Bilasizmi?
Qadriyat – inson va jamiyat maʼnaviyatining tarkibiy qismi, olamdagi voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab va tartiblarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladigan tushuncha; “Qadriyatshunoslik (aksiologiya)”ning eng asosiy kategoriyasi. Bu kategoriya oʻzida qadr asosining nafaqat qimmatini, balki ijtimoiy ahamiyati, falsafiy-aksiologik mazmuni, jamiyat va inson uchun qadrini ham ifodalaydi. Aksiologlar undan har qanday narsa, shu jumladan, insonning ijtimoiy qadrini, ahamiyatini ifodalaydigan umumiy va universal kategoriya sifatida foydalanadilar. Qadriyat turli sohalarda xilma-xil maʼnoda qoʻllanadi. Qadriyat soʻzining turfa xil maʼnoda ishlatilishi unga berilgan taʼriflarning turlicha boʻlishiga olib kelgan. Ijtimoiy fanlarning qanday sohasida qadriyatga doir tadqiqot olib borilgan boʻlsa, bu tushunchaga shu jihatdan taʼrif berishga intilish odat tusiga aylangan. Holbuki, qadriyat kategoriyasi aksiologiya (qadriyatshunoslik)dan boshqa fanlarning birortasi uchun ham xususiy kategoriya emas. Kundalik muloqot, OAV xabarlarida qadriyat, milliy qadriyatlar, umuminsoniy qadriyatlar kabi soʻzlar koʻp qoʻllanadi. Madaniy boyliklar, yodgorliklar, maʼnaviy meros, anʼana, urf-odatlarga nisbatan ham qadriyatlar iborasini umumiy atama sifatida ishlatish hollari uchramoqda. Qadriyat iborasining kundalik hayotdagi maʼnosi kishilar oʻrtasidagi muloqotda, OAV xabarlarida oʻziga xos tarzda namoyon boʻlmoqda. Kishilar hayot va faoliyati jarayonida muqarrar surʼatda oʻzlari uchun qadriyat kasb etgan narsalarga duch keladilar, ularning ahamiyati, foydasi va qadrini anglashga, baholashga intiladilar. Bundan tashqari, odamlar oʻzlari ishonib, gohida intilib, qiziqib yoki orzu qilib yashaydigan maqsad, orzu yoki ideallarga nisbatan ham qadriyat tushunchasi qoʻllaniladi. Xullas, kundalik hayotda koʻpchilik tomonidan qoʻllanadigan qadriyat iborasi odamlar uchun biror zarur ahamiyat kasb etadigan obyekt, narsa, hodisa va boshqaga nisbatan ham ishlatiladi.
Qadriyatni aksiologiya nuqtai nazaridan talqin qilish uning kategoriya sifatidagi mohiyati, mazmuni, obyektiv asosi, subyektiv jihatlari, namoyon boʻlish shakllari va xususiyatlarini oʻrganish imkonini beradi. Tabiat va madaniyat buyumlarining inson ehtiyojini qondirishi va uning maqsadlariga xizmat qilishi taʼkidlanganda, asosan, ularning foydasi, qimmati nazarda tutiladi. Haqiqatan ham, buyumlarning iqtisodiy qimmati kishilar uchun katta ahamiyat kasb etadi. Ammo buyumning qadri hisobga olinmasa, masalaning maʼnaviy jihati ochilmaydi. Qadriyat buyum yoki narsaning iqtisodiy qiymatini ifodalaydigan tushunchalardan farq qiladi. Qadriyatshunoslikda qadriyat tushunchasi bilan bogʻlangan obyekt oʻrtasida farq bor, deb qaraladi. Dunyoda qadrlanadigan odamlar, narsalar, hodisalar, voqealar, jarayonlar, joylar va sifatlar, ideal va maqsadlar nihoyatda koʻp. Qadriyat tushunchasi esa ularning birortasi uchun toʻgʻridan-toʻgʻri ism, atama yoki bevosita nom boʻla olmaydi, balki ularning qadrini anglatadigan tushuncha sifatida namoyon boʻladi. Qadriyatni maʼnaviy-falsafiy tushunish uning kundalik hayotidagi maʼnosidan farq qiladi. Bu esa qadriyat tushunchasini uning oʻzi bogʻliq boʻlgan obyektdan farqlash (aslo ajratish emas) bilan birga, uni obyektlarning turli jihatlari (foydalilik, keraklilik) bilan