Samarqand non


Saqlash
19:07 / 27.07.2022 0 1456

Onamning qo‘lidagi bo‘g‘imlar shishib, og‘rib turishi sababli uy-ro‘zg‘or yumushlarida biroz qiynalardi. Iloji boricha, hamma ishni o‘zi bajarar, ayrimlarinigina, majbur bo‘lib, bizga aytardi. Singillarim yosh bo‘lgani sababli bu ishlar ko‘pincha mening va ukamning chekiga tushardi.

 

Shu sababli ham maktabda o‘qib yurgan chog‘imda besh kun yoki bir haftada bir marta onamga xamir qorib berardim. Bu ishni maktabga borgunimcha yoki darslardan kelganimdan so‘ng darvozani berkitib bajarardim. Ungacha esa onam unni elakdan o‘tkazib tayyorlab turardi.

 

Xamirni qorib berganimdan so‘ng nonlarni onamning o‘zi yasar, chiroyli qilib pishirardi. Keyinchalik singlim ulg‘ayib, bo‘yi, qo‘li tandirga yetadigan bo‘lgach, non yopishni o‘rgandi.

 

Shuncha qiyinchilik bilan non pishirsa-da, onam bobo va buvimlarga, qo‘shnilarga non uzatishni kanda qilmasdi. Har gal non pishirib bo‘lgandan keyin birinchi navbatda ikkita issiq nonni bobom (otamning otasi)ga olib borib berishimizni tayinlardi. Hozir qishloqlarda ham bu udumlar deyarli unut bo‘lib ketdi, ko‘p xonadonlarda tandirda non pishirilmaydiyam.

 

Bir safar maktabdan kelib, portfelimni uyda qoldirdimu sinfdoshlarim bilan aylanib kelmoqchi ekanimni aytganimda onam “ertalab qaramabman, non bittagina qolgan ekan, shunga bugun non pishirsak degandim, unni tayyorlab qo‘yganman, xamir qorib bersang bo‘ldi, keyin boraverasan jo‘ralaring bilan” dedi.

 

Sinfdoshlarim darvoza oldida kutib turgani uchun onamning bu gapidan jahlim chiqdi, biroz achchiq qilib gapirdim. Jo‘ralarimga ishim chiqib qolganini aytdim-u uyda qoldim. Indamay xamir qorishga tushdim, onam suv quyib turdi.

 

– Ayni o‘ynab yuradigan paytlaringda shu dard sababli sizlarni ham qiynab qo‘ydim, – dedi onam ko‘ziga yosh olib. – Xudo shifo berar-da menga ham, bu kunlar esdan chiqib ketar.

 

Xamir qorib bo‘lganimdan keyin hech qayerga chiqmadim. Tandirga olov yoqdim, onamga yordam berdim.

 

Non pishirib bo‘lganidan keyin onam “ikkita nonni olginu bobonglarinkiga eltib berib kel”, dedi.

 

Shu topda qayerdan bu gap tilimga keldi yoki jahlimni shu bilan chiqarib oldimmi “O‘zi ming azobda pishirgan bo‘lsak, non bermasangiz bobomlar sizdan gina qilmas” dedim.

 

– Bu gapni bir marta gapirding, qayta tilingga olma, – dedi onam jahli chiqib. – Bobong bilan buving otangni orzu-niyatlar bilan katta qilgan, o‘qitgan. Qiynalib pishirsam ham ularga non berib yuboraman, sen obormasang, ana ukang olib boradi. Ertaga sen uylanib, bola-chaqali bo‘lsang, bizga non bermaysanmi?

 

Onamdan hech qachon bunday ohangda gap eshitmagandim. Ro‘molgacha tugilgan ikkita nonni oldimu bobomlarnikiga qarab chopdim.

 

Olti-yetti uy naridagi hovliga kirib bordimu salom berib, nonni bobomga tutqazdim.

 

– Onasi qara, nevarang issiq non olib kelibdi. Baraka topsin kelin, yana non pishiribdi. Bular Samarqand non pishiradi-da, – dedi bobom nonni ro‘molchadan yechib olib ushatarkan.

 

Onam yopgan non qip-qizil va chiroyli bo‘lgani uchun bobom “shahar non” yoki “Samarqand non” deb atar va har gal maqtab gapirardi. Bobomning gaplarini eshitib, boya onamga aytgan so‘zlarim yodimga tushdi va yuzim qizarib uyga qaytdim.

 

Gʻolib HASANOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:05 / 20.05.2025 0 339
Farzand nega tirnoqqa o‘xshatiladi?

Qatra

12:05 / 19.05.2025 0 324
Hammani yig‘latgan vasiyatnoma

Qatra

15:04 / 17.04.2025 0 324
Marhamat aya sog‘inchi

Bilasizmi?

10:04 / 08.04.2025 0 328
Narxning navosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 224815
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 107754
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 55217
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 40224
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 39916
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 31481
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 30619
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 30012
Alpomish

//