Bilasizmi?
Popovga rahmat
Radioda bemaza qo‘shiq yangray boshlangandi, dadam menga:
– Muhsinali, radioni o‘chirib qo‘y, – dedi-da, ortidan qo‘shib qo‘ydi, – Aleksandr Popovga rahmat.
Men hayron bo‘lib so‘radim:
– Dada, nega unday deyapsiz?
– U radioni kashf etgan odam, – deb shoshilmay tushuntirdi dadam, – istalgan paytda radioni o‘chirib qo‘yadigan qilgan-da. Agar o‘chmasa, dodingni kimga aytarding!
Xumpar
Gʻanijon Toshmatovning yubileyida har kim keltirgan sovg‘a-salomi bilan sahnaga chiqib, gap yoki luqma tashlab, shunga yarasha javob olgach, joyiga borib o‘tirardi. Jumladan, O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi mutasaddilaridan biri qo‘lida Gʻanijon Toshmatov surati tushirilgan ko‘zani ko‘tarib chiqib, dedi:
– Avvalgi yubileyingizda ustiga do‘ppi va belbog‘ qo‘yilgan lagan olib chiqqandim. Shunda siz: “Bu kishi laganga solib chiqibdi”, degan edingiz (Askiyachilar orasida “laganga solib chiqibdi” degani, laganbardor degan ma’no beradi.) Mana endi ko‘za olib chiqdim.
– Bizda ko‘za xum deyiladi, – javob beribdi Gʻanijon Toshmatov. – Sizdan oldin ham ko‘za olib chiqishgandi, siz esa, ikkinchisini olib kelibsiz. Agar u bitta bo‘lsa xum bo‘lardi, ikkita bo‘lgani uchun xumpar bo‘ladi.
Katta qilib olaman
Bir guruh san’at arboblari Gʻanijon Toshmatovning 80 yillik yubileyida sadaflanmagan joyi qolmagan, chiroyli va moʻjaz tanburni sovg‘a sifatida sahnaga olib chiqib topshirayotib:
– Hozircha tanburning kichkinasini olib turing, keyingi yubileyingizga kattasini sovg‘a qilamiz, – deya qutlashadi.
Gʻanijon Toshmatov moʻjaz tanburni qo‘liga olib, javob beribdi:
– Keyingi yubileyga hali o‘n yil bor, ungacha buni o‘zim katta qilib olaman.
Yakan
Gʻanijon Toshmatov “Maqom” ansambliga rahbarlik qilganda tartib-intizom masalasiga jiddiy e’tibor beradi. Shunga qaramay, taniqli bir san’atkor bir kun ishga kelmaydi. Ertasi kuni paydo bo‘lganda rahbar:
– Qayerda eding? – deb so‘raydi.
– Farg‘onaga borgandim.
Rahbar xodimining bir kunda Farg‘onaga qanday borib-kelganiga ishonmay surishtiradi:
– Nimada borib kelding?
– “Yak”da borib, “An”da qaytdim.
– Demak, sen yakanga (ba’zi san’atkorlar tilida yakan pul degan.) boribsan-da...
Ish
Gʻanijon Toshmatov ulfatlar davrasida o‘tirganda, bir kishi kutilmaganda kelib, dabdurustdan so‘rabdi:
– Gʻanijon aka, shu tobda nimalar ustida ishlayapsiz?
– Stol va dasturxon ustida qoshiq bilan ishlayapman, – deb ayni paytda qilayotgan ishini aytgan ekan.
Uyimiz bitib qolgan
Dadam ko‘chadan o‘tayotib, bir mo‘ysafid loyga botib ishlayotganini ko‘rib qoladi-da, salom-alik qilgach, rahmi kelgan, shekilli, so‘raydi:
– Aka, loyga botib nima qilyapsiz, urinib qolibsiz-ku?
– O‘zimga uy qurayapman, – deb javob beradi qariya.
– Bekor qilasiz, – deydi dadam. – Siz-u bizning u tomondagi uyimiz allaqachon bitgan.
Qariya bu gapning mag‘zini chaqib, kulib yuboribdi. Kayfiyati ko‘tarilib, charchog‘i yozilib, minnatdorlik bildirgach, ishini yangi kuch bilan davom ettiribdi.
Muhsin GʻANIYEV tayyorlagan.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,
2022-yil 18-fevral, 6-son
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q