Адабиёт
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston ozodligi uchun kurash tarixida unutilmas sahifalarni muhrlagan ajdodlarimizdan biri, millat karvonboshisi, ulug‘ ma’rifatparvar, betakror salohiyat sohibidir. Serqirra allomaning milliy matbuot taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi ham tarixiy ahamiyatga molik.
Sarlavhadagi e’tirof Abdulla Avloniyga tegishli. Uning to‘liq ko‘rinishi quyidagicha: “Bu jurnal “Oyina” chiqquncha chiqqon jurnallarning eng birinchi va yaxshisi edi” (Abdulla Avloniy. Burung‘i o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi // “Turkiston”, 1924-yil 24-iyun).
O‘zbek milliy matbuotida jurnalchilikka asos solgan inson ham Mahmudxo‘ja Behbudiy hisoblanadi. Nashrning nomlanishi muqovada – arab, o‘zbek, fors va rus tillarida yozilgan: “Mir’ot”, “Ko‘zgu”, “Oyina” va “Зеркало”.
Behbudiy Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga yozgan arizasida jurnalni o‘zbek, tojik va rus tilida chiqarishga izn so‘ragan. Lekin mustamlakachilar tilida faqat e’lonlar berilgan. Aftidan, ruschani ham qo‘shgani Behbudiyning arzi ijobiy hal bo‘lishida muhim rol o‘ynagan.
“Oyina”ning ilk soni 1913-yil 20-avgust kuni “Samarqand” gazetasining 37-soni bilan barobar chop etilgan. Bu haqda “Samarqand”da “Arzi tuhfa” sarlavhasi ostida shunday so‘zlarni o‘qish mumkin: “Samarqand” jaridasining barcha mushtariylarig‘a iydi sa’id munosabati-la ushbu raqam ila “Oyina” majallasi “Samarqand” idorasi tarafindan ojizona tuhfa yuborildi. Qabuli marju’dir”.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxividagi Behbudiyga bag‘ishlangan hujjatlar orasida “Oyina” jurnalini ochish uchun izn so‘rab Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga 1913-yilning 14-may kuni yozilgan ariza, 8-iyunda berilgan 11576-raqamli guvohnoma ham saqlanmoqda.
Nashrning ilk soni 24 sahifada chop etilgan. Orada ikki oy uzulish bor. Lekin 2-sondan boshlab obunachilarga 52 ta jurnal haftalik bo‘lib yetib borgan. 18-sonida esa (1914-yil 22-fevral) shunday qisqa e’lon berilgan: “Oyina” majallasini 32 sahifada chiqarmoqchimiz. Aning uchun muhtaram mushtariylarni yor-u do‘stlaridan mushtariy topmoqlari umid qilinur”. Lekin Behbudiyning bu niyati ham amalga oshmagan.
Sadriddin Ayniydan iqtibos keltiramiz: “Oyina” majallasining bir necha raqami 1331-yil shavvol oyinda (1913-yil, avgust) chiqib, 1333-yil sha’bon 15-gacha davom qilg‘on (1915-yil 15-iyun). Bu muddatda 68 raqamda 1720 sahifalik “Oyina” chiqg‘on” (Sadriddin Ayniy. Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining qisqacha tarjimai holi // “Mehnatkashlar tovushi”, 1920-yil 8-aprel).
“Oyina” o‘z nomiga yarasha ish olib bordi. Bo‘lib o‘tgan va sodir bo‘layotgan, kutilayotgan voqea-hodisalarga munosabatini muntazam bildirib turdi, ularning mazmun-mohiyatini mushtariylarga tushuntirishga harakat qildi.
Behbudiy, avvalo, o‘zi hammaga ibrat bo‘lib dolzarb maqolalar yozdi. Jurnalni varaqlasak, sara publisistik asarlar muharrirga tegishli ekanini ko‘ramiz: “Ikki emas, to‘rt til lozim” (1-son), “Mayda qarz, mulki kredit” (1-son), “Loyiha-proekt” (9–11-sonlar), “Millatni kim isloh etar?” (12-son), “Favqulodda takfir” (12-son), “Bizni hollar va ishlar” (13-son), “Oh, bonklar bizni barbod etdi” (19-son), “Yoshlarg‘a murojaat” (21-son), “Tiyotr nadur?” (29-son), “Tanqid saralamoqdur” (31-son), “Ichgulikning zararlari” (36-son), “Turkiston tarixi kerak” (38-son), “Vatanparvarlik kerak” (43-son), “Ismoilbek hazratlari ila suhbat” (49-son), “Ismoilbek hazratlari” (50-son), “Sherdor madrasasi” (1-son), “Ulug‘bek rasadxonasi” (3–9-sonlar) “Ta’rix va jug‘rofiya” (27-28-sonlar), “Sayohat xotiralari” (34–53-sonlar), “Oftob” (49–51-sonlar) kabi tahliliy maqola, publisistik asarlari fikrimiz dalilidir.
Muharrir millat ziyolilaridan jurnalga maqola yozishni so‘rab turadi. Abdurauf Fitrat, Siddiqiy, Hoji Muin, Akobir Shomansur, Muhammad Sa’id, Saidrizo Alizoda, Saidahmad Vasliy, Tavallo, Sadriddin Ayniy, Hakim Buxoriy, Niyoziy Rajabzoda qalamiga mansub maqolalar, she’rlar “Oyina”ning ommalashuviga sabab bo‘ldi. Nashr yosh qalamkashlar, bo‘lg‘usi adib va ma’rifatparvarlar uchun tajriba maydoni vazifasini ham o‘tadi.
