Qarz daftari


Saqlash
22:10 / 25.10.2022 0 1402

Bolalikda betiga mayda donachalar toshib yuradigan qo‘shnim bo‘lardi. Betiyam to‘rtburchakka moyilroq katta edi.

Tengdosh edik.

Nosfurushning o‘g‘li edi.

Kambag‘al oilaning bolasi edi.

 

Biz u bilan dalada birga mol boqardik. Mollarni sero‘t joyga bog‘lab, ariqdan baliq ushlardik. Daraxtga chiqib, chumchuq uyasini kovlashtirardik. Ikkalamiz ham maktabda yomon o‘qirdik, nochor kiyinardik va darslarni ko‘p qoldirardik.

 

Mana shu qo‘shnim, maymoq botinkasi molning tezagiga botib yuradigan, kiyimi yirtiq-yamoq bola shaharda katta mansabda ishlaydigan mahalladoshimiz Zokir akaning yuzlari oppoq, rangi tiniq, sochlari qalin, a’lochi, o‘ta takabbur, biz kabi kambag‘alning bolasini sariq chaqaga arzitmaydigan Gulyuz ismli qizini pinhon yaxshi ko‘rardi. Bu haqda bir marta menga ko‘nglini yorgandi. Birovga aytma degandi. Lekin uning bu sirini ko‘pchilik bilardi.

 

Qo‘shnimga Gulyuzni sevishi haqida eslatsak, qattiq jahli chiqardi. Mabodo u bilan urishib qolsak, baland ovozda “Sen Gulyuzni yaxshi ko‘rasan” desak, qo‘liga tosh olib uraman derdi. U Gulyuzni pinhon sevardi, ham o‘z sevgisidan qattiq uyalardi.

 

Bir gal qo‘shnimning ishqiy siri Gulyuzning qulog‘iga yetib boribdi. Benihoya takabbur bu qiz maktabda ko‘pchilikni o‘rtasida qo‘shnimni “Meni sevguncha ketingni art” deb haqorat qildi.

Qo‘shnimning boshi bukildi, ma’yus bo‘ldi.

Bunaqa sharmandalik uning obro‘sini yo‘q qildi.

Bechora qo‘shnimning yuzida uyat va xijolatpazlik alomatlari paydo bo‘ldi. Bu narsa maktabni bitirgunchayam yuzidan ketmadi.

 

Yillar o‘tdi, bir-birini to‘lqinday quvib. Ulg‘aydik. Mustaqil fikrlashni va pul topishni o‘rgandik.

Qo‘shnim g‘ayratli edi, boyib ketdi. Mahallada kattagina do‘kon ochdi. Uyi ham qasr, darvozasi besh million so‘mlik.

Lekin bolalikda sevgisi uchun eshitgan haqorati ko‘zining tubida ma’yus nuqta bo‘lib saqlanib qolgan.

 

Buni qarangki, Gulyuz tuman markazilik, katta o‘qishda o‘qib kelgan yigitga erga tegdi. Eri o‘ziga to‘q edi. Lekin bir necha yil o‘tib kasallanib o‘ldi, Gulyuz voyaga yetmagan bolalarini quchoqlab yolg‘iz qoldi.

 

Hech qancha vaqt o‘tmay, Gulyuzning uyiga kambag‘allik tanda qo‘ydi. Uning hayoti hozir ham o‘nglanmagan.

 

Bolalikdagi qo‘shnimning do‘koni barakali, to‘rtta qalin qarz daftari bor. Yaqinda do‘konga kirganda qarz daftarini varaqlab ko‘rdim. O‘qib bildimki, eng ko‘p qarzga oladigan Gulyuz ekan.

 

– Bu anavi Gulyuzmi, bolalikdagi, osmonda uchib yuradigan? – deb so‘radim eski qo‘shnimdan.

– Ha, o‘sha, – dedi u. Lekin boshqa so‘z aytmadi.

 

Rahimjon RAHMAT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bir kuni...

17:11 / 10.11.2025 0 409
Ko‘rpacha

Qatra

11:09 / 17.09.2025 0 624
Qahramon



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 230139
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 111022
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 61860
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 51093
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 46563
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 37972
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 36039
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 32951
Kompetentlik

//