“Salom kakliklar! Gazetamizga obuna bo‘ldinglarmi?”


Saqlash
16:02 / 16.02.2022 0 1461

 

Aprel hazili

 

Ahmadjon Meliboyev hazil-mutoyibalari, kutilmagan shumliklari bilan ham ma’lum va mashhur. U o‘zi bosh muharrir bo‘lgan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida shunday bir aprel hazili – go‘yo tahririyatda joriy etilayotgan yangi vazifada ishlash uchun tanlov e’lon qiladi. Maosh 30–40 ming (o‘sha yillari bu ancha katta mablag‘ edi) so‘m. Xorijiy xizmat safarlariga chiqiladi. Ishga har kuni kelish shart emas. Falon-falon joylardan tavsifnomalar hamda 4 dona 1 m x 40 sm hajmida rangli fotosurat kerak bo‘ladi va hokazo…

Shundan keyin tahririyatni odam bosib ketadi. Yangi ishga talabgorlarning oxiri ko‘rinmaydi. Qo‘shni tahririyatdagilar ham to‘polondan bezor bo‘ladi. Boyoqish talabgorlar hazilni ilg‘ashmaydi, loaqal e’londagi “1 m x 40 sm”li fotosuratni ko‘z oldilariga keltirisholmaydi. Hangomaning eng qizig‘i keyinroq chiqadi. “Adabiyot”chilarning hazil qarmog‘iga taniqli yozuvchi va publitsist Dadaxon Nuriy ham ilinadi.

 

To‘sinbop qo‘lyozma

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga xalq yozuvchilaridan biri yangi yozgan romanidan parcha olib keladi. Bosh muharrir Ahmadjon Meliboyev parchani varaqlab ko‘rarkan, muallifga shunday deydi:

– Buni endi ozroq qisqartirib bosamiz-da.

– Iltimos, ukajon, iloji bo‘lsa qisqartirmasangiz. Shu… desangiz, yaxshi niyat bilan katta imorat qurayotgandim. To‘singa ozroq mablag‘ yetmayapti.

– Mayli, yana o‘ylashib ko‘ramiz.

Xullas, romandan parcha baribir qisqargan holda bosiladi. Oradan bir necha kun o‘tgach, bosh muharrirni tahririyat yo‘lagida uchratib qolgan muallif og‘rinibgina iddao qiladi:

– Ahmadjon, ukaginam, parcha qisqarib ketibdi-ku? Endi nima bo‘ladi?

– To‘sinlarning orasini kengroq qo‘yvorasiz-da! – deydi muharrir.

 

 

Kim she’r yozadi?

 

 

O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev tahririyatga she’r olib keladigan mualliflardan juda bezor bo‘lgan edi. Sababi she’rlarning aksariyati foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lar, ammo ularni o‘qib, javobini aytish uchun qimmatli vaqt bekor ketardi. Hazilkash, ishning ko‘zini biladigan muharrir buning ham yo‘lini topadi. Huzuriga she’r ko‘tarib kelgan muallif bilan qisqacha hol-ahvol so‘rashgach, o‘zini yaqin tutib, hasrat qilib qoladi:

– Bu odamlarga nima bo‘lgan o‘zi, hamma she’r yozishga o‘tib ketdi. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin. Yaxshiyam men shoir emasman.

She’r ko‘tarib kelgan muallif o‘ng‘aysizlanib asarini bir chetga yashiradi. Gaplari mo‘ljalga bexato ketayotganidan dadillangan muharrir masalaga nuqta qo‘ygisi keladi.

– Darvoqe, bizga nima xizmat?

– Xizmat... yo‘q, o‘zim... yo‘lim tushib qoluvdi, bir kirib o‘tay devdim...

Yelkasidan tog‘ ag‘darilgan muharrir muallifni izzat-hurmat bilan ostonagacha kuzatib qo‘yadi.

 

Salom kakliklar

 

So‘qoqlik shoir Orif Odilxonov (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) xotirasiga bag‘ishlangan anjumanga poytaxtdan bir guruh ijodkorlar tashrif buyuradi. Tadbir bahona so‘lim tabiat qo‘ynida ijodkorlar yurakdan gurung qilib, yayrashadi. Tog‘da o‘sgan shoir Azim Suyun tevarak-atrofdagi go‘zallikni ko‘rib, birdan jo‘shib-toshib ketadi. Baland bir qoyaga ko‘tarilib, bor ovozi bilan xitob qiladi:

Salom ey tog‘lar! Men keldim! Salom kakliklar!

