Shavkatli tarixni meniki, parokanda tarixni boshqa birovniki deb bo‘lmaydi


Saqlash
15:01 / 27.01.2022 0 1304

 

O‘tgan 25 yil mobaynida “Tafakkur” sahifalarida o‘nlab-yuzlab suhbatlar e’lon qilingan. “Moziyga qaytib ish ko‘rmoq xayrlidir” deya, majallamizning 100-sonida ana shu gurunglardan ayrim iqtiboslar chop etmoqdamiz.

 

Fikr – odamni, olamni o‘zgartirmoqqa qodir kuch. Inchunin, katta yo‘l boshida turgan jamiyatimiz uchun toza fikr, sergak aql suv bilan havodek zarur. “Oriflar majlisi”ga quloq tuting-a, aziz mushtariy, aksar o‘y-mulohazalar bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan.

 

 ***

Bozor obyektiv qonuniyatlar negizida rivojlanadi. Agar biz unga oqilona moslashmasdan, subyektiv-volyuntaristik yo‘l bilan aralashadigan bo‘lsak, uni izdan chiqaramiz, jabrini esa  butun jamiyat tortadi.

Saidmurod MAMAShOKIROV,

faylasuf olim

 

Odamzod yana ming yillar izlanib tajriba o‘tkazsa ham, komil inson tarbiyasi uchun mavlaviya va naqshbandiya maktablaridan ko‘ra oliyroq namuna topolmaydi.

Asqar MAHKAM,

shoir va tarjimon

 

Adabiyot darsliklariga badiiyati mukammal asarlar kiritilishi kerak. Vatan mavzusiga bag‘ishlanganining o‘zigina she’rning fazilati emas. Shiorbozlik ruhidagi asarlar yoshlar saviyasi pasayishiga sabab bo‘ladi.

Xurshid DAVRON,

O‘zbekiston xalq shoiri

 

Taassufki, ayrimlar harom yo‘l bilan pul topishni fazilat deb biladi... Undan ham yomoni – bundaylardan yuz o‘girish o‘rniga yaltoqilik qiladiganlarning ko‘payayotganidir...

Aslida, butun jamiyat bu qalloblardan yuz o‘girishi, ular eldan ayrilib, o‘z qilmishlarini adl-u insof tarozisiga solib ko‘rishi kerak emasmi?!

Usmon AZIM,

O‘zbekiston xalq shoiri

 

Mening qat’iy xulosam shuki, adabiyotni qo‘ltig‘idan suv purkab yuksaltirib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, uning millat tafakkurini o‘stirar darajaga yetmog‘iga muayyan shart-sharoit zarur, ya’niki, adabiyot millatni yuksaltirishi uchun avvalo millat adabiyotni yuksaltirishi lozim deb o‘ylayman. Lekin bu adabiy tafakkurning oyog‘iga tushov solinishiga olib kelmasligi darkor.

Faxriddin NIZOM,

shoir va tarjimon

 

Dunyo – musobaqa maydoni. Bunda faqat yetuk bilim, aqliy va ijodiy salohiyat bilangina g‘olib kelish mumkin. Insonning komillik mezoni ham, nazarimda, bugun ko‘proq shu bilan belgilanadi. Chunki zamonlar o‘tishi bilan komillik haqidagi tasavvurlar ham o‘zgarib boradi. Komillik bir ideal ekan, demak, ideallar ham o‘zgarishga yuz tutayotganini sezishimiz kerak.

Najmiddin KOMILOV,

professor

 

Odamning ma’naviy qiyofasini uning savod darajasi, ya’niki nechta kitob o‘qigani bilan belgilash nojoizday tuyuladi. Albatta, adabiyotdan, san’atdan ommaviy savod qanchalik baland bo‘lsa, jamiyatning ma’naviy qiyofasi ham shunga yarasha bo‘ladi. Biroq hammamiz bilamizki, kitob o‘qimasdan yoki kino ko‘rmasdan ham yaxshi odam bo‘lish mumkin.

Demak, dunyoda harfni harfga urib o‘qish, harfni harfga ulab yozishdan boshqa, minglab darslik va risolalarda bitilgan ma’lumotlardan o‘zga haqiqatlar ham ko‘p!

Murod MUHAMMAD DO‘ST,

yozuvchi

 

Inson yumshoq plastilin ham, qattiq metall ham emas. Uni bukib yoki eritib, xohlagan buyum yasashga harakat qilish tabiat qonuniga zid. Insonda faqat o‘zigagina xos bo‘lgan qalb va sezgi, fikrlash yo‘sinlari, mehr, g‘azab, quvonch va qayg‘u tuyg‘ulari mavjud. Millionlab odamni doimiy ravishda bir xil kayfiyatda ushlab turishning aslo iloji yo‘q, bunday holat faqat bayram yoki g‘alaba damlarida yuz berishi mumkin.

