Hurmat


Saqlash
11:03 / 14.03.2024 0 1702

Hurmat – maʼnaviyatning muhim koʻrinishlaridan boʻlib, shaxs qadriyatlari, izzat-nafsi tan olinib qilinadigan munosabat, insoniy fazilat, shaxsni, moddiy yoki maʼnaviy qadriyatlarni eʼzozlash his-tuygʻusini anglatuvchi tushuncha. Hurmat – qoʻpollik, soʻkinish, surbetlik, kishini kamsitish, xafa va haqorat qilish kabi jamoatchilik tomonidan inkor etilgan, maʼnaviyatga, madaniyatga zid xatti-harakatlarni sodir etishdan oʻzini tiya olishdir. Hurmat – katta yoshdagilar, ota-ona, ayollar, ustozlar, doʻst, qoʻni-qoʻshnilar, oʻz guruhi va jamoasi, jamoatchilik mulkiga nisbatan maʼnaviy-axloqiy munosabat, ijobiy insoniy sifat hamdir. Mehr-muruvvat, saxovat koʻrsatuvchi insonlar hamisha el oldida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻladi. Hurmat sof va haqiqiy boʻlishi kerak. Biror kishini boyligidan umid qilib hurmat qilish nojoizdir. Insonga hurmat odobning yorqin timsoli sanaladi. Insonni hurmat qilish – uni qadrlashdir.

 

Insonga hurmatning birinchi belgisi bu – tabassum bilan samimiy salom bermoqdir. Mehnat jamoasiga nisbatan rahbarning hurmati jamoa aʼzolarining haq-huquqlarini himoya qilishi, ularga munosib mehnat sharoitlari yaratib berishi, jamoa oʻrtasida har xil mish-mishlar tarqalishi, gʻiybatchilik, poraxoʻrlik, chaqimchilik, laganbardorlik, adolatsizlik, nohaqlik kabi illatlarga yoʻl qoʻymasligi va bularga nisbatan murosasiz boʻlishi, haq bilan nohaqning, halol bilan haromning farqini ajrata bilishi, katta yoshdagilar va ayollarni eʼzozlashi, tarbiyaliligi, xushmuomalaligi, kichiklarga izzatli boʻlishi, jamoaning har bir aʼzosida faol hayotiy munosabatni shakllantirishga harakat qilishi, adolatparvarlik, insonparvarlik singari ijobiy maʼnaviy sifatlarga amal qilishi bilan belgilanadi. Ota-onani hurmat qilish insonparvarlikning tarkibiy qismi boʻlib, u har bir farzandning, musulmonning muqaddas burchidir. Chunki odamlardagi vijdon va or-nomus ota-onaning qadr-qimmatini tushunishdan boshlanadi.

 

Ota-onani hurmat qilish – ularni ranjitmaslik, jismi va diliga ozor bermaslik, mehr-muhabbat koʻrsatish, gʻamxoʻrlik qilish, betobligida yordam koʻrsatish, qoʻpol muomala qilmaslik, aksincha, shirinsoʻz, xushmuomala, mehribon boʻlish, keksaligida ularga yaxshi qarash va boqish singari ijobiy munosabatlardan iborat. Islom dini ota-onani xafa va norozi qilishni harom etgan va ulkan gunohlar qatorida sanagan. Qurʼoni Karimning al-Isro surasining 23–24-oyatlarining mazmuni quyidagicha: “Parvardigoringiz faqat Oʻziga qullik etishingizni va ota-onaga yaxshilik qilishingizni qatʼiy hukm etdi. Agar ota-onaning birlari yo ikkisi huzuringizda keksalikka yetsa, ularga uf” demang va qichqirmang. Ularga yumshoq soʻzlang! Ularga tavozeʼli boʻling! Parvardigor, ular meni yoshligimda tarbiya qilganlari sababli ularga rahm et!” deb ularni duo qiling». Abu Nasr Forobiyning yozishicha, “Aflotun inson tabiatidagi zaruriy xislatlarni va ularning qarama-qarshi jihatlarini farqlash kerakligini tushuntiradi. U … agar inson oʻz maqsadiga erishib, hurmatga sazovor boʻlsa-yu, ammo maqsadga egrilik bilan erishsa, bu ham zararli hisoblanadi” deb tushuntiradi. Demak, har bir inson maqsadga halol yoʻl, mehnat bilan erishib, Hurmat-eʼtibor qozonishga intilishi lozim.

 

Qalbi sof va begʻubor kishigina boshqalar haq-huquqini hurmat qiladi, hammaga teng va samimiy hurmat koʻrsatadi. Odamlar boshqa mamlakatga borganida mahalliy aholining tili, dini, urf-odatlari va tartibini hurmat qilishi hamda unga rioya qilishi kerak. Bunday munosabat shu mamlakat aholisiga nisbatan koʻrsatilgan hurmat hisoblanib, boshqa millat madaniyati, qadriyatlarining qadrlanishini anglatadi. Masalan, musulmon davlatida tor, kalta kiyib olgan qiz va yigitdan mahalliy aholi norozi boʻlishi tabiiydir, chunki bu hol milliy urf-odat va madaniyatga toʻgʻri kelmaydi. Atrofdagi odamlarning hurmatiga sazovor boʻlish kishiga maʼnaviy-ruhiy oziq, quvonch, yaxshi kayfiyat, koʻngilga taskin baxsh etadi. Hurmat insoniyatga tinchlik, osoyishtalik, oilaviy baxt, doʻstu yorlar sadoqati, turmush goʻzalligini taʼminlaydi, mehnatga ragʻbatlantiruvchi omil sifatida xizmat qiladi. Hurmat hayotda insonlarning oʻzaro yordam berishi jarayonida umumiy maqsad va qiziqishga ega jamoa aʼzolari oʻrtasidagi munosabatda rivojlanadi va ular oʻrtasida doʻstlik, ishonch, sevgi, nafsoniyat, oʻzligini anglash, qadrlash kabi maʼnaviy-axloqiy sifatlar, tuygʻularning kamol topishiga zamin yaratadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Qatra

13:10 / 30.10.2024 0 68
“Yashashga shoshilaman”

Bilasizmi?

12:10 / 23.10.2024 0 401
“Beshbattar”dagi besh nima?

Bilasizmi?

15:10 / 11.10.2024 0 468
Turk boylari qanday to‘y qiladi?

Bilasizmi?

17:10 / 07.10.2024 0 398
Mushuk va shumshuk



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 217590
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 103848
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 30386
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 26574
Kompetentlik

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 23218
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

12:05 / 03.05.2023 1 23188
Alpomish

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 21429
Xarakter

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 20816
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//