 

Shunda o‘sha kunlari fikr-xayoli obuna tashvishi bilan band bo‘lgan Ahmad og‘a ham shoirning yoniga borib, o‘zicha unga jo‘r bo‘ladi:

Salom kakliklar! Gazetamizga obuna bo‘ldinglarmi?

 

Bosmachi

 

Ahmadjon Meliboyev “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan yillar juda ko‘p, turfa xil mualliflar bilan muloqotda bo‘lgan. Goho qiziq voqealar, g‘aroyib gap-so‘zlarga ham guvoh bo‘lardi. Kunlardan bir kun asari bosilmayotganidan ranjigan injiqroq bir muallif muharrirga iddao qilib shunday deydi:

Sizlar juda gerdayib ketgansizlar. Maqolalarni bosmachiday bosib yotaverasizlar, chiqarmaysizlar.

Hozirjavob muharrir kulimsirab javob qiladi:

To‘g‘ri aytasiz, taqsir, vazifamiz shunaqa o‘zi. Maqola yaxshi bo‘lsa bosib chiqaramiz. Yomon bo‘lsa bosib yotaveramiz. Bosmachi desangiz ham bo‘laveradi...

 

Hoy kal!”

 

Taniqli yozuvchi va publitsist Dadaxon Nuriyning 70 yillik to‘yi adibning yurti Namanganda katta tantanalar bilan nishonlanadi. Ustozlar Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov boshchiligida bir guruh ijodkorlar Dadaxon aka o‘qigan maktabga bordik. O‘quvchilar, adabiyot muxlislari mehmonlarni guldastalar bilan kutib olishdi. Ko‘chalar, yo‘laklar yangi asfalt qilingan ekan, Ahmadjon Meliboyev unga qarab shunday hazil qildi:

Biz ketgach, bu asfaltlar qayta yig‘ishtirib olinmaydimi?

Tantanalar tugab, mehmonxonaga qaytayotganimizda kimdir shunday taklif qilib qoldi:

Dadaxon akaga o‘zi o‘qigan maktabda haykal o‘rnatish kerak!

Ahmadjon shunday qo‘shimcha qildi:

Dadaxon akaga hozir emas, 80 yoshga kirib, sochlari oqarib, butunlay to‘kilib ketganda haykal qo‘yish kerak, o‘shanda haykal emas, “Hoy kal!” bo‘ladi.

 

Shoirning dadasi

 

Shoir Rustam Musurmonning asosiy ish joyi Yozuvchilar uyushmasida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida esa chorak hajmda qolgan, haftada bir-ikki bor ko‘rinib turardi.

Shoirning otasi Ravshan bobo yoshi yetmishdan oshgan bo‘lsa-da, hamon tetik, g‘ayrat-shijoatli, buning ustiga qo‘li gul bog‘bon ekan, yozuvchilarning Do‘rmondagi bog‘iga kelib, hovlilarga ekilgan mevali ko‘chatlarni qaychilab, qaysi mevani qanday parvarish qilish, qanday sug‘orish kerakligini u yerda istiqomat qilayotgan ijodkorlarga yaxshilab tushuntiradi. Bundan xursand bo‘lgan Ahmadjon Meliboyev bir kuni Rustamni xonasiga chaqirib, shunday deydi:

Mulla Rustamboy, nomerga mo‘ljallangan materiallar o‘z vaqtida tushmayapti, o‘tgan oyda jiddiy publitsistika yozib beraman degan eding, bu ish ham amalga oshmadi. Do‘rmonda bo‘lsa, Ravshan bobo bog‘ni gulday yashnatib qo‘ydi. Hammamizga foydalari tegib turibdi. Sen bo‘lsang... Xafa bo‘lmagin-u, bu ahvolda seni bo‘shatib, o‘rningga... dadangni ishga olishga majbur bo‘lamiz...

 

Ustoz qayerda?

 

Jurnalistikamizning tinib-tinchimas zahmatkashlaridan biri Mahmud Sa’diy adabiyot gazetasining faol va kuyunchak xodimlaridan edi. Ustoz shu jamoada salkam o‘ttiz yildan beri mehnat qilardi. Gazetachilik qon-qoniga singib ketgan.

