Bilasizmi?
Ehtiyotkorlik
1992-yilning 19-avgust kuni ertalab soat yettidan besh daqiqa o‘tganda Toshkentda qattiq yer silkindi. Buni qarang-ki, o‘sha kuni taniqli kino va teatr aktyori, Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotining sohibi Farhod Aminovning to‘rtinchi qavatdagi uyi ham qimirlabdi. Farhod aka bolalarini shosha-pisha pastga chiqarib yuborib, dahlizdagi bor oyoq kiyimlarini yig‘ishtiribdi-da, quchoqlaganicha o‘zlari ham pastga yuguribdilar. Tushsalar, pastdagi maydonchada odam gavjum, butun “dom” allaqachon chiqib bo‘lgan ekan. Odamlar bir-birini yupatgan, sog‘-omon qolgani bilan tabriklagan, kimdir ko‘ziga yosh ham olgan. Axir, jon foydaga qolib turgandan keyin…
Hamma nima tashvishda-yu, kennoyimiz Farhod aka nima dermishlar:
– Hay, adasi, uyni qulflaganmidingiz?..
Mehribonlik
Bir kuni O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabov qaysidir qarindoshining to‘yidan juda kech qaytibdi. Ertalab boshini ko‘tarsa, ayoli hovli supurayotgan emish. Indamabdi, chunki ahvoli indaydigan darajada emas ekan-da. Boshini yana yostiqqa qo‘yibdi. Bir necha soatdan keyin tag‘in boshini ko‘taribdi. Qarasa, xotini kir yuvayotgan ekan. Bir banka qatiq ichib, yana yotibdi. Kechga yaqin bosh ko‘tarsa, xotini oshxonada ovqat qilayotgan ekan. Bu hech tinib-tinchimaydigan xotinga o‘zlaricha tanbeh bermoqchi bo‘libdilar:
– Vey, senga nima azob-a? Men sening o‘rningda bo‘lganimda maza qilib, oyog‘imni uzatib yotardim.
Kennoyimiz kamtarlik qilib, sekingina debdilar:
– Shundoq ham nima qilyapsiz?..
Sabab
Mashhur hofiz O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning konsert dasturi Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotiga nomzod qilib qo‘yilgan edi. Odam ko‘p. Hakamlar hay’ati uchun birinchi qatordan joy ajratilgan ekan. Biz O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik yonma-yon o‘tirib qoldik. Qavatimizga, nima ham bo‘lib, bir muxlis joylashib oldi. Yaxshigina ichib olgan bo‘lsa kerak, hofizning har bir chiqishi, har bir ashulasiga “voy-dod” deb qo‘llari (ba’zan, oyoqlari) bilan turli harakatlar qila boshladi. Hammaning, shu jumladan, bizning ham ko‘zimiz o‘sha muxlisda. Qisqasi, konsertning asosiy qismi bu yoqda bo‘ldi. Tanaffusda tashqariga chiqdik. Odatda og‘ir-vazmin Tohir aka konsert haqidagi taassurotlarini kamina bilan baham ko‘rdilar:
– Sherali nega bunchalik jozibali kuylaydi desam, bu yoqda dirijyori bor ekan-da…
G‘amxo‘rlik
Keyingi paytlarda tez-tez shamollaydigan bo‘lib qoldim. Bir kuni xotinim ishxonasidan hind yoglarining mashq dasturini olib kelib qoldi.
– Mana, shu mashqlar bilan muntazam shug‘ullanib tursangiz, sizni hech qanaqa kasallik bezovta qilmaydi, – dedi xotinim ishonch bilan.
Astoydil kirishib shug‘ullana boshladim. Mundoq qarasam, kitobda nuqul mashq qilayotgan ayollarning rasmi chizilgan, bironta ham erkagi yo‘q.
– Menimcha, bu kitobing faqat xotin-qizlarga mo‘ljallangan-ov? – dedim shubhalanib.
– Yoglarda erkak-ayol degan gap yo‘q, – dedi u meni yupatib. – Odam organizmi bir xil.
Organizm bir xil ekan deb, yana besh-olti kun shug‘ullanib yurdim. Yo‘q, bo‘lmadi. Shubha-gumonlar oyoq-qo‘limni bog‘lab tashladi. Bir kuni yorildim:
– Yo‘q, bu xotinlarniki! – dedim shubha-gumonlardan charchab. – Mana, qaragin, bironta kuch ishlatadigan mashqlar yo‘q, hammasi nozik, yengil-yelpi harakatlar. Tochno, xotinlarniki!
Xotinim menga rahmi kelib termuldi:
– Nima, sezilyaptimi?..
Dars
Hali “qayta qurish” degan yo‘q paytlarda biz, bir guruh yosh yozuvchilar, Maskovga, Y.V. Andropovga jumhuriyatimizda mafkuraviy siyosat noto‘g‘ri yo‘ldan ketayotgani jo‘nidan xat yo‘llagan edik. Xat yana O‘zbekistonga qaytarilibdi. Bu yerdagi rahbarlar “tanobimizni tortib qo‘yish” uchun bizni Markazkomga chaqirishdi. O‘sha paytdagi eng katta rahbarlardan biri qabul qildi. Ancha gap-so‘z, tortishuvlardan keyin o‘sha paytdagi amaldor opaxonimiz sira kutilmaganda… M.Gorkiyning “Lochin haqida qo‘shiq” degan asarini o‘qiy ketdi! (Albatta, o‘ris tilida.) Opaxonning maqsadini avvaliga tushunmadik. Keyin bilsak, u bizni o‘limtiklar bilan kun ko‘ruvchi quzg‘unga, qorong‘i kavaklarda yashaydigan ilonu chayonlarga qiyoslayotgan ekan. Buni hammamiz tushunib o‘tirardik. Faqat ko‘kda, musaffo osmonda mag‘rur parvoz qilayotgan lochinga kimni teng ko‘rayotganini bilolmadik. Har qalay, u – biz emas edik…
Xullas, bu “adabiyot darsi” juda cho‘zilib ketdi, o‘lgudek zerikdik. Tashqariga chiqqanimizdan keyin ajoyib yozuvchimiz Zohir A’lam chuqur tin olib qo‘yib, bizni yupatgan bo‘ldilar:
– Xafa bo‘lmanglar, keyingi safar kelganimizda “Mumu”ni o‘qib beradilar…
Kamtarlik
Bu hangomani menga taniqli teatrshunos Frunze Jo‘rayev gapirib bergan edilar.
