Huquqiy madaniyat. Huquqiy ong. Huquqiy tarbiya


Saqlash
16:03 / 14.03.2024 0 3454

Huquqiy madaniyat – kishilarning huquqiy bilim darajasi, huquqqa nisbatan ongli munosabat, huquqni hurmat qilish va unga rioya qilishni ifodalovchi atama. Huquqiy madaniyatning jamiyat rivojida tutgan oʻrni va ahamiyati Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan “Taraqqiyotning oʻzbek modeli”da aniq-ravshan koʻrsatib berilgan. Huquqiy madaniyat mamlakatimizda ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot qurish saʼy-harakatlari bilan uzviy bogʻliq boʻlib, har bir fuqaroning qonunlarga qatʼiy rioya etishi, qonun boʻyicha yashashi va mehnat qilishini taqozo etadi. Huquqiy madaniyatni takomillashtirish uchun barcha fuqarolarning siyosiy, huquqiy ongini oʻstirish, dunyoqarashini kengaytirish, maʼnaviyatini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. Huquqiy madaniyat makon va zamonda farqlanib, hozirda va istiqbolda amalga oshirilishi lozim boʻlgan manfaatlar koʻlami bilan oʻlchanadi. Huquqiy madaniyat insonning bilim va tajribalari orqali narsa va hodisalarni, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni, ularning mazmun-mohiyatini anglash, toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini farqlash va shu asosida xulosa chiqarish imkonini beradi.

 

Huquqiy ong – huquqshunoslik, falsafa sohalariga oid kategoriya; huquqiy hodisalarni aks ettiruvchi, huquqiy qadriyatlarni anglash, zarur huquqiy tartibni saqlash bilan bogʻliq ijtimoiy guruh va individual ongga mansub tushuncha. Huquqiy ong jamiyat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, uning madaniy-huquqiy, siyosiy shart-sharoitlari bilan tavsiflanadi. Huquqiy ong – ijtimoiy va individual ongga tegishli boʻlgan, huquqiy bilimlarni oʻz ichiga olgan gʻoyalar majmui. Huquqiy ong bilish, baholash va tartibga solish vazifalarini bajaradi. Huquqiy ong jamiyat hayotida sodir boʻladigan voqea-hodisa, shaxs ongida huquqiy normalarning shakllanishi va takomillashuvini ifoda etadi. Oʻz navbatida, huquq va uning amaliyotda qoʻllanishi ijtimoiy va individual ong mazmuniga taʼsir koʻrsatadi. Huquqiy ongning bilish, baholash va tartibga solish vazifalarining mazmun-mohiyatida, bir tomondan, bilim va maʼrifat namoyon boʻlsa, ikkinchi tomondan, yuksak maʼnaviyat va muayyan iroda-eʼtiqod oʻz ifodasini topadi. Bugun jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, mamlakatimizda yuz berayotgan tub oʻzgarishlarning pirovard samarasi, oldimizda turgan ulkan maqsad-muddaolarga erishish koʻp jihatdan oʻz haq-huquqini teran anglab yetgan, huquqiy meʼyorlarni chuqur oʻzlashtirgan va ularga qatʼiy amal qiladigan, huquqiy ongi, bilimi va dunyoqarashi keng boʻlgan insonlarning faol ishtirokiga bogʻliq.

 

Huquqiy tarbiya – jamiyat aʼzolari madaniyati va ongiga huquqiy bilimlarni turli taʼsir vositalari orqali uzluksiz singdirib borish jarayonini ifodalovchi tushuncha. Huquqiy tarbiya vositalariga huquqiy targʻibot, huquqiy taʼlim va amaliyot, oʻzini oʻzi tarbiyalash kiradi. Huquqiy tarbiya keng maʼnoda, jamiyat aʼzolarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirish, shaxs ongiga uning huquq va burchlarini singdirish jarayonini anglatadi. Huquqiy tarbiya tor maʼnoda fuqarolarning huquqiy bilim va madaniy saviyasi darajasini oshirishga xizmat qiladigan usul va vositalarni ifoda etadi. Huquqiy tarbiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotida hamda fuqarolik jamiyati asoslarini qurishdagi oʻrni shaxsning, fuqarolarning huquqiy bilimi va koʻnikmalari darajasi bilan belgilanadi. Huquqiy tarbiya mavjud tuzum, davlat va hokimiyat organlari, mahalla, oila, tashkilotlar va ularning faoliyati orqali amalga oshadi. Huquqiy tarbiya koʻp qirrali va murakkab jarayon hisoblanib, uning muammolari huquqshunoslik, pedagogika va psixologiya, milliy gʻoya, maʼnaviyat asoslari, etika va estetika kabi fanlar doirasida tadqiq etiladi. Huquqiy tarbiya samaradorligi oila, mahalla, taʼlim-tarbiya muassasalarining maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi faoliyatining oʻzaro uygʻun holda amalga oshirilishi bilan belgilanadi. Huquqiy tarbiya shakllantirishda OAV, radio, TV, huquqiy mavzulardagi kechalar, davra suhbatlari ham muhim oʻrin tutadi. Bularning barchasi fuqarolarning birinchi galda yoshlarning huquqiy ongi va tafakkurini oʻstirish, ularni har jihatdan barkamol insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 38
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 223
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 513
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219164
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104693
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35288
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27537
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27439
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26589
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25352
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22593
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//