Samarqandda “Dok-1 MAKS” siropini ichgan 18 nafar bolaning oʻlimi keng jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab boʻlmoqda. Voqealar rivojiga nazar solsak, dori tarkibida zaharli modda – etilenglikol aniqlangani maʼlum qilindi va holat boʻyicha DXX tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev 18 nafar bolani saqlab qololmagani uchun ota-onalardan uzr soʻradi. Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi muhokama va bahslar tingani yoʻq. Oyina.uz bir guruh ziyolilarning mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini jamladi.
Rahimjon Rahmat,
adabiyotshunos:
– Oʻylasam, dahshatga tushaman: Samarqandda doridan zaharlanib 18 nafar yosh bola vafot etgan. Andijonda esa 3 nafar yosh bola xonadonda sodir boʻlgan yongʻinda kuyib oʻlgan. Is gazidan oilaviy oʻlim topishlar tez-tez kuzatilyapti.
Ushbu hodisalar koʻpchiligimizga pashsha chaqqanchalik taʼsir qilmadi. Qoʻylarga xos fikrlasak kerak: boʻri menga tegmaydi. Yana oʻylaymiz: fojia uzoqda sodir boʻldi, mening bolam siropdan hech qachon oʻlmaydi (samarqandlik norasidalarning ota-onalari ham shu koʻrgilikni orzulamagan aslida).
Bu – kalta oʻy. Shoshmasangiz, boʻri sizga ham yetib keladi. Shoshmasangiz, boshingizga toʻsinlari yonayotgan tom qulaydi. Nega SSVni, dori sotar monopollarni, bemorga qasddan keraksiz dori tayin qiladigan nopok doʻxtirlarni tit-pitini chiqarib tanqid qilmadik? Yoki oʻzimiz ham oʻsha nopoklar qatoridamizmi?
Nega jamoatchilik oʻz taqdirining yaratuvchisiga aylanolmayapti? Jamiyatga muqobil fikr, gʻoya berishi kerak boʻlgan siyosiy partiyalardan umid yoʻq. Sessiyalarda uxlab vaqt oʻtkazadigan deputatlardan sovuq suvchalik foyda koʻrmayapmiz. Shoirman deganlari otarchilar bilan toʻyma-toʻy sanqiydi. Yozuvchilarni faqat foydasiz tadbirlarda koʻrib qolasan.
Bizda jamoatchilik fikri juda kuchsiz. Xuddi oʻz uyimizda mehmonda yashayotgandekmiz. Nega fikran va ruhan faol emasmiz? Jamiyatimizning oʻzgarishi, yangilanishi, hayotimizga soya solayotgan illatlarning yoʻqolishi aynan fikrimizdagi faollik bilan bogʻliq-ku!
Chumchuq pir etsa, yuragimiz shir etadi. Qoʻtonga qamalgan qoʻylar, boʻynidan bogʻlangan buzoqlar emasmiz-ku. Oddiy, ruhan va fikran faollik soʻralyapti sizlardan, dunyoni agʻdar-toʻntar qilinglar, deyilmayapti. Hozir davr boshqa. Fikran faol kimsaning boshiga darrovdan qilich koʻtarib kelinmaydi. Jamiyatimizdagi illatlarni tanqid qilish siyosatga qarshi chiqish ham emas.
Oʻn sakkizta itning bolasi emas, oʻn sakkiz nafar inson farzandi oʻlyapti. Peshonamiz devorga tekkani shu – 18 norasida siropdan zaharlanib halok boʻldi. Lekin peshonamiz devorga urilib yorilsa ham, vo ajab, koʻz degani ochilmayapti-ku.
