Sarvatli millatlar milliyatlarini yo‘qotmas


Saqlash
15:02 / 15.02.2022 0 1634

 

 

Abdulla AVLONIY

 

Tarbiya

 

Tarbiya – “Pedagogiya”, ya’ni bola tarbiyasining fani demakdur. Ilmi axloqning asosi tarbiya o‘ldug‘indan shul xususda bir oz so‘z so‘ylaymiz. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni o‘rgatmak, yomon xulqlardan saqlab o‘sdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga “yaxshi xulq” degan davoni ichidan, “poklik” degan davoni ustidan berub, katta qilmog‘i lozimdur. Zeroki, “Hassinu axloqiko‘m” amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakg‘a amr o‘linganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi bo‘lishining asosiy panjasi tarbiyadur.

 

Axloqimizning binosining go‘zal va chiroyli bo‘lishiga tarbiyaning zo‘r ta’siri bordur, ba’zilar “tarbiyaning axloqqa ta’siri yo‘q, insonlar asl yaratilishida qanday bo‘lsalar, shunday o‘sarlar, tabiat o‘zgarmas”, – demishlar.

 

“Yomon xo‘ tuzalmaydi darmon ila

Ipak o‘lmas ip, rangi alvon ila.

Boqing, bir daraxt mevasidur yomon,

Bo‘lur yaxshi payvand, parvo bilan.

Bilur har kishi aslini rangidan,

Va yokim ulangandagi zangidan”.

 

Lekin bu so‘z to‘g‘ri emasdur. Chunki tarbiyaning axloqga, albatta, ta’siri bo‘ladur. Oramizda  masal borki, “sut ila kirgan, jon ila chiqar”, mana bu so‘z to‘g‘ridur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Beshikdan to mozorga borguncha ilm o‘rgan”, – demishlar. Bu hadisi sharifning ma’nosi bizlarga dalildur. Hukamolardan biri: – “Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘lidur”, – demish. Shariati islomiyada o‘z bolalarini yaxshilab tarbiya qilmak otalarga farzi ayn, o‘z millatining yetim qolgan bolalarini tarbiya qilmak farzi kifoyadur. Payg‘ambarimiz: “Bolalaringizni yetti yoshida namozga o‘rgatingiz. Agar o‘n yoshida o‘qimasa uringiz”, – demishlar.

 

Har kishining dunyoda oromi joni tarbiyat,

Balki oxirida erur dorulamoni tarbiyat.

Tarbiyat hamroh etadur hur ila ruzvonlara,

Gar desam bo‘lmas xato jannat makoni tarbiyat.

Ey, Otalar! Jonlaringizdan suchuk farzandingiz,

G‘ayrat aylang o‘tmasun vaqt-zamoni tarbiyat.

Moyai zilli xumodur tarbiyatning soyasi,

Bizda anqo tuxmidek yo‘q oshyoni tarbiyat.

 

 

Fikr tarbiyasi

 

Fikr tarbiyasi eng kerakli, ko‘p zamonlardan beri taqdir qilinub kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, g‘ayratli bo‘lishiga sabab bo‘ladur. Bu tarbiya muallimlarning yordamiga so‘ng daraja muhtojdurki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi muallimning tarbiyasiga bog‘lidur. Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo‘lsa ham, ikkisi bir-biridan oyilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidur.

 

Masalan: joy solinmagan yaxshi bir uyning ichida o‘tirmak mumkin o‘lmadig‘i kabi, ichiga har xil yangi ashyolar to‘ldurub ziynatlangan eski imorat ham o‘lturushga yaramaydur. Basharti o‘ltursa, insonlar: “Eski uyga yangi zoldivor”, “kir ko‘ylakka jun jiyak”, “mis qozonga loy tuvoq” deb hajv, kulgi qilurlar.

 

Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa,

Xanjar, olmosdan bo‘lur o‘tkur.

Fikrning oyinasi olursa zang,

Ruhi ravshan zamir o‘lur benur.

 

 

Fatonat

 

Fatonat aql egasi bo‘luv demakdir. Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidur. Inson aqli ila din va e’tiqodini mahkam qilur, shariat hukmlariga bo‘yunsunar. Aqlsiz jinni kishilar bularga bo‘yun qo‘ymas, shariatdan tashqari ishlarni ham qilur. Janobi Haq insonni hayvonlardan so‘z va aql ila ayirmishdur. Hayvonlar o‘zlariga bo‘laklar tarafidan keladurgan zulm va jabrlarni shox, tish, tumshuq, tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin inson janobi Haq tarafidan berilmish aql va idroki soyasida o‘ziga keladurgan zarar va zulmlardan saqlanur. Yer yuzidagi hayvonlarni asir qilub, bo‘ynidan boylab, iplarining uchini qo‘llariga bergan insonlarning aqlidur.

