![](/storage/funnies/February2025/jMDBDH92SdMWMbsYFzdT.png)
“Sapiens: Краткая история человечества” (“Insoniyatning muxtasar tarixi”) va “Homo Deus: Краткая история завтрашнего дня” (“Ertangi kunning muxtasar tarixi”, “21 урок для XXI века” (“XXI asr uchun 21 saboq”) bestsellerlarining muallifi, tarixchi-mediyevist Yuval Noy Xarari Davosda o‘tgan Butujahon iqtisodiy forumida kelajakda Yer sharini kim boshqarishi va doimiy texnologik inqiloblar sharoitida inson qanchalik o‘zgarib ketishi haqida ma’ruza qildi. Xo‘sh, tarixchi Xarari fikricha yaqin kelajakda bizni nimalar kutmoqda?
Moslashuvchanligingizga mablag‘ sarflang
Asrlar davomida ish tushunchasi bir-necha marotaba o‘zgargan. Juda katta davrda (insoniyat tarixining asosiy qismida, desak ham bo‘laveradi) odamlar umuman ishlamaganlar – zo‘rg‘a kun kechirganlar xolos. Ya’ni, soat 8.00 da ishga borib, u yerda 17.00 gacha bo‘lish – bu zamonaviy tushuncha. Bizning ajdodlarimiz: ovchilar va o‘simliklar ildizlari, mevalarni terib-to‘plovchilar yuz ming yillar mobaynida ishga borish nimaligini bilmay o‘tishgan.
Ishni yo‘qotib qo‘yishdan xavotirga tushish va tashvishlanish – bu nisbatan yangi fenomen. Keyingi asrlarda ro‘y bergan sanoat inqiloblari tufayli inson “hamma ishni mashina bajaradigan bo‘ladi va shu bois men keraksiz odamga aylanib qolaman” degan doimiy qo‘rquvni his etib keldi. Darvoqe, bu safar qo‘rquv asosli bo‘lib chiqishi mumkin. Xuddi doimo “Bo‘rilar!” deb qichqiradigan bolakay voqeasi singari hodisa sodir bo‘lishi mumkin: oxir-oqibat bo‘rilar to‘dasi paydo bo‘ladi.
Hozir odamlar ekspluatatsiyaga qaraganda yanada qo‘rqinchli tushuncha – o‘zlarining keraksizligi bilan yuzma-yuz kela boshlashdi. Seni ekspluatatsiya qilishayotganda, hech bo‘lmasa o‘zingning kerakligingni his etib turasan, sendan boshqa ishlaydigan narsani ko‘rmaysan. O‘rningni bosadigan texnologiyalar esa aynan muammolaring va xavotirlaringni kuchaytirib yuboradi.
Yangi davrda ham yangi kasblar paydo bo‘ladi. Masala shundaki, yangi vakansiya joylarni egallash uchun odamlar o‘zlarini “qayta ixtiro qilib, mutaxassis sifatida o‘zligini topish”ni uddalay oladilarmi? Biz bitta texnologik inqilobni emas, pog‘onali inqiloblarni boshimizdan kechirishni hisobga olsak, insonlar o‘zlarini har 10 yilda “qayta ixtiro etish”lariga to‘g‘ri keladi. 20 yoshingda o‘zingni “qayta ixtiro etish” boshqa, 30, 40, 50 yoshda bu ishga qo‘l urish anchayin qiyin, mushkul bo‘lgani bois odamlarda xavotir yanada kuchaydi.
Kelgusidagi bandlikni ta’minlash bozori haqida gapirganimizda robotlashtirishga haddan ziyod ko‘p e’tibor qaratamiz. Biz xuddi shu daraja va ko‘lamda biotexnologiyalarga ham e’tiborimizni jalb etishimiz lozim. Ko‘plab yangi kasblar insoniy hissiyotlarni anglash bilan bog‘liq bo‘ladi. Hatto uchuvchisiz, haydovchisiz mashinalar, piyodalar o‘zlarini qanday tutishini tushunib yetishi kerak bo‘ladi. Ayniqsa bank xodimlari, ijtimoiy himoya sohasi mutaxassislari vazifalarini mashinalar bajaradigan bo‘lsa, bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Bunday holatlar mohiyatiga sal o‘zgacha nazar soladigan bo‘lsak: kasbni emas, odamlarni himoya qilish masalasi o‘rtaga chiqadi. Keraksizligi uchun ba’zi kasblardan voz kechish darkor. Ammo biz kasblar haqida emas, odamlar haqida qayg‘urishimiz kerak. Hozirgi vaqtda aholi bandligini ta’minlash emas, ishning mazmuni inqirozga uchradi.
Tarixchi sifatida, shuni ta’kidlashim zarurki, O‘rta asrlarga qaraganda hozir odamlar haqiqiy jannatda yashamoqdalar – biroq negadir ular buni his etishmayapti. Biz tirishqoqlik bilan mehnat qilishni bilamiz, samarali xodim bo‘lishning ham uddasidan chiqamiz, biroq dam olishni bilmaymiz. Ish mazmunida sodir bo‘lgan inqirozni hal qilsak, dam olish bilan bog‘liq muammoning ham yechimini topa olamiz.
