Shunda men...


Saqlash
14:08 / 30.08.2021 0 1637

 

O‘z-o‘zimga haykal

 

Og‘zimdan tushib qolgan gaplarni birovlar terib, ovora bo‘lib yurishmasin, dedim. Qolaversa, har kimning o‘z tirikchiligi bor.

Haykaltarosh N.A.

 

* * *

Unvon orden-medallar olish va berish avjga chiqqan turg‘unlik yillari edi. Bir kuni muharririmiz Ibrohim Rahim:

– Mukofot so‘rab olinmaydi, – dedilar.

Shunda men:

– To‘g‘ri, yugurib, yelib olinadi! – dedim.

 

 

* * *

Atoqli adib Murod Muhammad Do‘st Moskvada o‘qirdi. Bir ta’tilda meni yo‘qlab “Mushtum”ga kelib qoldi. Soqol qo‘yibdi. Qop-qora to‘sday. Yonida Mahmud Akrom degan shoir do‘sti. Suhbatlashib o‘tirgan edik, Erkin A’zamov qo‘ng‘iroq qilib qoldi:

– Salom, akaxon, yoningizda kim bor? – deb so‘radi u.

Shunda men:

– Bir soqolli va bir besoqol, – dedim.

 

 

* * *

Shoir Sirojiddin Sayyid mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev haqida yaxshi bir maqola yozib, oxirini “Agar hazrat Alisher Navoiy o‘z g‘azallariga aytilgan bu ashulani eshitganlarida edi, to‘nlarini yechib, Sheralining yelkasiga yopgan bo‘lurdilar”, deb yakunlabdi. Bu maqola ko‘plarga manzur bo‘ldi, biroq Sheralining muxoliflaridan biriga unchalik o‘tirishmadi.

– Sirojiddin ja mubolag‘a qilibdimi, – dedi kulib, – yana deng Alisher Navoiy Sheraliga to‘n yoparmishlar. Tavba.

Shunda men:

– E, parvo qilmang. Avvalo, hazrat Navoiyning to‘nlari ko‘p bo‘lgan. Bitta eskisini Sheraliga yopsalar yopibdilar-da. Qolaversa, Sirojiddinga aytamiz, yana bitta maqola yozadi, qarabsizki, hazrat Navoiy Sizga ham bittasini yopadilar, – dedim.

 

 

* * *

Mashhur masalchi Muxtor Xudoyqulovning yangi kitobi – “Ming bir masal” G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotning badiiy kengashida muhokama qilinadigan bo‘ldi. Kengashni Said Ahmad aka boshqarib borardi. Muallif o‘z asarlaridan o‘qiy boshladi. Bitta o‘qidi – hech kim kulmadi, ikkita o‘qidi – suv quyganday, uchinchi masalni ham o‘qidi yana o‘sha gap.

– Nimaga kulmaysizlar? – dedi Muxtorjon qizarib. – Kecha turmadagi uchrashuvda shu narsalarni o‘qiganimda hamma kulgan edi-ku.

Shunda men:

– Bu narsalarga kulish uchun besh yil ish olib, qamoqda o‘tirish kerak, – dedim.

 

 

* * *

Bir oqsoqol saylovda og‘iz ko‘pirtirib maqtandi.

– Ishdan olaman deb ovora bo‘lasizlar. Bilib qo‘yinglar, mening ildizim suvga yetgan.

Shunda men:

– To‘g‘ri-yu, ustoz, o‘sha suv sho‘r-da. Ildizingizni chiritishi mumkin, – dedim.

 

 

* * *

Rahmatli Yodgor baxshi Ishoqov bilan juda yaxshi edik. U kishi “Mushtum”ning ham doimiy mehmoni edilar. Bir uchrashuvda o‘z jang xotiralaridan hikoya kilib qoldilar.

