“Lokomotiv” emas, Aka Latif! Andak hazil, andak kinoya


Saqlash
15:12 / 30.12.2021 0 1536

“Aka  Latif”

 

Latif Ahmedov tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i sifatida vobkentlik dehqonlar guruhini Toshkentga slyotga olib kelibdi. Ularga poytaxt vokzalidagi “Lokomotiv” mehmonxonasidan joy berishibdi. Guruh rahbari yig‘ilish o‘tkazib, qattiq tayinlabdi:

– Menga qaranglar, bu yer – Toshkent, Vobkent emas sizlarga. Katta shahar. Kim adashib qolsa, xohlagan yerdan taksiga o‘tirib, “Lokomotiv” desin, shu yerga keltirib qo‘yadi. Agar mabodo, “Lokomotiv” so‘zi eslaringizdan chiqib qolgudek bo‘lsa, meni ot tutasizlar. Bilasizlar, men Toshkentdan uylanganman. Poytaxtliklarning kuyovi bo‘laman. Bu yerda kaminani yetti yashardan yetmish yashargacha hamma taniydi. Adashib qolsangizlaru, “Lokomotiv” deyish eslaringdan chiqsa, hech ikkilanmasdan “Aka Latif” denglar, har qanday taksichi to‘ppa-to‘g‘ri mening oldimga olib keladi. Tushunarlimi?!

– Tushunarli! – deyishibdi slyotchilar.

Bu hazilni kimdir tushunibdi, kimdir tushunmabdi.

Kelib-kelib, kimsan – taniqli paxtakor, necha-necha orden-u medallar olgan brigadir Qundi Islomov adashib qolibdi-ku. Aksiga olib, mehmonxonaning oti ham hech tilga kelmas emish. Oxiri bir taksini to‘xtatibdi. Haydovchi rus yigiti ekan:

Куда, бабай? – deb so‘rabdi.

– Aka Latif! – debdi brigadir.

– “Akalatif”, “Akalatif”... mojet “Lokomotiv”?

– Aka Latif!

Ну, чёрт с ним, поехали, – debdi-yu taksichi to‘ppa-to‘g‘ri “Lokomotiv” mehmonxonasiga olib kelibdi.

Qundi aka qarasa, aka Latif mehmonxonaning eshigi oldida ko‘zlari to‘rt bo‘lib turibdi.

– E aka Latif, haqiqatan ham sizni Toshkentda hamma tanir ekan, bir o‘ris taksichi ham tanidi-ye... – dermish brigadir.

 

O‘zbekoyim  yoxud yevrostandart

 

Gender masalasi bo‘yicha mutaxassis olmoniyalik ayol yurtimizda XX asr boshlariga qadar xotin-qizlar huquqlari kamsitilgani, ular chordevor ichida saqlangani, erkaklar esa bir paytning o‘zida to‘rt xotin olishi mumkin bo‘lgani va hokazolar haqida o‘qib qolibdi. 

O‘sha kunlari kutilmaganda ayol qo‘liga Abdulla Qodiriyning olmon tilida bosilgan “Toshkentlik oshiqlar” romani tushibdi. O‘qisa, kimsan – el-ulus orasida obro‘si baland Yusufbek hojidek kishining oilasida ham ayolning gapi gap ekan. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Yo anavi o‘qigani kitobni yozganlar yolg‘on so‘zlayapti, yo Abdulla Qodiriy? “Sharq – nozik masala, – deb o‘ylabdi opaxon. – Biz to‘g‘ritayoq g‘arbliklarga ularni tushunishga yo‘l bo‘lsin! Zamonni XIX asrga qaytarib bo‘lmaydiki,  haqiqiy ahvolni borib o‘z ko‘zing bilan ko‘rsang”.

Buni qarangki, opaxonga xizmat yuzasidan O‘zbekistonga kelib ayni masalani o‘rganish topshirilibdi. Olmonni bilasiz – opaxon juda puxta texnik tayyorgarlik bilan kelibdi; bir erkakning mashinasiga yashirin kamera o‘rnatibdi. Videolavhani mutasaddi rahbarga qo‘yib beribdi.

...Er darvoza oldida “Lasetti”da xotinini kutyapti. Qaniki, xotin chiqa qolsa. Er mashinani tinimsiz babillatadi. Oxiri, mana, xotin chiqdi. Mashinaga o‘tirdi. Er baqirdi-ku: “Yop eshikni!” Xotin eshikni yopar-yopmas, er mashinani haydadi. Keskin tormoz... Yana nima bo‘ldi?

– Sekinroq yopmaysanmi? Eshikni sindiray deding-ku. Nima, otangni puliga kelganmi bu mashina?!

To‘yxona. Mashina to‘xtadi. Er tushib, orqasiga qaramay ketdi. Xotin tog‘orasini ko‘tarib arang tushdi, ancha orqadan u ham yura boshladi. Er ko‘zdan yo‘qoldi. Xotini bilan ishi ham bo‘lmadi...

Ana sizga genderu mana sizga gender!

– Ahvol chatoq-ku, – debdi opaxon.  – Shumi ayol zotiga munosabat? Bizda bunday holda er bekasi uydan chiqishi bilanoq yugurib tushib mashinasining orqa eshigini ochib turadi. Xotinini qo‘lchalaridan ushlab o‘tirg‘izadi. Keyin sekingina eshikni yopadi-da, rulga o‘tirib mashinasini ohista-ohista haydaydi. To‘yxonaga yetib borilganda – yana shu taomil: tushadi, orqa eshikni ochadi, xotinining qo‘lchasidan ushlab tushiradi, sovg‘a-povg‘asi bo‘lsa, uni o‘zi ko‘tarib oladi. Sizlarga o‘xshab ayol kishiga zil-zambil tog‘ora ko‘tartirib qo‘ymaydi. Keyin restoranning eshigini yugurib borib ochadi. Xotinini oldin kiritib, keyin o‘zi yuradi. Stol atrofidagi stulni qulay joyga qo‘yib avval xotinini o‘tirg‘izadi-da, keyin o‘zi yoniga o‘tiradi...