Abdulla ORIPOV,

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri

 

Tan olaylik, ko‘p narsaga yuzaki qarashga odatlanganmiz. Xom-xatala bo‘lsa ham ishning tezroq bitishini ko‘zlaymiz, mohiyatdan ko‘ra shaklni ustun bilamiz. Milliylikmi – marhamat: atlas ko‘ylak, do‘ppi, “kelinsalom” va hokazo. Bular – faqat bezak.

Shifti bo‘yrali milliy taomlar oshxonasiga kirib ko‘ring. Obdasta shiftga, qo‘l chayadigan jom uyning to‘riga osib qo‘yilgan. Bu nima – milliy qadriyatlarga ehtirommi yoki farosatsizlikmi? Vaholanki, milliylik, qadriyat asosan bizning tarbiyamizda, voqelikka munosabatimizda, turmush va fikrlash tarzimizda zuhur bo‘ladi.

Jahongir QOSIMOV,

kinorejissyor

 

Odam borki, iste’mol ehtiyoji bo‘lgan va bo‘ladi, demakki, iste’molchilik psixologiyasi mudom urchiyveradi. Biroq bu hol jayronni kimdir go‘zallik, erk, bokiralik timsoli, boshqa birov esa eti shirin, terisi mayin jonzot deb bilganidek gap... Bugun ikkinchi tushuncha hamma joyda zo‘raygandan zo‘rayib boryapti. Bozor ekan-da, raqobat, kimo‘zar deb nimalar qilmayapti san’at atrofidagi shovvozlar?! Tom ma’nodagi san’at olomon xohishlariga moslanib, silliqlanib, shu kaslardan bino bo‘lgan ulkan yuhoning goh ulgurji, goho donabay – chakana luqmasiga aylanib ketyapti. Ana shunisi xavfli, ana shunisidan qo‘rqqulik!

Shuhrat RIZO,

adabiyotshunos olim

 

Hozirgi kunda ilmiy-texnik adabiyotlarning 96 foizi ingliz tilida yoziladi. Shuning uchun ingliz tilini bilmasdan tabiiy fanlar sohasida ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanib bo‘lmaydi. Molekular biologiya va gen muhandisligi, nanotexnologiyalar, astrofizika va yana ko‘pgina zamonaviy fan yo‘nalishlarida o‘zbekcha lug‘at tuzish bilan shug‘ullangandan ko‘ra ingliz tilini o‘rganish ancha arzon va foydaliroq bo‘ladi.

Shuhrat EGAMBERDIYEV,

O‘zFA Astronomiya instituti direktori, akademik

 

Men keyingi vaqtda ilm-ma’rifatga intilish biroz susaydi, deb o‘ylayman. Hozirgi o‘g‘il-qizlarda adabiyotga, umuman, kitobga muhabbat ko‘ngildagidek emas. She’riy va nasriy kitoblar adadi pasayib ketganiga ham ana shular sabab. To‘g‘ri, ilgarigi tuzumda bu bilan birovning ishi bo‘lmagan. Ha endi, bir o‘zbek-da, sart-da, deb bizga past nazar bilan qaralgan. Hozir ham ayrim yurtlarda bizga bepisand qaraydiganlar bor. Hamonki bugun erkin, ozod millat bo‘lgan ekanmiz, o‘zimizni bir silkitib olishimiz darkor.

Erkin VOHIDOV,

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri

 

San’atning barcha sohasida, jumladan, adabiyotda ham o‘rtamiyonalik – “yo‘q” deganday gap. Masalan, o‘rtamiyona mahsi kiyib yursangiz bo‘laveradi, birov sezmasligi mumkin. Lekin har qanday o‘rtamiyona asar odamning hafsalasini pir qiladi, hech kimga sariq chaqalik nafi tegmaydi.

