Ko‘rmagan, bilmagan kishi haqida yozish ijodkorning fantaziyasiga bog‘liq. Tabiiy chiqsa, marra uniki. Bo‘lmasa…
Xizmat safaridan qaytayotgan yozuvchi Aminjon Jumaqul ana shu holga tushdi. U kechqurun oyoq uzatib, bemalol uxlab ketaman, deb poyezdga chiqqan edi. Kupega kirsa, ikki oqsoqol uni xushnud kutib oldi. Hayron bo‘lmadi. O‘zicha biror kitobimni o‘qigan, undan ta’sirlanib minnatdorlik evaziga shunday qilayapti degan xayolga bordi. Yoki televizordami, uchrashuvlardami ko‘rgan bular meni, ana endi tanishish istagidalar, qabilidagi istihola ham o‘tdi ko‘nglidan… Xullas, u o‘z xayol dengiziga g‘arq bo‘lib, salom-alikni quyuq qildi.
– Siz, Aminjon Jumaqul bo‘lasiz-a? – dedi o‘zini Muhsinjon deb tanishtirgan oqsoqol.
– Shunday, shunday…
– Aytmadimmi, – dedi haligi oqsoqol sherigiga va so‘zini davom ettirdi. –Tanimay o‘libmanmi?
– Adashmadingiz, – dedi yozuvchi xursandligini yashira olmay. – Sizga qaysi asarim yoqadi?
– Asar… Ensamni qotirma…
Boyadan beri qovoq solib o‘tirgan ikkinchi oqsoqol endigina gap boshlagan edi, sherigi sekin turtib qo‘ydi. Shu bois jimib qoldi. So‘ng teskari o‘girildi. Derazaga qaradi. Tashqarida pag‘a-pag‘a qor yog‘ayapti…
Muhsin oqsoqol gapni uzoqdan boshladi.
– Bir vaqtlar Solivoy do‘stimni gazetga maqtab yozaman, deb qosh qo‘ygan edingiz. O‘shanda u ilg‘or brigadir edi. Paxta planini ortig‘i bilan bajarardi.
– Xizmatlaringizga yarasha yozganman-da, – dedi yozuvchi sal ko‘ngli yorishib. – Nima ekan debman…
– Hamma balo siz yozgandan keyin yog‘ildi.
Muhsin oqsoqol do‘stiga bir qarab qo‘ydi. Do‘sti o‘zing gapir, deganday imo qilgach, hikoyasini bemalol boshladi.
– Maqola azim Toshkentdan chiqdi. Gʻalvasi esa do‘stimning boshiga tushdi.
– Tushunmayapman…
– Gapni bo‘lmasangiz tushunasiz, ukam. Qisqasi, raqamlarga adashganingiz mayli, do‘stimning oilasini haqoratlagansiz?
– Qanday qilib? – ajablanib so‘radi yozuvchi.
– O‘n bitta bolani daromad ketidan boqib, uy-joyli, kasb-korli qilgan degansiz?
– Nimasi yolg‘on? O‘sha payt qilmagan bo‘lsa ham muxbirlarni bilasiz-ku, qo‘shib yozmasa ocherk sermazmun chiqmaydi.
– Chunki do‘stimning bittayam farzandi yo‘q. Yana xotinining ismini ilgari sevib yurgan qizining ismiga almashtirgansiz. Bu ham yetmaganday eng yaxshi ko‘rgan narsasi anor degansiz. Uyida bir emas, 25 tupcha anori bor, ortganini bozorda sotadi, deganingiz hammasidan oshib tushgan.
– Qishloqda hammaning uyida anor bo‘ladi. Bundan tashqari, anorni o‘zim yaxshi ko‘raman. Shu bois…
Yozuvchi Aminjon Jumaqul ishtonini ho‘llab qo‘ygan yosh boladay avval qizardi, keyin bo‘zardi.
– Do‘stimning umuman anori yo‘q. Anorni jini suymaydi. Anor desa, allergiyasi qo‘ziydi. Eng yomoni, uning laqabi “Anor”. Siz kelib-kelib shu laqabini respublika bo‘ylab yoydingiz…
Yozuvchi jiqqa terga tushgan ko‘yi anorday qizarib ketdi.
Mirzo AHAD
“Yoshlik” jurnali, 2014-yil, 12-son
Qatra
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q