Har bir odam o‘z tilida gapirishi kerak – Chexovning hiylasi


Saqlash
12:11 / 26.11.2024 0 723

O‘qituvchi

 

Kunlarning birida A.P.Chexov meni Kuchuk-Koy qishlog‘idagi uyiga taklif qildi. Bu yerda yozuvchining ozgina yeri va ikki qavatli, mo‘jaz uyi bor edi. O‘zining “imenie”sini ko‘rsatar ekan hayajon bilan gapira ketdi:

 

– Agar pulim ko‘p bo‘lganda edi, men xuddi shu yerda kasalmand qishloq o‘qituvchilari uchun sanatoriy tashkil qilgan bo‘lur edim. Bilasizmi, shunday bir yorug‘ bino judayam yorug‘ va kattakon derazali, baland shiftli bino qurardim. Men bunyod qilgan ushbu sanotoriyning juda ajoyib kutubxonasi, har xil musiqa asboblari, asalarichiligi, poliz-sabzavot ekinlari ekiladigan tomorqasi va mevali bog‘i bo‘lardi. Bu maskanda agronomlik va meteorologiya bo‘yicha ma’ruzalar o‘qilar edi. Chunki o‘qituvchi hamma narsani bilishi kerak, ha, azizim, hamma narsani!

 

U birdan jim bo‘lib qoldi. Gaplariga alohida hayajon va diqqat bag‘ishlovchi yoqimli jilmayish bilan men tomonga yondan qaragancha ohista yo‘talib qo‘ydi.

 

Mening fantaziyamni eshitish siz uchun zerikarli bo‘lsa kerag-ov? Biroq, men bu haqda gapirishni xush ko‘raman. Rus qishlog‘iga yaxshi tarbiya ko‘rgan, aqlli, bilimli o‘qituvchi qanchalik zarur ekanini bilsangiz edi! Bizning Rossiyada maorif ishiga alohida shart-sharoit yaratish kerak. Bu ishga tezroq kirishishimiz zarur. Biz bir narsani yaxshi tushunib olishimiz shart: xalqi keng bilimlarga ega bo‘lmasa, davlat xuddi yaxshi pishmagan xom g‘ishtlardan yomon terilgan bino singari qulaydi!

 

O‘qituvchi o‘z ishini jondan sevguvchi artist, rassom, san’atkor bo‘lishi lozim. Bizda esa o‘qituvchi bu – qora ishchi, yomon ta’lim olgan saviyasi past odam. Uning uchun qishloqqa borib bolalarni o‘qitish bamisli surgunga borish bilan barobar. Chunki o‘qituvchi bir burda nonini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib yashaydi, och-yalang‘och va jamiyat tomonidan unutilgan insonga aylanib qolgan. Aslida o‘qituvchi qishloqning birinchi odami bo‘lishi lozim edi. U mujiklarning har qanday savoliga javob bera oladigan bo‘lishi, odamlar undagi bilimning kuchini his qilib, o‘qituvchiga hurmatga loyiq insonga qaragandek qarashi va e’zozlashi zarur. Bizda esa: uryadnik, boy do‘kondor, pop, daha politsiyasi boshlig‘i, maktabning homiysi, vasiysi, oqsoqol, maktab inspektori barcha-barcha o‘qituvchiga do‘q uradi, baqirib ish buyuradi, ishiga aralashadi, uni kamsitib tahqirlaydi, unga xo‘jayinlik qiladi.

 

Xalqni tarbiyalashga safarbar qilingan, tushunayapsizmi, aynan xalqni tarbiyalashga, – bunday insonga arzimagan choy-chaqa to‘lash o‘ta aqlsizlikdir. O‘qituvchining eski-tuski juldur kiyimda yurishiga, chala-vayron maktabda zax va sovuqdan qaltirab turishiga, o‘ttiz yoshga yetmasdan sil, revmatizm, laringit kassalliklarini orttirib olishiga sira-sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Axir bunday holat biz uchun, davlat uchun sharmandalik-ku! Bizning o‘qituvchilar sakkiz-to‘qqiz oy xuddi tarki dunyo qilgan zohidlarga o‘xshab kun kechirishadi: yolg‘izlikda, ko‘ngilxushliklarsiz, kitoblarsiz zehni past odamga aylanib qoladi. Mabodo biror o‘rtog‘ini suhbatga chorlasa, darrov uni ishonchni yo‘qotganlikda, shubhali shaxslikda ayblashadi. Shubhali shaxs ayyor odamlar ahmoqlarni qo‘rqitish uchun o‘ylab topgan naqadar be’mani so‘z!

