
Ayiq o‘zi aytganmi?
Kunlardan bir kun yozuvchilar Do‘rmondagi ijod uyi oshxonasida ovqatlanayotgan edik. Yozuvchiligidan ko‘ra ovchiligi bilan ko‘proq tilga tushgan Mavlon Ikrom ovdan gap ochib qoladi:
– Ayiq juda sezgir hayvon. U daraxt shoxi tepadan sinib tushganda eshitilgan sharpa bilan ovchi oyog‘i ostida qisirlab singan sharpaning farqiga boradi.
Shunda hazil tuyg‘usi o‘ziga xos yozuvchi Murod Muhammad Do‘st jiddiy alpozda luqma tashlaydi:
– Buni sizga ayiqning o‘zi aytganmi?..
Gurr kulgi ko‘tariladi.
Yomon yozolmaydi
Atoqli yozuvchi Shukur Xolmirzayev bir kuni Murod Muhammad Do‘st bilan Do‘rmon bog‘larini aylanib yurib, gurung orasida shunday deydi:
– Murodjon, menga asarlaringizdan, ayniqsa, “Dasht-u dalalarda” degan hikoyangiz ko‘proq yoqadi.
– Yomon yozolmasam nima qilay, Shukur aka! – deydi Murod “kamtarlik” bilan.
Defektiv asar
Kunlardan bir kun oldi-qochdi, yuzaki narsalar yozib, o‘zini yozuvchiman deb yuradigan kimsa Murod Muhammad Do‘stni uchratib qolib, shunday deydi:
– Murodjon, men yaqinda yangi bir detektiv asar yozdim.
– Detektiv emas, defektiv ( “qusurli” ma’nosida – Sh.O.) deng!
– A?!
Yozolmay qolsa
Mustaqillikning dastlabki yillari boshqa sohalar qatori adabiyot ham jiddiy sinovdan o‘tadi. O‘tish davri qiyinchiliklari bois ko‘pgina adiblar yozishdan chalg‘ishadi, tirikchilik ko‘yida o‘zlarini o‘tga-cho‘qqa urishadi. Faqat birgina yozuvchi – Shukur Xolmirzayev bundan mustasno edi. Uzoq yillar kitobi chiqmasa ham Do‘rmon bog‘ida yotvolib, erta-yu kech ijod qilaveradi.
Bir kuni hamkasb do‘stlari, diltortar shogirdlari davrasida gapdan gap chiqib, Shukur aka shunday deydi:
– Hemingueyning qismatini bilasizlar, yozolmay qolganda o‘zini otgan. Mabodo yozolmay qolsam, men ham o‘zimni otaman!
Yozuvchi devorda osig‘liq turgan miltiqqa g‘alati qarab qo‘yadi. Davradagilar bu hazildan kulib qo‘yishadi. Murod mutoyibani shunday davom ettiradi:
– Agar yozmay qo‘ysangiz, o‘zim kelib sizni otib ketaman!
Oradan yillar o‘tib, Shukur aka bu foniy dunyoni tark etgach, yozuvchi Erkin A’zam adib haqidagi xotirasida shunday yozgan edi:
“Devordagi miltiq-ku osig‘lig‘icha turaverdi, lekin Shukur aka baribir o‘zini o‘zi otdi desa bo‘ladi”.
Adabiyotga kirish
Bir kuni Murod “Adabiyot” gazetasida yosh qalamkashning asariga ko‘zi tushib, gazeta xodimidan so‘raydi:
– Men bu qalamkashni bilmas ekanman, kim o‘zi u?
– Adabiyotga yangi kirib kelgan yoshlardan.
– Ha-a, biz chiqib ketgandan keyin kirganlardan bo‘lsa kerak.
Qayta tirilsa...
Mustaqillikdan ilgari Murod “Sharq yulduzi” jurnalida ishlab yurganida bir masalnavis nasrga ham “tajovuz” qilib, bir-ikkita asarini jurnalga olib keladi. Asari yaroqsiz bo‘lgani uchun qaytariladi. Masalchi og‘rinib, shunday iddao qiladi:
– Uka, afsuski, odam ikki marta yashamaydi. Agar yana ko‘p yildan keyin qayta tirilib kelsak edi, xalq kimning asarini o‘qiyotganini ko‘rardik.
Shunda Murod achitibgina javob qiladi:
– Qayta tirilib kelolmasligingiz uchun shukur qilishingiz kerak!
Mast ko‘p joy
Murod Muhammad Do‘stning hazil tuyg‘usi nihoyatda o‘ziga xos, betakrordir. U yo‘q joydan kulgili holatlarni topa olardi. Moskvada o‘qib yurgan kezlari ta’tilda Toshkentga kelsa, yor-u birodarlarining “Maskopdan qachon keldingiz?” degan savoliga “Maskopdan emas, mast ko‘p joydan keldim”, deya so‘z o‘yini qilib, og‘aynilarini kuldirardi.
Hikoya yozolmaydi
Kunlardan bir kun Murod qalamkash do‘sti Erkin bilan (hozirgi mashhur adib Erkin A’zam – Sh.O.) Inqilob xiyobonidagi qahvaxonaga kirishadi. Ikkisi ham yosh, bo‘ydoq. Atrofda o‘yin-kulgi qizigan. Ularning ust-boshlari xarobroq ekanmi yoki boshqa sababdanmi, harqalay, hech kim e’tibor qilmaydi, birorta qiz qiyo boqmaydi. Hammasi olifta, boyvachcha yigitlarga mahliyo. Shunda Murod alam bilan stolga bir musht urib, xitob qiladi: “Bular hikoya yozolmaydi baribir!”
Shodmon OTABEK
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q