Aziza Qurbonova,
jurnalist:
– Hindistonning “Quramax” kompaniyasi Oʻzbekistondagi 18 bola fojiasi boʻyicha biror bayonot berdimi? Bu kompaniya “Dok-1 MAKS” tabletkasi va siroplarini faqat Oʻzbekistonga eksport qiladimi, muammo faqat bizda chiqqanmi? 18 nafar oʻzbek bolasi oʻlgani, yana boshqa bolalarning ishdan chiqqan buyraklari uchun bu kompaniya biror gap aytishi kerakmasmi, bu ishi xalqaro sudga tortgulik emasmi? Yoki dorining muayyan partiyasi oʻzimizda yertoʻlada qalbakilashtirgan boʻlib chiqar? Jinoyat ishi ochilganmi, qatʼiy tergov-tekshiruv shart. Bu doridan keyin bolalarda buyrak bilan bogʻliq muammolar boʻlgani, hatto bolalar gemodializga tushib qolganini yozishdi. Dorining nojoʻya taʼsiridan davolanayotgan bolalarning tiklanish sarf-xarajatlarini, vafot etgan bolalarning kompensatsiyasini kim toʻlaydi? SSV, Farmagentlikning keyingi harakati nima boʻladi?
Tagʻinam, Samarqand bolalar tibbiyot markazi bosh shifokori hushyor ekan, kuzatilayotgan bir xil diagnozni tizimga solib, noxush holatlar doridan kelib chiqayotganiga aniqlik kiritgan va yuqori organga murojaat qilgan. Balki xuddi shunday muammo boshqa viloyatlarda ham boʻlayotgandir, oʻlim statistikasi tahlili zarurdir? Koʻp ehtimol bilan bu jarayon bordir, keyingi raqamlar ham oshkor etiladimi?
Huquq-tartibot organlari oʻz yoʻnalishida tekshiruvni qilaversin, bunday paytda SSV va Farmagentlik rahbarlari bitta post bilan qutulmay, brifing berishi kerak emasmi?! Millat bolalari fojiasi boʻldi bu, krizis vaziyatda aholiga kimdir izoh berishi, kelgusi xatti-harakatlarni aytishi shart emasmi?
Balki qalbaki seriya yoki brak ishlab chiqarilgan dori partiyasini aniqlashda aholi va shifokorlarning tezkor ishtirokini taʼminlash uchun “goryachaya liniya” tashkil qilinar?
Men bilmayman, ammo menga xuddi 7 kishi ishdan olinib, jinoyat ishi ochilgani kamdek tuyulyapti. Chunki bu oqibat bilan kurashish. Endi befoyda kurash. Sabablarni aniqlash va yoʻqotish, boshqa qaytarilmasligi uchun aniq-tiniq reja yoʻqligi koʻproq choʻchitadi.
Har qadamda dorixonaga aylangan Oʻzbekistonda na dori-darmon reklamasi qonunchiligiga amal qilinadi, na dorilardan toʻgʻri foydalanish targʻiboti bor. Aptekachilar – mutlaq tovar sotuvchilar, ular saqich tanlab bergandek oʻzlari istagan dorini xaridorga tavsiya qilib tashlayveradilar, shifokorlar – oylik kam bahonasida firmalar bilan til biriktirib, kerakmas dorilarniyam yozib tashlayveradilar. Hamma oʻziga doʻxtir, hamma oʻziga farmatsevt.
Bilar-bilmas, birovdan soʻrab-soʻramay bolaga betayin shirinturish siroplarni ichirib tashlayveradigan ota-onalarga retseptsiz dori olmaslikni, ishonchli dorixonalarga borishni, dozaga qattiq amal qilish kerakligini, hatto shifokor yozib bersa ham yana boshqa shifokordan aniqlik kiritishni qachon kim oʻrgatarkin?!
Muslim Mirzajonov,
jurnalist:
– Dahshat! 21 nafar boladan 18 nafari “Dok-1 MAKS” siropini ichishi oqibatida vafot etgan. 18 nafar bolacha-ya! Tasavvur qilib ham qoʻrqib ketasan kishi. Bitta siropdan oʻlib ketyapti farzandlarimiz. Padariga laʼnat bu ishlab chiqargan-u yurtimizda tarqatganlarning!