– Bir kuni jangdan so‘ng o‘rmon chekkasida komandirimiz uch-to‘rt nemis asiriga meni qorovul qoldirib ketdi. Oradan uch soat o‘tdi, to‘rt soat o‘tdi. Hamma yoq qop-qorong‘i. Zerikib ketdim. Qarasam, yarador asirlar pish-pish uxlab yotishibdi. Kel, bu yog‘i tavakkal deya qo‘limga do‘mbirani olib, bo‘g‘iq ovozda «Go‘ro‘g‘li»dan ayta boshladim... O‘ziyam rosa ilhom kelgan ekan, bilmadim, bir soatmi, ikki soatmi, ayta beribman, ayta beribman... Bir vaqt komandir kep qoldi-yov... Qarasam, mening bo‘g‘ilib, bo‘kirib aytishimdan qo‘rqibmi, netibmi, ikki nemis asiri o‘li-ib qopti...

Shunda men:

– Bay-bay, o‘zbek xalqiga qoyil-e, kuylashingizni qirq yil eshitsayam, o‘lmasdan mazza qilib yuribdi, – dedim.

 

 

* * *

Qo‘shiqchi shoir, marhum Uyg‘un aka ta’biri bilan aytganda “Zohidjon xanda”, ya’ni Zohidjon Obidov bilan o‘n yilcha birga ishladik. Qadrdonimiz. Bir kuni u kishi:

– Mullo Ne’matullo, – dedilar guldirab, – shu buxoroliklaringiz ham zap qiziq odamlar-da, “Labi hovuz”da Nasriddin afandiga qo‘shib eshakka haykal o‘rnatishibdimi, xo-xo-xo!

Shunda men:

– Ha, Zohidjon aka, Buxoroda eshak kam-da, – dedim.

 

 

* * *

Iste’dodli shoir, kamtarin inson Tolib Yo‘ldosh bilan aka-ukamiz. “Qah-qaha” kitobimga qalam haqi olganimni kimdandir eshitib qolibdilar.

– San, nomard, shuncha pul olibsan, bitta shapka olib beray ham demaysan, qara ana buni, yag‘iri chiqib ketgan, – dedilar.

– Shapka sizdan aylansin, Tolib aka, – dedim, – erta tushlikda keling, ham birga ovqatlanamiz, ham yangi shapka kiyib ketasiz.

Xayrlashdik. O‘sha kuni Nabijon Boyqo‘ziyev bilan SUMdan Tolib akaga yangi shapka xarid qildik. Ertasiga Tolib aka aytilgan vaqtdan ikki soat oldin yetib keldi. Yangi shapkani berdik.

– Qaniy, – dedi u shapkani kiyib. – Obbo... sanlarni peshobingdan yer yolchirmidi, katta-ku bu?!

Shunda men:

– Zarari yo‘q, Tolib aka, paytava o‘rab kiysangiz loppa-loyiq keladi, – dedim.

 

 

* * *

Do‘stim, sarguzasht yozuvchi Said Ravshan bilan xiyobonlarni aylanib yuribmiz. U odatdagiday hovliqib so‘radi:

– Ne’mat, ana bu terak qanaqa daraxt-a jo‘ra?

Shunda men:

– Bu terak tol bo‘lsa kerak, – dedim.

 

 

* * *

Mashhur estrada artisti Vladimir Lapinni “Yetti jin” filmida, sirkda, kansertlarda ko‘p ko‘rgansiz. U urush qatnashchisi. Qorni tarvaqaylab ketgan, semiz kishi. Bir kuni u maqtanib qoldi:

– Znayesh bratan, ya ofitser zapasa! Shunda men uning qorniga shap-shap urib:

– A eto, zapas ofitsera! – dedim.

 

 

* * *

O‘ta hazilkash, badihago‘y akamiz Zohidjon xanda (Zohidjon Obidov) bilan uy to‘yida o‘tirgan edik. Davra qizigandan qizib borardi. Uy egasi likobchalarda jo‘ja qovurdoq (tabaka) ko‘tarib kirdi. Zohidjon aka yayrab, bayt aytib yubordilar:

Kelganida tabaka Bo‘lib ketaman sabaka.

Shunda men:

– Bir pas bo‘lmay turing, davra buzilmasin, – dedim.

