Qay bir yili Do‘rmondagi yozuvchilar ijod bog‘ida Said Ahmad aka bilan qo‘shni bo‘lib yashadik. U kishi o‘zining shaxsiy chorbog‘ida, men esa Uyushmaga qarashli kottejda ijarada turardim.
Bir dam olish kuni ertalab ustoz telefon qildi:
– Bolam, vaqting bo‘lsa, peshin payti kelgin, yurtga osh beryapman. Lekin yurt ikki kishidan – sen-u mendan iborat. Har xil qalang‘i-qasang‘i oshnalaringni boshlab kelmagin, xo‘pmi?
“Xo‘p”, deb aytilgan vaqtda chorboqqa kirib bordim. Ikki kishilik yurt oshini yeb bo‘lganimizdan keyin ko‘k choy ichishga o‘tdik. Said Ahmad aka sigaret tutatib, allambalo naqshlar o‘yib ishlangan kumush kuldonga ishora qilib maqtandi:
– Bu kuldondan butun SSSR bo‘yicha ikkitagina bo‘lgan. Bittasi – Maksim Gorkiyda, ikkinchisi – menda.
– Rostdanmi? – dedim ajablanib, keyin kuldonni qo‘limga olib tomosha qildim: – Haqiqatan ham zo‘r ekan, – deb qaytarib joyiga qo‘ydim.
– Zo‘r deb sekin aytasanmi. Kecha Anvar Obidjon kelib rosa hiqilladi, ustoz, shu kuldonni menga sovg‘a qiling, deb. Bermadim. Undan oldinroq Ne’mat ham Xudoning zorini qilib yalindi, yo‘q, dedim. Ko‘zim qiymadi.
– To‘g‘ri qilasiz, ustoz, – dedim u kishining gapini ma’qullab. – Aslida, endi bu narsalar sizniki ham emas, muzeyniki. Ya’ni davlatniki. Davlatning mol-mulkini talon-toroj qilishga esa hech kimning haqqi yo‘q. Shunday deb ayting shogirdlaringizga, hadeb pashshaxo‘rda bo‘lmasin.
– Qanaqa muzeyni aytayapsan? – deb so‘radi Said Ahmad aka ajablanib.
– Qanaqa bo‘lardi, sizning uy-muzeyingiz-da, – dedim bamaylixotir. – Axir, kimsan O‘zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti laureati Said Ahmadning uy-muzeyi bo‘lishi kerakmi-yo‘qmi?
– E, yo‘q, menga muzey-puzey kerak emas, – dedi ustoz kamtarlik qilib.
– Siz qiziq ekansiz, – dedim jiddiy ohangda, – davlat buni birovdan so‘rab o‘tiradimi? Sizdan keyin bitta qaror chiqadi-da, yo Ishchilar shaharchasidagi hovlingiz, yo bo‘lmasa, mana shu dacha muzeyga aylantiriladi.
– Shahardagi uy Nodiraniki, unga tegmalaring, – dedi Said Ahmad aka xavotirlanib.
– Bo‘pti, unda muzey shu yerda ochilar ekan-da. O‘zingiz o‘ylang, axir, kelgusi avlodlar Said Ahmad qayerda yashab ijod qilgan, deb so‘rasa, ularga bir joyni ko‘rsatish kerakmi-yo‘qmi?
Ustoz o‘ylanib qoldi. Sovet davrida qamalib yurak oldirib qo‘ygan odam emasmi, garchi bu gaplarni shogirdi bo‘lmish mendan eshitib turgan bo‘lsa-da, mening davlat xizmatchisi bo‘lib ishlashim u kishini jinday vahimaga solayotgani ham sezilib turardi.
– Axir, men dachani nevaram Sharofga meros qilib qoldirmoqchi edim, – dedi mo‘ltirab.
– E, Sharofingiz uylanmagan yosh bola bo‘lsa, ota-onasining oldiga borib yashayveradi-da, – dedim mavzuni battar avj oldirib. – Bo‘lajak muzeyning eksponatlari talon-toroj bo‘lib ketmasligi kerak. Qarshi bo‘lmasangiz, men ertaga Madaniyat vazirligidan bir mutaxassis yuborsam. Bafurja o‘tirib, hammasini “opis” qilib qo‘ysa...
Said Ahmad aka “opis” degan so‘zni eshitgach, rangi oqarib, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi.
– Hazillashma, bolam, men bu uy-joylarni ne azobda qurganman, endi tekinga davlatga berib yuboramanmi? Bo‘tda qancha narsa bor, bilasanmi? Manovi podvalda bundan yigirma yil burun, oltmish yillik yubileyimda kelgan o‘ttiz yashikdan ko‘p konyak, marochniy vinolar bor. Shukur har kuni kelib so‘raydi, bermayman, nima, endi shularning hammasi davlatga o‘tib ketadimi?
– Albatta, – dedim o‘yinni davom ettirib, – podvalingiz muzeyning “Said Ahmadning noyob vinolar kolleksiyasi” degan bo‘limiga aylantiriladi. Ekskursiyaga kelganlar tomosha qilib o‘tadi.
Ustoz chor atrofga vido nazari bilan mo‘ltirab qaradi-da:
– Shuncha narsani... shundoq bervoramanmi? Yo‘q, chidolmayman bunga, – dedi.
– Chidaysiz. Geroy bo‘lganingizdan keyin chidaysiz-da, – dedim u kishini yupatgan bo‘lib. – Mana, ustozlaringiz G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhorning oila a’zolari chidab, uylarini muzey qilib qo‘yishibdi-ku.
Said Ahmad aka uh tortib, bosh chayqadi.
– E, vahimang ham bor bo‘lsin, – dedi nihoyat, – raz ish shunaqa bo‘lsa, birinchidan, hozir o‘ladigan ahmoq yo‘q. Ikkinchidan, davlatga muzey kerak bo‘lsa o‘zi qurib olsin, birovning uy-joyiga ko‘z olaytirmasin, xo‘pmi?.. Esizgina, kecha Anvar bechorani xafa qilmasdan, shu kuldon o‘lgurni bervora qolsam bo‘lmasmidi, baribir davlatga o‘tib ketar ekan...
Shu joyga kelganda men kulib yubordim va ustozga bularning hammasi shunchaki hazil ekanini aytdim. Ammo u kishining avzoyidan gapimga ishonmagani sezilib turardi.
Xayriddin SULTON
“Navoiy-30” kitobidan.
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q