Bilasizmi?
Parvarishlangan teri, nafis turmak, chiroyli tirnoqlar – har qanday ayol tashqi goʻzalligining muhim omili. Shu bois, goʻzallik salonlari, sartaroshxonalar, kosmetologiya markazlari doim gavjum boʻladi. Ammo koʻpincha koʻz oʻngimizda sodir boʻlayotgan yoki qulogʻimizga chalinayotgan holatlar – baʼzi goʻzallik salonlaridagi gigiyena masalasi ancha ogʻriqli ekani barchamizdan eʼtiborli va hushyor boʻlishni talab etadi.
Goʻzallik salonlari va sartaroshxonalar xodimlari qanday talablar asosida ish olib borishi kerak?
Aholiga xizmat koʻrsatadigan sartaroshxona va kosmetologiya xizmatlari ishchi-xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtgan boʻlishlari, manikyur, pedikyur va kosmetik kabinetlarda har bir ish joyida mijozlarga sifatli xizmat koʻrsatish uchun uch komplekt instrumentlar bilan taʼminlangan boʻlishi darkor. Har bir mijozga toza oqlik (sochiq, salfetka, choyshab) ishlatilishi va ishlatilgandan keyin oqliklar yuvilishi muhim hisoblanadi.
Yuqumli hamda parazit kasalliklarning yuqishining oldini olish maqsadida har bir mijozdan keyin ishlatilgan instrumentlar zararsizlantiruvchi eritma solingan idishga solinib, 15 daqiqa davomida zararsizlantirishi, soʻngra toza suvda yuvilib, sterilizatsiya qilinishi, toza instrumentlar maxsus metall qutilarda, usti yopiq holatda saqlanishi kerak.
Xodimlar shaxsiy ustki kiyim, oyoq kiyim va bosh kiyimlarni yechinib-kiyinish xonasida qoldirishi, ish uchun maxsus toza kiyim kiyishi, ish boshlashdan oldin va mijozga xizmat koʻrsatilgandan keyin qoʻllarni sovun bilan yuvishi, kosmetologiya xonalarida qoʻl terisini zararsizlantirish uchun antiseptiklarni qoʻllash, sochni boʻyashda rezina qoʻlqoplardan foydalanishi lozim. Ish joyida ovqatlanish va chekish maʼn etiladi. Shuningdek, dezinfeksiya ishlari vaqti-vaqti bilan oʻtkazib turilishi uchun davlat tasarrufidagi yoki xususiy dezinfeksiya tashkilotlari bilan shartnoma asosida zararsizlantirish ishlarini olib borish talab qilinadi.
Sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlarini buzib, mijozlarga zararsizlantirilmagan va sterilizatsiya qilinmagan ish anjomlari hamda oqliklarni ishlatgan holda va shu jarayonida kasalliklar va boshqa infeksiyalarni boshqalarga yuqtirgan (shuningdek, tarqalishiga sabab boʻlgan) goʻzallik salonlari va sartaroshxona xodimlariga nisbatan amaldagi qonunchilik asosida jinoiy ish qoʻzgʻatilishi mumkin.
Jahongir Mirzamuhammedov, Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Kommunal gigiyena boʻlimi mudiri, shifokor:
– Bugungi kunda 100 dan ortiq patogen mikroorganizmlar, shu jumladan sogʻliq uchun juda xavfli va goʻzallik salonida yuqtirish mumkin boʻlgan mikroorganizmlar maʼlum. Ular inson hayoti uchun bir muncha xavf tugʻdiradi. Shu bois ularning eng koʻp tarqalgan turlaridan xabardor boʻlish va saqlanish salomatligimiz uchun zarur, deb hisoblayman. Ommaviy kosmetologiya jihozlaridan yuqadigan eng koʻp yuqadigan mikroblar quyidagilar:
Tirnoqlar zamburugʻi – sogʻlom odamning tirnoqlariga zararlangan jihozlar bilan ishlov berish deyarli 100% holatlarda kasallik yuqishiga olib keladi.
Pedikulyoz – parazit kasallik, mijozlar bilan ishlaganda sanitariya normalariga amal qilmaydigan goʻzallik salonlari, sartaroshxonalarda tez-tez uchraydigan “mehmon”. Kasallik toza boʻlmagan vositalar, kesilgan va oʻz vaqtida tozalab olinmagan soch qoldiqlari orqali oʻtadi.