 

Ilm insonlarning madori hayoti, rahbari najotidur. Ilm o‘rganmak, olim bo‘lmak uchun maktabga kirmak, muallimdan ta’lim olmak lozim. Aqlsiz kishilar na maktabga kirar va na muallimni bilar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Ey insonlar! Aqlingizga tavoze’ qilingiz. Siz janobi Haq buyurgan va qaytargan narsalarni aqlingiz ila bilursiz”, – demishlar. Hukamolardan biri: “Agar aqlingni qo‘li nafsingni jilovini ushlasa, sani yomon yo‘llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko‘p bo‘lsa, bahosi arzon bo‘lur, aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko‘paysa, shuncha qimmatbaho bo‘lur”, – demish.

 

Aqldek zebo sifatni ko‘rdi Haq, insonga eb,

Oqil insonlar bilan berdi jahon-olamga zeb.

Aql nuri birla to‘ldi dunyoga ilm-u hunar,

Aqlsiz inson qachon bilg‘usidur naf’-u zarar?

Aqlsizlar bilmagaylar din nadur, dunyo nadur?

Bo‘lmasa aqli bilurmi farz ila sunnat nadur?

 

 

Riyozat

 

Riyozat deb savob ishlarni qilub, gunoh ishlardan saqlanmoqni aytilur. Riyozat adabning koni, ruhning darmonidur. Insonlarni to‘g‘ri yo‘lga solub, egri yo‘ldan qaytarguvchi riyozatdur. Shul sababli riyozat qilguvchilar oqil va fozil bo‘lur. Alloh ham xalq qoshida maqbul va mo‘tabardur. Yalqovlik, ko‘p uxlamak, yomon odamlar ila yurmak, vaqtni bekor o‘tkarmak, aysh-u ishrat qilmak, ko‘p oshamak, foydasiz so‘zlar so‘zlamak, samovarlarda, ko‘chalarda aziz umrni bo‘sh otkarmak kabi ishlarning hammasi riyozatga zid, umrning egovi, Xudoning g‘azabidur. Allohning buyrug‘i, Rasulullohning sunnatlari, shariat qil degan ishlarni birin-ketin o‘z vaqtida qilmak ibodat ham riyozatdur.

 

Riyozatni rioya qilgan kishilar hech vaqt shariat yo‘lidan ayrilmas, Alloh buyrug‘idan chetga chiqmas va bu yo‘l ila oxirat azobidan qutulur, rohat va rahmat saroyiga kirar, riyozatni rioya qilmagan kishilar Alloh taoloning rizosini topolmas, xor-zor bo‘lub, oxiratda alamlik azobga giriftor bo‘lur.

 

Aflotun hakim: “Men riyozatdagi lazzatni hech narsada ko‘rmadim, zeroki, vujudimning salomati, ruhimning saodatini riyozatda topdim. Shuning uchun riyozat ayni saodatdur deyaram, chunki fikrning, tilning islohi badanning riyozatiga bog‘lidur”, – demish.

 

Ibn Sino hakim: “Tan riyozatidan ko‘proq ruh riyozati lozimdur. Mard kishi o‘zini riyozat va adab ila ko‘rsatsun, inson ila hayvon orasidagi farq yolg‘uz maishatda emas, yaxshi axloq kasb qilmoqdadur”, – demish.

 

Riyozat mevasidur misli bodom,

Yuzi qattig‘ ichidur ishta in’om.

Kishin maqsudina eltar riyozat,

Riyozatsiz ish o‘lg‘ay besaranjom.

Agar sabr-u riyozat cheksang, ey jon,

Pishub oldingg‘a tushgay mevayi xom.

 

 

Shijoat

 

Shijoat deb botir va yurakli bo‘lmakni aytilur. Shaji’ kishi hech narsadan qo‘rqmaydurgan botir va yurakli bo‘lur. Sa’y va g‘ayratning ziddi dangasa va yalqovlik o‘ldig‘i kabi shijoatning ziddi qo‘rqoqlikdur. Qo‘rqoq savdogar foyda qilmas. Qo‘rqoq kishi o‘zining soyasidan hurkar, hech bir ish qilishga yuragi bo‘lmas. Ko‘p kishilar vahima va qo‘rqoqlik orqasidan mollaridan, jonlaridan, vatanlaridan ayrilurlar. Shuning uchun har ishda shijoatni qo‘ldan bermaslik lozimdur. Shijoat insoniyatning sof oyinasi, iffat, g‘ayrat, istiqomat kabi yaxshi xulqlarning nuroniysidur. Shijoatning haqiqati qalbning matonatindan, ruhning salomatindan iboratdur. Hozirgi zamonda botirlik – boylikda, qaysi davlat va millatning davlati bolsa, shul ustun bo‘lmakdadur. Chunki hukumat uchun xalq, xalq uchun hunar, hunar uchun ilm, ilm uchun aqcha lozimdur.

