Boyqaro ta’sis etgan “Oliy majlis”


Saqlash
16:12 / 22.12.2021 0 2760

Xuroson hukmdori Husayn Boyqaro saroyida muntazam adabiy yig‘inlar o‘tkazilgani ma’lum. Ijodiy mashvarat esa tarixiy manbalarda “oliy majlis” deya tilga olinadi. Xususan, Alisher Navoiy “Xazoyin ul-maoniy” debochasida bunday yozadi: “...ul hazrat (Husayn Boyqaro) o‘z oliy majlisida o‘ltirar, ...ellik, oltmish yo yuz g‘azalga yaqin yig‘ilsa erdi, hazrati Sultoni sohibqironga ko‘rib chiqish uchun yetkurur erdim va ul hazrat alarg‘a shafqat yuzidan boqib, zeb-u ziynatlab, tabdil qilib, har g‘azalni tartibga keltirur erdi” (Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami. 1-jild. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2012. 17-bet).

 

Xo‘sh, “oliy majlis” deya ulug‘langan adabiy hay’at ahli kimlardan iborat bo‘lgan?

 

Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida Navoiyni fazilat va kamolot majlislari to‘rida o‘tiruvchi siymo deb ataydi. Zayniddin Vosifiy esa “Badoye ul-vaqoye” asarida Husayn Boyqaro oliy majlisga Navoiydan tashqari Pahlavon Muhammad, Xojagi Abdullo Marvarid, Xoja Kamoliddin Husayn Nizomulmulk, Amir Sayyid Badr, Mirqosim Turkigo‘y, Amir Joniy mavla, Amir Nizom Muqallid, Qosim Mirhusayniy, Mirzoyi Taryokiy, Tohir Chakka, Sarvi Labijo‘y, Mohi Simnoniy, Mirak Za’faroniy, Ruhullo pari, Shomuhammad xonanda kabi adabiyot va san’at ahlini taklif etganini yozadi.

 

Yig‘inlarning “oliy majlis” deb atalgani bejiz emas. Birinchidan, yig‘in saroyda – oliy dargohda bo‘lib o‘tgan. Ikkinchidan, unda Xuroson mamlakatining ilm-u ijodda peshqadam zotlari, ya’ni o‘z davrining elitasi jamuljam bo‘lgan. Uchinchidan, bu majlislarda adabiyot va san’atga doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan.

 

Oliy majlis o‘z davrining nozim va nosir ahli uchun tahrir hay’ati vazifasini o‘tagan. Adabiy hay’at hukmiga yangi asarlar havola qilingan. Hay’at ahli bildirgan fikr-mulohazalar asosida asarlardagi kamchiliklar tuzatilgan.

 

“Majolis un-nafois”da hikoya qilinishicha, oliy majlisda Xusrav Dehlaviyning bir g‘azali muhokama qilinadi. She’rda yiqilayotgan mahbub yomg‘irga suyanib, balchiqdan turgani qalamga olinadi. Ko‘pchilik maqtayotgan ushbu g‘azalga Husayn Boyqaro e’tiroz bildirib, mahbubning osmondan yerga yog‘ayotgan yomg‘irga suyanishi mantiqqa ziddir, deydi. Majlis ahli Sultonning haqli e’tiroziga tahsin aytadi. Bundan tashqari, hukmdor majlisda o‘qilgan Kobuliy taxallusli shoir g‘azalidagi bir bayt Navoiyniki ekanini payqab qoladi. Navoiy haqiqatan ushbu baytni tahrir qilish asnosida qayta yozib berganini ma’lum qiladi. Bu voqea Boyqaro do‘stining she’riy uslubini mukammal bilganidan dalolatdir.

 

“Muhokamat ul-lug‘atayn”da oliy majlislarda tilshunoslik masalalari ham muhokama qilingani qayd etiladi. Umuman, adabiy yig‘inda nafaqat tilshunoslik, balki badiiy, falsafiy, diniy va boshqa masalalarda bahs-munozaralar qilingan.

 

Manbalarga ko‘ra, oliy majlis nazm va nasr javohirlarini ko‘chirtirib, tarqatishga-da ko‘mak bergan. Sulton kutubxonasi boshlig‘i, shoir Mavlono Fasihiddin Sohibdoro adabiy yig‘inda muntazam ishtirok etgan. Majlis qarori bilan kitobat qilingan noyob qo‘lyozmalar saroy kutubxonasidan joy olgan.

 

Husayn Boyqaro adabiy yig‘inlarni tashkil etishda bobosi Amir Temurdan o‘rnak olgan. “Temur tuzuklari”da Sohibqiron saroyida muntazam majlislar o‘tkazilgani va majlis ahliga maosh tayinlangani qayd etiladi (Temur tuzuklari. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2014. 90100-betlar).

 

Vengriyalik sayyoh Herman Vamberi e’tirof etganidek, madaniyat va san’at Andalusiyada umaviylar, Arabistonda abbosiylar davlatini istisno etganda, islom olamining boshqa biror o‘lkasida temuriylar davridagi kabi nash’u namo topmadi (Vamberi H. Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990. 72-bet). Temuriylar davri ma’naviy taraqqiyotida esa Hirot saroyidagi oliy majlislarning ham munosib hissasi bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmas.

 

Sherxon QORAYEV,

mustaqil tadqiqotchi

 

Tafakkur jurnali, 2017-yil 4-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

15:03 / 19.03.2026 0 217
Oʻzbekistonga yashirincha kelgan yevropalik sayyoh

Bilasizmi?

10:02 / 25.02.2026 0 221
Evtanaziya huquqmi yo qadriyatlarga qarshilik?

Bilasizmi?

17:02 / 23.02.2026 0 580
Nega 23-fevral emas, 14-yanvar?

Bilasizmi?

12:02 / 16.02.2026 0 346
Boqiylik formulasi: Qadimgi Misr mumiyolash sirlari

Bir kuni...

11:02 / 05.02.2026 0 511
Kelajak bor



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 232867
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 112658
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 65294
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 55095
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 49479
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 39087
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 38161
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

Qomus

16:04 / 25.04.2023 1 36767
“Avesto”

//