Nizom KOMIL,

tarjimon

 

Son ko‘rsatkichlari doim ham sifat ko‘rsatkichlariga o‘tavermaydigan so‘z san’ati oldida men o‘zimni mangu qarzdordek his etaman. Shu jihatdan, shoir do‘stlarimga havasim keladi, ular bulbulning ovozi, poyezdning taraqa-turuqi, qizlarning ko‘zlari, sodaning hididan ham ilhomlanib go‘zal she’rlar bitishi mumkin. Lekin adabiyotning “og‘ir artilleriya”si bo‘lmish nasrda bunday imkoniyat yo‘q. Shoir she’rini yozib bo‘lib, keyin “nima qilib qo‘ydim” deb o‘ylansa, yozuvchi qo‘liga qalam tutmasdan avval shunday o‘ylanishi kerak. Aks holda, adabiyot ham, o‘quvchi ham jabr ko‘radi.

O‘rozboy ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

Ijtimoiy fan sohalarida, jumladan, adabiyotshunoslikda ham tasodifiy kimsalar soni kundan-kun tobora ortib borayotirki, bu xususda jiddiy bosh qotirmoq joiz. Shunday dissertantlar bor: hatto o‘zi “o‘rgangan” mavzuning ibtidosini durust so‘zlab berolmaydi. Chunki ishni o‘zi yozmagan. Shundoq tadqiqotchilar uchraydi: tanish-bilishga suyanish, ya’ni soxtakorlikdan bo‘lak “salohiyat”i yo‘q. Bilim diddan, did saviyadan past. Qarangki, xuddi bir majburiyat olgandek, shunaqalarni qo‘llab-quvvatlashdan charchamaydigan baobro‘ olimlar ham oz emas.

Ibrohim HAQQUL,

adabiyotshunos olim

 

Ilmiy muassasalar va ularning xodimlari grant beruvchilar qo‘liga qarab qolgani uchun temurshunoslik biroz oqsab, uloq “temirchi”lar qo‘liga, ya’ni bilgan-bilmagan adib-u jurnalistlar qo‘liga o‘tib ketdi. Qolaversa, har xil yo‘llar bilan cho‘ntak qappaytirgan ba’zi ustamonlar bemalol kitob chop ettirish imkoniga ega. Ilgari biror ilmiy kitob nashr etiladigan bo‘lsa, u albatta tegishli kengashda muhokama qilinardi. Hozir, afsuski, bunday tajriba qariyb barham topgan. Anavi puldor esa nosqovoq narxiga mas’ul muharrir va ikkita taqrizchi yollab, zarur asarni ham uch pul qilib nashr etyapti.

Ashraf AHMEDOV,

tarixchi olim

 

Jo‘rovozlar toifasi bor. Bizda shunaqasi serob. Bundaylar o‘zi biron fikr bilan maydonga chiqmaydi. Ammo kimdir bir fikrni aytsa-yu o‘sha qarash yetakchi mavqega chiqsa – tamom, xudo berdi, qachondan beri shuni o‘ylab yurganini aytib, jo‘rovozlikka o‘tadi. Kun kelib, buning aksi isbot bo‘lsa, ungayam hamroz. Tavba, axir yelkangda bosh ko‘tarib yurar ekansan, o‘z fikring, o‘z qarashlaring, o‘z didingga ega bo‘lmaysanmi, odamzod?!

“Jo‘rovoz” so‘zi “jo‘raboz”ga o‘xshaydi. Jo‘raboz munaqqidlar paydo bo‘ldi, eskilariga qo‘shilib, tag‘in ko‘paydi – bu toifa o‘z jo‘rasi, ulfatining asarini maqtashga ixtisoslashgan. Shu bilan bas qilsa mayli edi, jo‘ra bo‘lmagan kishining yozganini yerga urishga ham mohir ular.

Zuhriddin ISOMIDDINOV,

adabiyotshunos va publitsist

 

Ilmiy tadqiqot sifati va ilmiy xodim saviyasini maqolalar soni bilan o‘lchashga urinish fanning tagiga suv quyish bilan barobar. Bitta 20 sahifali maqola 100 ta 5 betli maqolaga nisbatan salmoqliroq, birgina 5 betli tadqiqot esa 100 sahifali monografiyadan ahamiyatliroq bo‘lishi mumkin.

Abdulla A’ZAM,

akademik

 

Odamzod g‘aroyib yaratiq ekan, u bir vaqtlar g‘uluvga ketib “prinsipiallik” balosi jabrini chekkan bo‘lsa, mana endi goho haddidan oshgan andisha, murosa-yu madora keltirgan, keltirayotgan xilma-xil nag‘malar qarshisida nima qilarini bilmay boshini changallab turibdi. Murosa yo‘lini tutmasangiz, yon bermasangiz yanchilib ketasiz... Taassuflar bo‘lsinki, o‘sha qurg‘ur “ustupka” goho bizga qimmatga tushyapti.

