Muallimdan tayoq yegan sulton


Saqlash
12:01 / 13.01.2025 0 1378

(Eski maktab hikoyati)

 

Olam sultoni erkatoy o‘g‘lini maktabga berdi. Saroyda o‘ynab-kulib, yegani oldida, yemagani ortida bo‘lib yurgan tantiq shahzodaga o‘qish tartib-qoidalari qiyinlik qildi. Muallim bolalarga qattiq talablar qo‘yar, yaxshi o‘qimaganlarni tayoq bilan urardi. Uning adab tayog‘i zarbidan yeb ko‘rgan shahzoda chiday olmadi. Kechki payt otasiga shikoyat qildi:

 

– Otajon, men sizning o‘g‘lingiz emasmanmi?

 

– Nimaga unday deysiz, o‘g‘lim, – dedi sulton, – siz taxt-u tojimning yarashgan gavhari, saltanatimni bezagan umid yulduzimsiz.

 

– Siz shavkatli Rumning ulug‘ sultoni, men o‘g‘lingiz bo‘ladigan bo‘lsam, unda anavi muallim afandi nega meni yotqizib olib tovonimga tayoq bilan uraveradi, qul bolalar qatori har kuni tayoq yeyman?

 

– Xafa bo‘lmang, o‘g‘lim, – dedi ota, – men ertaga maktabga borib, shahzodaga qo‘l ko‘tarishga jur’at qilgan o‘sha zo‘ravon muallimingizning o‘ziga adab tayog‘i qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib kelaman.

 

Tong ham otdi. Sulton Yildirim Boyazid bir mulozimini maktab muallimi yoniga yuborar ekan, unga shunday deyishni tayinladi: “Amir Sulaymonning sog‘ligi yaxshi emas, birozdan keyin o‘zim olib boraman. Men borib muallimni qattiq koyiy boshlagan zahotim u meni ayab o‘tirmay uraversin. Bo‘lmasa ish buziladi, shahzoda o‘qishga qiziqmay qoladi”.

 

Alqissa sulton o‘g‘lini yetaklab maktabga boribdi. Ichkari kirib so‘z boshlabdi:

 

– Ey zamona domullosi, men sizga ishonib o‘g‘limni o‘qishga beruvdim. Yanglishgan ekanman. Siz uni o‘qitish o‘rniga qul bolalar qatori urar ekansiz.

 

Muallim bir uzun tayoqni devorga tirab qo‘ygan ekan. Sulton gapini tugatishi bilan muallim javob beribdi:

 

– Har og‘ochning mevasi undan uzoqqa tushmaydi. Siz o‘zingiz kim bo‘libsizki, o‘g‘lingiz yaxshi bo‘lsin?

 

Muallim shunday deb tayoqni olib goh sultonning etagiga, goh devorga, goh yerga tars-tars ura-ura maktabdan quvib chiqaribdi. Keyin shahzodani bir-ikki tayoq urib o‘rniga o‘tqazibdi. Bo‘lgan voqeadan qo‘rqib hayratga tushgan shahzoda jim o‘tirib o‘qishga majbur bo‘libdi. 

 

O‘sha kuni kechqurun ota o‘g‘liga shunday debdi:

 

– O‘g‘lim, o‘sha muallimingizdan qanday tayoq yeganimni o‘zingiz ko‘rdingiz. Endi jim o‘tirib o‘qimasangiz bo‘lmaydi. Men ham bolalik paytimda ustozlarning adab tayog‘ini yeb, itoat va xizmat qilib odam bo‘lganman. Ota-bobolarimiz ustoz jabri ota mehridan afzal, deganlar.

 

Tolib NOSIR

 

Ali ibn Husaynning “Toj ul-adab” (1453) kitobidan foydalanildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:03 / 19.03.2026 0 379
Oʻzbekistonga yashirincha kelgan yevropalik sayyoh

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 335
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 672
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 405
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari

Bir kuni...

11:02 / 05.02.2026 0 585
Kelajak bor



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 233278
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 112948
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 66258
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 55605
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 49959
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39221
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 38494
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 37475
“Avesto”

//