Inson har kuni minglab qarorlar qabul qiladi. Koʻp hollarda ular ongsiz ravishda, yaʼni odatlar orqali amalga oshadi. Masalan, tongda tish yuvish, ishga borish uchun kiyinish, kechasi shirinlik yeyish yoki telefonga nazar tashlash. Bu kabi oddiy amallar hayotimizning katta qismini tashkil qiladi, ammo ularga doim ham eʼtibor beravermaymiz. Natijada hayotimizda koʻrinmas muammolar paydo boʻla boshlaydi. Bu haqda Jeyms Klir “Atom odatlar” kitobida shunday deydi: “Yaxshi odatlar – hayotingizni osonlashtiruvchi avtomat tizim, yomon odatlar esa yashirin dushmandir”.
Ilm-fanga koʻra, odatlar miyadagi asab tolalari faoliyatini shakllantiradi. Masalan, bir amalni qayta-qayta bajarsangiz, bu miyada avtomatik ravishda amalga oshadigan yoʻnalish hosil qiladi. Bu jarayon “neyroplastiklik” deb ataladi. Yangi odat yaratishning asosiy qoidasi shunday: kichik amallarni boshlang va doimiy davom ettiring. “Atom odatlar” kitobining ham asosiy gʻoyasi shunday: har qanday katta muvaffaqiyat kichik odatlardan boshlanadi. Tasavvur qiling, bir kun davomida atigi 0.01% yaxshilanishga erishsangiz, bir yil davomida hayotingiz 37% oʻzgaradi. Kichik qadamlar kattalashib boraveradi, xuddi qorda dumalayotgan kichik parcha kabi. Misol uchun, har kuni bir necha daqiqa sport bilan shugʻullanish odatini olaylik. Avvaliga bu qiyin tuyuladi, lekin bir necha hafta oʻtgach, bu odat siz uchun tabiiy holga aylanadi. Odatlarni avvaliga mukammal bajarish shart emas. Chunki “Mukammallik emas, davomiylik muhim. Mayda ishlar katta natijalarga olib keladi”.
Kitobda odatlarni shakllantirishning toʻrt bosqichi bayon qilingan:
1. Signal – odatni boshlashga undovchi belgi. Masalan, ish stolingiz ustida qoldirilgan kitob oʻqish uchun signal boʻlishi mumkin.
2. Istak – harakat qilishga boʻlgan ichki ragʻbat. Kitobni oʻqish orqali yangi bilim olishga boʻlgan qiziqish istakni kuchaytiradi.
3. Amal – odatning oʻzi, yaʼni kitobni oʻqish jarayoni.
4. Natija – qoniqish yoki zavq, masalan, yangi maʼlumotlardan olingan ilhom.
Bu bosqichlar oddiy tuyulsa-da, ularga rioya qilish hayotingizni tubdan oʻzgartirishi mumkin. Masalan, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish uchun birinchi signal sifatida uygʻongandan keyin suv ichishni boshlashni odat qiling. Yoki biror xorijiy tilni oʻrganmoqchisiz. Birinchi kun 5 ta yangi soʻz yodlaysiz. Bu oddiy va vaqt talab qilmaydigan ish, albatta. Keyin har kuni shu amalni takrorlasangiz, bir yilda 1800 dan ortiq soʻz bilib olasiz. Ammo birinchi qadamni qoʻymasdan, katta maqsadlarga erishish imkonsiz. Jeyms Klir bu haqda yozarkan, shunday deydi: “Katta orzularingizni kichik amallarga boʻling. Katta muvaffaqiyatlar kichik qadamlar orqali keladi.”
Falsafadan shu narsa maʼlumki, koʻp asrlar davomida odatlar masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Aristotel “Biz oʻz odatlarimiz yigʻindisimiz”, deydi. Unga koʻra, inson oʻzini qanday odatlarga oʻrgatsa, shunday shaxsga aylanadi. Kitob muallifi bu fikrni zamonaviy hayotga moslashtiradi va odatlarning taqdirimizga qanday taʼsir qilishini ochib beradi. Masalan, sogʻlom turmush tarzi haqida oʻylang. Kichik qadamlar – vaqtida uxlash, koʻproq harakat qilish, yengil ovqatlanish – hayotingizni nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham yaxshilaydi. Bu kichik qadamlar oʻzingizni yanada kuchliroq his qilishingizga olib keladi.
Albatta, bugungi texnologiyalar davrida odatlarimizni boshqarish yanada qiyinlashgan. Har kuni ijtimoiy tarmoqlarga soatlab vaqt sarflash yoki kerak boʻlmagan narsalarga eʼtibor qaratish yomon odatlarimizning natijasi. Jeyms Klirning usullari esa bu muammolarni hal qilishda yordam beradi:
Har kuni foydali odat uchun signal yarating. Masalan, uygʻonib darhol 10 daqiqa meditatsiya qiling.
Telefonga qarash oʻrniga kitob oʻqishni odat qiling.
Bu kichik amallar hayotingizni tartibga soladi va stressni kamaytiradi.
“Atom odatlar” kitobi hayotni kichik qadamlar bilan oʻzgartirish mumkinligini isbotlaydi. Unda keltirilgan ilmiy va hayotiy usullar har bir inson uchun amal qilishi mumkin. Ertalabki bir piyola suv, 10 daqiqalik mashq yoki bir sahifa kitob – bu odatlar orqali hayotingiz oʻzgara boshlaydi. Kichikdan boshlang, davom eting va ulkan natijaning guvohi boʻling!
Husan TURSUNOV
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q