Soʻz goʻzalligining xilqati hech bir mavjudotda yoʻq. Ibora, soʻzning yoshi qanchalik ulugʻ boʻlsa, latofati, sehri shunchalik ortadi. Zamon, makon, talaffuzlar taʼsirida shakli oʻzgarishi mumkin. Lekin maʼno oʻsha, oʻsha tartibda turaveradi. Joy nomlari esa maʼno bilan birga shu yerda yashovchi xalq oʻtmishini oʻzida tashiydi. Shuning uchun ham ularni oʻz holida qoldirish, asrash muhim. Ammo koʻpchilik ulardagi maʼnoni bilmagani uchun koʻp narsadan quruq qoladi, deyish mumkin. Ushbu maqolada yurtimizdagi ayrim shunday joy nomlarining mazmuniga toʻxtalib oʻtamiz.
Varaxsha. Qadimiy kent nomi. Kentni Siyovush qurdirgani uchun unga oʻzi Afraxsh deb nom qoʻygan. “Doim porlab tur”, maʼnosida. Yillar oʻtdi. Asr, zamon oʻtdi, Afrosiyob davrida qurilgan Afraxsh Varaxsha boʻlib yashab kelmoqda.
Romitan tumanida Ajinatepa qabristoni bor. U haqida aholi sal hadiksirab gapiradi. Goʻyoki u yerda gʻayrioddiy kuchlar bormish. Aslida, esa As-Sanʼoniy bu shahardan yetishib chiqqan olimlarga “Ajinasiy” deb murojaat qiladi. Ularning nom, nasabini keltirib oʻtadi. Biz Ajinatepa oʻtmishi ildizlarini topdik. Kent Afrosiyobning nabirasi – Arjostning shahri ekani yuz koʻrsatdi.
Vobkent tumani oldin Komot deb nomlangan. Zarafshon daryosining sersuv irmogʻi tuman quyosh chiqaridan oqib oʻtgani sababli ariq, rud, komalar koʻp, nomlanishi ham shunga qarab qoʻyilgan. Komo – ariq, -ot esa, koʻplik shaklini bildiruvchi soʻgʻd tilidagi qoʻshimcha. Ariqlari koʻp joy maʼnosini bildirgan. Keyinchalik nomlanish shaklini oʻzgartirgan, lekin maʼno oʻsha: Vobkent – Obkent. Ob – suv, kent – shahar, qalʼa, hisor, diza, aniqroq qilib aytsak, suv, daryo, rud, irmoq yonida joylashgan shahar degani. Shu sababli ham tumanda suv bilan bogʻliq qishloq, guzar, shaharchalar koʻp uchraydi. Millat, elat, kasb-korni bildiruvchi joy nomlari ham koʻpchilikni tashkil etadi. Tumanda juda qadimiy qishloqlar bor. Ularning nomlarini tushunmasdan, zamonaviylashtirmoqchi boʻlgan ayrim mutasaddilarning niyati amalga oshmadi. Chunki aholi ota-bobolari yashab, nomlab ketgan merosni oʻzgartirishni istashmadi. Masalan, “Sakbiyon” qishlogʻini olsak. Soʻz shakli vaqt oʻtib oʻzgargan, ayrim odamlar tushunmay, qishloq ahli itni sag deydi, deb “Sakgoʻyon” deyishgan. Aslida, bu nom juda qadimiy boʻlib, maʼnosi Sugʻdiyondir. Soʻgʻd elati yashaydigan qishloq maʼnosida qoʻllangan.
Katta hududni qamrab olgan Shakarkent Vobkent markazining quyoshchiqar, ariq, koʻklik yarim oʻrmoni bor tomonida joylashgan boʻlib, unda ovchilar qalʼasi ham boʻlgan. Shahar qadimda “Ovchilar shahri” deb atalgan. Soʻgʻd-tojik tilida ovchi shikorchi deyiladi. Yillar oʻtib, nomlanish talaffuzda oʻzgarishga uchrab, Shikorkent emas, Shakarkent boʻlib ketgan.