Gerpes virusi – lablarda, burun va ogʻiz shilliq qavatlarida, kamdan-kam holatlarda koʻzlarning burchaklarida, chovda, tirnoqlar yonida davriy toshmalar koʻrinishida namoyon boʻladi. Piling, mezoterapiya, lablarning permanent makiyaji va hatto terining sezilarsiz shikastlanishi bilan bogʻliq boshqa protseduralar paytida gerpes virusini yuqtirish xavfi mavjud.
Tillarang stafilokokk – atrof muhitda keng tarqalgan, odam organizmidan tashqarida 6 oygacha yashash qobiliyatini saqlashga qodir boʻlgan bakteriya. Infeksiya oʻchogʻiga, masalan, teridagi yoki sochlar asosidagi toshmalarga tekkan asboblar kasallikni yuqtirish manbalari hisoblanadi. Shuningdek quloqlarni teshtirganda, pirsing, tatuirovka qilganda va hatto oddiy soch kesish jarayonida ham kasallikni osongina yuqtirib olish mumkin.
B, C gepatiti viruslari – virus shilliq qavatlar yoki shikastlangan teri bemorning biologik suyuqliklari bilan kontakt qilganida yuqishi mumkin. Shuni esda saqlash muhimki, virusni yuqtirish uchun tashuvchi qonining 0,0001 ml gacha boʻlgan juda kam miqdori ham yetarli hisoblanadi, bu infeksiyaning zararlangan jarrohlik, kosmetologiya jihozlari, tatuirovka uchun ninalar va ustara orqali yuqishini istisno qilmaydi.
Yana bir xavfli kasallik – OIV infeksiyasini bemor kishining biologik suyuqliklari orqali ham yuqtirish mumkin. Tatuaj, kesma manikyur va pedikyur yuqtirish nuqtai nazaridan eng xavfli protseduralar hisoblanadi.
Ishlatiladigan vositalarni dezinfeksiyalash, sterillash va saqlash qoidalarining buzilishi bir talay muammolarga, xususan, ham mijozlar, ham xodimlarga koʻplab infeksiyalarni yuqishiga sababchi boʻladi. Afsuski, koʻplab sartaroshxonalarda, goʻzallik salonlarida mutaxassislarning oʻzlari dezinfeksiyalash va sterillash rejimlariga amal qilish lozimligiga yetarlicha ahamiyat berishmaydi.
Goʻzallik qimmatga tushmasin
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyo boʻyicha OITS bilan kasallanganlar 40 milliondan ortiqni tashkil qilarkan. Har yili 2 yarim million nafar kishi kasallikka chalinib, ulardan bir yarim milliontasi hayotdan koʻz yumadi. 2023-yil iyun holatiga koʻra, Respublikamizda OIV kasalligi bilan 48 mingdan ortiq shaxslar yashab kelmoqda. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollar, 14 foizini esa 18 yoshga toʻlmagan bolalar tashkil etadi. Bu raqamlar jamoat joylarida gigiyena qoidalariga muntazam amal qilishni, jumladan, har birimizdan ogoh boʻlishni talab etmaydimi?
Maʼlumot oʻrnida, Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, uning hududiy boshqarmalari, tuman boʻlimlari xodimlari tomonidan yillik reja asosida goʻzallik salonlari hamda sartaroshxonalarda tekshiruv ishlari amalga oshiriladi. Sanitariya holati talabga javob bermaydigan, shuningdek, murojaat tushganda, kasallik aniqlanganda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakildan ruxsat olgan holda tekshiruv oʻtkaziladi. Bundan tashqari qoʻmita va boshqarmalar axborot xizmati tomonidan har oyda 2-3 marotaba MTRK hamda xususiy telekanallar bilan hamkorlikda reyd tadbirlari amalga oshiriladi.
Ammo yurtimizning har bir hududida goʻzallik salonlari va sartaroshxonalar soni shu qadar koʻp-ki, bir tashkilot ularning har kunlik faoliyatini nazorat qilishga imkoni yetmaydi. Buning uchun avvalo, xodimlarda tibbiy-gigiyenik bilim hamda masʼuliyatni oshirish, shu maskanlarga tashrif buyuruvchi mijozlarni eʼtiborli boʻlish, talab qilishga oʻrgatish kerak. Buning uchun masʼul tashkilotlar aniq bir dastur ishlab chiqishi lozim boʻladi.
Dilfuza MAHKAMOVA
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q