Dostonlarimizda harbiy hayot qanday tasvirlangan?


Saqlash
16:27 / 29.10.2025 14 0

Xalq ogʻzaki ijodida armiyamizning tarixiy qiyofasini, turkiy jangchilarimizning soʻnmas shijoatini, ayovsiz kurashlarda orttirilgan tajriba va mahorat namunalarini ham koʻrish mumkin. Quyida biz turli jangnoma dostonlar, tarixiy manbalarda aks ettirilgan bahodirlik va alplik, harbiy taktika va jangovar ruh masalalari haqida fikr yuritamiz.

 

“Oqshom yurar shabgir tortib...”

 

Oʻtmishda dushmanga kutilmaganda zarba berib, uni vahimaga soluvchi maxsus kuch – “shabgir”lar haqida xalq dostonlarida qiziqarli maʼlumotlar mavjud. Yovqur shabgirlar asosan tunda, qoʻqqisdan hujumga oʻtib, dushmanni yakson qilishgan. Ular odatda oʻzini sezdirmasdan, xufiyona harakat qilgan. “Alpomish” dostonida bu haqda shunday deyiladi:

Bedovlarga qamchi chatib,

Oqshom yurar shabgir tortib,

Joʻnadi qirq ikki sardor,

Har qaysi misli ajdaho.

 

Dostonlarda uchraydigan yana bir taktik usul – bu kam sonli qoʻshinni dushmanga koʻp koʻrsatish hiylasidir.

 

“Alibek bilan Bolibek” dostonida tasvirlanishicha, shahzodaning qoʻshini son jihatidan oz boʻlsa-da, ular togʻda quyuq va ulkan chang hosil qilib, dushmanga qoʻrquv soladi. Natijada dushman qoʻshini orasida vahima va sarosima uygʻonadi:

Oʻzbek lashkarining bari boʻridir,

Maydonga kirganda erning eridir.

Endi tanang suvsiz choʻlda chiriydi,

Bizning qoʻshin bevaqt kelgan oʻxshaydi.

 

Tarixiy manbalarda Sohibqiron Amir Temur ham shu usuldan foydalanib, lashkar sonini boʻrttirib koʻrsatish uchun tunda bir qancha yerda gulxan, mashʼala yoqtirgani, bu usul “Argʻay oʻt” (moʻgʻulcha argʻa – aldash, turkcha – oʻt, olov) deb nomlanishi keltirib oʻtiladi. Shuningdek, dostonlarda razvedka va turli hiylakor hujumlarni ifodalovchi chopqun, chopovul, turktoz, tatovul, ilgʻor, til, oqinchi, oʻqruq, tutgʻoq, yezak kabi atamalar ham tilga olinadi.

 

Qurollanish

 

Oʻziga xos qurollanish tizimi turkiy xalqlarning deyarli barcha dostonlarida uchraydi. Qardosh xalqlar dostonlarida botirning qurollanishiga oid beshlik mavjud, yaʼni qilich (shamshir), nayza (pika), oʻq-yoy, oybolta, gurzi. Shuningdek, qalqon, sovut, miltiq kabi qurol-aslahalar ham keyinchalik bu sanoqni toʻldirib borgan.

 

Dostonlarimizda jang atamasi koʻproq “savash” shaklida keladi va sardorning jangga kirishidagi hozirligi, anjom-aslahalarining joylashuviga ham alohida urgʻu beriladi. “Alibek bilan Bolibek” jangnomasida jangchilarning davraga ot qizitib, qalqon oʻynatib, qilichini soʻylatib, nayzadast, juganbozlik qilib, sipohlik oʻyinlari qilganini koʻramiz.

 

“Tez tibbiy yordam”, “yoʻlxalta”

 

Bugungi zamonaviy armiyamizda jangchining qurol-yarogʻlari asosan pishiq kamarga tayanib joylashtiriladi. Jangchilarda avvalo oʻziga, soʻngra safdoshiga tezkor tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalari shakllantiriladi. “Yusuf bilan Ahmad” dostonida ham qurollarning beldagi kamarga osilishi, oʻz-oʻziga tibbiy xizmat koʻrsatish jarayonlari batafsil tasvirlangan: “Ashurbek sardor sallasini yirtib, ikki kam oʻttiz yarasiga paxta qoʻyib, dastori bilan mahkam chandiqlab bogʻlab, liboslarini ikki egniga tashlab, ustidan sovutini bosib, qilichini beliga bogʻlab, qalqonini kiftiga tashlab, nayzaga suyanib egarni ushlab, “oh-voh” deb otiga minib, yigitlariga bosh boʻlib jangga kiradi”.

 

Bugungi armiyamizdagi yoʻlxalta jangovar ertaklardan tortib, dostonlargacha qurollanishning bir qismini tashkil etadi. Bu detal “Yusuf bilan Ahmad” dostonida ham uchraydi. Qurshovda qolgan Goʻzalshoh Yusuf bilan Ahmad huzuriga elchi yuborish uchun Rustam ismli jangchisini safarga hozirlaydi. Unga yoʻl ozigʻi sifatida tolqon, turshak, qurut berib, mehtarlarga suv solib, yov-yarogʻini shaylab, xuftondan soʻng bir darvozadan chiqarib yuboradi.