aynanlashtirmaslik imkonini beradi. Shunday qilib, qadriyat biror tarzda va shaklda zohir boʻladigan, subyekt uchun muayyan taʼsirini namoyon qiladigan voqelikning turli-tuman shakllari, koʻrinishlari, narsalar, hodisalar, jarayonlar, munosabatlar, turli sifatlar, xususiyat, axloq va maʼnaviylik mezonlari hamda boshqaning subyekt uchun ijtimoiy ahamiyati va qadrini ifodalaydigan umumiy aksiologik kategoriyadir. Odamlar garchand bitta jamiyatda, bir davrda va oʻxshash sharoitlarda yashayotganliklariga qaramasdan, u yoki bu narsaning qadri turlicha anglab olinadi, tushuniladi va talqin qilinadi. Ijtimoiy jarayonlar taʼsirida kishilarning qadriyatlar toʻgʻrisidagi tasavvuri, qarashlari oʻzgaradi, bu esa taraqqiyot jarayonida odamlarning turmush sharoitlari, hayoti va maʼnaviy qiyofasidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliqdir. Turli xil jihatlar har qanday qadriyatning qarama-qarshi tomonlarini tashkil qiladi. Ijobiyligi va salbiyligi, baholanishi va ahamiyatiga koʻra bir-biriga mutlaqo zid koʻrinadigan “yaxshilik” va “yomonlik”, “haqiqat” va “haqsizlik”, “baxt-saodat” va “gʻam-kulfat”, “tadrijiylik” va “inqilobiylik”, “taraqqiyot” va “tanazzul”, “borliq” va “yoʻqlik” kabi tushunchalar hayotning bir-biri bilan qarama-qarshi bogʻlangan jihatlarini ifodalaydi.
Qadriyatlar jamiyat rivoji va kishilar hayotining turli davrlarida turlicha ahamiyat kasb etadi, tarixiy zaruratga mos ravishda goh u, goh bu qadriyat ijtimoiy taraqqiyotning eng oldingi pogʻonasiga chiqadi, boshqalari xiralashgandek tuyuladi. Natijada ijtimoiy rivojlanish va taraqqiyot qonuniyatlariga mos ravishda, oldinga chiqib olgan qadriyatni barqarorlashtirishga nisbatan intilish kuchayadi. Masalan, yurtni yov bosganda – ozodlik, imperiya hukmronligi nihoyasida – istiqlol, urush davrida – tinchlik, tutqunlikda – erkinlik, xastalik va bemorlik paytlarida – sihat-salomatlikning qadri ortadi, ularga intilish kuchayadi. Qadriyatlarning asosiy shakllarini aniqlash borasida olimlar orasida bir xil va hamma eʼtirof etgan yagona nuqtai nazar yoʻq. Qadriyatlarni moddiy va maʼnaviy, umumbashariy va umuminsoniy turlarga boʻlish mumkin. Qadriyat shakllari ham ularga mos ravishda tabiat va jamiyatdagi narsa, voqea, hodisa, jarayonlar oʻzaro uygʻunlikda, qonuniy bogʻlanishda, umumiy aloqadorlikda namoyon boʻladi. Bunday hollardagi tahlil jarayonida ilmiy bilishning tizimlilik usuli, alohidalik, xususiylik va umumiylik, butun va boʻlak kategoriyalarining dialektikasiga asoslanish qoʻl keladi. Bunda qadriyat shakllari bogʻlangan obyekt, jarayonlarning makon hamda zamonda zohir boʻlishi, ular oʻrtasidagi bogʻlanishlar va aloqalarni oʻrganish, obyektiv asosi, subyektiv jihatdan anglanishi, umumiy, xususiy va alohida jihatlarini tahlil qilish imkoni tugʻiladi. Bu esa qadriyatlarning namoyon boʻlish shakllari oʻrtasidagi oʻzaro aloqa, bogʻlanish hamda ularning inʼikosi boʻlgan eng umumiy qadriyat tizimlariga xos xususiyatlarni oʻrganish imkonini beradi. Mustaqillikkacha qadriyatlar mavzusi keng oʻrganilmas edi. Istiqlol davrida bu masalaga alohida eʼtibor qaratilmoqda, qadriyatlar toʻgʻrisidagi fan – qadriyatshunoslik respublikamizdagi ijtimoiy fanlar tizimida oʻz oʻrniga ega boʻlib, bu yoʻnalishda tadqiqot va izlanishlar olib borilmoqda, koʻplab asarlar nashr etilmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q