 

Bularning barchasi juda katta va sermashaqqat ish qilayotgan odamning ustidan kulish, uni beayov tahqirlashdir. Bilasizmi, o‘qituvchini ko‘rganimda uning tortinchoqligidan, jur’atsizligidan, nochor kiyim-kechagidan, o‘ta qashshoqligidan, mayib-majruhligidan noqulay ahvolga tushib, uyalib ketaman va bunday holga, qaysidir ma’noda, o‘zimni aybdor his qilaman!

 

U chuqur sukutga ketdi va birozdan so‘ng o‘ychan ahvolda qo‘lini silkib, iztirob bilan shunday dedi:

 

Bizning Rossiya ana shunday be’mani va qo‘pol mamlakat.

 

 

Har kim o‘z tilida gapirishi kerak

 

A.P.Chexov bo‘yab-bejalmagan go‘zal oddiylikni, haqiqiylikni yoqtirar va odamlarni soddalashtiradigan o‘ziga xos uslubga ega edi.

 

Kunlarning birida xonani o‘tkir atir-upalarning anvoyi hidiga va ipak matodan tikilgan ko‘ylaklarining shitirlashiga to‘ldirib nihoyatda serhasham kiyingan uch nafar kibor xonim yozuvchi huzuriga kelishdi. Anton Pavlovichning ro‘parasidan joy olib, o‘zlarini siyosatga qattiq qiziqadigan qilib ko‘rsatib, yozuvchiga savollar bera boshlashdi.

 

Anton Pavlovich! Siz qanday o‘ylaysiz, urush nima bilan tugaydi?

 

Anton Pavlovich yo‘talib olgach, biroz o‘ylanib, yumshoq ohangda, ammo jiddiy ovozda javob berdi:

 

Aftidan, tinchlik bilan...

 

Ha, ha, albatta! Lekin kim g‘olib chiqadi? Greklarmi yoki turklar?

 

– Nazarimda, kim kuchli bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qiladi.

 

– Sizningcha kim kuchli? – chug‘urlashib baravariga so‘rashdi xonimlar.

 

– Kimki to‘yib ovqatlanayotgan va bilimli bo‘lsa, o‘sha kuchli...

 

Oh, qanday donolik!deb xitob qildi xonimlardan biri.

 

– Siz kimni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz – greklarnimi yoki turklarni? – dedi shosha-pisha xonim.

 

Anton Pavlovich xonimga qarab kulimsirab, nazokat bilan javob qaytardi:

 

– Men mаrmeladni yaxshi ko‘raman... siz ham yaxshi ko‘rasizmi?

 

– Juda, juda! – hayajonlanib javob qaytardi kibor xonim.

 

U shunday muattar hid taratadiki! kiborona tasdiqladi boshqasi.

 

Uchovlari ham marmelad bo‘yicha ajoyib eruditsiyalarini namoyish qilib, o‘zaro qizg‘in bahsga kirishishdi. Xonimlar o‘zlari va aql-idroklarini qiynamasdan mаrmеlad haqida suhbatlashayotganlaridan va o‘zlarini shu paytgacha o‘ylantirmagan, qiziqtirmagan turklar-u greklar mavzusiga juda jiddiy qiziquvchan qilib ko‘rsatishdek og‘ir vazifadan xalos bo‘lganlaridan xursand ekanliklari yuzlaridan yaqqol ko‘rinib turardi.

 

Ular keta turib Anton Pavlovichga:

 

Biz sizga marmelad jo‘natamiz,deb va’da berishdi.

 

Kibor xonimlar jo‘nab ketishganidan so‘ng:

 

– Siz ajoyib suhbat qurdingiz, – dedim.

 

Anton Pavlovich sekin kulib:

 

Har bir odam o‘z tilida gapirishi kerak...,dedi.