 

Ilk jasorat

 

Zamonaviy armiyamizda askarlikning ilk bosqichidan jangga kirishigacha boʻlgan davrga qadar shakllantirib boriladigan maʼlum bir ruhiy-psixologik bosqichlar bor. Dostonlarda ham qahramonlarning jisman va maʼnan ulgʻayish kategoriyalari, yaʼni ramziy “oʻlik”lik holatidan “qayta tirilishi”gacha boʻlgan davr yotadi.

 

Kitobi Dada Qoʻrqut”da qahramonning ilk jasorati keng yoritilgan. Unda Bamsi oʻn besh yoshida birinchi bor mardlik koʻrsatadi. Asarda yigitlar oʻz jasoratini isbotlamaguncha, ularga hatto ism berilmasligi taʼkidlanadi. Alpomish yetti yoshidayoq, Goʻroʻgʻli va qirgʻiz xalq qahramoni Manas esa toʻqqiz yoshida ilk bor qahramonlik namunalarini koʻrsatganlari tasvirlanadi.

 

“Yusuf bilan Ahmad” jangnomasida bolaning jangovarligi bilan bogʻliq axloqiy masalalar ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Yetti yoshda maktabga borib, savodi chiqqan bolaning harb ishidan bexabarligi otani nomusga qoʻyadi. Masalan, dostonda Boʻzoʻgʻlon maktabdan kelayotgan ikki xonzodning kimligini bilgach, shunday deydi:

“Barakalla sizlarga, bularni buncha oʻqitibsizlar mulla boʻlsin deb, yo bir masjidga, yo xonaqoga xatib qilamizmi? Bizlar sipohi kishimiz. Shuncha suvrat, xati boʻlsa sipohlarga boʻladi-da, oʻzi xat bitsa, birov xat bitsa oʻqisa, sipohning mulla boʻlgani shu boʻladi. Endi bularga sipohilik oʻrgatinglar: ot chopmoq, oʻq otmoq, sipar tortmoq, qilich chopmoq, ham nayzadastlik, kirbastlik, surishbozliq, koʻpkaritozlik”, deb oʻtib ketadi.

 

Jangovar sahnalar

 

Jang, shubhasiz, har qanday dostonning kulminatsion nuqtasi. Chunki ayovsiz savashlarda qahramonlarning ichki dunyosi, jangovar salohiyati, vatanparvarligi bor boʻy-basti bilan yuzaga chiqadi. Jangda bosh qahramon qoʻshinga ilhom bagʻishlaydi, namuna koʻrsatadi, askarlarning ruhiyatini muvozanatga solib turadi. Qoʻshinning jang arafasidagi kayfiyati juda muhim sanalib, dostonlarda bunga alohida ahamiyat berilgan.

 

Lashkar har doim jangovar ruhni qoʻzgʻatuvchi kuchli chorlovlardan ilhom olgan. “Alibek bilan Bolibek” dostonida qahramonlarning jang oldi oʻz-oʻziga berayotgan dalda va tasallilariga guvoh boʻlamiz: “Aslo vahmi-tars koʻngilga keltirmang, maydonda dushman bilan savashib, talashib oʻlsak, bizlarga qanday gʻanimat. Oxiri odam bor, oʻlim bor. Bir kun boʻlmoq, bir kun oʻlmoq. Iymoni bilan oʻlgan oʻlmaydi. Iymonli qul oʻlmaydi, degan. Ey, yigitlar, aslo gʻam yemanglar, oʻlaman deb voyim qilmang”.

 

Dostonda yurt taqdiriga xavf soluvchi har qanday holat jangchilarni ilonday qoʻzgʻatib, sherday naʼra torttiradi. “Alibek bilan Bolibek” dostonida Mizrobshoh ot oʻynatib, maydonga kiradi va dushman lashkariga qarata shunday xitob qiladi:

“Oʻ, Poʻlatshohning lashkari, bu kun maydonga men keldim, eshitmadim dema! Qani marding bormi, kel endi, harif keldi!

 

U bir kishi bilan emas, kerak boʻlsa butun qoʻshin bilan kurashishga tayyorligini ishonch bilan aytadi:

Boshimda dubulgʻa, belda belligi,

Ot, anjomning yoʻqdir sira kamligi,

Oʻttiz qoʻrqsa, kelsin qirqi, elligi,

Kim talabgor boʻlsa kelsin maydonga.

 

Qadimiy orkestr va bayroq

 

Turk sultonlari hayotidan yozilgan “Raksolana” asarida nogʻora tilidan yangragan shunday jangovar monolog bor:

“Men qahramonlik daʼvatkoriman. Oʻzini himoya qilish hissi menga begona. Mening ovozim rahm-shafqatni bilmaydi. Qoʻrqinchli ovozim momaqaldiroqdek bir xil bosimda atrofga nazar solib turadi. Men kaltaklashga yaratilganman desam, toʻgʻri boʻladi. Meni qancha koʻp ursangiz, mendan shuncha koʻp foyda boʻladi”.

