Bu loʻttivozga namuncha qulluq qilasanlar! – Xrushchevni soʻkkan Gʻafur Gʻulom


Saqlash
23:05 / 10.05.2022 0 1483

 “Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidur” deydi buyuk Abdulla Qodiriy. Biz uchun eng yaqin moziy shoʻrolar hukmronligi davridir. Mustaqillik millatimiz uchun muqaddas bir yuksaklikdir. Oʻsha yuksaklikdan turib ortimizga qarasak, yaqin tariximiz aniq-taniq koʻzga tashlanadi-qoladi: boshimizda noʻxta va bu noʻxtaning jilovi “ogʻa”larimizning ilgida, salom beruvchilar biz boʻlib, alik oluvchilar ular edi. Xohlasa alik olardilar, xohlamasa qoʻlini bir siltab ketaverar edilar. Barcha jabru jafo bizlargayu, barcha hamdu sano ularga edi. Ishqilib oʻshalarga yoqsak boʻldi, derdik.

 

Oʻsha biz tilga olayotganimiz yaqin oʻtmishda “ogʻa”larimizga yoqish uchun nimalarni qilmadik? Birgina oʻz sohamizni olaylik. Quloch-quloch sheʼriy maktublar bitdik: “Bashar quyoshiga” deb bitdik, “Xalqlar dohiysiga” deb bitdik. Ishqilib, tinmay bitdik. Buyurtmachilar sobiq mahalliy hukumatimiz, buyruqni bajaruvchilar oʻz shoirlarimiz. Ammo bu hamdu sano bilan yoʻgʻrilgan maktublarni qabul qiluvchilar markazdagilar edi.

 

Agar yodimdan chiqmagan boʻlsa, eng soʻnggi maktub 1964-yili, Nikita Xrushchev davrida yozilgan edi. Odatda maktub manaman degan shoirlarimiz ishtirokida Toshkentda yozilib, Maskovda oʻrischaga oʻgirilar, avval oʻsha yoqda chop etilib, agar “ogʻa”larimizga maʼqul boʻlsa, soʻng oʻzimizning gazetalarimizda bosilib chiqardi. Bu gal ham xuddi shunday boʻldi. Gʻafur aka boshliq bir guruh yetuk shoirlarimiz tayyor boʻlgan maktubni oʻrischaga oʻgirtirish, lozim boʻlsa matnning baʼzi joylarini yoʻl-yoʻlakay toʻldirish, tahrir qilish uchun Maskovga yetib borib, “Ukraina” mehmonxonasiga joylashgan edilar. Ular orasida Gʻafur aka yaxshi koʻradigan sodda va yuvoshgina Mirtemir aka ham bor.

 

Gʻafur aka odatiga koʻra barvaqt turib, mehmonxonaning birinchi qavatiga tushdi. U yerda hali hech kim yoʻq, faqat kiyimlar topshiriladigan joyda garderobchigina mudroq bosib oʻtirar edi. Gʻafur aka asta koʻchaga chiqdi. Bugun havo biram ochiq, biram yoqimli ediki... Harholda bu mehmonxona oldidan “Moskva-reka” oqib oʻtadida! Shuning uchun bu yerning havosi toza, moʻtadil. Gʻafur akaning ichkariga kirgisi kelmadi. Sekin havo olib, daryo boʻyiga borib qaytgisi bor edi. Bundoq qarasa, xiyobonning oʻng tomoniga qoʻyilgan kattagina oʻrindiqda uch-toʻrtta yoshi oʻtib qolgan kishilar baqir-chaqir qilishib, nima haqdadir bahslashar edilar. Qoʻllarida gazeta. Dafʼatan Gʻafur akaning xayoliga: “Nima balo, bu yaramaslar ertalabdan boshlab yuborganmi sharobxoʻrlikni!” degan gap keldi. Asta yurib ularning oldiga bordi. Haligi chollar nima haqdadir tortishar, ora-chorada qoʻllarida gʻijimlab olgan gazetalarini havoda oʻynatib, soʻkinib ham qoʻyar edilar.