Men berishim mumkin bo‘lgan eng maqbul maslahat – o‘zgarishlarga o‘zlaringizning moslashuvchanliklaringizni ta’minlash uchun sarmoya kiriting.
Axborotning egasi – dunyoning egasi
Ehtimol biz Homo sapiensning oxirgi avlodlaridan biridirmiz. Bir yoki ikki asrdan so‘ng biz neandertallardan qanday farq qilsak, xuddi shunday bizdan farq qiladigan organizmlar Yer shari aholisini tashkil etadi. Zotan keyingi avlodlarimiz o‘zlarining tanalari va aql-idroklarini modefikatsiya qilishni o‘rganib olishadi va ayni shu narsa XXI asr iqtisodiyotining asosiy mahsulotiga aylanadi.
Sayyoramizning kelgusi xo‘jayinlari aynan qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi? Buni kim axborotga egalik qilsa, o‘sha hal qiladi. Axborotni nazorat qilish kimning qo‘lida bo‘lsa, Yer sharidagi hayotni shu nazoratiga oladi. Axborot – dunyodagi eng muhim sarmoya va muvaffaqiyatdir. Bir guruh tanlangan odamlar qo‘lida nihoyatda katta ko‘lamdagi axborot to‘planib qolsa nimalar sodir bo‘ladi? Insoniyat bo‘linib ketadi. Sinflarga emas, turlarga bo‘linadi. Axborot shu uchun muhimki, biz endilikda nafaqat kompyuterlarni “buzib-sindirib”, shu bilan birga inson organizmini ham “buzib-sindirib” ichiga kirish nuqtasiga yetib keldik. Bu uchun ikkita narsa zarur: katta hisoblovchi quvvat va ulkan ma’lumotlar hajmi, jumladan biometrik. Shu paytgacha insoniyatni “buzib-sindiradigan” ingrediyentlar hech kimda yo‘q edi. Hatto odamlarni butun sutka davomida izchil kuzatish va nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan sovet KGBsi va ispan inkvizitsiyasida ham bunday imkoniyat bo‘lmagan.
Hozir vaziyat bir vaqtning o‘zida sodir bo‘layotgan ikkita inqilob tufayli tubdan o‘zgarmoqda: kompyuter fanining rivojlanishi (mashinani o‘rganishning taraqqiy etishi va sun’iy intellekt) va biologiya, jumladan neyrobilogiyaning rivoji. Bu esa bizga inson miyasi qanday ishlashini tushunib yetish uchun zarur imkoniyat eshigini ochmoqda. Bir yarim asrlik tadqiqotlarni uchta so‘z bilan umumlashtirishimiz mumkin: organizmlar algoritmlar degani. Va hozir biz bu algoritmlarni qanday rasshifrovka qilishni o‘rganayapmiz.
Ehtimol, ikkita inqilob uchun eng muhim ixtiro – bu bizning tanamiz va miyamizdagi bioximik jarayonlarni elektron signallarga o‘tkazadigan va ularni kompyuterda tahlil etadigan biometrik sensor. Bu algoritmlarni rasshifrovka qilish orqali insondan ko‘ra yaxshiroq mavjudodtni yaratish mumkin. Biroq bu mavjudod ushbu texnologiyalarni qanday qo‘llaydi, ochig‘i buni tasavvur etolmayman.
Axborotga egalik qilishni kim tartibga solmoqda? Men haqimdagi axborotning egasi kim? Hozirgi paytda bu axborotlarning katta qismiga korporatsiyalar egalik qilishmoqda va bu odamlarni tashvishlantirmoqda. Biroq hukumatlar axborotni natsionalizatsiya qilishga vakil etilsa – bu raqamli diktaturaga olib keladi.
Ko‘pchilik odamlar dovga nima tikilganini umuman anglab yetmayaptilar
Meni o‘zimdan ko‘ra yaxshiroq tushinadigan algoritmlar qo‘limizda bo‘lsa, ular mening istaklarimni oldindan bashorat qilishi, hissiyotlarimni manipulatsiya qilishi va hatto men uchun qarorlar qabul qilishi mumkin. Mabodo biz hushyorlikni boy bersak, raqamli diktatura davri keladi. Axborotni nazorat qilish xalqaro elitaga raqamli diktaturadan ko‘ra yanada radikal ishlarni amalga oshirishga imkoniyat beradi. Organizmlarni “buzib-sindirib” ichiga kirish orqali elita kelgusi hayotni qayta qurish imkoniga ega bo‘ladi. Va bu nafaqat butun insoniyat hayotida, shu bilan birga Yer sharidagi barcha tirik organizmlar hayotida buyuk inqilob yasaydi. Bu endi dunyoning yaralishidagi ilohiy mazmun, niyat emas, insonning g‘oyasi bo‘ladi. Bu muammo hal etilmasa, bir to‘da odamlar elitasi Yerdagi hayotning kelajagini belgilaydi.
Juda ko‘pchilik odamlar atrofida nimalar ro‘y berayotganini, insoniyat taqdiri doviga nima tikilganini mutlaqo anglab yetmayaptilar. Ko‘plab mamlakatlar hukumatlari (Xitoydan tashqari, – u yerda barchasini tushunib turishibdi) bu muammoga qo‘l siltamoqdalar: bizning bundan-da shoshilinch ishlarimiz bor! Bunday munosabat esa o‘ta xavfli.
Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q