Tarixchi-olimlar koʻp yetishib chiqqan Bisbiriy qishlogʻi aholisi qishloq nomini nasablariga qoʻshib olishgan. Hududdagi Boski Biruloniy tepaligi qishloq nomiga asos boʻlib, “Birulon qurgan bino, qalʼa, hisor” maʼnosini bildiradi. “Shohnoma”da keltirilishicha, Birulon Afrosiyobning turk vazirining ismi boʻlgan ekan. Oʻsha vazir qurdirgan bino bugun qishloq nomi, olimlar nasabi boʻlib turibdi.
Pirmast qishlogʻi tarixi ham vazir Birulonga borib taqaladi. Qishloqda Pirmast arigʻi boʻlib, Birulon qazdirgan ariq, kent degan maʼnoni anglatgan: Pirmas – Birmas, Birulon tashkil etgan yashash joyi.
Anjir Fagʻnaviy – buyuk pir nomiga bogʻliq Vobkent tumanidagi masnad. Ajir – botirlar, fagʻna – paxsa devorli qalʼa, degani. Bu Afrosiyob davridagi shahar nomi boʻlib, Ajir Fagʻna – bahodiri koʻp, devori paxsadan boʻlgan kent, degan maʼnolarni anglatadi. Chunki, “anjir” soʻzi lugʻatda boʻlmagan. Anjir – ajirning eskirgan shakli. Bu qishloq ahli esa, pir nomiga har xil ertaklar bogʻlab, anjir ekib yuribdi.
Vobkentdagi yana bir eski kent Narshaxqalʼadir. Somoniylar tarixnavisi boʻlgan buyuk tarixchi Narshaxiy shu dizada tugʻilib, oʻsgan. Xoʻsh, kent nomi nega Narshaxqalʼa? Tojikiston FA akademigi Asror Muxtorov bu haqda shunday yozadi: “Somoniylar Bahromi Choʻbinoning Oliy Somon nomli oʻgʻlidan tarqalgan avlod. Ular Buxoroda 102-yilu 20 yarim kun podshohlik qildilar. Ular shu yillar davomida uchta shahar (qalʼa) qurdilar. Uchta shaharning ikkitasi Tojikiston hududida borligi maʼlum, bitta shaharlari nomaʼlum”. (“Somoniylarning amir va vazirlari” kitobi. 1997-yil, Dushanbe, “Oliy Somon” nashriyoti.)
Sayfiddin Hojiyning “Osor ul-vuzaro” kitobida somoniylar haqida ham (5-bob) maʼlumot bergan. U somoniylar haqida shunday yozadi:
Noʻh tan budand z-oli Somon mashhur,
Har yak ba valoyate shahri mazkur:
Ismoilu Ahmad, du Nasru, du Nuh,
Du Abdul Malik, du Mansur.
Tarjimasi: Somoniylar avlodidan toʻqqiztasi mashhur boʻlib, har biri shaharda hokim edi.
Bular Ismoilu Ahmad, ikki Nasr, ikki Nuh, ikki Abdul Malik, ikki Mansur.
Bu maʼlumotni nomlanish nuqtai nazaridan koʻrsak, Noʻh – toʻqqiz, degani Shohi Muzaffari – toʻqqiz marotaba zafar (podshohlik)ga erishgan shoh, podshoh boʻlib chiqadi. Yillar oʻtishi bilan bu soʻzlar joy nomlariga aylangan – Narshax, Narchoh, Noʻhshohi muzaffari oliy. Bu bizning Narshaxqalʼa nomi. Demak, somoniylarning qurgan uch kentidan biri Vobkent daryoning shundoq yuqori qismida joylashgan, hududi 200 gektarni tashkil etuvchi bizning Narshohqalʼamiz boʻlishi mumkin...
Bunday joy nomlari tarixini oʻrganish orqali biz oʻzligimiz, ildizlarimizga yetgandek boʻlamiz. Zero, joy nomlari bebaho qadriyatlarimizni, yuksak madaniyatimizni oʻzida mujassam etgan. Milliy va yuksak taraqqiyotni orzu qilar ekanmiz, mana shunday joy nomlari bilan bogʻliq izlanishlarga ham tiyrak koʻz bilan qarashni hayotiy ehtiyojga aylantirmogʻimiz lozimga oʻxshaydi.
Ibodat RAJABOVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Falsafa
Tarix
Ma’naviyat
Adabiyot
Jarayon
San’at
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q