Sevish uchun ham iste’dod kerak


Saqlash
16:01 / 10.01.2022 0 1342

 

Nosir RAHMAT

 

Umid

O‘zing o‘lsang ham, umiding o‘lmasin!

 

Hayot

Yashash – yiqilganingda boshqalar yordamisiz tura olish qobiliyatidir.

 

Freyd va nitshe

Freyd – Nitshening inqirozi.

 

So‘z

Dunyoni so‘z boshqaradi.

 

Adabiyot

Adabiyot – haqiqatdan bunyod bo‘lgan yolg‘on yoki yolg‘ondan kashf qilingan haqiqat.

 

Ijtimoiylik – insoniylik degani

Adabiyotshunoslik va san’atshunoslik ilmida “ijtimoiylik” istilohi o‘rniga “insoniylik” atamasidan foydalanmoq lozim. Zero, insoniylikdan yuksak ijtimoiylik yo‘q.

 

Shoir

Shoir – mening ikkinchi ismim...

 

Men nima uchun yozaman?

Qalam ahli uchun “Men nima uchun yozaman?” hamda “Men nima uchun dunyoga kelganman?” savollarining javobi bitta.

 

Ikkinchi umr

Mening bu foniy dunyoda qancha yashashim muhim emas, she’rlarimga uzoq umr tilayman. She’r – shoirning ikkinchi umri.

 

Iste’dodning isyoni

Antonio Gaudi – ispaniyalik buyuk me’mor. U umrining 40 yilini ona shahri Barselona qurilishiga bag‘ishlagan. Ammo Barselonada birinchi tramvay yura boshlaganida aynan Antonioni bosib ketadi. Balki Antonio uchun tramvay sevimli Barselonasi yuziga xunuk xol bo‘lib tushgandir. Balki u qurilishi uchun umrini baxsh etgan imoratlariga tramvay ziyon yetkazishini xohlamagandir. Ehtimol, shu bois o‘zini tramvay ostiga tashlab, o‘limi bilan isyon qilmoqchi bo‘lgandir.

 

Yana so‘z haqida

Musavvir – rang, bastakor – ohang, haykaltarosh esa loy tilida gapiradi. Ammo bu hol so‘zning mavqeini zarracha pasaytirmaydi. Chunki inson qanday yashamoq kerakligini rang, loy yoki musiqa bilan emas, aynan Ilohiy So‘z vositasida bilib olgan.

 

Xayol

Xayol – ruhning xotirasi.

 

Oliy ezgulik

Faqat yaxshilik qilganingizda abadiyatga to‘la ishonasiz. Zero, yaxshilik beiz ketmasligiga ishonish – eng oliy ezgulik sanaladi.

 

San’atning qadri

Jamiyatda san’atning qadri ikki pul bo‘lsa, u najotni ko‘chadan qidiradi.

 

Sadoqat

Kimlar sizni tark etgani emas, siz bilan kim qolgani muhim.

 

Gunoh

Bola gunohsiz bo‘lgani uchun farishtani ko‘radi.

 

Shakl va mazmun

Inson tanasi – uning shakli, ruhi esa mazmunidir.

 

Ma’rifat

Abbat Faria – ma’rifat timsoli. Dantes mahbuslikdan Faria, ya’ni ma’rifat yordamida xalos bo‘ladi.

 

“Tarbiya”

Ko‘p kitob o‘qima, jinni bo‘lib qolasan.

 

Tirik satrlar

Satrlar orasida shoirning yuragi urib, nafas olayotgani eshitilib turmog‘i kerak.

 

Shoir jim turmaydi

Ayrim rassomlar “tasviriy san’at – sukut saqlayotgan she’riyatdir” deydi. Nahotki, ular she’riyat sukut saqlayolmasligini bilmasa?!

 

Ta’sir

Ta’sir qalamchaga o‘xshaydi. Uni payvand qilsangiz, yangi meva hosil beradi.

 

Individ va shaxs

Individ – eng quyi betakrorlik. Olomon individlardan tashkil topadi. Shaxs esa eng yuksak betakrorlikdir.

 

Yaxshi inson

Hayotda yaxshi inson bo‘lish qanchalik qiyin bo‘lsa, san’atda uning obrazini yaratish shunchalik mashaqqatlidir.

 

She’r ishqi

Men she’rni ayol kabi sevaman va rashk qilaman.

 

Ilhom

Mening ilhom parisi degan tanishim yo‘q. Ammo odamlar qilgan yaxshilikdan ta’sirlanishim rost.

 

Til

Tilning o‘z tili bor.

 

Kosa va nimkosa

Biz ko‘p vaqtimizni badiiy asar emas, u haqida yozilgan kitoblarni o‘qishga sarf etamiz.

 

“Mona liza” va onam

Leonardo da Vinchi onasi siymosiga badiiy ifoda topish uchun umrbo‘yi intilib yashagan. Uning bu yo‘lda erishgan eng yuksak muvaffaqiyati “Mona Liza” portreti sanaladi. Musavvir mazkur kartinada Mona Liza vositasida o‘z onasini tasvirlagan. Shuning uchun portretni egasiga bermay, bir umr o‘zi bilan birga olib yuradi. Rassom kartinada onaga bo‘lgan beqiyos muhabbatini shunchalik aks ettira olganki, har gal unga qarasam, Liza xonim yoki musavvirning onasini emas, o‘z onamni ko‘rgandek bo‘laman.

 

Bola

Bola – buyuk taqlidchi.

 

Beayb so‘z

O‘z o‘rnida aytilmagan so‘zda ayb yo‘q.

 

Sanoatlashgan “san’at”

Insoniyat mumtozlikdan naqadar uzoqlashib borayotganini hozirgi kino, teatr, musiqa, raqs va estrada misolida ko‘rish mumkin.

 

Iste’dod

Iste’dod mevali daraxtga o‘xshaydi, qarov bo‘lmasa, qurib qoladi.

 

Fikr ortida

Heminguey “xabar yozishni bilgan ijodkor roman yozishni ham uddalaydi” deganida, balki xabar yozmoq uchun ham roman yozish iste’dodi va mas’uliyati kerak, demoqchi bo‘lgandir. Biz esa uning fikrini juda jo‘n tushunamiz.

 

Jamiyat va merso

Aslida begona kim? Mersomi yoki jamiyat? Zohiran Merso jamiyatga begona ko‘rinsa-da, aslida, yolg‘onga qaram jamiyat rostgo‘y insonga, ya’ni Mersoga begonadir.

 

Sevgi

Sevish uchun ham iste’dod kerak.

 

Taskin

Faqat ezgulik yo‘lidagi beminnat xizmat o‘laroq inson o‘ziga taskin bermoqqa haqli.

 

Maslak

Men qorong‘i qabrga yorug‘ yuz bilan kirsam deyman.

 

“Tafakkur” jurnali, 2019 yil 3-son.

“Ikkinchi umr

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 13
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 92
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 195
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 509
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 929
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218656
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104448
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33551
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27240
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26219
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24718
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24709
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21605
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//