
Tushga yaqin telefonim jiringladi. Qarasam, onamning raqami. Go‘shakni ko‘tardim. To‘ng‘ich o‘g‘limning ovozi yangradi:
– Dada, birpasga ko‘chaga chiqing. Ish bor edi. Faqat mashinada chiqing.
– Tinchlikmi? – dedim xavotirlanib.
– Tinchlik. Yaxshi ish, – dedi u yanada sirli qilib.
– Unda uyga kelaqol. Men ham uyga boraman, – dedim.
Ishxonadan shosha-pisha chiqdim. To‘ng‘ich o‘g‘lim ota-onam bilan birga yashaydi. O‘zining telefoni yo‘qligidan onamning telefonidan qo‘ng‘iroq qilib turadi. Mening uyim esa ota-onamnikidan uch kilometr narida. Mashinamning gazini bosib, uyga yetib bordim. Borsam, o‘g‘lim mendan avval yetib kelibdi.
– Nima gap?
– Yuring, mashinani haydang, dada, – dedi o‘g‘lim old o‘rindiqqa o‘tirarkan. So‘ng katta bir oshxonaning oldida to‘xtatib:
– Men hozir, – dedi-yu kirib ketdi.
Birozdan keyin bir qora yelim xalta ko‘tarib chiqdi. Mashinaga o‘tirganida kabobning hidi dimog‘imga urildi.
– Ketdik. Katta uyga haydang, – dedi o‘g‘lim kulimsirab.
Biz tomonlarda ota-ona yashaydigan uy – katta uy deyiladi. Katta uyga bir oz qolganida to‘xtadik.
– Kecha buvim ”Bolalar kelmay qo‘ydi-ya”, deganini eshitib qolgandim. Mana shu kabob bilan nonni olib kirib, bir hol-ahvol so‘rab qo‘ying. Faqat bularni men olganimni aytmang. Shunchaki, bilmagandek kirib boring. Ozroq yiqqan pulim bor edi, – dedi u.
Uni sal nariroqda qoldirib, uyga kirdim. Onam hovlida ekan. Dadam ichkarida televizor ko‘rib o‘tiribdi. Oxirgi marta kelganimga uch kun bo‘lgandi. Ota-ona shunday ekan-da – bir-ikki kun kelmasang, darrov xavotirga tusharkan. Kabobni berib, birpas gaplashib o‘tirdim. Dardlashdik. Keyin chiqdim. Chiqar chog‘imda onam:
– Eng zo‘r telefonlar qancha ekan? Narxini bilmaysanmi? – deb so‘rab qoldi.
– Nega, ona? Sizgami? – deya so‘radim.
– Menga manavi telefonam bo‘laveradi, – dedi qo‘lidagi oq-qora telefonni ko‘rsatib. – Nevaram Muzaffarbekka oberay degandim. Buyam katta yigit bo‘lib qoldi. Telefon kerak-da ungayam. Faqat telefon obermoqchiligimni aytib qo‘yma.
– Qo‘yavering, o‘zim oberaman, – desam unamadi.
Ko‘cha boshida turgan “katta yigit” – o‘n to‘rt yashar o‘g‘lim Muzaffarbekni mashinaga chiqardim. Uni tuman markazidagi o‘quv markazida qoldirib, ishxonaga qaytdim. Qaytarkanman, telefonim yana jiringladi. Kenja ukam ekan.
– Aka, tushlik qilib qo‘ymadingizmi? Ishxonangiz oldida turibman. Bir erimoqchi edim sizga, – dedi ukam.
Baxt, mehr-oqibat degani shumikan-a? Yig‘ladim, rosti.
Otabek YULDASHEV
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q