“She’ringizni somsa tugaguncha eshitaman” – Shukur Qurbon hangomalari


Saqlash
15:02 / 01.02.2022 0 1344

 

Hammasi zo‘r

 

Yosh shoir Shukur Qurbon endigina “bu bo‘ston sahnida” atak-chechak qilib, she’riyat qasrini ishg‘ol qilishga chog‘langan kezlar edi. Hali tanilib ulgurmagan navqiron ijodkor oldida ming bir to‘siq-g‘ovlar ko‘ndalang turar, turish-turmushida ham halovat yo‘q edi. Har gal tahririyatlar ostonasidan hafsalasi pir bo‘lib chiqqanida tanish-bilishlar, diltortar do‘stlar davrasida to‘yguncha she’r o‘qib, xumori yozilardi.

 

Bir kuni Shukur bilan Pushkin ko‘chasidagi “Sharq yulduzi” jurnali tahririyati joylashgan bino yonida (u shu jurnalda ishlardi) uchrashib qoldik. Sezdimki, kayfiyati she’r o‘qishga moyil, faqat eshitishga teshik quloq bo‘lsa bas. Ammo men shoshib turgan edim.

 

– Shodmon aka, yuring, bitta she’r o‘qib beraman, – Shukur “Sharq yulduzi” tahririyatining shundoqqina orqasidagi ko‘hna, mo‘jaz hujrasiga taklif qildi.

– Shukurjon, uzr, men... bir joyga shoshib turibman.

– Shoshgan odam... she’rga yolchimaydi, yuraqoling endi.

– Aytyapman-ku...

– Agar xo‘p desangiz, sizga to‘rtta somsa olib beraman! – Shukur ikki qadam naridagi tandirdan endigina uzilgan, bug‘i chiqib turgan issiq somsalarga ishora qildi.

 

Nogoh shumligim tutdi. Qolaversa, qorin ham och edi.

 

– To‘rtta somsa yigit kishiga nima bo‘ladi? – dedim.

– Boring, yana ikkita qo‘shaman! Ketdikmi?

– Mayli, faqat bilib qo‘ying, she’ringizni somsa tugaguncha eshitaman.

– Kelishdik.

 

Xullas, hujraga borgach, men somsalarni bir chetdan tushiraverdim, Shukur jo‘shib-toshib she’rini o‘qiyverdi:

 

Ma’suda, o mening Ma’sudaginam,

Ko‘zlari faromush, osudaginam...

 

She’r zavqidan sel bo‘lib, “bay-bay”, “oh-oh”, deya somsani yeb tugatsam hamki shoiri tushmagur she’r o‘qishdan to‘xtamasdi. Ko‘ngli uchun “ahdni buzib”, yana biroz toqat qilib o‘tirdim.

 

– Xo‘sh, qalay? – nihoyat, terlab-qizarib ketgan shoir og‘zimga tikildi.

– Zo‘r!

– Somsami, she’rmi?

– Ikkisi ham zo‘r! – dedim.

 

Jinni emas ekan

 

Kunlardan bir kun “Guliston” jurnali (o‘sha yillar jurnalning nufuzi juda baland edi – Sh.O.) tahririyatiga qotmadan kelgan, qosh-u sochlari o‘siq, majnunsifat yigit kirib keladi. Ko‘zlari bejo, nimadandir alamzada bo‘lgan odamga o‘xshardi. U kotibaning hay-haylaganiga ham qaramay, bosh muharrir Asqad Muxtor huzuriga kirib ketadi. Oradan ko‘p o‘tmay, ichkaridan uning dag‘dag‘ali ovozi eshitila boshlaydi. Eshik tirqishidan buni tinglab turgan kotiba nima qilarini bilmay, bir zum ikkilanadi. Militsiyaga telefon qilishdan oldin bo‘lim mudiri Mahmud Sa’diyning xonasiga boradi.

 

– Mahmudjon, Asqad akaning oldiga jinniroq bir yigit kirib ketuvdi, haliyam chiqmayapti. Janjallashayotganga o‘xshaydi, xavotirlanyapman, bir qarab qo‘ying-chi!