 

Gʻafur aka sezdiki, bir gap boʻlgan. Bu aniq. U ortiga qaytib, shundoqqina mehmonxona eshigi oldidagi “Roʻznomalar” doʻkoniga bordi. Gazetalar endi kelgan shekilli, sotuvchi ularni taxlardi. Gʻafur aka “Pravda” bilan “Izvestiya” gazetasidan xarid qildida, sal nariga borib, ularga koʻz yugurtirdi. Har ikkala gazetaning birinchi sahifasida yirik harflar bilan terilgan “Informatsion bildirish” degan sarlavhaga koʻzi tushdi. Gʻafur akaning aʼzoyi badanini gʻalati bir titroq bosdi. Bu qanday titroq, oʻzi ham bilmaydi. Toʻgʻrida! Kattakon bir davlatning boshligʻini sharmandalarcha oʻrnidan oladiyu, titroq bosmasinmi? Titraydida! Titrashda ham titrash bor. Odam qoʻrquvdan titraydi, sevinganidan hayajonini bosolmay titraydi. Gʻafur akaning gazeta tutgan qoʻllari titrayaptiyu, ammo qalbiga ajib bir nur ingan, oʻzini ruhan yengil his etib turar edi shu tobda. Bu xabarni hamyurt shoir ukalari bilan baham koʻrgani zudlik bilan mehmonxonaning toʻrtinchi qavatiga koʻtarilib, oʻzi joylashgan xonaga kirdi. Boya yuvingan boʻlsada, oʻziga kelib olish uchun vannaxonaga kirib, muzday suvga yuzini chaydi. Soʻng artinib, darhol telefonga yopishdi. Mirtemir akaning ovozini eshitib, shaytonligi qoʻzidi.

 

– Allo, oʻzingmisan, – dedi jiddiy ohangda. – Haliyam turmadilaringmi? Oʻtaverasanlarmi alchayib! Tez turginda, mening xonamga kir. Boshqalarga ham ayt, kirsin! Ha, aytganday, sheʼriy maktub sandami? Olib kir!

 

Gʻafur aka telefon goʻshagini oʻrniga qoʻydida, qoʻllarini shimining choʻntagiga tiqib, jilmaygancha gilam ustida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Ahyon-ahyonda boshini chayqab, kulib qoʻyardi.

 

Sal oʻtmay shoirlar Gʻafur akaning xonasida jamuljam boʻlishdi. Hammasining yuzida bir xil ifoda: “Oqsoqol nima uchun azonlab chaqirib qoldi ekana?!”

 

– Maktub kimda?

 

– Mana, – dedi Mirtemir aka yupqa bejirim koʻk papkani koʻrsatib. Hamma Gʻafur akaga termuladi. Gʻafur aka esa roʻyxush bermaydi. Oʻta jiddiy! Shunday boʻlsada, oqsoqolning chiroyida sezilar-sezilmas qandaydir bir nur barq urib turgani ayon edi.

 

– Oʻqi! – dedi Gʻafur aka qovogʻini uyib. Axir, Mirtemir aka sheʼrni qotirib yozgani bilan uni maromiga keltirib oʻqiyolmaydiku! – Muncha paysallaysan? Oʻqi degandan keyin oʻqimaysanmi!

 

Eʼtiroz bildirishga oʻrin qolmadi. Mirtemir aka maktubni oʻqiy boshladi. Maktub odatdagidek “ogʻa”larga hamdu sano, Nikita Sergeyevichga qulluq bilan boshlanar edi.

 

– Toʻxta! – dedi Gʻafur aka hamdu sano avjiga chiqa boshlaganida. – Qani, buyoqqa ber!