Nega tarkibida zaharli etilenglikol moddasi bor dori vositasida savdoga chiqib ketdi? Nega hech kim nazorat qilmagan? Nega chalasavod, oʻqimagan, omilar buni sotgan? Shunchalik ham noshud, chalasavod boʻlamizmi-ya?!
Shu voqea dars boʻlarmikan?! Butun millatni doriga oʻtkazib qoʻyadigan farmmafiyalar oʻylarmikan shuni?! Bir tuki qimirlaydimi oʻzi bularning?!
Sohani qatʼiy nazoratga olishlarini talab qilamiz! Tegishli organlardan tortib Prezident Administratsiyasigacha bu fojiani chuqur tahlil qilib, sohani tubdan isloh qilishlarini soʻraymiz!
Yolqin Muqimov,
murabbiy:
– Hozirgina internetdan bir xabar oʻqib shokka tushdim. Shu yilning oktyabr oyida Indoneziyada 100 dan ortiq, Gambiyada 70 dan ortiq bola Hindistonda ishlab chiqarilgan yoʻtalga qarshi sirop ichishi oqibatida buyragi toʻliq ishdan chiqib vafot etgan. Bu kabi holatlar boshqa bir necha davlatlarda ham kuzatilgan. Hind yoʻtal dorilaridan ommaviy zaharlanish tarixda koʻp marta sodir boʻlgan ekan. Fojeiy vaziyatga sirop tarkibidagi etilenglikol moddasining yuqori dozasi sabab qilib koʻrsatilgan.
Bugun Oʻzbekiston SSV ham Samarqanddagi bolalarning doridan ommaviy zaharlanishiga Hindistondan import qilingan “Dok-1 MAKS” siropi tarkibida etilenglikol moddasi yuqori darajada ekani sabab boʻlganini aytib chiqdi, ayni paytda ota-onalarni ham dorilarni pala-partish berganini urgʻuladi.
Nazarimda, sirop zaharli boʻlib turganda ota-onaga aybni toʻnkash xato. Yoʻqsa, doridan ommaviy zaharlanish kuzatilmas edi. Holbuki, bunday vaziyat dunyoning boshqa davlatlarida ham kuzatilgani bizni sergak torttirishi kerak.
Menimcha, SSV Hindistondan kelgan yoʻtal siroplarini sotishga darhol, zudlik bilan taqiq qoʻyishi shart. Hech boʻlmasa, ota-onalar farzandlariga bunday dorilarni bermay turgani maʼqul.
Doʻstimning oʻgʻli ham Hindistonda ishlab chiqarilgan boshqa bir siropni ichganidan keyin buyrak faoliyati bilan bogʻliq muammo yuzaga keldi. Oʻrtogʻimning aytishicha, shifoxonada bunday kasal bilan kelganlar juda koʻp ekan. Buxoroning oʻzidan ular bilan samolyotda uchgan yana ikki bola ham xuddi shu tashxis bilan Toshkentga kelishgan. Barchasida buyrak faoliyati ishdan chiqib, bolalar peshob qilmay qoʻygan.
Nimalar boʻlyapti, tushuna olmay qoldi odam. Dorixonalarda Hindiston yoʻtal siroplari bemalol sotilyapti. Nimani kutishyapti?!
Ibrat Safo,
jurnalist:
– 2008-yili Xitoyda bolalar sogʻligiga bogʻliq yirik mojaroni xalqaro xabarlarda keng yoritganimizni eslayman. “Sanlu” shirkati ishlab chiqargan bolalar sut ozuqasi buyrak kasalligiga yetaklayotgani aniqlangan. 300 ming bola shikastlangani qayd etilgan, 54 ming bola kasalxonaga yotqizilgan. Olti bola oʻlgan.
Bu ish Xitoy hukumatining yuqori idoralariga yetib borishiga bir necha oy ketsa-da, oʻsha yili sudlar boʻlib oʻtdi. Natija: ikki kishi oʻlim jazosini oldi va qatl etildi. Ikki kishi 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Yetti mulozim, hamda Sifat, tekshiruv va karantin nazorati maʼmuriyati nomli idora rahbari boʻshatildi. “Sanlu” shirkatining ayol rahbariga bir umrlik qamoq jazosi berildi.