U kishining tahriri, talabchanligi, so‘z va iboralarni to‘g‘ri qo‘llash, birlamchi manbalar bilan ishlash borasidagi talabchanligiga gap yo‘q.

Mahmud aka sharoit taqozosi bilan qo‘shni “Ma’rifat” gazetasida ham ishlay boshladi. Ustozning mahorati yosh “ma’rifat”chilarga ancha asqatadi. Ammo har to‘kisda bir qusur deganlaridek, Mahmud aka boshqa xodimlarga o‘xshab, ishxonada ertalabdan kechgacha o‘tirmaydi. Jiddiy maqolalarni uyida tahrir qiladi, shu bois, gohida ikki-uch kun ko‘rinmay ham qoladi. Ishni ko‘ngildagiday bitirib, kunning ikkinchi yarmida xodimlar ishdan qaytayotgan paytda og‘ir sumkasini ko‘tarib kirib keladi. Bunga ko‘pchilik ko‘nikib ketgan.

Bir kuni ma’rifat”chilardan biri Ahmadjondan so‘rab qoladi:

Ustozni qayerdan topsak bo‘larkin, ertalabdan beri kutamiz-a...

Ertalabdan beri deysizmi? hayron bo‘ladi Ahmadjon, biz yigirma yildan beri kutamiz-ku.

 

Senzura va duradgor

 

Mustaqillik arafasida respublika gazeta-jurnallari bosh muharrirlari ishtirokida katta yig‘in o‘tkaziladi. Kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhokamasi yakunlangach, majlisga raislik qilayotgan rahbar yig‘ilganlardan: “Boshqa yana nima gaplar bor?” deb so‘ragan ekan, muharrirlar yoppasiga senzuradan shikoyat qila ketishibdi. Deyarli hamma gapiribdi, ammo bu mavzuda doimo kuyunib yuradigan, fikrini ochiq aytadigan Ahmadjon Meliboyev jim o‘tiraveribdi. Shunda majlis raisi “Bu masalada adabiyot gazetasi muharririning fikrini eshitaylik-chi” degan ekan, Ahmadjon aka shaxdam o‘rnidan turib, shunday debdi:

Fikrim yomon emas, yaqindan beri senzura bilan devor darmiyon qo‘shni bo‘lib qoldik. Ammo bir muammodan boshimiz sal qotib turibdi-da...

Nima muammo ekan, aniqroq gapiring, majlisni yakunlashimiz kerak, debdi rais betoqat bo‘lib.

Shu desangiz, tahririyat binosini bilasizlar, koridor torroq. Buning ustiga yaxshi yoritilmaydi. Bir amallab ishlab yurgandik, senzura ko‘chib kelganidan keyin ahvolimiz o‘zgardi-qoldi. Hamma xonalarning eshiklari ichkariga ochilsa, bularniki tashqariga ochiladi. U yoqqa o‘tsak ham, bu yoqqa o‘tsak ham peshonamizni urib olayapmiz. G‘urra bo‘lmagan joyimiz qolmadi. Bir iloji yo‘qmikin-a?

Kinoyani tushunmagan rahbarlardan biri Ahmadjon akaga o‘girilib, shunday deydi:

Menga qarang, uka. Shu gap shundoq idorada aytiladigan gapmi? Duradgorga aytsalaring bas bir zumda ichkariga ochiladigan qilib qo‘yadi. E, o‘rgildim...

 

Yong‘oqning ta’siri

 

Do‘rmonda shoir Tursun Alining tomorqasi uch metrga kengaygach, bo‘shagan yerga qanday daraxt eksam ekan, deya qo‘shnilarga maslahat soladi.

Majnuntol eking, shoirsiz, soyasida ilhomlanib she’r yozasiz! deydi Ahmadjon.

– Yong‘oq ham zo‘r daraxt! – qo‘shimcha qiladi Azim Suyun. – Men ko‘p she’rlarimni yong‘oqning tagida yozganman.

Shunda Ahmad og‘a odaticha gapni hazilga buradi:

E-e, shuning uchun ham yozgan asarlaringizni ko‘p tahrir qilishga to‘g‘ri kelarkan-da!

 

Shodmon OTABEK

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 227
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35345
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27552
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26660
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25376
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22637
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//