 

 

* * *

“Sharq yulduzi”da ajoyib bir yigit ishlaydi. Oti Yusuf. Hamkasblari uni “Yusuf tojik” deyishadi. Yusufjon adabiyotni juda yaxshi tushunadi. Til haqida bahslashganda, ko‘pchiliq g‘olib chiqadi. Bir kuni unga qo‘ng‘iroq qildim. Telefon go‘shagini o‘zi ko‘tardi.

– Da-da! Shunda men:

– Dadangiz emasman, akangizman, – dedim.

 

 

* * *

Rahmatlik Uygun domlaning 75 yilliklarida Zohidjon aka uchalamiz Farg‘ona safarida bo‘lgan edik. Uyg‘un aka keksa bo‘lishiga qaramay juda quvnoq, hazilkash va hozirjavob. U do‘konda shim ko‘rib: “Odam ermasmen vale, Rishtonda ishton kiymasam” singari behayo badihalari bilan odamlarni kuldiradi. Uchrashuvlardan so‘ng qishloq “Univermag”iga kirdik. Uyg‘un domla:

– Zohidjon, anovi maykaning 60 razmeridan uchta, paypoqning 29 razmeridan o‘nta oling, – deya topshiriqlar beradilar.

Ittifoqo magazinning narigi chekkasidan Zohidjon akaning guldiragan ovozi keldi.

– Domla, tish cho‘tka bor ekan, Sizga ham olaymi?

– Uchta oling.

– Bo‘lmasa og‘zingizni razmerini aytib yuboring?

Sheriklar kulishdi. Uyg‘un domla “Ujas, battar bo‘ling!” deya g‘o‘ldiradi. U kishining yonidan tezda Zohidjon akaga yakinlashdim.

– Eshitmay qoldim, domla nima dedilar? – deya so‘radi u.

Shunda men:

– Og‘izlari bezrazmerniy ekan, – dedim.

 

 

* * *

“Mushtum” qog‘oz tanqisligidan oyida ikki marta emas, bir marta chiqadigan bo‘ldi. Xuddi shunday kunlarning birida urush nogironi Zohidjon Obidov hassalarini to‘qillatib kirib keldilar.

– Mullo Ne’matullo, bizning laparni qaysi songa tushurdinglar?

– Oltinchi songa.

– Mart oyida ekanda?

– Yo‘q, iyunda...

– Iya, – dedilar u kishi, bu jurnal oyida ikkita son chiqardi-ku.

Shunda men:

– Bozor iqtisodiyoti boshlanib, “Mushtum” ham Sizga o‘xshab bir sonidan ajraldi, – dedim.

 

 

* * *

Toshkentga ishga taklif etilgach, anchadan keyin yo‘lim Buxoroga tushdi. Rayon komfirka komiteti kotiblaridan biri bilan uchrashishga to‘g‘ri keldi.

– Hm, – dedi u o‘tirgan yeridan qo‘lini cho‘zib, – haliyam oblast radio – uzelida (radiokomitet demoq-chi) ishlaysanmi?

– Yo‘q, hozir Toshkentdaman.

– E, ha. Qayerda ishlayapsiz? – dedi u beixtiyor sizsirashga o‘tib.

– “Mushtum”da!

– E... e... odamlarni tanqid qilarkansizda?

Shunda men: – Yo‘q, noodamlarni tanqid qilamiz! – dedim.

 

 

* * *

Bir kuni Sadriddin Ayniy haqida oynayi jahonda ko‘rsatuv beriladigan bo‘ldi. Unda Abdulla Qahhorning vafodor rafiqasi, tarjimon va matnshunos Kibriyo Qahhorova ham qatnashishlari kerak edi. Rejissyor Hamid Kahramonovning taklifi bilan u kishiga qo‘ng‘iroq qildim.

– Qandoq bo‘larkin, – dedilar Qibriyo opa nolib, – fishori xun baland... a, labbay... hozir, televizorga chiqsak, ayog‘im tag‘in og‘rib turibdi, qandoq qilamiz?