Oʻzbekistonda ham goʻdaklarning oʻlimiga sabab boʻlgan dorini hukumat qattiq va shaffof tergov qilib, ogʻir jazolarni belgilamasa, bolalar boshqa xavfli dorilardan zaharlanishda davom etishi aniq. 18 bola – hali sirqib chiqqan maʼlumot. Bosti-bostilar boshlab yuborilgan boʻlishi mumkin. Xitoydagi mojaroda ham Shijiajuang hokimi oʻrinbosari “Sanlu”ga jabr koʻrgan oilalar ogʻzini pul bilan yopishni buyurgandi.
Muhrim Aʼzamxoʻjayev,
jurnalist:
– Samarqanddagi bolalar shifoxonasida Hindistonda chiqqan “Dok-1 MAKS” degan dorini ichib, vafot etgan bolalar soni 15 nafar emas, 18 nafar ekan (yaxshiyam, ombudsman bor ekan, yoʻqsa, menimcha, qurbonlar koʻproq ekani hech qachon aytilmasdi); hammasi ham Samarqanddan emas, yon-atrof viloyatlardan boʻlganlari ham bor. Bolalar ombudsmanining aniqlashicha, vafot etganlarning bari 6 yoshdan kichik, 15 nafari esa 3 yoshgacha boʻlgan (dahshat!). Qoʻshimcha qilinishicha, “Samarqand shahar prokuraturasi har bir oʻlim holati boʻyicha surishtiruv-tergov olib bormoqda”.
Bolalar ombudsmani bu mavzuni eslatgach, Sogʻliqni saqlash vazirligi ham tilga kirdi: shu oʻlimlar sababli 7 kishi ishdan olinibdi (kim ular, qayerda ishlaydi, bu voqealarga qanchalik aloqador, aybi nima – aytilmagan), toʻplangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilibdi. Tushunishimcha, ikki oy ichida 18 bola bir doridan zaharlanib oʻlganiga qaramay, hali ham biror jinoyat ishi qoʻzgʻatilmagan.
Darvoqe, “zaharlanish” degan joyi boʻyicha – SSVning maʼlum qilishicha, “olib borilgan dastlabki oʻrganishlar dorining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham koʻrsatgan. Ushbu modda zaharli”. Mana shu joyiga tushunmadim, ochigʻi – dorining ushbu seriyasi tarkibida shunaqa zaharli modda borligi qachon aniqlanishi kerak edi?
Mingta qonun, hujjat, har turli sanpinlar chiqarib tashlagansizlar-ku, oʻshalarda yozilgan tartib-qoida boʻyicha “dorining ushbu seriyasi tarkibida” zaharli modda borligi qachon aniqlanishi kerak edi? Dorini Oʻzbekistonga olib kirish vaqtidami? Shunday dorini ichib, ahvoli yomonlashgan birinchi bolaning oʻlimidan keyinmi? Beshinchi oʻlimdan keyinmi? Oʻninchi oʻlimdan keyinmi? Oʻn beshinchi oʻlimdan keyinmi? Qachon?
Dorining “ushbu seriyasi tarkibida” shunday zaharli modda borligi nega 18 bola oʻlgunicha aniqlanmagan? Kim javob berishi kerak bunga? Shuni aniqlashga masʼul boʻlgan masʼul kim? Shu masʼulning ustidagi masʼul kim? Sizlar ham odammisizlar? Qanaqa odamsizlar?
Odam degani sal-pal qoʻrqadi. Qoʻrqishi kerak, har holda. Bular qoʻrqmaydi. Hech kim va hech narsadan qoʻrqmaydi. Menimcha.