Umarali NORMATOV,

adabiyotshunos olim

 

XVII-XVIII asrlar haqida o‘ylasam ko‘nglim zimiston bo‘lib ketadi. Muhammadalixon, Amir Nasrullo, Xudoyorxon kabi hukmdorlardan o‘z amakim yo tog‘amdan xafa bo‘lgandek xafa bo‘laman. Ular yo‘l qo‘ygan xatolar, sodir etgan jinoyatlarning menga aloqasi yo‘q deb qarayolmayman. Bir-birining ko‘ziga mil tortgan shahzodalar, bir-birini zaharlagan malikalar, bir-birini go‘rga tiqqan a’yonlar, bir-birining ayolini tortib olgan nafs sharmandalari bu davr tarixini zulmatga cho‘ktirdi. Ulardan so‘ng O‘rusiya bosqini... Zulmat zamoni salkam to‘rt yuz yil davom etdi. To‘rt yuz yil-a!.. Amir Temur, Ulug‘bek, Navoiylarning shavkatli tarixini meniki deb, hozirgina aytib o‘tganimiz parokanda tarixni boshqa birovniki deb bo‘lmaydi. Bu ham har birimizning tariximizdir. Muhimi, xulosa chiqarish, saboq olishda.

Eshqobil ShUKUR,

shoir

 

Sohamizda biz kutgan, havas qiladigan, teran fikr, yangi g‘oyalar bilan yonib, atrofdagilarni ham ilhomlantiruvchi yoshlarning kamligidan xavotirdaman. Ehtimol, ayb faqat yoshlarda emasdir. O‘zbek tili, adabiyoti, folklorini shu yurt farzandidan boshqasi o‘zbek xalqi manfaati nuqtayi nazaridan tadqiq etmasligi hammaga ayon. Shunday ekan, bu muammoning asl sabablarini oydinlashtirish, vaqtida chora ko‘rish lozim, ertaga kech bo‘ladi.

Shomirza TURDIMOV,

folklorshunos olim

 

Mustaqil fikr, birinchi navbatda, shaxs tafakkurining tanqidiy bo‘lishini talab qiladi. Tanqidiy fikrlashga odatlanmagan shaxsda mustaqil fikr shakllanmaydi. O‘y odamiga xos chin belgi har qanday fikrga o‘z munosabatini bildirishda namoyon bo‘ladi. Tanqidiy tafakkur hammaga ham yoqavermaydi. U tanqidiy ekanining o‘zi bilanoq hamisha nimagadir tegib ketishga, kimgadir ma’qul kelmaslikka mahkum. Ammo madaniyatli jamiyat a’zolari o‘ziga xush kelmagan fikrlarni qabul qilibgina qolmay, ulardan foydalana bilishi ham lozim… Fikriy yakranglik har qanday jamiyat taraqqiyoti uchun xatarli holatdir.

Qozoqboy YO‘LDOShEV,

adabiyotshunos olim

 

Nadomatlar bo‘lsinki, ma’rifat asriga kelib ham ayri millatlardan qutula olmayapmiz… Men shuncha urinsam ham, mayitni tuproqqa topshirib qaytgan azadorlarning to‘kin dasturxon atrofida o‘tirib taom tanovul qilishi milliy urf-odatimiz ekaniga ishongim kelmaydi. Shuncha urinsam ham, aza mahali pul ulashilishi qadimiy an’ana ekanini tasavvur etolmayman. Mukammal mavjudot hisoblangan inson tanasidaki ko‘richakdek ortiqcha uzv paydo bo‘lib, uni olib tashlash zarurati tug‘ilar ekan, bugun mutlaqo ortiqcha bo‘lib qolgan ko‘plab rasm-rusumlardan ham qat’iyan voz kechish lozim emasmi?!

Abduqayum YO‘LDOShEV,

yozuvchi

 

Hozirgi talay faylasuflarimiz marksistik falsafaning so‘nik soyalaridir. Ulardagi dunyoqarashni o‘zgartirishga nafaqat shu zotlarning o‘zi, balki ilm-fan tizimida, jamiyatda ham xohish yo‘qdek…

“Och qornim – tinch qulog‘im” shiori ilm-fanga ham ko‘chib o‘tdi. Ilm-fan, ayniqsa, falsafada yangi g‘oyalar, yangicha yondashuvlar fikrlar plyuralizmi, to‘qnashuvi va bahs-munozaralarda tug‘ilishini faromush qilmoqdamiz. Ilm-fanning yakfikrlik, maddohlikdan ham ashaddiyroq dushmani yo‘q, uni bu tajovuzlardan o‘z-o‘zini tergaydigan sergak va ziyrak aql qutqaradi.