 

Mirtemir akani oʻziga ham tushunarsiz bir mavhum hayajon bosib, Gʻafur akaga moʻltirab qarab turar edi. Oqsoqol sheʼriy maktubni qoʻliga olib, birdan portladi:

 

– Bu padaringga laʼnat loʻttivozga namuncha qulluq qilasanlar! – deb qoʻlidagi sheʼriy maktubni otib yubordi. Qogʻozlar xona bilan bir boʻlib toʻzgʻib ketdi. Shoirlar nima deyishlarini bilmay qotib qolishdi. Gʻafur aka masalani yana ham chuqurlashtirdi. – Bu ahmoq svolochga namuncha taʼzim qilmasalaring?!

 

“Axir oʻzingiz bosh-qosh edingizku? Qolaversa, bu sheʼriy maktubning mualliflaridan birisizku. Nega bu gapni Toshkentda, hukumatimiz huzurida oʻqib, muhokama qilganimizda aytmadingiz?!” deyisholmaydi bechoralar. Buyurganlar oʻzimizning hukumat, yozganlar bular. Qani, yozmay koʻrsinlarchi! Yozsayam bir balo, yozmasayam bir balo... Endi esa oqsoqolning injiqligi ortiqcha boʻlib turibdi.

 

Mirtemir aka shartta oʻrnidan turdi. Asabdan dir-dir titrar edi.

 

– Gʻafur aka... – dedi hayajonini bosolmay. – Siz bu gapni aytganingiz, men esa eshitganim yoʻq... Bu dahshat, dahshat!..

 

Ha, arzimagan gap uchun Belomor kanaliga badargʻa qilinib, u yerning dahshatlariyu, azob-uqubatlarini boshidan kechirib, yuragini oldirib qoʻygan shoir uchun Gʻafur akaning dagʻdagʻasi haqiqatan ham dahshat edi. Mirtemir aka shartta orqasiga burilib, xonadan chiqa boshlaganida:

 

– Toʻxtang, hoʻv shoir... - dedi Gʻafur aka qandaydir bir yumshoqlik bilan. U negadir “siz”lay boshlagan edi. – Oʻtiring.

 

Mirtemir aka bunday qarasa, Gʻafur akada boyagi vajohatdan asar qolmabdi. U kulib oʻrnidan turdida, Mirtemir akaning yelkasiga qoʻlini tashladi, sekin yetaklab olib kelib joyiga oʻtqazdi. Soʻng karavoti ustida yotgan boyagi gazetalarni stol ustiga olib kelib qoʻydi.

 

– Mana, oʻqinglar!

 

Birpasda shoirlar kechasi plenum boʻlganini, Nikita Sergeyevichning sharmandalarcha oʻrnidan olinganini bilib oldilar.

 

Hamma ogʻir sukutda. “Gʻafur aka ham juda qiziqda! Ha, shundoq ekan, bor gapni toʻgʻrilikcha aytib qoʻyaqolsa boʻlmaydimi, yuraklarimizni yormay!” dedi Mirtemir aka ichida.

 

Oʻtirganlarning ichiga qandaydir bir iliqlik yugura boshladi. Sukutni Gʻafur akaning oʻzi buzdi:

 

– Gap bunday, bir nima tashkil qilinglar... Nonushta ham qilganimiz yoʻqku hali.

 

– Pastga, restoranga tusha qolaylik boʻlmasa...

 

– Yoʻq, – dedi Gʻafur aka nimaningdir xayoliga borib. – Restoranda baland-past gaplar boʻladi. Ayniqsa, manavinday algʻov-dalgʻov paytda. Shu yerda, mening xonamda, oʻz tilimizda, oʻz dilimizda nishonlaymiz bu kunni. Anavidan ham boʻlsin. A, labbay, nima deding, sahroyi?

 

Mirtemir aka yayrab kuldi. Ular bu kunni nishonlashdi: hech kimga bildirmay, xufiyona nishonlashdi, dillari ancha ravshanlashdi. Sheʼriy maktub yozilgan koʻyi qolib ketdi, hech qayerda bosilmadi. Bu biz uchun sirli moziy boʻlib qoldi.

 

Nosir FOZILOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 227
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35345
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27551
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26660
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25376
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22637
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//