Bilasizmi?
Bosh va qilich
Alisher Navoiy bilan Husayn Boyqaro yoshligidan juda qalin do‘st bo‘lganlar, maktabda ham birga o‘qiganlar. Ularning domlasi g‘oyat o‘tkir zehnli kishi ekan. U kishi bir kuni shogirdlarining zehnini, nimaga qiziqishlarini bilmoqchi bo‘libdi. Har ikkalasiga bosh va qilich rasmini chizib beribdida, sharh yozib kelishni topshiribdi.
Alisher bosh va aqlni, donolikni ta’riflab g‘azal bitib kelibdi. Husayn bo‘lsa qilichga hamd-u sanolar aytib, jang-u jadal haqida madhiya yozibdi.
Domla sharhlarni o‘qibdi-da, osmonga qarab charaqlagan quyoshni Alisherga, qora bulutni esa Husayn Mirzoga ko‘rsatib, Alisherga “Ofarin” debdi.
Husayn Mirzoga esa indamabdi. Bundan ajablangan Husayn Mirzo domla meni taqdirlashni unutdi chog‘i deb o‘ylab, ustozidan o‘z “mukofot”ini so‘rabdi. Domla shahzodaga qarab: “Sizga “vodarig‘” mukofoti yozilgan ekan”, – debdi.
Alisher o‘z mukofotining mazmuniga tushunib, boshi ko‘kka yetibdi. Husayn Mirzo bo‘lsa “mukofot” sirini tushuna olmabdi.
Bosh va qilich rasmida: Bosh aql ramzi bo‘lib, insonlarga xizmat qiladi. Qilich esa aqlga qarshi turib, boshga “vodarig‘” kulfatini solidi deyilgan ekan.
Mir Alisher chizgan surat
Kunlardan bir kuni Mir Alisher o‘zining ijodxonasida allaqanday bir suratni chizayotgan ekan, nogahon podsho Sulton Husayn uning hujrasiga kirib kelibdi. Mir Alisher surat chizishga qattiq berilib ketganidan podshoga qaramabdi ham. Bundan Husayn qattiq ranjib:
– Mir Alisher, sizning musavvirlik hunaringizdan bexabar ekanmiz-da! Mendan ko‘ra surat azizroq ekanmi deyman, bundoq qayrilib ham qaramadingiz-a?! – debdi. Mir Alisher shunday deb javob beribdi:
– Agar bu suratda kim tasvirlanganini bilganingizda edi, fikringizdan qaytgan bo‘lardingiz!
Podsho Husayn yaqinroq borib qarasa, o‘zining surati ekan, shunda u do‘stiga noo‘rin jahl qilganiga pushaymon bo‘lib, ishidan behad uyalibdi, binobarin yanada mehri ortibdi. Mir Alisher esa podshoga qarab:
– Do‘stim, endi bunisini ham tomosha qiling, – debdi.
– Husayn tomosha qilib o‘tiribdi. Mir Alisher zanjirlangan sherning suratini chizib, Husaynga uzatibdi. U suratni obdon tomosha qilib:
– Nimaga sherni zanjirlab qo‘yibsiz? – deb so‘rabdi.
– Sizning oldingizdagi barcha olimlar-u shoirlar, donolar-u yaxshilar ana shu zanjirband sherga o‘xshaydilar. Siz ularning barini bezanjir band etib qo‘ygansiz. Ammo sher xoh zanjirband bo‘lsin, xoh beband ekan, hamisha mag‘lubiyatni xayoligayam keltirmaydi, maqsadi yengib chiqmoq, – debdi Mir Alisher.
Husayn Mirzo Mir Alisherning so‘ziga javob topib berolmay, hujradan boshini egib chiqib ketbdi.
Alisher Navoiy kimni yomon ko‘rgan?
Kunlardan bir kuni Sulton Husayn vazirlarining yolg‘on so‘zlariga ishonib, Alisher Navoiyni zindonga buyuribdi. Ko‘p vaqt o‘tmay uning gunohsizligi ma’lum bo‘libdi. Podsho uni zindondan chiqarishlarini buyuribdi. Alisher Navoiy esa chiqishga unamabdi. Podshoning qamash va chiqarish haqida bergan farmoniga ajablanganini bildiribdi.
Shoirni zindondan chiqarish uchun ko‘p urinibdilar-u, foydasi bo‘lmabdi. Eng keyin unga yaqin kishilardan birining maslahati bilan Alisher Navoiyning yoniga bir ahmoqni qamab qo‘yibdilar. Shoir ana shundan so‘nggina zindondan chiqishga rozilik beribdi.
Mir Alisher bilan xasta odam
Mir Alisherning oldiga bir odam kelib, o‘zining salomatligi yomonligidan shikoyat qildib:
– Mavlono Mir Alisher, siz ko‘pni ko‘rgan, dono odamsiz, shoirsiz, adolatparvar amirsiz, ammo tabiblikdan xabaringiz yo‘qligi juda yomon-da, – debdi.