Viktor ALIMASOV,

faylasuf olim

 

Haqimizga surbetlarcha tajovuz qilinishi-yu huquqimizning poymol etilishiga miq etmay yo‘l qo‘yib berishimiz, qadrimizni yerga urib, sha’nimizni tahqirlovchi haqoratlarni yutib yuborishimiz – nomini har qancha chiroyli qilib “andisha” desak-da, asli, qullik psixologiyasining  qoldig‘i, unga qayta jon ato etgan esa – me’yorning buzilishidir. Eng yomoni, shu qoldiq bilan kibrning chatishuvidan, nima desam ekan, “mutant” bir xususiyat paydo bo‘ldi. Bu o‘rinda o‘zi bosh bo‘lgan muhitda hokimi mutloq, yuqori doiralarda esa butkul mute o‘laroq harakat qilishni nazarda tutmoqdaman. Oqibat, “men boshliqman, sen – ahmoq, sen boshliqsan, men – ahmoq” tamoyili urfga kirib borayotgandek...

Dilmurod QURONOV,

adabiyotshunos olim

 

Bugun jamiyatning old qatlamida shunday kaslar ham borki, ular hurriyat bergan imkoniyatlarni “Davring keldi, sur, begim” qabilida tushunadi, erta-yu kech durustroq lavozimga o‘tirish, uchqurroq otga minish, farzandlar, qarindosh-urug‘, oshna-og‘aynilarni yog‘li-moyli, bir nima tinimsiz tomib turadigan joylarga o‘tqazish niyatida yugurib-yeladi. Bunga erishsa, “Hurriyatga ofarin, otangga rahmat, istiqlol!”, erishmasa, “Avvallari ham yomon yashamaganmiz, qozonimiz qaynab turgan, go‘shtning bahosi falon so‘m bo‘lgan...” qabilida ming‘irlash boshlanadi.

Ahmadjon MELIBOYEV,

publitsist

 

Sir emaski, korrupsiya uyushgan va ko‘p pog‘onali bo‘ladi. Quyi pog‘onadagi mansabdor yeng ichida olgan porasidan o‘ziga “qalqon” bo‘lmish o‘rta pog‘onadagi amaldorga, u ham o‘z navbatida valine’mati bo‘lmish yuqori pog‘onadagi mansabdorga “taksa” uzatib turadi. Holbuki, shu vaqtgacha korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tuzilmalar faqat quyi pog‘onadagi poraxo‘rlarni qarmoqqa ilintirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Bunda baliqning maydasini tutaver, ammo yirigini tek qo‘y, degan g‘irrom qoida amal qilmoqda go‘yo. Menimcha, endi nafaqat quyi, balki o‘rta va yuqori pog‘onadagi korrupsionerlar ham beomon kurash nishoniga aylanmog‘i shart. 

Muqimjon QIRG‘IZBOYEV,

siyosatshunos olim

 

Yolg‘on, qo‘rquv va mustabidlik bir-biriga bamisoli qondosh-u jondosh og‘a-ini. Kechirasiz-u, bunday bedavo dardga yo‘liqqan odamning betiga qarab turib yolg‘onchisan, lo‘ttibozsan, benomussan deya ro‘y-rost aytishni har kim ham o‘ziga ravo ko‘rmaydi. Undan ko‘ra, “shunga zormisan, olaqol” degan ma’noda o‘sha yolg‘onlarini olqishlab qo‘yaqoladi.

Xurshid DO‘STMUHAMMAD,

yozuvchi va adabiyotshunos olim

 

Hozirgi yoshlar hayotga real qaraydi: ularni quruq nasihat bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Siz “Hoy bola, kitob o‘qi, yaxshi odam bo‘l!” deb tursangiz-u, bu yoqda kitob o‘qimagan, boz ustiga, muttaham bir kasning oshig‘i olchi bo‘lib tursa, albattaki, oltinga teng so‘zlaringiz yerda qoladi – bola o‘sha muttahamning hayot tarziga havas qila boshlaydi. Bas, oriflarni to‘rga olib chiqaylik, toki yaxshilarga munosabatimizning o‘zi yoshlarga ibrat bo‘lsin!

Ulug‘bek HAMDAM,

yozuvchi va adabiyotshunos olim

 

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son. 

“Oriflar majlisi”

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 13
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 92
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 197
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 510
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 931
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218659
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104448
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33557
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27241
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26221
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24721
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24709
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21605
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//