Bilasizmi?
Antik dunyo shoiri Gomerning “Iliada” va “Odisseya”sidan tutib to Dantening “Ilohiy komediya”si, Rablening “Gargantua va Pantagruel”igacha boʻlgan koʻplab badiiy asarlarda fantastika unsurlarini uchratish mumkin. Ammo “xayol sahrosining sayyohlari” deb atalgan bir qator adiblar fantastika janrini rivojlantirish bilan birga bashariyatning asosiy tayanchi sanalgan ilm-fan uchun ham arzirli ishlarni amalga oshirishgan. Tomas Edisson, Maykl Faradey, Albert Eynshteyn kabi dunyoning koʻplab taniqli olim va ixtirochilari ilmiy-fantastik adabiyotning mohiyati, ularni yangi kashfiyotlarga undagan asosiy turtki ekanini taʼkidlashgani soʻzimizning isbotidir.
Ularning aksariyati Jyul Vern, Xensberg va Gerbert Uellsdan taʼsirlanishgan. Ammo keyinchalik Ayzek Azimov, Robert Xaynlayn, Rey Bredberi, Artur Klark, Aleksey Tolstoy, Aleksandr Belyayev va boshqa koʻplab yozuvchilar ilmiy fantastikani XX asr ilm-fanining asosiy motivatsiya manbaiga aylantira oldi. Xususan, 1926-yilda Xensberg tomonidan adabiyotga kiritilgan “ilmiy fantastika” atamasi badiiy tasavvur va pragmatik fikr oʻrtasidan muqim joy egalladi.
Daho yozuvchi Jyul Vern oʻzining “Havo shari bilan besh hafta”, “XX asrda Parij”, “Yer markaziga sayohat”, “Yerdan oygacha”, “20 ming metr suv ostida”, “Dunyo boʻylab 80 kun sayohat” asarlari orqali oʻnlab ixtirolarga gʻoya vazifasini oʻtagan. Masalan, elektrostul, suvosti kemasi, vertolyot, samolyot, burgʻilash uskunasi, raketa kabi ixtirolar ham yozuvchi gʻoyalari, asarlarida keltirilgan narsalar edi. Shu bois, ilk bor Shimoliy qutbga uchgan admiral Richard Burd “Jyul Vern menga yoʻl koʻrsatdi” degani, suvosti dunyosining bilimdoni sanalgan Saymon Leyk esa “Jyul Vern mening ilhom manbaim”, deya eʼtirof etgani bejiz emas.
Adib nogiron boʻlib qolgunicha dunyoning koʻpgina quruqlik va suv havzalarini kesib oʻtadi hamda zilzilalar, suvostidagi tektonik jarayonlar, harorat va bosimning oʻzgarishi kabi ilmiy masalalarni ilk bor oʻz asarlarida nazariy asoslab taqdim etadi. U asarlarida oʻsha davrda mavjud boʻlmagan va insoniyatni hayratga solishi mumkin boʻlgan koʻplab texnikalarni tasvirlagan. Xususan, romanlaridan biridagi “Nautilus” suvosti kemasi oʻsha paytda koʻpchilik tomonidan tan olinmagan, odamlar ijodkorning ustidan kulishlariga sabab boʻlgan. Bugun esa, bilasizki, yozuvchining suvosti kemasi, uni yorituvchi elektr toki, rezina oʻqlar haqida yozganlari haqiqatga, oddiy, kundalik narsalarga aylandi. Xususan, daho adibning bashorati 1917-yilda amalga oshdi va uning sharafiga kema “Nautilus” deb nomlandi. Qisqa qilib aytganda, Jyul Vernning 108 ta fantastikaga yoʻgʻrilgan gʻoyasidan atigi 10 tasi notoʻgʻri yoki prinsipial jihatdan amalga oshirishning imkoni boʻlmagan, ammo qolgan gʻoyalari olimlar tomonidan yaratilgan va yaratilmoqda.
Endi esa Jyul Verndan ilhomlanib ilmiy fantastika yoʻnalishidan borgan ingliz yozuvchisi Gerbert Uells va amerikalik adib Robert Xaynlaynning bashoratlari haqida ham qisqacha toʻxtalsak. “Koʻrinmas odam” va “Olamlar jangi” kitoblari muallifi Gerbert Uells asarlarida bashorat qilgan 86 ta gʻoyadan 75 tasi yo roʻyobga chiqqan yoki zamonaviy ilm-fan xulosalariga koʻra albatta amalga oshirish mumkin. Yozuvchi XIX asr oxiri va XX asr boshlarida yozgan bir asarida atom bombasi haqida maʼlumotlar beradi. Uning boshqa asarlarida hatto radioaktiv zaharlanish va bakteriologik qurollar va zamonaviy mikrobiologiyaga oid ilk tasavvurlarni ham uchratish mumkin. Xususan, “Olamlar jangi” asarida u NASA tomonidan bugun Marsda kashf etilgan baʼzi ilmiy faktlar borasida toʻxtalgan. Masalan, UNO kemasi va u taratgan yashil chiroq haqidagi ilk maʼlumotlarni ham shu asarda oʻqishimiz mumkin.
Robert Xaynlayn esa oʻz asarlarida ilmiy farazlar bilan birga uning kelajakda insoniyat boshiga olib kelishi mumkin boʻlgan ofatlarini ham bashorat qilgan. Masalan, amerikalik yozuvchi Xirosima fojiasidan toʻrt yil avval – 1941-yilda yozgan “Omadsiz intiho” qissasida amerikaliklar “Uran-235” nomli snaryad tayyorlayotgani va uni urush oxirlarida dushmanning yirik shaharlaridan biriga tashlashini yozgan. Uning bashorati shunchalik aniq va ravshan ediki, yozuvchi keyinchalik harbiy sirlarni tarqatganlikda ayblanadi hamda jinoiy javobgarlikka ham tortiladi. Binobarin, oʻsha paytlari AQSHda atom quroli boʻyicha tadqiqotlar boshlanganiga qaramay, u nihoyatda yashirin tarzda amalga oshirilayotgan edi...
Rahmat BOBOJON tayyorladi.
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q