– Qayeringiz og‘riydi? – deb so‘rabdi Mir Alisher.
– O‘zim ham bilmayman, hamma joyim og‘riydi, tanamda isqinim yo‘q,– deb javob beribdi haligi kishi.
– Unday bo‘lsa, bir shifosi bor, – debdi Mir Alisher, – har kuni ertalab bir namoz vaqti, peshinda bir namoz vaqti, kechqurun yana bir namoz vaqti yer chopib, qolgan paytlarda o‘zingizning kasbingizni qiling, inshoollo, tezda tuzalib ketasiz...
Oradan bir necha muddat vaqt o‘tgach, haligi odam yana Mir Alisherning oldiga kirib kelib:
– Meni tanidingizmi, taqsir? – deb so‘rabdi.
– Tanishga tanidimku-ya, ammo salomatligingiz qalay? – debdi Mir Alisher.
– Otdayman. Shoirdan ham tabib chiqar ekan-da, sizning aytganingizni qilib, tamomila darddan halos bo‘ldim, – debdi u kishi mamnun bo‘lib.
Navoiy bilan Binoiy
Hirotda Alisher Navoiy bilan birga mavlono Binoiy degan shoir ham yashardi. Kunlardan bir kuni Binoiy Alisher Navoiyning bog‘iga kelibdi. Qarasa, u bir qancha shoirlar-u mashshoqlar, sozandalar-u xonandalar bilan shirin suhbatlar qurib o‘ltirgan ekan. Binoiyning g‘ayirligi tutibdi. Shu payt oldiga vovullaganicha kelgan itga qarab ovozining boricha:
– Ho, janoblarining itlari ham nav (ohang qiladi demoqchi) qiladilar-ku, biz bundan bexabar qolibmiz-da, – debdi. Shu bilan Alisher Navoiyni boplab “chaqib” olmoqchi ekan-da. Binoiyning niyatini darrov anglagan Alisher Navoiy unga shunday javob qilibdi:
– Ha, endi ancha-muncha boqib parvarish qilgan edik, mavlononing o‘zlari ko‘rib turganlaridek, binoyidek bo‘ldi-qoldi.
Shoirning suhbatdoshlari maza qilib kulishibdi.
Bulbulning navosi
Alisher Navoiy bilan Binoiy degan shoir bir kuni katta bino oldidan o‘tib qolishibdi. Binoning ichkarisida gulga qo‘nib sayrayotgan bulbulning yoqimli navosi eshitilardi. Shunda Binoiy Alisher Navoiyni chaqib olmoqchi bo‘lib:
– Hazrati oliylari, qarang, yo‘lovchilar o‘tganda anavi binoning chiroyiga, ko‘rkamligiga zavq bilan tikiladi. Fikrimcha, anavi sayrayotgan bulbul ham ushbu binoning go‘zalligiga tahsin o‘qiyotgandek, – debdi.
Binoiy bu gaplari bilan nima demoqchi bo‘lganini anglagan Alisher Navoiy unga javoban shunday debdi:
– Gapingiz to‘g‘ri janobi oliylari, lekin shuni bilingki, kunlar o‘tib bu bino ham qulaydi, lekin bulbulning navosi, uning yoqimli ovozi aslo yo‘qolmaydi. Darvoqe, haqiqiy didli, farosatli kishiga bu yerda binoning serhashamligi emas, bulbulning navosi huzur bag‘ishlaydi. Bunga uncha-muncha kishining fahmi yetmaydi.
Bu gapni eshitgan Binoiy qizarib qolibdi.
Gap navosida
Alisher Navoiy bilan Binoiy bir kuni ko‘chada ketishayotgan ekan, yo‘ldagi bog‘dan g‘azal eshitilib qolibdi. G‘azal Binoiyniki ekan. U g‘azal o‘ziga qarashli ekanligini bildirmoqchi bo‘lib, Alisher Navoiyga:
– Boqqa kiraylik, juda yaxshi g‘azal o‘qishyapti, – debdi.
Alisher Navoiy “Boqqa kirib, g‘azal tinglasak-tinglabmiz-da”, deb rozi bo‘libdi. Ikkovlashib boqqa kirishibdi. G‘azalxon g‘azalni o‘qib bo‘lgach, Binoiy maqtanib:
– Hoy, inim, she’rni binoyidek bitibsan, o‘qishing ham binoyidek, rahmat, ofarinlar bo‘lsin senga! – debdi.
Bu so‘zni eshitgan Alisher Navoiy:
– Ammo lekin bu do‘stimiz she’rning navosini joyiga qo‘yolmabdi, ozgina fahm-u farosatni ishga solib, peshona teri to‘kkanlarida g‘azalning navosi joyiga kelarmidi... – debdi.
Bu lutfdan Binoiy hijolat chekib, yerga qarab qolibdi.
“El desa Navoiyni” kitobidan
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q