 

Mahmud aka qiziqsinib, kotiba bilan bosh muharrir eshigi yoniga keladi. Ichkaridagi ovozga bir lahza quloq solib turgach, beixtiyor kulimsiraydi.

 

– Xavotirlanmang, u jinni emas – yosh shoir Shukur Qurbon!

– Axir u janjallashayapti-ku!

– Yo‘q, u bo‘lim mudiri jurnalda chiqargisi kelmay, tuxumday bosib yotgan she’rlarini bosh muharrirga jo‘shibroq o‘qib beryapti, xolos!

 

Mavzoleyda... yashaydi

 

Mustaqillikdan ilgari, Moskvada yosh shoirlarning Butunittifoq yig‘ini bo‘ladi. Unda qatnashgan Shukur Qurbon bir kuni qoq yarim tunda poytaxt ko‘chalarida adashib qoladi. O‘rischani durustroq bilmaydigan shoir o‘zlari turadigan mehmonxona mavzoley yonida ekanini yaxshi eslab qolgandi. Shuning uchun ham u melisaning “Qayoqqa borishing kerak o‘zi?” degan savoliga burro javob qiladi:

 

– Mavzoleyga borishim kerak!

– Iye, qoq yarim tunda mavzoleyda nima qilasan?

– Men o‘sha yerda yashayman!

– Yo‘g‘-e, esing joyidami? – melisa shoirning g‘alati gapidan hayratlanadi. – Axir u yerda Lenin...

Men ham o‘sha yerda yashayman!! – shoiri tushmagur bo‘sh kelmaydi.

 

Melisaning boshi qotib, gangib qoladi. Keyin bu g‘alati yigitni yashaydigan joyi – mavzoleyga kuzatib qo‘yadi.

 

Nega she’r yozadi?

 

Kunlardan bir kun Shukur Qurbon taniqli adabiyotshunos do‘sti bilan uchrashib qoladi. Suhbat davomida olim yoshlik yillarini eslab, shunday deydi:

 

– Men ham bir vaqtlar senga o‘xshab she’r yozardim. Hatto tuman gazetasida dostonim ham chop etilgandi. Ammo mundoq o‘ylab ko‘rsam, baribir Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar darajasida yoza olishimga ko‘zim yetmagan. Shu bois she’riyatni tashlab, ilmga urib ketdim. Yaxshi qilgan ekanman, mana, yomon bo‘lmadim...

 

Shukur peshanasini andak tirishtirib, quyuq  qoshlarini chimirgancha yarim hazil, yarim jiddiy ohangda javob qiladi:

 

– Sen o‘shanda she’riyatni yaxshi tahlil qilolgan ekansan. Mana men she’riyatni senchalik tushunmaganim uchun haliyam yozib yuribman.

 

Soqov shoir

 

Shukur Qurbon Samarqand shahrida she’rxonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, o‘z hisobidan chop etgan kitoblarini sotib yurgan edi. Ko‘rinishi yahudiyga o‘xshabroq ketadigan shoirga odamlar tojikcha murojaat qilishar, ammo u bu tilni bilmagani uchun o‘zaro muloqotlarda qiynalib qolar edi. O‘ylay-o‘ylay axiyri yo‘lini topgandek bo‘ladi. O‘zicha soqov qiyofasiga kirib, odamlar bilan imo-ishora orqali muomala qila boshlaydi. Siyob bozorida qassobdan go‘sht olayotib ham shunday qiladi, bu yeridan kesing, anavi suyakni qo‘shmang degan ma’noda qo‘lini havolatadi...

 

Ittifoqo, o‘sha kunlari Siyob bozorida she’rxonlik bo‘ladi. Shukur Qurbonning jo‘shib-toshib she’r o‘qiyotganini ko‘rgan o‘sha qassob hayratlanib, yonidagi sherigiga shunday dermish:

 

– Men bu shoirni taniyman, qiziq, ilgari u soqov edi. Ollohning qudratini qara-ya, soqovga til bitib, binoyidek shoir bo‘pti!

 

Shodmon OTABEK

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 227
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35344
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27551
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26660
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25376
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22637
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//