 

Sarvatli millatlar milliyatlarini yo‘qotmas, rohat va saodatda yashar. Bu kunda madaniy millatlar urushlarini tijorat va sanoatga aylandurdilar va bu soyada bir-birlariga g‘alaba va raqobat qila boshladilar. Sehrgar va jodugarlik ila emas, tijorat va sanoatgarlik ila cholishqon Yovro‘pa, Afriqo va Osiyoni o‘ziga asir va musaxxar qilmakdadur.

 

Bu zamonda fil ila jang aylamak erlik emas,

Er o‘shaldurkim tutar ilm-u hunarning yoqasin.

Beshlab, o‘nlab so‘m topishsa, ilm ila ag‘yorlar,

Biz bo‘lub hammol, oladurmiz tiyinlab choqasin.

Boshqalar san’at, tijorat-la taraqqiy aylasa,

Bizni el tortar ayog‘din o‘lgan otning toqasin.

 

 

Miqyosi nafs

 

Miqyosi nafs deb qiladurgan amallarimizni, ishlarimizni shariat, insoniyat qonuniga muvofiq o‘lub, o‘lmaydig‘ini vijdonimiz ila o‘lchab ko‘rmakni aytilur. Nafs o‘lchovi haqiqiy bir o‘lchovdurki, insonning o‘z nafsiga loyiq ko‘rmagan muomalani boshqalar haqida ijro etmoqg‘a qo‘ymas, fikr egalari, insof sohiblari har vaqt nafs o‘lchovidan tashqari harakat qilmas.

 

Agarda bir sabab ila shariat hukmidan, insoniyat qonunidan chet ketsa, bu qabohatini nafs o‘lchovi ila bilub, ikkinchi martaba qilmasga qasd va niyat qilub, shariat nizomidan, insoniyat chizig‘idan chiqmaslikg‘a sa’y va g‘ayrat qilur.

 

Alhosil, nafs o‘lchovi ta’rifdan tashqari insonlar uchun eng foydali, har kimcha maqbul buyuk bir fazilatdur.

 

Buyuk Iskandar: “Dunyoda eng haqiqiy, to‘g‘ri o‘lchov nafs o‘lchovidurki, bu mezonda zarra nuqson yo‘qdur”, – demish.

 

Ibn Sino hakim: “Insonning fazl-u kamolining o‘lchovi nafsning o‘lchovi ila o‘lchanur”, – demish.

 

Dunyoda har narsaning maxsus o‘lchovi bo‘lar,

Banda af ’olini vijdoni ila tortib ko‘rar.

Bir ishiga vaznda kelsa og‘ir o‘z nafsiga,

Ul ishing qandog‘ bo‘laklarga ravo, loyiq ko‘rar.

 

 

Iqtisod

 

Iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur.

 

Mol qadrini biluvchi kishilar o‘rinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, o‘rni kelganda so‘mni ayamas. Saxovatning ziddi baxillik o‘ldig‘i kabi iqtisodning ziddi isrofdur. Alloh taolo isrof qilguvchilarni  suymas. Iqtisodni rioya qilgan kishilar hamma vaqt tinch va rohatda yasharlar.

 

Arilar qish kunida yemak uchun bol yig‘ganidek, boshlariga keladurgan qora kunlarni o‘ylab, oq pul yig‘urlar. “Toma-toma ko‘l bo‘lur”, – demishlar. Har narsa ozdan ko‘payur.

 

Ko‘pni ozaytirg‘uvchi xotun kishi,

Ozni ko‘payturmak erur er ishi.

 