Shunda men:

– Zarari yo‘q, oytimullo, hozir mashina bilan borib obkelaman, rejissyorga aytaman oyoqlaringizni televizorda ko‘rsatmaydi, – dedim.

 

 

* * *

Mashhur teatrshunos olim Frunze Jo‘rayev milliy san’at haqida shov-shuvli maqola olib keldilar. Makolani “Mushtum”da bosishga qaror qildik. Frunze aka dastlab xursand bo‘ldilar, so‘ng:

– Shu otimiz zamonga jinday to‘g‘ri kelmay qoldi, – dedilar uyalib, qimtinib, – kecha Shukrullo aka ham Frunzeni uzgartir, devdilar.

Shunda men:

– Bemalol o‘zgartirsak bo‘ladi. Bishkek Jo‘rayev deb qo‘yamiz, – dedim.

 

 

* * *

“Qahqaha” kitobim chiqqanda bir kunning o‘zida Maqsud akaga, Miad akaga va Said Ahmad akaga dastxat yozib berdim. Qitmir do‘stlarimdan biri yashirincha bu dastxatlarni o‘qib olib, mendan kula boshladi.

– O‘zingiz ham ja quvsiz-da, bu ustozingiz nechta o‘zi? Maqsud akaniyam, Miad akayu Said Ahmad akani-yam ustozim, deb yozibsiz...

Shunda men:

– Ustozim ko‘p. Masalan, Maqsud aka menga mavzu tanlash va osh pishirish bo‘yicha ustoz, shaxmat bo‘yicha Miad aka, rahbarlik bo‘yicha Ibrohim aka, hayotni o‘rgatish, yozib-chizish bo‘yicha ustozim Said Ahmad aka... shox Mashrab birgina alifni o‘rgatgan kishini ham ustoz deb bilganlar, agar shunga amal qilsam ustozim yuzdan oshsa kerak, – dedim.

 

 

* * *

Do‘stim, mashhur rassom Telman Muhammedov vafot etganda jurnalga ta’ziyanomani yozish menga topshirildi. Yozdim. Unda jumladan “O‘zbek karikatura va miniatyura san’atida o‘ziga xos maktab yaratgan mashhur rassom Telman Muhammedov bevaqt vafot etdi” degan satrlar bor edi.

Ta’ziyanomani o‘qigan Telmanning ichi qora hamkasblaridan biri istehzoli kulib, tanbeh berdi.

– Peh, Telman karikatura san’atida maktab yaratdi, deb yozibsiz... axir u bir umr ichkilikdan bosh ko‘tarmagan bo‘lsa, yana...

Shunda men:

– Avvalo Telmanni ichkilikka o‘rgatgan Sizga o‘xshaganlar. Qolaversa, xafa bo‘lmang, Siz o‘lsangiz san’atda “dorilfunun” yaratgan edi, deb yozaman, – dedim.

 

 

* * *

Buxoroda Temur Norov (Temur Norbek) degan shoir va tarjimon bor. Qorato‘ridan kelgan baquvvat va xushchaqchaq yigit. Aka-ukamiz. Temurjon duradgor, shoir olim va tarjimonligi yetmagandek ashula ham aytadi. Ovozi yo‘g‘on. Bir “Hoy” desa salkam ikki soniyaga cho‘zaoladi.

Bir kuni uyimizda davra bo‘ldi. Temur Norbek o‘zi yozgan she’rga o‘zi kuy bastalab, xonish qildi. Uning “Hoy”iga davradagilar olqish yog‘dirishdi. Ularga qo‘shilib men ham.

– E, nimasini aytasiz, Ne’mat aka, – dedi u iyib ketib. – Mani ashulamni eshitgan Bahrom aka, Siz Po. Robson deydi.

Shunda men:

– E, Bahrom aka bekorlarni aytibdi, Siz Polniy Robson, – dedim.

 

Ne’mat AMINOV,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi,

“Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni sohibi (2021)

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 14
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 93
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 197
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 514
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 932
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218663
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104448
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33582
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27247
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26229
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24733
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24715
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21607
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//