 

 

Prokuror

 

Boshqa bir safar yozuvchi huzurida yosh, kelishgan o‘rtoq prokurorga duch keldim. U Chexov qarshisida o‘tirib olib, jingalak sochli boshini silkita-silkita dadil gapirardi:

 

Anton Pavlovich, siz Yovuz niyatli odam hikoyangiz bilan mening oldimga juda qiyin savol qo‘yasiz. Agar Denis Grigorevda yovuz niyat borligiga va ongli ravishda harakat qilayotganiga ishonsam, jamiyat manfaatlari talab qilayotganidek, men uni qamoqqa olishim kerak bo‘ladi. Biroq u yovvoyi odam, u o‘z qilmishining jinoyat ekanini sezmaydi, men unga achinaman! Lekin, mabodo men unga achinib yoki ongsizlarcha harakat qilayotgan subyektga qaragandek munosabatda bo‘lsam, boringki qalbimda rahm-shafqat ham uyg‘ondi deylik, ammo men bu bilan Denis yana jinoyat yo‘liga kirmaydi, temir yo‘l relsi gaykasini burab poyezdlar halokatini uyushtirmaydi, deb jamiyatimizga kafolat bera olmayman! Mana sizga jumboq! Bunday holda nima qilishimiz kerak?

 

U o‘zini orqaga tashlab jim bo‘lib qoldi va sinovchan ko‘zlari bilan Anton Pavlovichga tikildi. Prokurorning egnidagi mundir yap-yangi bo‘lib, tugmalari odil sud jonkuyarining o‘zini do‘st qilib ko‘rsatayotgan hissiz va sovuq ko‘zlaridek yaltiroq va ma’nosiz edi.

 

Mabodo men sudya bo‘lganimda, deb jiddiy ovozda gap boshladi Anton Pavlovich, men Denisni oqlar edim...

 

Nimaga asoslanib?

 

Men unga shunday derdim:Denis, sen hali ongli jinoyatchi bo‘lib pishib yetilmading, bor va pishib yetil!.

 

Huquqshunos xoxolab kulib yubordi va shu ondayoq jiddiy hamda tantanavor ohangda davom etdi:

 

Yo‘q, Anton Pavlovich, siz qo‘ygan savolga faqat men qo‘riqlashga safarbar qilingan jamiyat va uning hayoti, mulki manfaatlari doirasida javob berish mumkin. Ha, tonmayman, Denis yovvoyi, lekin shunday bo‘lsa-da u jinoyatchi, mana sizga haqiqat!

 

Sizga grammafon yoqadimi?to‘satdan muloyim navozish bilan so‘radi Anton Pavlovich.

 

O, juda-juda! Ajoyib ixtiro!jonlanib javob berdi yosh prokuror.

 

Grammafonga mening aslo toqatim yo‘q!xomushlik bilan tan oldi yozuvchi.

 

Nimaga?

 

– Shuning uchunki, grammafon kuylab gapiradi-yu, ammo hech narsani his qilmaydi. Va grammafon yomon chizilgan rasm monand o‘lik, tuyg‘usiz... Siz fotografiya bilan shug‘ullanasizmi?

 

Yurist fotografiyaning qizg‘in ishqibozi bo‘lib chiqdi. U Anton Pavlovich nihoyatda nazokat bilan sha’ma qilgan ajoyib ixtiro” – grammafonga o‘xshashligini unutib fotografiya haqida to‘lqinlanib gapira ketdi. Shu daqiqalarda mundir ostidan hayotda hozircha o‘zini ovdagi kuchukvachcha kabi tutayotgan alomat bir odam namoyon bo‘ldi.

 

Yosh prokurorni kuzatib, Anton Pavlovich sarkashlik bilan shunday dedi:

 

Ana shunday dumbul, shafqatsiz, insoniy tuyg‘ulardan mahrum kimsa odil sudlov kursisida o‘tirib, odamlar taqdirini hal qilmoqda.

 

Birozdan keyin qo‘shib qo‘ydi:

 

– Prokuror tushmagur baliqni qarmoqqa ilintirishni juda yaxshi ko‘rar ekan. Ayniqsa mayda baliqni!

 

Maksim GORKIY

 

“Chexov huzurida” bitigi.

 

Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 214
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 506
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 223
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 250
Moʻjizaning bahosi



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219062
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104648
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35161
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27518
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27329
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26424
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25297
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22478
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//