Bilasizmi?
Suymasa qiyin ekan
Kunlardan bir kun, mustaqillikdan ilgari sobiq ittifoq miqyosida katta mukofot olgan, nomdor, ammo iste’dodsiz shoirni sharaflash marosimi bo‘ladi. Taniqli ijodkorlar birin-ketin so‘zga chiqib, o‘sha shoir sha’niga maqtov so‘zlari aytishar, so‘ng uning she’rlaridan namunalar o‘qib berishar edi. sovrindor esa qani meni kim qanday maqtar ekan, deya ko‘zini lo‘q qilib turardi. Nihoyat, tabriklash gali o‘sha kezlarda endi mashhur bo‘lib borayotgan yosh shoir Abdulla Oripovga beriladi. U ham aravasiga tushgach, qo‘shig‘ini aytishga majbur edi: boshqalar qatori noiloj o‘sha shoir haqida bir-ikki og‘iz iliq gap aytgandek bo‘ladi. Keyin uning she’rlaridan o‘qib berajagini aytadi. Shunda butun zal guvillab oyoqqa qalqadi. Yer tepib talab qilishadi: “Yo‘-o‘q!!! Kerak emas! Kerak emas! O‘zinikidan o‘qisin, o‘zinikidan!”
Bu juda g‘aroyib hodisa edi… Shoir ikki o‘t orasida qoladi. Bir muddat ikkilanadi. Nihoyat, andisha ustunlik qiladi. Nochor bir alpozda o‘sha shoirning qisqaroq bir she’rini o‘qiy boshlaydi. Baribir Abdulla akaning behisob muxlislari she’rni oxirigacha eshitishmaydi, qarsak chalib, shovqin ko‘tarishib, bu “adolatsizlik”ka qarshi “isyon” ko‘taradilar.
Xullas, shu kuni beqiyos iste’dodi bilan nom qozona boshlagan yosh shoir Abdulla Oripov muxlislar ko‘nglini ololmaydi.
Vyetnamlik shoir
Bir kuni shoir Aziz Abdurazzoq Abdulla Oripov bilan shaharning gavjum joylaridan birida pivo ichib turishganda keksa adib va dramaturg Nabi Yusufiy (rahmatli xushfe’l, ko‘p soda odam edi) kelib qoladi. Aziz akaning shumligi tutib, keksa tarjimonga bir hazil qilgisi keladi va Abdulla akaga (endigina dovrug‘i taralayotgan yosh shoir edi) sekin ko‘z qisib qo‘yadi.
– Nabi aka, tanishing, bu mehmon vyetnamlik shoir Nguyen Fan Van Dong bo‘ladilar. Yurtimizga sayohat qilib kelgan ekanlar, mana, pivoxo‘rlik qilib o‘tiribmiz.
– Juda yaxshi-da! Xush kelibsiz, mehmon! – Yusufiy tavoze bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi.
Kulgidan arang o‘zini tiyib turgan Abdulla aka engashib tabassum qiladi, boshini chayqab, imo-ishora ila salomlashgan bo‘ladi. Nabi aka esa negadir xorijiy mehmondan ko‘z uzolmaydi. Oradan ancha fursat o‘tgach, axiyri ichi qizib, ohista gap qotadi:
– Azizjon, bu vyetnamlik mehmoningiz o‘zimizning shoirimiz Abdulla Oripovga judayam o‘xshar ekan-a?
Aziz aka bilan Abdulla Oripov qah-qah urib kulib yuborishadi.
Ozodlik daraxti
Sho‘rolar zamoni edi. Kunlardan bir kun Abdulla aka shogirdi Shukur Qurbon bilan Do‘rmondagi dala hovlisiga ko‘chat ekmoqchi bo‘ladi. Yordamchilar kelib, ko‘chatlar oralig‘i va yerning chuqurligini risoladagidek o‘lchab, qazib ketishgach, bir chetda ensasi qotibroq o‘tirgan shoir shogirdidan iltimos qiladi:
– Shukurjon, ketmonni olib, mana bu chuqurlarni ko‘mib chiq!
– Iye, hali ko‘chat ekmasdan tuproq tortamizmi? – Shukur Qurbon hayron bo‘ladi.
– Ular ko‘rsatgan joyga ekmaymiz! – deydi Abdulla aka qat’iy ohangda. – Qayoqqa borsang cheklash, man qilish! Bu yerda ham shu ahvol – u yerga emas, bu yerga ek! Oralig‘i shuncha! Chuqurligi muncha! Yo‘q, bu ko‘chatni hov ana u yalanglikka ekamiz! Ozodlikning yagona daraxti bo‘lib ko‘karib tursin!
Ozodlikning o‘sha yagona daraxti hali hamon yashnab-ko‘karib, shabbodada nafis chayqalib turibdi.
Faqat to‘y qilaver
O‘zini modern she’riyatining peshqadam vakili deb hisoblaguvchi bir shoir katta to‘y qiladi. Ziyofat boshlanishidan oldin to‘yxonaga ustoz Abdulla Oripov tashrif buyuradi. Unga zar chopon kiygizishadi. Chiroyli, to‘kin dasturxonni ko‘rgan ustoz chehrasi ochilib, to‘y sohibiga shunday deydi:
– Mana bu boshqa gap! Zo‘r, hammasi zo‘r! Sen endi bundan keyin modern-podern deb hammaning boshini qotirmay, faqat to‘y qilaver!
Qachon musulmon bo‘lasan?
Jizzax tumanidagi so‘lim Zomin tog‘laridan yosh ijodkorlarning an’anaviy seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilayotgandi. Yozuvchilar uyushmasining o‘sha kezlardagi raisi Abdulla Oripov bir mahal ish yuzasidan uyushma xodimi, shoir Rustam Musurmonni qidirib qoladi. U bir chetda do‘stlari bilan ulfatchilik qilib, shiringina bo‘lib o‘tirgan ekan, yo‘qlovni eshitgach, andak sergak tortib, tebranib-chayqalib rahbarga ro‘para bo‘ladi.
– Hoy Rustam! – deydi ustoz iddao bilan.
– Labbay, Abdulla aka!
– Rustam deyman! – deydi ustoz bu gal jahl bilan.
– Eshityapman, Abdulla aka!
– Sen bola qachon musulmon bo‘lasan-a?!
Shodmon Otabek
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q