Bilasizmi?
Qanoat (arabcha mamnunlik; boriga shukur qilish; kamsuqumlik) – oziga yoki boriga koʻnish tamoyiliga asoslangan maʼnaviy tuygʻu, bori bilan kifoyalanish, nafsi tiyiqlik bilan koʻp narsaga, ortiqchalikka intilmaslik, qoniqish hissi. Qanoat bu – yeb-ichish va kiyinishda imkon va zarurat darajasidan ortigʻini talab qilmaslikdir. Qanoat borlik-yoʻqlikka koʻnish, faqirlikni, kambagʻallikni or deb bilmaslik, oz narsa bilan tirikchilik oʻtkazishni anglatadi. Qanoatli boʻlish uchun kishida, avvalo, sabr tuygʻusi mustahkam boʻlishi kerak. Ayni paytda sabr uchun qanoat lozim. Shuning uchun ham bu ikki tushuncha tilimizda “sabr-qanoat” tarzida birgalikda ishlatiladi. Hazrat Navoiy qanoat xususida shunday degan: “Kimki sabr-qanoatni oʻziga kasb qilgan boʻlsa, bilki, bu uni boy qiladi. Oltin, kumush bilan, zebu ziynatlarni boylik deb bilma, balki haqiqiy boylik sabr-qanoat oltinlaridir. Qanoat oltini hech qachon yoʻqolmaydi. Ana shu oltinni qoʻlga kiritib, shu orqali boyishga harakat qil. Kulbada qanoat qilib oʻtirgan darvesh taʼmagir shohdan afzaldir. Qanoat qilganning joyi izzat taxtidadir”. Demak, qanoat – osudalik, xotirjamlik tuygʻusi boʻlib, kishi nafsini har qanday taʼmadan ehtiyot qilishga harakat qiladi. Qanoatli kishi sabrli, chidamli boʻlishi bilan birga hasad, hirs, xorlik kabi illatlardan yiroq boʻladi. Qanoat – bu kishining maʼnaviy boyligi boʻlib, insonni poklikka chorlaydi, muhtojlikdan uzoqda boʻlishini taʼminlaydi. Bunday kishilarni taʼma tuzoqlariga tushirib boʻlmaydi. Qanoatli kishining ruhi ozod, erkin boʻladi. Har qanday muhitda ham ruhi hurlikda boʻlib, shikast topmaydi.
Mutafakkirlar qanoatni taʼmaga qarshi qoʻyadilar. Qanoatli odamning koʻngli, avvalo, taʼmadan poklangan boʻladi. Qanoatda chinakam farogʻat, taʼmada esa koni mashaqqat bor. Qanoatli kishining boyligi shundaki, u el orasida nafsi orqasidan xorlik koʻrmaydi. Demak, nafsiga qanoat buyurgani uchun bu dunyoda u hech kimga mute boʻlmaydi. Qanoat yoʻli – izzat yoʻlidir. “Yarimta non – rohati jon”, “Och qornim – tinch qulogʻim”, degan maqollar ham bejiz toʻqilmagan. Xullas, izzat tilagan kishi faqat qanoatdangina taʼma qilishi kerak. Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning bu haqdagi hadisi shariflarini Navoiy hazratlari shunday zikr etgan: “Izzat tilasang, ayla qanoat tamaʼ, Masnadi izzat uzadur «mann qanaʼ”». Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida taʼriflangan insoniy fazilatlar qatorida qanoatning badiiy, falsafiy va boshqa talqinlariga duch kelamiz. Qanoat odamni maʼnan va ruhan boyitadi, uni elni xorlikka mahkum qiladigan ehtiyojlardan qutqaradi. Chunki: “Qanoat – suvi olingan bilan qurimas buloq. Qanoat – sochgan bilan kamaymaydigan xazina. Qanoat bir ekin maydoniki, unda izzat va shafqat degan mevalar unadi. Qanoat bir daraxtki, shoxlarida istigʻno va hurmat degan mevalar pishadi. Qanoat kishi koʻngliga ravshanlik yetkazadi, koʻz undan yorugʻlik kasb etadi. Qanoatli darvishning qattiq noni taʼmagir shohning noz-neʼmat toʻla dasturxonidan yaxshiroqdir. Qanoatga odatlangan faqirning yovgʻon umochi olgʻir boyning novvotu holvasidan totlirogʻdir. Shoh udirki – olmaydiyu beradi, gado udirki – sochmaydiyu teradi. Har kimki qanoatga odatlangan boʻlsa, shohlik-gadolik tashvishini bilmaydi… Qanoat bir qoʻrgʻonki, unga kirsang, nafsning gʻalvasidan qutulasan”.
Navoiy talqinida qanoat barcha insoniy fazilatlarni muhofaza etadigan, xorlik, muhtojlik, qadrsizlik, ranju azoblardan omon saqlaydigan choradir: “Kimgaki ish boʻldi qanoat fani, Bilki oni qildi qanoat gʻani”. Yaʼni, kishining boyligi qanoatni oʻziga kasb, odat qilib olganligidadir. Maʼrifatparvar vatandoshimiz A.Avloniyning qanoat haqidagi qarashlari ham bunga hamohang: “Qanoat – hasad, taʼma, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning gʻinosidur… Qanoat bir xazinadurki, naqdinasi kundan kun ortar. Bu xazinaga ega boʻlgan kishilar umrlarini shavq va rohatda kechirurlar. Buning ila barobar qanoatsizlikdan paydo boʻladurgan hasad degan jonning eng zoʻr dushmanidan qutulurlar. Chin insonlar kishining molina, mulkina, saodatina, maishatina hasad qilmas, qanoatdan ayrilmas, umrini rohatda oʻtkarur”. Xullas, donishmandlar qanoatni ehtiyojsizlik negizi, izzat va sharafning chinakam tantanasi, deb bilganlar. Demak, qanoat falsafasi hurlik, qalb va ruh ozodligi falsafasi hamdir.
Bilasizmi?
Hikmat
Qatra
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q