– Siz, singiljon, – debdi mutasaddi rahbar, – xulosa qilishga aslo shoshilmang. Siz shaklni ko‘ribsiz. Lekin gap – mazmunda. Siz oilalarga boring, asl ahvolni o‘rganing. Chuqurroq mulohaza qiling. Keyin xulosa qilinsa, adolatdan bo‘ladi.

Opaxon endi xonadonga tashrif buyuribdi. Uy bekasi bilan suhbatlashibdi.

– Oilada kim boshliq?

– O‘zbekchilikda uyda er bosh bo‘ladi-da, aylanay.

– Eringiz bosh bo‘lsa, siz kimsiz unda? Axir, tenghuquqlilik qayoqda qoladi?

– Endi er bosh bo‘lsalar, biz bo‘yinmiz-da, o‘rgilay.

   Nima uchun ikkinchi darajali maqomga rozi bo‘lasiz?

– ...

Opaxonning boshi qotibdi: “Sharq  – nozik masala!” Uyga ham kamera o‘rnatilibdi:

...Er ishga ketadi. Qo‘shni chol eshik qoqadi. Ayol chiqadi:

– Xo‘jayin boya ishga  ketgan edilar.

– Mayli, kechqurun chiqarman.

– Nima deb qo‘yay? Nima xizmat bor edi, otaxon?

– O‘zi sizga aytsam ham bo‘laveradi, kelin. O‘g‘limiz mashinaga ariza tashlab qo‘ygan edi. Ertaga navbati kelar ekan. Shu deng, 10 million so‘m yetmayroq turibdi-da.

– Buni o‘zlari bilan gaplashasiz, ota. Men bunaqa masalalarga aralashmayman.

Kelin otaxon bilan xayrlashib eshikni yopadiyu o‘sha zahoti eriga qo‘ng‘iroq qiladi:

– Agar begonaga shuncha pul qarz bersangiz, men ertasigayoq yig‘ib qo‘ygan  pulingizdan ikki ming dollariga brilliant olaman!..

Kechqurun. Chol chiqadi. Er silliqqina rad javob beradi...

Opaxonning boshi yana qotibdi. “Bor-ye!..” debdi-da, lash-lushlarini ko‘tarib qo‘shni mamlakatga o‘tib ketibdi. Ularda iqtisodiy taraqqiyot pastroq ekan. Lekin gender masalasi zo‘r emish-da. Hamma yerda xotinlar eridan ancha oldinda yurar emish. Opaxon xursand bo‘lib ketibdi. Mutasaddi rahbarlardan biriga gender masalasi yevrostandartga moppa-mos kelishini aytibdi.

– Yevrostandart-pevrostandartni tushunmaymiz, – debdi mutasaddi. – Gender-penderini ham mana sizdan birinchi daf’a eshitib turibman. Lekin... gap shundaki, bizning mamlakat minalashtirilgan! Shuning uchun erlar xotinlariga o‘zidan ancha oldinda yurishiga ruxsat bergan...

 

Ikki  karra  ikki  nechchi?

 

Turkiyaning Keyseri, ya’ni Qaysari shahri o‘zimizning G‘ijduvonga o‘xshar ekan. Savdogarlik hammasining qon-qoniga singib ketgan. Ulardan:

– Ikki karra ikki nechchi? – deb so‘ralsa, darhol qarshi savolga tutishadi:

– Sotayotgandami, sotib olayotgandami yoki dallollik qilayotgandami?

– Nima farqi bor, axir?

– Ie, shunday farqi borki!

– Xo‘sh?

– Sotayotganimda ikki karra ikki besh bo‘ladi. Shunda bir lira yutaman. Sotib olayotganimda ikki karra ikki uch bo‘ladi. Bundan ham bir lira qoladi. Dallollik qilayotganda esa ikki karra ikki to‘rt bo‘ladi. Chunki bunda sotuvchidan ham, xaridordan ham bir liradan foyda olaman.

 

O‘jar

 

Ikki birodar poyu piyoda uzoq safarga chiqishibdi. Sharqirab oqayotgan katta daryo bo‘yida chinni gujum, ya’ni sadaqayrag‘och uchrabdi.

– Qoyil-ye! – debdi birovi. – Bu gujumni dum-dumaloq qilib kim butabdi?

– Buni hech kim butagani yo‘q, og‘ayni, – debdi ikkinchisi. – Bu, axir, sadaqayrag‘och. O‘zi shunaqa dum-dumaloq bo‘lib o‘sadi.

Ikkoviyam qaysar ekan; bunisi u debdi, unisi – bu. Hech biri bir gap kam – olam guliston demabdi. Haq so‘zni aytganning jahli yomonroq ekan. Tushunishni istamagan birodarini oxiri dast ko‘tarib daryoga irg‘itibdi. Sherigi oqib ketayotgan emish. Uni qutqarishning esa endi hech iloji yo‘q. Har zamon-har zamonda o‘ng qo‘lini suvdan chiqarib ko‘rsatkich barmog‘i bilan o‘rtancha barmog‘ini qaychi qilib ko‘rsatar ekan: “Butalgan dedimmi, butalgan!..”

 

Sultonmurod OLIM

“Tafakkur” jurnali, 2020 yil 1-son.

“Andak hazil, andak kinoya”

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 38
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 223
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 513
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219164
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104693
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35288
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27537
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27439
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26589
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25352
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22593
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//