Tramvay chiptasi uch tiyin bo‘lgan “kommunizm” davrida bir yozuvchi mashina olgan ekan. Birinchi kun ishxonaga minib kelibdi. Hovlida uch-to‘rtta hamkasblari gaplashib turishgan ekan. Ular yangi mashinani atay ko‘rmaganga olib, u yoq-bu yoqdan gap sotaverishibdi. Mashinaning egasi avval g‘ildiraklarini namoyishkorona tepib ko‘ribdi, so‘ng eshiklarini zarurat bo‘lmasa ham qarsillatib ochib-yopibdi, engashib taglarini qarabdi. Lekin hamkasblari mashinani sira “payqamasmish”. O‘zi gap ochsa – noqulay. Mashina kalitini ularning burniga tekkizguday qilib barmog‘ida aylantirib ko‘ribdi. Baribir hech kim parvo qilmabdi. Toqati toq bo‘lgan mashina egasi sheriklaridan mensimayroq so‘rabdi:
– Bu, tramvayning bileti haliyam uch tiyinmi?..
Qiziquvchanlik
Shoir va tarjimon Hamid Ismoilovning qishlog‘ida bir bekorxo‘ja bo‘lar ekan. Darvoza oldiga kursi qo‘yib olib, ertadan kechgacha o‘tgan-ketganga gap tashlab o‘tirarkan. Bir odam qo‘y yetaklab o‘tib qopti. Qo‘yning qo‘zichog‘i ham bir ekan.
– Musulmonqul, – debdi u qo‘yning egasiga. – Qo‘zichog‘ing erkakmi, urg‘ochimi?
– Erkak, – deb gapni qisqa qilibdi qo‘yning egasi.
Bekorxo‘ja bu qisqa gap-so‘zdan qoniqmabdi shekilli, yana savol beribdi:
– Onasi-chi?..
Hali erta…
Shahar kengashida xizmat qiladigan, aslida o‘zi ham u-bu narsa yozib yuradigan bir ijodkor ustoz Said Ahmadga maqtanib qolibdi:
– Hozir ko‘cha, xiyobon, maktablarning o‘rischa nomlarini o‘zgartirib, o‘zimizning shoir, yozuvchi, olimlarning nomini qo‘yyapmiz. Bir chekkadan hammasini shunaqa qilib tashlayapmiz!
Said Ahmad aka uning gapini bo‘ldilar:
– Ja unaqa qivormanglar, hali o‘ladiganlar bor…
Og‘ir zamon
Ichkilikvozlikka qarshi kurash ayni qizib, bir krujka pivo ichganni ham mirshablar moshinga solib olib ketadigan zamonlar. Domla Aziz Abdurazzoqning bir eski portfeli bo‘lardi. Juda mashhur portfel edi, chunki ichida yo to‘la, yo yarmi ichilib tiqinlangan vinomi, aroqmi, konyakmi – albatta topilardi. Bir kuni Aziz aka “Tabassum” radiojurnali tahririyatiga kirib keldilar. Qo‘llarida o‘sha mashhur portfel. U kishi bilan so‘rashyapmiz-u, lekin hammaning ko‘zi “xazina”da. Radiojurnalning rejissyori Rahmat Jumayev umid bilan portfelni ko‘tarib-ko‘tarib qo‘ydi-da, Aziz akadan so‘radi:
– Ustoz, portfel og‘irmi?
Aziz aka hazin ovozda javob qildilar:
– Yo‘q, bo‘tam, zamon og‘ir…
“Sh” harfi
Yozuvchilarning “Do‘rmon” ijod uyida Shukrullo domla bilan ustoz Said Ahmad suhbatlashib o‘tirishibdi. Shukrullo domlaning qanadaydir sahna asari haqida gazetada tanqidiy maqola e’lon qilingan ekan, domla jig‘ibiyron bo‘lib turibdi. Vaziyat chamaladim-da, domlani yupatib, ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldim.
– Parvo qilmang, domla, o‘zi hamma buyuk ijodkorlarning ismi “Sh”dan boshlanadi, – dedim “ikkovimizdan zo‘ri yo‘q” degan ma’noda. – Masalan, Shekspir, Shiller, Shuman, Shubert, Shtraus… – Keyin Rossiya tomonlarni oraladim: – Shostakovich, Sholoxov, Shukshin… – O‘zimizniki-lar ham benasib qolmadi: – Shayxzoda, Shukur Burxonov, Shukrullo, Shukur Xolmirzayev…
– Sharof Boshbekov… – dedilar domla hazillashayoiganimni tushunib.
– Kaneshno! – dedim yasama viqor bilan.
Ustoz Said Ahmad sanoqni davom ettirdilar:
– Shaid Ahmad…
Sharof BOSHBEKOV
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q