Hozirgi zamonda maqsudga yetmak, o‘z millatiga xizmat qilmak, xalqg‘a maqbul bo‘lmak uchun ilm va mol lozimdur. Olamdagi hamma millatlarning hol va qudratlari mol va boyliqlari ila o‘lchanur. Har yerda boy millatlar og‘ir kelub, pallani bosub xo‘ja o‘lganidek, faqirlari yengil kelub, qul va asir bo‘lub, osilib qoladur. Mol topmakning eng barakatli yo‘llari: hunarchilik, ekinchilik, chorvachilik, savdogarlikdur. Bularning har biriga ham bu zamonimizda bilim lozimdur. Bobolarimizning “bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar” zamonlari o‘tub, o‘rniga “bilgan bitar, bilmagan yitar” zamoni keldi. Amerikalilar bir dona bug‘doy ekib, yigirma qadoq bug‘doy olurlar, yovrupolilar o‘zimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturub, o‘zimizga yigirma besh tiyinga soturlar. Ammo biz osiyoliklar, xususan, turkistonliklar, dumba sotub, chandir chaynaymiz: qaymoq berub, sut oshiymiz, non o‘rniga kesak tishlaymiz. So‘zning qisqasi, hozirgi zamonga muvofiq kishi bo‘lmak uchun ilm va ma’rifat ila barobar iqtisod, insof, tuganmas sa’y, bitmas g‘ayrat lozimdur.

 

Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “So‘ng zamonlarda dinni saqlamak mol ila bo‘lur. Iqtisod uzra harakatli kishilar faqir bo‘lmas”, – demishlar. Yana, “Har narsada o‘rta iqtisod yo‘lini tutmak lozimdur. Ifrot va tafritdan ihtiroz qilmak kerak, hatto din amrinda ham bir odam ortuq sufiylik sotsa, oxirinda o‘zi mag‘lub bo‘lur”, – demishlar.

 

Xalq ichinda mo‘tabar bir narsa yo‘q davlat kabi,

Bo‘lmag‘ay davlat jahonda quvvat-u sihhat kabi.

Iqtisod, insof ziynatdur vujudi odama,

Yaxshi ne’mat yo‘q kishiga sa’y ila g‘ayrat kabi.

 

 

Haqorat

 

Haqorat deb bir kishining hafsiga, iffatiga tegadurgan so‘zlar ila qadr va e’tiborini tushurmak niyatida yomon muomala qilmakni aytilur. Ulamolar diniy kitoblarda: “Tashbihi zino gunohi kabiradur, – birovni haqorat qilish ulug‘ gunohlardandur”, – demishlar. Lekin bizlarning oramizda xotun-qizga borushub, bir-birimizni haqorat qilmak odat hukmig‘a kirmishdur. Buning sababi axloqsizlik, gunoh va savobni farq qilmog‘onimizning samarasidur. Haqorat tahqir qilingan kishining diliga o‘rnashub, shunday yomon jarohatlarni ochurki, fursatni g‘animat topub o‘ch va intiqom olmaguncha tuzalmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: “Ikki odam bir-birini so‘ksa, gunoh boshlovchiga bo‘lur. Magar qarshi bo‘lgan kishi ortuq ketsa, har ikkisi ham gunohda o‘rtoq bo‘lurlar. Yana mo‘min qarindoshini so‘kmak fosiqlik, onlar ila urushmak kufrdur”, – demishlar. Shul xususda Mirzo Bedil:

 

Zi harfi no muloyim zahmati dilho mashav Bedil,

Ki har jo jinsi sangi hast, boshad dushmani ayno.

 

Tarjimasi:

 

Yomon so‘zlar ilan dillarga zahmat bermagil Bedil,

Ne yerda toshni jinsi bo‘lsa, bo‘lg‘ay shishaga dushman,

 

deb insonlarning dilini shishaga, haqorat va yomon so‘zlarni toshga tashbih qilub, yomon so‘z kishining shisha kabi nozuk dilini parcha-parcha qiladur, – demishlar.

 

Mol va dunyoga mag‘rur bo‘lub, har kimga haqorat ko‘z ila qaragan kishilar tezgina o‘zlari ham  xor va haqoratga duchor bo‘lurlar. Haqorat va birovni xo‘rlamak so‘z va ish ila o‘ldig‘i kabi qalam va yozuv ila ham bo‘ladur. Ba’zi adab va tarbiyadan mahrum muharrir va shoirlar bo‘ladurki, dillariga kelgan narsalarni qaytarmasdan, axloq va adabni rioya qilmasdan, xalqdan ibo qilmasdan, bachcha  va juvonlar sha’niga muvashshahmi, yoki bir mo‘min birodarlarining haqida hajv va istehzomi yozub, matbuot va adabiyot dunyosini iflos va mulavvas qilmak ila barobar o‘zlariga hamsuhbat bo‘ladurgan yoshlarning axloqini buzulmog‘iga sabab va namuna bo‘lurlar.

 

Ko‘p o‘turma yomonning suhbatida,

Pok bo‘lsang, seni qilur iflos.

Ko‘r nechuk oftob ravshandur,

Xira qilsa bulut, ko‘rub bo‘lmas.

 

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 100
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 352
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 123
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 213
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 523
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 943
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218712
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104466
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33964
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27294
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26430
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25006
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24813
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21672
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//