Koreyada yopilgan non


Saqlash
16:08 / 06.08.2024 0 743

Janubiy Koreyada tun yarimdan ogʻdi. Men onamning jizzali, piyozli nonlarini sogʻinib xamirga urindim. Tayyorlay turib tandirimiz oldidagi eski arqondan boʻlgan halinchak yodimga keldi. Kimlar uchmagan, kimlar yiqilmagan undan. Onamning tandirdan chiqqan qip-qizil yuzlari, “orqamda turmanglar” degan gaplarini ich ichimdan sogʻinib ketdim. Har gal non uzib olayotganlarida bitta istak bilan atrofda kuymalanardik. Qaysidir nonning tagi tandirda qolib qattiroq boʻlsa-yu biz suvga botirib, qirsillatib yesak. Bir safar bir tandir nonning yarmi shunday boʻldi. Onam hazil aralash “Tagi menga, tagi menga deding mana yarmi shunaqa boʻldi, olinglar endi” deb aybni bizga toʻnkagandek boʻlgandilar. Qayoqqa otlanmay, albatta, “ikkita rizqim”ni qoʻshib qoʻyardilar. Tandirimiz menga tengqur edi. Ichidan, tashidan toʻkilgan, tushgan joylarini onamning oʻzi “pardozlab” olardilar. Hozir yangi joyga, boshqa tandir qurilgan…

 

Oʻzbeklardek nonni sevadigan xalqni hali koʻrmadim. Nonga alohida qadriyat deb qaraymiz. Qiz uzatishda ham “non yopishni eplaydigan, surpa taxtaga chaqqon” boʻlishiga eʼtibor beramiz koʻpincha. Non bilan bogʻliq tashbehlar, xotiralar, albatta onalarimizga ulanadi. Turmush oʻrtogʻim bilan tanishib qolishimizga ham shunday qadrdon tashbehlardan biri sabab boʻlgan.

 

Andijondan Fargʻonaga “tushdim”. Toʻy bir kun avval ota uyimda boʻldi, xayrlashuv marosimidan keyin ikkita nonni tutqazib kuzatib qolishdi. Kuyov tomonda toʻy bir kun keyin boʻlgani uchun turmush oʻrtogʻimning kichik xolasinikida tunaganmiz. Oʻsha payt xolamizning sogʻligi biroz yaxshi emas, oʻzining aytishicha, gʻuvullagan boshi bilan meni atlas-u adraslarda ikkita nonni qoʻltiqlagancha kirib kelganimni koʻrib shoshib qolgandi. Shu xolamiz hamma kelin, qizlarga sirdosh. Olis-yaqin xotiralaridan baʼzan ibrat uchun, baʼzan yurak yozishga hikoya qilib qoladi. Shunday suhbatlarning birida “Eʼzozxon, xudo xohlasa katta tandir qurdiraman, nabiralarim koʻp boʻladi. Kelinimga non yopishni oʻrgataman. Qiy-chuvdan qochib, oyijoningizga telefon qilaman: “Opa bitta oʻzingmisan uyda, ikki soat uxlavolishga boraman” deyman deb niyat qildi. Bittagina oʻgʻlining boʻyi bilan birga ulgʻayayotgan orzularidan biri bu. Uyidagi tandiriga oʻt yoqilmaganiga yillar boʻlgan. Sogʻligi tufayli non yopish ham, yeyish ham mumkin emas. Tandiri ham xafalikdan toʻkilib qolgan. Negadir tandiriga oʻt yoqmasa ham doim shox-shabba bilan toʻldirib qoʻyardi. Sababiga tushunmasdim. Bir gal tandirga qarab xayr-xoʻsh qilayotganini koʻrib, kula-kula oldiga borsam, tandirni orqasi teshilib, qoʻshni ayol koʻrinadigan boʻlib qolgan ekan. Hamsoyasiga “oz qoldi katta tandir qurdiraman qoʻshni, chiqinglar, qizim kelgan” deyayotgan ekan. Bu faqat tandir non orzusi emas bunday oʻylab qarasa. Bu yillarki yolgʻizlikdan toliqqan onaning katta oilaga aylanish istagi. Butun umrlik, intiqib kutayotgan baxtli kunlari.

 

Fargʻonada qaynona oyimdan non yopishni oʻrgandim. Menga zuvala qilishni deyarli hamma oʻrgatib chiqqan boʻlsa-da, haliyam maromida qilolmayman. “Zuvalani chiroyli qilganni bolalari chiroyli boʻladi”, deb qoʻrqitib ham koʻrishgan.

 

Qaynonam nabirasi bilan tandirxonaga moʻralab, “Yaxshi boʻldimi, yopib oldingizmi”, desa hayron boʻlardim. Kiravermaysizmi, desam, “Yoʻq, oʻxshamay qoladi. Biz qizim bilan aylanib kelamiz” derdi-yu, nonlarni uzib olganimdan keyin kelib, kayfiyatimdan natijani bilib olardilar. Buzib qoʻysam, “shunaqasiniyam yeb turish kerak, biz ham buzganmiz” deb indamay ketardi. Fargʻonada nonga yoppa chekich uriladi. Patir deyiladi shunisi. Andijonda non yopgan odammasman. Bir marta borib yopib berdim, lekin onamga yoqmay qattiq nonga toʻgʻrab qoʻydi. Onam tabiatan epchil, hamma ishni maromida qiladigan ayol. Besh qizdan bittamiz ham onamga oʻxsholmadik. Onamni istagiyam shu edi. Qaynonam ham baʼzan menga oʻxshamang, deb urishib qoladilar. Bizdan yaxshiroq boʻlinglar deydi… Hamma onalar bir xil, mehribon boʻlishi bor gap, deyman ular haqda oʻylarkanman. Shu xayollar bilan nonni ham pishirib oldim. Pechdan parcha neʼmatni olarkanman, nafaqat uyimiz, balki butun Koreya issiq non hidiga toʻlib ketgandek boʻldi, nazarimda.

 

E’zoza OBIDJONOVA

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 70
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 191
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 504
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 922
“Birpas”mi, “ikkipas”?..

Qatra

18:10 / 30.10.2024 0 235
“Yashashga shoshilaman”



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218637
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104440
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33456
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27216
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26147
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24656
Alpomish

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24625
Xarakter

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21590
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//