Shunday yillarni ko‘rdikki, baxtli bo‘lish uyat edi – Asqad Muxtor


Saqlash
17:01 / 01.01.2022 0 1051

Asqad MUXTOR

 

* * *

Kichkina bir yaxshilik qilish uchun ham odam (balki buyuk odam) bo‘lish kerak; katta yomonlik qilishga kichik odam ham qodir.

 

* * * 

Dengiz, go‘yo Yerni hushiga keltirmoqchidek, hadeb qirg‘oqqa suv separdi…

 

* * *

Odissey arvohlarni o‘zi bilan suhbatlashishga ko‘ndirish uchun ularga o‘z qonidan berib tiriltiradi. Yozuvchi tarixiy shaxslar haqida yozganida shunday qilishi kerak.

 

* * *

“Muz o‘chib qoldi!” dedi bola suvda erib ketgan muz parchasini ko‘rib.

 

* * * 

Yozuvchi yolg‘onni to‘qiydi-yu, haqiqatni yozadi.

 

* * * 

Haqiqat – Xudodir: uni hamma biladi-yu, o‘zini hech kim ko‘rmagan.

 

* * * 

Shoir bo‘lish yaxshi, shoirlik da’vo qilish yomon.

 

* * * 

Qalam so‘zning soyasini chizadi.

 

* * * 

Kitob – boylik. Lekin sotib olingani emas, o‘qilgani.

 

* * * 

– Sizga teatr yoqadimi, kinomi? – dedi muxbir.

– Sizga odam yoqadimi yo uning soyasi? – dedi adib. 

– …Ba’zi odamlar bo‘ladiki, o‘zidan ­soyasi tuzuk, – deb hazil qildi muxbir ham.

Kuldilar.

 

* * * 

Ilgari men abstrakt san’atni tushunmas va hazm qilolmas edim. Inson samoga uchib, kosmos davri boshlangach, bu san’atga qiziqib qoldim. Abstrakt san’at Kosmos obrazining estetik ibtidosi bo‘lsamikan?

 

* * * 

Talant haqida kuyunib gapirganlarning hammasi ham talantli bo‘lavermaydi. Chunki hech kim o‘zini talantsizman, deb o‘ylamaydi.

 

* * * 

Boy bo‘lish uchun ko‘p narsani qurbon qilish kerak: halovat, salomatlik, goho balki vijdonni ham… Yo‘q, mening bunga qurbim kelmaydi, men unchalik badavlat emasman.

 

* * * 

Hayot shunday ajoyib moʻjizaki, o‘lim uning evaziga berilgan arzimas bojdir.

 

* * * 

Ishlamagan tishlamaydi, derdi amaldor. O‘zi esa hamon tishlardi. Chunki uning ishi shu.

 

* * * 

Tabiat – yaxshilik va go‘zallikning bevosita ifodasi.

 

* * * 

Odamlar seni bilmasa ham, sen odamlarni bil.

 

* * *

U o‘z so‘ziga o‘zi xo‘jayin: bugun beradi, ertasiga qaytib oladi.

 

* * * 

Shoir uchun asosiy ish – ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rish; qog‘ozga tushirish esa – kasb.

 

* * *

Yolg‘onchining yolg‘onchiligi – uning eng yengil gunohidir.

 

* * *

Xudo insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan.

 

* * *

Tarjimondan aniqlik talab qiling. U chizmakash emas, rassom!

 

* * *

Shunday yillarni ko‘rdikki, baxtli bo‘lish uyat edi.

 

* * *

Fizikada oqibat sababga teng. Axloqda ham shunday.

 

* * *

“Vaqt o‘tyapti!” deymiz sal hazinlik bilan. Bu gapni inson o‘zini ovutish uchun o‘ylab topgan. Aslida biz o‘zimiz o‘tyapmiz…

 

* * *

She’rni tahlil qila boshlasalar, g‘ashimga tegadi. Bahorgi sof havoning kimyoviy tarkibini ham tekshirish mumkin. Ammo, undan ko‘ra, shunday ko‘krak to‘latib nafas olgan yaxshiroq emasmi?

 

* * *

Sharq she’riyati – muhabbat va mehr to‘la, go‘zal va hassos, yuksak badiiy ramz va tashbehlarga boy, erkin, insoniy, teran falsafiy, an’anaviy romantik she’riyat. Qadimdan shunday. U asrlar davomida Gʻarb adabiyotining romantik ruhini bir necha bor qutqarib qoldi.

  

* * *

Yozuvchi o‘z shaxsi va o‘zgalarning shaxsi bilan birikib ketgan – asar uning sub’yekti. U boshqa ishda ham ishlashi mumkin, ammo uning mohiyati, ehtirosi – ijod. Qobiliyati qancha katta bo‘lsa, shuncha katta kuch sarf qiladi. U – beixtiyor fidoyi; ham baxtiyor, ham baxtsiz – bu uning irodasiga bog‘liq emas.

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2014 yil 42-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 100
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 352
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 123
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 213
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 523
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 943
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218712
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104466
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33964
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27296
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26430
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25006
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24813
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21672
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//