaga kirishadi, deb ishonilgan. Qam fol ko‘rish, kasalni davolash, bashorat qilish yoki boshqa amallarni bajarish uchun childirma (daf), qamchi, chanqovuz, xanjar va shu kabi boshqa vositalardan foydalanib, turli ovozlar chiqarib, duolar o‘qib, raqsga o‘xshash muayyan harakatlar qilib jazava (ekstaz) holatiga tushgan. O‘tganlar ruhiga qurbonlik qilingan va qam uning qoni bilan marosimda foydalanadigan jihozlarini qonlagan. Qamning bu muolajasiga nisbatan “qamlamoq” deyilgan (“qam qamladi”. Bu so‘z rus tiliga ham “камланье” shaklida “shamanlik qilmoq” ma’nosida o‘tgan).

 

Mutaxassislarga ko‘ra, shamanlik eng qadimgi inonchlardan bo‘lib, u din emas, balki ko‘proq folbinlik, afsungarlikka yaqin amaliyotdir. “Devonu lug‘otit-turk”da “qam” so‘zi ikki o‘rinda uchraydi, bir o‘rinda: “qam – fusungar, kohin” deb izohlangan (Turkcha tarjimada Basim Atalay: “kȃhin, şaman” deb o‘girgan. DLT. III. Ankara. 1986. 157-bet). Boshqa o‘rinda: “qam arvash arvadi – qam avrash so‘zlar bilan avradi” misoli keltirilgan (DLT. I. 1960. 280).

 

 

Xo‘sh, “qam” qanday qilib “baxshi”ga aylanib qoldi? Deylik, buddaviylar uchun baqshi yoki to‘yin, ya’ni monax qanday mavqega ega bo‘lsa, qamchilik, shamanlikka e’tiqod qo‘ygan xalqlar nazdida qam yoki shaman ham shunday mavqeda edi. Ya’ni, qadimgi turklar buddaviylik ta’sirida bo‘lgan o‘sha davrlarda Budda – Tangri deb talqin etilgani singari, mahalliy “ruhoniylar” bo‘lmish qamlarga nisbatan ham “baxshi” nomini qo‘llash sekin-asta muomalaga kirdi.

 

Yana “Boburnoma”ga qaytamiz: “Yaramni boqqali Atika baxshi otliq mo‘g‘ul jarrohini yiboribturlar”. Qizig‘i shundaki, tabib-baxshining davolash muolajasiga nisbatan alohida fe’l – “boqmoq” ishlatiladi: “Baxshi kasalni boqdi” (qozoqcha: “kesel bag‘u”). Umuman, qadimgi turkiyda tabib ma’nosida bir necha so‘z bo‘lgan, shulardan biri – “emchi”, bu haqda “Devonu lug‘otit-turk”da “em” so‘zi izohida shunday deyiladi: “ӭm – em, davo, dori; “davolovchi”ga – “ӭmchi” deyilishi shundandir” (DLT. I. 1960. 74). “Emchi” hozirgi tilimizdagi “shifokor”, “vrach”ga to‘g‘ri keladi va bu so‘z bilan “emlamoq” fe’li qo‘llanilgan: “emchi emladi”. Qadimgi turkiyda yana bir tibbiyotga oid kasb nomi – “o‘tachi”, “o‘t” – hozirgi tilimizdagi “o‘t, giyoh”, ya’ni turli shifobaxsh o‘tlardan tayyorlangan dorilar bilan davolovchi tabibga nisbatan – “o‘tachi” deyilgan. “Devon”da “o‘t” so‘ziga shunday izoh beriladi: “ot – dori, davo; “o‘t ichtim” – “dori ichdim”; “tabib” ma’nosidagi “otachi” – shu so‘zdan” (DLT. I. 1960. 71) “O‘tachi” so‘zi bilan birga “davoladi” ma’nosidagi “o‘taladi” fe’li ishlatilgan: “o‘tachi o‘taladi”.

 

Baxshi – qushnoch

 

Xullas, ilgari turk, mo‘g‘ul xalqlarida “qam”, tungus-manjur xalqlarida “shami” (“sham+an”) deb ataladigan qadim inonch vakillari keyinchalik o‘zbeklarda “baxshi”, qozoqlarda “baqsi”, qirg‘izlarda: “baqshi” ataladigan bo‘ldi. O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida yashovchi katta avlod vakillari, ayniqsa, baxshi, qushnoch, emchilar haqida yaxshi tasavvurga ega. Qizig‘i shundaki, O‘zbekistondagi qushnoch-baxshilar amaliyotida, aytaylik shimoldagi qamlardan farqli o‘laroq, zardushtiylik, hatto Islomning ham ta’siri seziladi. Deylik, ularning aytuvlarida parilar, chilton pari, devlar, jinlar, farishtalar tilga olinadi, chiroq yoqiladi, momolardan yordam so‘raladi. Baxshilar kasalni boqishda asosan doira (daf), qamchidan foydalanadi, kasalning boshiga ro‘mol yopib qo‘yiladi, baxshi qandaydir so‘zlarni xirgoyi qilib, doira chalib jazava holatiga tusha boshlaydi, keyin kasal atrofini aylanib raqsga o‘xshagan harakatlar qiladi, qamchisi bilan kasalni vaqti-vaqti bilan urib, kuf-suf qilib turadi. Qushnoch va emchilarning amaliyoti esa bundan biroz farqli.

 

Baxshi – oqin

 

Nihoyat, xalq dostonlari ijrochilari ham o‘zbek va turkmanlarda “baxshi” deb ataladi (turkmancha: “bagşy”). Ularga nisbatan, shuningdek, o‘zbeklarda: “shoir”, “oqin”; qozoqlarda; “aqin”, “jirau”, “jirshi”; qirg‘izlarda: “aqin”, “irchi”; ozarboyjon va turklarda: “aşiq” ishlatiladi. Xo‘sh, nega bizda xalq shoirlari ham “baxshi” nomini oldi? Buning sababi, bizningcha, avvalo ularning tug‘ma iste’dodlari, ilhomi, qolaversa, yuqorida tilga olingan qam va emchi-baxshilar bilan mushtarak fazilatlarga ega ekanliklari bilan izohlanadi. Aytaylik, qam va emchi-baxshilar – “orqador”, ya’ni orqasida g‘ayritabiiy kuchlar turadi, deb ishonilgan, jazava (ekstaz) holatiga tushganda musiqa asbobi, turli vositalardan foydalanishgan. Dostonchi baxshilar ham ijro jarayonida muayyan holatga tushib, minglab satrlarni yoddan yoki o‘sha yerning o‘zidayoq to‘qib musiqa asbobi vositasida kuylashadi. Shu kabi o‘xshash jihatlardan kelib chiqib xalq tilida dostonchi-shoirlar ham “baxshi” deb atalib ketgan.

 

Abduvohid HAYIT,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:10 / 29.10.2025 0 142
Dostonlarimizda harbiy hayot qanday tasvirlangan?

Ma’naviyat

11:10 / 28.10.2025 0 223
Insoniyatning azaliy orzusi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//