Аyol kishining husni-jamoli kiyim boshida bo‘lganidek, nafosati uning xotirjamligida – Onore de Balzak “Gorio ota” romanidan iqtiboslar


Saqlash
17:12 / 05.12.2022 0 1710

Qaysi biri dahshatliroq: toshyurak odamlarga rioya qilishmi yo qovoq kallalargami, buni kim ajrim qilib bera oladi?

 

* * *

...ayol kishining husni-jamoli kiyim boshida bo‘lganidek, nafosati uning xotirjamligida.

 

* * *

Odamzodning qalbi yaxshi munosabatlar dovoniga ko‘tarilishda tinim olishi mumkin-u, ammo yomon hislar jarligiga tushib ketayotganda kamdan-kam tinim oladi.

 

* * *

Ko‘ngli tor odamlar o‘zlarining xoh yaxshi, xoh yomon hislarini behisob mayda qiliqlar qilib qondiradilar.

 

* * *

O‘zining ma’naviy jihatdan qashshoqligini o‘zgalarga ham yopishtirish – befarosat, kaltafahm odamlarga xos o‘taketgan bema’ni odat.

 

* * *

Ba’zi erkaklar uchun, ikki soat muttasil ko‘z yosh to‘kib, oh-voh qilganidan keyin, hozir o‘lib qoladigandek o‘zini tashlab yuboradigan va hidlash uchun hushiga keltiradigan dori so‘raydigan ayol oldida turgandan ko‘ra yakkama-yakka olishuvda hademay ko‘ksiga shamshirini sanchib olishi muqarrar bo‘lgan o‘zga erkak qarshisida turish osonroq bo‘ladi.

 

* * *

“Kuyov – siz bilan bizning o‘n yetti yil mobaynida ardoqlab boqib katta qilgan, Lamartin ta’biri bilan aytganda, tomir-tomiri bilan jismimizga tutashib ketgan, eng qimmatli jigarimizni – oilamiz quvonchini uyimizdan olib ketib, keyin shu quvonchni boshimizga bitgan baloga aylantiruvchi erkak”.

 

* * *

Bizning yuragimiz – bir xazina: uni birdan sarflab qo‘ydingizmi,  gado bo‘lasiz qolasiz.

 

* * *

Boshimizga biror baxtsizlik tushishi bilanoq, darrov bu xabarni yetkazib, yuragimizga xanjar urib, uni kavlaydigan va xanjarning bejirim dastasini tomosha qilishimiz uchun, uni shu alfozda tashlab ketadigan do‘st hamma vaqt ham topilib turadi.

 

* * *

Ayollar sizni iste’dodli va aqlli yigit deb e’tirof etishlari bilanoq, erkaklar bunga ishonadilar, ularning hafsalasini o‘zingiz pir qilib qo‘ymasangiz bas.

 

* * *

Dunyo unga haqiqiy basharasini ochib ko‘rsatgandi: boylik oldida axloq va qonun ojiz edi...

 

* * *

Shubhasizki, fikrlar uzoqdan turib o‘z manbai hisoblanmish kuchga to‘g‘ri mutanosib ravishda harakat qiladi va mortiradan otilgan bombani boshqaradigan qandaydir matematik qonunga o‘xshagan biror qoidaga asosan aynan miya yo‘naltirgan nuqtaga borib uriladi. Buning natijasi har xil bo‘lishi mumkin. Yumshoq tabiatli odamlar bo‘ladiki, bunday odamlarning dili ko‘ngilga chuqur joylashib olgan o‘zgalarning fikridan vayron bo‘ladi; ammo shunday mustahkam irodali odamlar ham uchraydiki, bunday odamlarning miya qopqog‘ini go‘yo bronzadan quyilgan deysiz – devorga otilgan o‘q unga urilib yerga tushganidek, o‘zga kishining fikri ham unga urilib pachaq-pachaq bo‘ladi.

 

* * *

Bir o‘zing hammaga qarshi borsang-u, g‘olib chiqishingga ishonch bo‘lsa, mana shunday odam rolini o‘ynashning o‘zi go‘zal emasmi?

 

* * *

Duel, o‘g‘lim, bolalar ermagi, ahmoqlik. Duelda ikki tirik odamdan biri o‘lishi lozim bo‘lgandan keyin faqat ahmoq odam o‘zini tasodiflar quchog‘iga ishonib topshiradi.

 

* * *

Doim orzu qilamiz, ammo hech vaqt orzuni ushata olmaslik kishining tinkasini quritadi.

 

* * *

Puldor bo‘lishni hisobga olib uylanish – xotinning oldida ikki bukilib qulluq qilib turish, qaynonaning oyog‘ini o‘pish, hatto cho‘chqaning ham ori keladigan darajada bemazagarchiliklar qilish degan so‘z...

 

* * *

Xoinlik har qadamda uchraydi, iste’dod esa noyob narsa. Shuning uchun xoinlik hamma yoqda to‘lib-toshib yotgan iste’dodsiz odamlarning quroli bo‘lib qolgan...

 

* * *

Parijda indamay ishini bitkazib yuradigan va hech kim bilan sirdosh bo‘lmaydigan odam – halol odamdir.

 

* * *

Prinsiplar bilan qonunlar o‘zgarmas narsalar bo‘lganda edi, odamlar ularni biz ko‘ylak almashtirib turganimizdek, hadeb almashtiravermagan bo‘lardi.

 

* * *

Odatda yoshlar haqiqatdan yuz o‘girgandan keyin vijdon oynasiga qarashga yuragi betlamaydi, vaholanki, katta yoshdagi kishilar esa bu paytda u oynaga qarab to‘ygan bo‘ladilar; odamlar hayotida ikki davr o‘rtasidagi tafovut mana shu, xolos.

 

* * *

Odamzod katta muhit quchog‘ida qilishi kerak bo‘lgan ishlarini kichikkina doira ichida amalga oshirsa ham qanoat hosil qilish mumkin.

 

** *

Faqat muhabbat tuyg‘ulari g‘oyib bo‘lgandan keyingina pul rol o‘ynay boshlaydi.

 

* * *

Yolg‘on gapirish – o‘zingdan yuz o‘girish degan gap!

 

* * *

Muhabbat ham bir din, unga sig‘inish boshqa narsalarga sig‘inishdan qimmatroq turadi: muhabbat tez o‘tib ketadi.

 

* * *

...yo‘lga otlanishdagi oxirgi tayyorgarliklar bilan rassomning rasmga oxirgi pardoz berishi o‘rtasida allaqanday o‘xshashlik bor: shu oxirgi ishlarga asosiy ishga ketgandan ko‘ra ko‘proq vaqt sarf bo‘ladi.

 

* * *

Ota albatta boy odam bo‘lishi kerak, bolalarining jilovini qo‘lida mahkam ushlab turishi kerak.

 

Bekzod SAYFIYEV tayyorladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 13
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 92
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 197
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 510
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 931
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218659
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104448
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33557
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27242
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26221
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24721
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24709
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21605
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//