Bilasizmi?
Sap-sariq dashtlar, kimsasiz, jizgʻanak yoʻllar, Buyuk Yaratmishning yaratiqlari sabab zaminga koʻrk va viqor bermish ulkan qirlar, Misr ehromlaridan tabiiy, taram-taram adirlar koʻnglimga yozning jaziramasidek bir taft bermish. Haydovchi Ismoil buva olis yoʻlning tanobini bildirmay uzoq-yaqin oʻtmishdan hikoyalar soʻzlab kelayotir. Qariyb yetmish toʻrtga kirayotgan boboning soʻzidek oʻzi ham tetik, vohaliklarga xos doʻlvar va oʻktam.
– Bir kuni odatdagidek poytaxtdan Surxonga yoʻl oldik, – deya yangi bir aytimini boshladi otaxon. – Old oʻrindiqda bir yigit, Rossiyadan Vatanga qaytayotgan ekan. Uyni koʻrmaganiga yil boʻlgan, koʻzi olamga toʻymay, alanglab, zavqlanib borayotir. Yoʻlda ketarkanmiz, mashina yoʻlini bir it kesib oʻtib qoldi deng. “Ana boʻri oʻtdi!”, dedim yoʻlovchilarimga eshitgulik qilib. “Qani, qani?” deyishdi bari. “Ana, girdoli orqasiga oʻtib ketdi” dedim. Oldindagi yigit, “Qanaqasiga boʻri boʻlsin, it-ku bu buva” dedi. “Yoʻq boʻri” dedim bamaylixotir. U esa aytganidan qolmadi. Orqada oʻtirganlar meni tushundi chogʻi, miyigʻida kula boshlashdi. Yigit tushmagur esa “it edi, koʻzdan qolibsiz, buva” deyishgacha bordi-da. Achchigʻim chiqib, mashinani bir chekkaga toʻxtatdim. Yigitga qarab turdimda, “Koʻr sen boʻlasan, oʻz odatingni, elingni unutgan” deya quloq chakkasiga tushirdim. Yigit bir oz kalovlanib turdi-da, soʻng “Kechirasiz, buva rostan unutibman” dedi. Shuytib bizda yoʻlni kesib oʻtgan jonzotni xayrli bilib, irimiga “boʻri oʻtdi” deyishimizni musofirlikdan kelayotgan bachchaga eslatib qoʻydim-da.
***
Har bir elning oʻz udimi, tutgan tutimi bor. Bu odatlar, kishilardagi feʼl-atvor oʻsha yerning tabiati, shart-sharoiti bilan ham bogʻliq. Masalan, tabiatdagi dagʻallik, dashtlaridagi kenglik shu yurt odamlarining siyratida ufurib turadi. Necha yillardan beri kuzatishlarim bois, mehnatkash, sodda, rostgoʻy surxonliklarning har bir xizmati beminnatligini kuzatdim. Birovga yaxshilik qilsa minnat qilmaydi, biron narsa tama ham qilmaydi.
Bir mashina odam bilan yoʻl chetida toʻxtadik. Orqadagi ayol haydovchiga pul uzatdi. Oldindan aytib qoʻygan ekanmi, haydovchi yigit yoʻlning narigi tarafiga serqatnov yoʻlni amallab kesib oʻtdi-da, toʻrtta tandir non oldi. Qaytishda ham shu zayl bazoʻr koʻchadan oʻtdi-da, nonlarni boyagi ayolga uzatdi. Ayol esa, jaziramada shuncha yoʻlovchilarni kuttirganiga uzr ham aytmadi, xizmatini qilgan haydovchiga rahmat ham. Odamlarga razm soldim. Hech kimda bir ogʻrinish sezmadim. Bu mayda yumush qilinishi shart boʻlgan yaxshilik, qolganlar esa buni tabiiy qabul qilishi shart boʻlgan eldoshlar edi, nazarimda. Boshqa joyda boʻlsak, ayol oʻzi tushib non olar, qayta-qayta uzr soʻrar, biz hamrohlar esa manzilga kechikayotganimizni oshkora toʻngʻillab aytarmidik balki… Kim bilsin, ammo hozir yangroq kuy avjida yoʻlni jimgina davom etdik…
***
Oftob tafti pasayib, salqin hovlilardan odamlar chiqa boshlaydi. Qoʻli qadoq, boshidan roʻmoli tushmaydigan qiz-juvonlar koʻchalarga seloblab suv sepadi. Bu yurtda oqib oʻtayotgan suvga faqat toza idishlar botiriladi. Suvni toza saqlash, uni isrof qilmaslikni yetmish yoshdagilar yetti yoshdagilarning qulogʻiga iladi.
Oqshom chogʻi tuproq isi ufurgan mahallalardan qoʻlida ikkita kulcha yoki bir kosa ovqat koʻtarib olgan oʻsmirlar koʻzga tashlanadi. Hamrohimdan buning sababini biron bayram arafasidanmi deya, soʻrayman. U boʻlsa, xotirjam: “Agar bu faqat arafalarda qilinsa, bizda doim bayram ekan-da. Bizlarda yaxshi taom qilinsa, hamsoyalarga, keksa buva va momolarga iliniladi. Bu shunchaki yoʻqlov” deydi.
***
Sangardak. Bu nom koʻpchilikka tanish. Goʻzal tabiati, beqiyos sharsharalari, etni junjiktiruvchi soylari, mazali qovurma goʻshtlarini boshqa yerda uchratish qiyin.
Ayniqsa, togʻ bagʻridan chiqib, ming bitta nur zarrachalariga boʻlinib, issiqdan koʻngli-yu, koʻzi kuygan odamlarga orom beradigan Sangardak sharsharasi (el tilida Sharrai mozor) bu kentni tillarda doston qilgan. Qishloqni sayr etarkanmiz, tekis yoʻllar, amfiteatr, toʻyxona, mahalla guzari, masjid, zamonaviy maktablarni koʻrib, ajib shaharchaga tushib qolgandek boʻldim. Ziyoratgohlarini avaylab, umri toza havo, ajib turmush tashvishlari bilan oʻtayotgan qirmiz yuzli togʻ odamlariga negadir havas qildim.
Nargiza ASADOVA
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q