Chor Rossiyasi organi bo‘lgan “Turkiston viloyatining gazeti” esa milliy jurnalda chop etilgan fikrlarga qarshi chiqishlarni ko‘paytiradi. “Oyina”da ham bu gazetadagi munosabatlarga munosib javob berib boriladi. Masalan, “TVG”da mahalliy xalqqa “sart” degan tamg‘a bosishga harakat qilinadi. “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” gazetalari yopilishiga bosh bo‘lgan missioner N.Ostroumovning puch da’volariga Mahmudxo‘ja Behbudiy “Sart so‘zi majhuldir” (“Oyna” jurnali, 1914-yil, 22–26-sonlar) maqolasi bilan asosli e’tiroz bildiradi.
“Oyina” jurnali tahririyati faoliyati doimiy nazoratda saqlangan. O‘zbekiston Markaziy davlat arxivida bizga dalil bo‘lgulik ko‘pgina hujjatlar bor. Masalan, Turkiston harbiy okrugining shtab boshlig‘i imzosi bilan Samarqand viloyat harbiy gubernatoriga 1914-yil 19-avgust kuni 100-raqamli xat yuborilgan. Mazmuni shundan iboratki, birinchi jahon urushi davrida “mahalliy matbuotda Rossiya manfaatiga zid maqolalar paydo bo‘lishi mumkinligi bois” Turkiston harbiy senzurasi Samarqanddagi nashrlarni nazorat qilib turishni shtabs-kapitan Otayevga topshiradi. “Oyina” jurnali korrekturasi uchun ko‘chirma (оттиск)dan jurnal bosmadan chiqishiga ikki kun qolguncha yuborilishi bosh muharrir zimmasiga yuklatiladi. Behbudiyni harbiy okrugga chaqirtirib, ushbu “o‘ta maxfiy xat” ostiga “O‘qidim va ma’lumot uchun qabul qildim”, deya imzo chektirishgan.
Senzuraning kuchayishiga Behbudiyning o‘sha yili yana bir bor Sharq mamlakatlariga sayohat qilib qaytgani ham sabab bo‘lgan, ehtimol. U xorijga ketishdan avval “Oyina” muharrirligini vaqtincha Saidrizo Alizodaga topshiradi. Behbudiyning muharrirlikni topshirgani va Alizodaning qabul qilgani haqida 1914-yil 27-aprelda yozilgan ariza ham O‘zbekiston Markaziy davlat arxivida saqlanmoqda. Harbiy gubernator Saidrizo Alizodaga 1914-yil 3-may kuni guvohnoma bergan.
“Oyina” jurnali muharriri va noshirini turli yo‘llar bilan ta’qib qiladilar. Masalan, Turkistondagi urf-odatlar, jadid maktablari, o‘zgarishlarni o‘rganayotgan missioner G.Andreyev Behbudiy va uning “Oyina”si haqida ketma-ket ikkita maqola yozadi. Birinchisida muharrir bilan suhbat qurib, fikrlarini beradi, lekin past nazar bilan qaragani “турецкий таргаш” deganidan yaqqol bilinadi. Ikkinchi maqolasida esa “Oyina”ning 1915-yil 1 (53)-sonini o‘z nuqtayi nazari, ya’ni mustamlakachi sifatida batafsil sharhlaydi, jurnal sahifalari “zerikarli” maqolalarga to‘la ekanini aytadi. Qisqasi, muallif Behbudiyning publisistik hamda muharrirlik faoliyatiga noxolis yondashgan. Missionerdan o‘zgacha muomala kutish ham qiyin edi, chunki ular o‘zlarini Turkistonga “madaniyat keltirgan” insonlarmiz deb o‘ylashardi. Mana shu qarash boshqacha libosda sovet davri adabiyotlariga ham ko‘chib o‘tdi.
“Oyina” jurnali mazmuni milliy manfaatlar himoyasiga asoslangan. Dastlabki sonidan boshlangan Turkiston tarixiga, bobolar merosiga alohida e’tibor oxirgi sonlarigacha sezilib turadi. Masalan, 1-sonning birinchi sahifasida Sherdor madrasasining viqorli suvrati va “Turkiston” sarlavhali bosh maqola va undan so‘ng Sherdor madrasasining tarixi berilgan. Keyingi sonda esa “Ulug‘bek rasadxonasi” haqida muharrir maqolasi e’lon qilingan. Uchinchi sonda ushbu maqolaning davomi va rasadxonaning suvrati bosilgan. Shunga o‘xshash materiallar davomiy chop etilganki, bu mushtariyda milliy g‘ururni kuchaytirib, tarixiy xotirani tiklashga xizmal qilgan.
Nashrni Rossiya va musulmon Sharqi ziyolilari mutolaa qilishgani to‘g‘risida ma’lumot mavjud. Behbudiyning shogirdlaridan biri Hoji Muindan qisqacha iqtibos: “Oyina” xalqni uyg‘otish uchun yaxshig‘ina xidmat etdi... “Oyina” Turkistondan boshqa Totoriston, Kofkoz, Afg‘oniston, Eron, Turkiya va Misrgacha tarqalar va har yerda suyib o‘qilur edi” (Hoji Muin. Samarqand matbuotining tarixi // “Zarafshon” gazetasi, 1923-yil 23-iyun).
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘z mablag‘i hisobidan ochgan, ko‘z nurini to‘kkan, qalb qo‘rini bergan “Oyina” jurnali millat qayg‘usi, yurt ozodligi va xalq ma’rifati uchun kurash maydoniga aylangan nashrlar avvalida turadi.
Halim SAIDOV,
filologiya fanlari doktori
Адабиёт
Адабиёт
Тил
Адабиёт
Адабиёт
Жараён
Таълим-тарбия
Дин
Тарих
Ватандош
Санъат
Жараён
Таълим-тарбия
//
Изоҳ йўқ