Bilasizmi?
Tarixchi, faylasuf, tarjimon va voiz Faxriddin Ali Safiy 1463-yilda Sabzavorda tavallud topgan. Uning otasi Husayn Voiz Koshifiy Abdurahmon Jomiyning jiyani, o‘z davrining zabardast shoiri va adabiyotchilaridan bo‘lgan.
Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida Ali Safiyni o‘zining kichik zamondoshlari qatoriga qo‘yib deydi: “Mavlono Safiy – Mavlono Husayn Voizning o‘g‘lidir. Bag‘oyat darveshvash va foniysifat va dardmand sheva yigitdir... ta’bi, xub...”.
U “Latoif ut-tavoid”, “Rashahot ayn al-hayot” (“Hayot tomchilari”), “Ashsul orifin fil mavoiz” (“Pand-u nasihatda oriflar do‘sti”), “Mahmud va Ayoz”, “Kashf ul-asror” (“Sirlar kashfi”) nomli asarlar yozib qoldirgan.
* * *
Bir ko‘zi og‘rib azob chekib yurgan Sahhib Rumiy ismli xushfe’l kishi mo‘tabar bir zotning qoshiga kelibdi. U kishining oldida bir talay xurmo bor ekan. Hech narsadan parhez qilmaydigan Sahhib ularni yeya boshlabdi. Shunda mo‘tabar zot:
– Ey Sahhib, ko‘zing og‘rib turibdi. Parhez qilsang bo‘lardi, – debdi.
– Hazratim, tashvishlanmang, sog‘ ko‘zim bilan ko‘rib yeyapman, – deb javob beribdi Sahhib.
* * *
Bir shoir tabibning qoshiga kelib arz qilibdi:
– Ayo tabibi hoziq, bir narsa yuragimda tugun bo‘lib turibdi. Shuning zarbidan butun vujudim qaqshab og‘riyotganga o‘xshaydi. Biror iloji bormikan.
Tabib ham odamlarni yaxshi tushunadigan bir kishi ekan:
– Bo‘lmasam-chi, – debdi u, – olamda dard yo‘qki, uning davosi bo‘lmasa. Xo‘sh, hali hech kimga o‘qib bermagan she’ring bormi?
– Bor, – debdi shoir.
– O‘shani o‘qi.
Shoir she’rini o‘qiy boshlabdi. Tabib uni maqtab, tahsinlar aytibdi. Keyin o‘sha she’rni yana bir marta va yana bir marta o‘qishni iltimos qilibdi. Shoir she’rini uch karra o‘qib bergach, tabib:
– Endi bor. Senga shifo shu. Yuragingda tugun bo‘lib turgan narsa shu she’ring edi. Ana endi yozildi, – debdi.
* * *
Bir kuni xalifaning vaziri Bahlulga:
– Qutlug‘ bo‘lsin, xalifa lutf-u marhamat ko‘rsatib, seni ayiqlar bilan to‘ng‘izlarga hokim qilib tayinlaydi, – debdi.
– Bo‘lmasa hushyor bo‘lib, qadamingni bilib bos, chunki sen ham mening fuqarom bo‘lib qolibsan, – deb javob beribdi Bahlul.
* * *
Bir munajjimni dorga osadigan bo‘lishibdi. Bo‘yniga arqon solishgan paytda undan so‘rabdilar:
– Sen munajjim odamsan. O‘z tole’ingdagi ana shu mavridni bilarmiding?
– Ha, – debdi munajjim, – ammo mening bilishimcha, o‘limimning mavridi boshqa edi, dor ham pastroq edi.
* * *
Luqmoni Hakimni bir kishi sotib olib dargohida xizmat qildirar va undagi ilmi hikmatni gohi-gohida sinab ko‘rarkan. Bir kuni imtihon tarzida buyuribdi:
– Ayo Luqmon, menga bir qo‘yni so‘yib, eng yaxshi a’zosini olib kelgin.
– Bosh ustiga, – debdi Luqmon va qo‘yni so‘yib tili bilan yuragini xojasiga keltirib beribdi.
Ancha muddat o‘tgandan keyin, xoja uni yana chaqirib, debdi:
– Ayo Luqmon, bir qo‘yni so‘ygin-da, menga uning eng yomon a’zosini olib kelgin.
Luqmon qo‘yni so‘yib, yana tili bilan yuragini ko‘tarib kelibdi. Xoja debdi:
– Bu nechuk asrorki, qo‘yning eng yaxshi a’zosini so‘rasam ham, eng yomonini so‘rasam ham til va yurakni ko‘tarib kelding?
Luqmon debdi:
– Ayo xoja, agar pok bo‘lsa, hech narsa til va yurakdan yaxshi emas. Agar nopok bo‘lsa, hech narsa ulardan yomonroq ham emas.
* * *
Bir kishi tabibning qoshiga kelib arz qilibdi:
– Qorin og‘rig‘i kasaliga giriftor bo‘libman, bir ilojini qiling.
– Bugun nima yegan eding? – so‘rabdi tabib.
– Ertalab tuzlangan mol go‘shti yegan edim. Ustidan besh-oltita tuxum va biroz sariyog‘ yedim. So‘ng mevalarga ko‘zim tushib, bir talay anor bilan olmurut yegandim.
– Yaxshi, – debdi tabib, – bu dardning bitta-yu bitta davosi bor. Agar bu kecha o‘lsang o‘lding, agar o‘lmasang, ertaga shahar minorasiga chiqib o‘zingni tashla. Ana shundagina sen qorin og‘rig‘i dardidan, qorin og‘rig‘i dardi esa sendan qutuladi.
* * *
Bir hakim sira may ichmas ekan. Bir kuni yor-u do‘stlari undan:
– Ayo donishmand, nechun may ichmaysan, – deb so‘rabdilar.
Hakim debdi:
– Men aqlimni ichadigan narsani sira ham ichmayman.
“Go‘zal latifalar” kitobidan olindi.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q