 

Bu satrlarda nogʻoraning jang maydonidagi ruhi, unda mujassam shiddat va daʼvat hissi oʻz ifodasini topgan. Darhaqiqat, nogʻora azaldan qoʻshinining shiddati va ovozasini belgilab beruvchi asosiy cholgʻu asbobi hisoblangan. Uning tovushi qoʻshinning ichki ruhiyatini qoʻzgʻatgan, jangga chorlagan, kurashga ilhom bagʻishlagan.

 

Shuningdek, qadimiy dostonlarda ham harbiy musiqaning, yaʼni karnay, surnay, nogʻora kabi cholgʻularning jang manzaralarini ifodalashdagi oʻrni doim muhim boʻlgan. Dostonlarda doimiy ravishda uchraydigan holatlardan biri sifatida qoʻshinning jangovar musiqa sadolari ostida yurishidir. Bunday manzaralarda musiqaning shiddati va ritmi jang maydonidagi tartibni belgilab turgan.

 

Masalan, “Yusuf va Ahmad” dostonida: “Sarboz urishadi karnay nahriga...” degan jumla orqali qoʻshinning musiqa sadolari ichida jangga kirishi tasvirlansa, “Alpomish” dostonida: “Oʻzbaklar ustiga lashkar qiladi, namoyishga karnay-surnay qoʻyadi...” degan manzara orqali jangovar musiqaning urgʻusi, shiddati va ruhiy taʼsiri yanada yorqin namoyon boʻladi.

 

Shunday qilib, nogʻora va boshqa harbiy cholgʻular nafaqat musiqa vositasi, balki qoʻshinning ruhiy kuchi, uning intizomi va jangga shayligi ramzi sifatida ham xalq dostonlarida, ham tarixiy asarlarda muhim maʼnaviy vazifani bajarib kelgan.

 

“Alibek bilan Bolibek” dostonidagi jang sahnalarida harbiy orkestrning qadimiy koʻrinishlariga oid boʻlgan cholgʻu asboblari namoyon boʻladi: “Endi qoʻshin maydonga borib, qiyomatning safiday boʻlib, saf tortdi. Shuytib, zamzama karnay, surnay, dobul, kus, shikori dabilbon, gʻijjak vagʻir-vagʻiri olamni buzib, u yoqdan ham masal lashkari zarbasidan ming sharazisi uzulguday olamni hay-hay shovqini bosib kelib maydonga saf tortdi”. Dostonlarda bizga notanish boʻlgan zamzama, dobul, kus, shikori dabilbon kabi qator terminlar faol qoʻllanilib, ularning har biri jangda muhim signallar berish vazifasini bajargan.

 

Bugungi zamonaviy armiyamizda ham bayroq – davlatning ramzi, karnay-surnay esa harbiy orkestr guruhlari koʻrinishida yashab kelmoqda.

 

Faxriy unvonlar

 

“Qutadgʻu bilig”da jangda mardlik va qahramonlik koʻrsatgan askarlar, botirlar toʻnga (yoʻlbars), toʻnga alp (shavkatli bahodir), soʻkman (dushman safini yoruvchi) singari unvonlar bilan sharaflangani qayd qilinadi. Koʻk turk xoqonligida navqiron, yosh jangchilardan tuzilgan qoʻshin “Oʻgʻlon” termini bilan atalib, ularning soni yetti-oʻn ming atrofida boʻlgan. Har bir jangchining jismoniy yetukligi va jangovar salohiyati individual tarzda baholanib, bahodir, mard, pahlavon askarlarga “alp”, “alpagʻu” unvonlari berilgan. Hatto mohir oʻq otuvchi, yaʼni merganlar ham alp unvoniga sazovor boʻlishgan.

 

Dostonlarda jazoyil, isfahon qilichi, poʻlat qalqon, gulgun yoluli nayza kabi qurol-yarogʻ turlari, “kirovka” (sovut), “choroyna”, “buvunchoq” – yaʼni mustahkam kamar, shuningdek, “jeba” deb ataluvchi qalqon, “tabar” deb nomlangan yarim doira shaklidagi boltasimon yarogʻ, javshan (simdan toʻqilgan sovut) kabi vositalarni ham koʻplab oʻrinlarda uchratish mumkin.

 

Xalq ogʻzaki ijodi millatning yuragida va xotirasida asrlar davomida yashab kelayotgan maʼnaviy qudratdir. Biz folklorga qay darajada yaqinlashsak, shunchalik kuchli boʻlamiz. Bu kuch va jasorat nafaqat milliy armiyamiz, balki yurt himoyasini oʻz zimmasiga olgan har bir inson uchun suv va havodek zarur.

 

Bobur ELMURODOV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:10 / 28.10.2025 0 181
Insoniyatning azaliy orzusi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//