Doston Rahmat,
jurnalist:
– “Dok-1 MAKS” siropini mening bolalarimgayam yozib berishgan ekan. Qaysi doʻxtirxona, kim yozib berganini eslolmadik. Menimcha, oʻsha paytlari dorixonalardan topilmagan. Boʻlmasa, bolalarimiz sogʻligi uchun deb har qancha qimmat aytishsa-da, dorilardan pul ayamaganman.
Yaxshiyam, topilmagani. Yaxshiyam, boshqa dorixonalarni izlamaganim. Bir gap aytaman. Ikki farzandli boʻlib shu paytgacha tushunib yetganim shuki, chaqaloqning injiqligi, uxlamasligini birorta dori davolab berolmaydi. Ishoning, shu kungacha, bermagan dorimiz, bormagan doʻxtirimiz qolmagan.
Bittasi miyasiga kislorod yaxshi yetishmayapti, deydi. Yana bittasi tugʻilishda boshi qisilgan, deydi. Bittasi qorin damlashiga mana buni bersanglar tuzalib ketadi, deydi. Bir kun yo ikki kun yaxshiday, yaxshi uxlaganday boʻlib tuyuladi. Uchinchi kundan boshlab yana oʻsha ahvol.
Oʻzi toʻrt-besh oydan keyin yaxshi uxlaydigan, yigʻlamaydigan boʻlib ketadi. Bu bilan bolangizni doʻxtir koʻrmasin, demoqchimasman. Shunchaki, vrach yozib bergan hamma doriniyam bolangizga ichiravermang. Asosan xalqchil dorilardan olib bering.
Suhrob Ziyo,
shoir:
Borliqni xatar tutdi,
Qahraton kamar tutdi,
Daraxtlar bulduruqdan
Tosh qotgan samar tutdi.
Oʻn sakkiz xonadonning
Ohi koʻk qadar tutdi.
Fojia aqldan soʻng
Jon-u qalb qadar tutdi:
Oʻn sakkizta goʻdakka
“Tabib”i zahar tutdi.
Raddi baloning oʻzi
Balo boʻlib kelganda,
Shifo istab tutganing
Xato boʻlib kelganda,
Xudodan qoʻrqmaganlar
Xudo urib kelganda,
Ikki bahor ham koʻrmay
Xazon boʻlgan chechaklar
Netarsan, boshing uzra
Samo boʻlib kelganda?!
Koʻzlarim tinsin mening,
Tillarim jimsin mening,
Oʻn sakkiz polaponsiz
Inlarim ensin mening.
Dunyoga toʻymaganlar
Dastidan goʻdak ketgan
Jonlarning jafosidan
Jonlarim yonsin mening.
Johillarni oqlagan,
Botillarni oqlagan,
Qotillarni oqlagan
Qoʻllarim sinsin mening.
Oʻlimga pinak buzmay
Turgan – davoga masʼul.
Kursilari osmon-u,
Oʻzi samoga masʼul.
Goʻdaklar uvoliga
Parvolari falag-u,
Mansabi uvolidan
Qoʻrqqan gado-da masʼul.
Oʻn sakkiz farishtaning
Yuki ezdi yelkamni,
Zarra qadar boʻlsa-da
Men ham xatoga masʼul.
Nafsi yoriq kaslarning
Haddini oʻlchoqladim.
Haq soʻzga yaramagan
Har soʻzni pichoqladim.
Axir men sizdan kechgan
Dunyoni ardoqladim…
Soʻng dunyoning neligini
Bilmasdan kulib yotgan,
Menga termulib yotgan
Bolamni quchoqladim.
Goʻdaklarim, tinch yoting,
Falaklar yigʻlasinlar.
Darmoni – zahar, boshi
Saraklar yigʻlasinlar.
Siz-ku tuproqni toza
Qildingiz unga kirib,
Bu Vatanning holiga
Tiriklar yigʻlasinlar.
Falsafa
Ma’naviyat
Vatandosh
Tarix
Ma’naviyat
Adabiyot
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
1 Izoh
Mehriddin
06:01 / 01.01.1970
Endi bishqa priparatlarni ham tekshirishsin yoki kimdir ólishi kerakmi