Qadr


Saqlash
16:12 / 26.12.2023 0 698

Qadr – muayyan qadriyatning yaʼni, biron-bir narsa, voqea, hodisa yoki biror idealning inson va jamiyat uchun qadri va ijtimoiy ahamiyatini anglatadigan tushuncha. Qadriyatlar muammosiga bagʻishlangan ilmiy-falsafiy manbalarning koʻpchiligida qadriyatni “baho” tushunchasi bilan qiyoslash, ularga bir xil daraja va koʻlamdagi tushunchalar sifatida qarash hollari uchraydi. Bu ikki tushuncha qiyoslanayotganda qadr tushunchasi eʼtiborga olinmaydi. Bunga sobiq ittifoq davridagi qadriyatga maʼnaviyat nuqtai nazaridan emas, balki koʻproq iqtisodiy tushuncha sifatida “qiymat” tarzida ishlatilgani sabab boʻlishi ham mumkin. Rus tilida qadr iborasi ishlatilmaydi. Qadr tushunchasi oʻzbek tilida serqirra maʼno va mazmunga ega, u tilimizdagi baʼzi ibora va soʻzlarda oʻziga xos sharqona falsafiy mazmun borligidan dalolat beradi. Ana shu sababdan ham oʻzbek tilida qadriyatning mazmunini bilib olish va uning ahamiyatini anglash, avvalo, qadr, soʻngra “baho” tushunchalarining maʼnosini bilish orqali boradi. Insonning insonga ibrati, tarbiyadagi taʼsirini uning oʻzi baholay olmaydi, balki boshqa inson baholaydi. Demak, qadriyat sifatidagi inson taʼsirida uning qadri, ahamiyati namoyon boʻladi, boshqa kishi esa ana shu bevosita taʼsir natijasida uning ahamiyatini baholaydi, qadriga baho beradi. Bahoda teskari munosabat, boshqa bir kishining qadriyat sifatida qaralayotgan obyekt, narsa, hodisa, ideal va boshqaga nisbatan munosabati, uni anglashning biror-bir darajasi oʻz ifodasini topadi. Bu jarayonda subyekt qadriyatga munosabatini baho tarzida ifodalaydi.

 

Qadriyatning mazmuni va ahamiyati bahoda toʻla-toʻkis aks etmasligi, turlicha ifodalanishi ham mumkin. Qadriyatning haqiqiy qadrini, mazmuni va ahamiyatini bahosiga qarab aniqlash qiyin boʻladigan hollar ham uchraydi. Masalan, baʼzi narsalar (sanʼat asarlari, obidalar, yodgorliklar va boshqa) qadrining nihoyatda balandligi ularga “bebaho” degan sifat berilishiga sabab boʻladi. Aslida qadriyatning qadrini bilish, uning ahamiyatini anglab olish va baholash bir-biri bilan uzviy bogʻliq jihatlarni tashkil qiladi. Qadriyatning ahamiyati anglab olinmasa, qadri toʻgʻri tushunilmasa, unga toʻgʻri baho berib boʻlmaydi. Aynan shu maʼnoda qadriyatni baholash unga boʻlgan insoniy munosabatni ham ifodalaydi, bu esa, oʻz navbatida, kishilarning talab-ehtiyojlari va maqsadlari bilan bogʻliqdir. Inson nimanidir baholayotganida va qadrini anglayotganida oʻz maʼnaviyati, bilimi, ehtiyojlari, talablari, maqsadlaridan kelib chiqadi, oʻz manfaatlarini ham unutmaydi. Bu ehtiyoj, talab, maqsadlar va biror foyda olishni koʻzlash ham maʼnaviy xususiyatga ega boʻlganidan, muayyan kishilarning u yoki bu qadriyat, uning qadri va ahamiyati haqidagi fikri (bahosi) muayyan darajada nisbiydir. Kimningdir yoki nimaningdir qadrini baholashda ishtirok etayotgan turli maqsad va ehtiyojga ega boʻlgan kishilar soni ortgani sari, uning haqiqiy bahosini aniqlash qiyinlashib boraveradi. Xullas, qadr tilimizda xilma-xil maʼnoni anglatadi va maʼnaviy qiyofamizni koʻrsatadigan sermazmun tushunchalardan biri hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:03 / 12.03.2025 0 460
Turkistondagi qadimiy ayollar bayrami

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 111
“Qozondi” fe’lidagi “qozon” haqida

Bilasizmi?

10:03 / 03.03.2025 0 154
Marjumakdan shoʻrva qilib boʻladimi?

Bilasizmi?

15:02 / 28.02.2025 0 134
Maymunjon, parmanchak va boldirgʻon

Bilasizmi?

14:02 / 28.02.2025 0 141
Xoʻjayin boʻlolmagan xoʻjagʻat



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 222531
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 106449
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 46352
Milliy urf-odatlar

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 36126
Xarakter

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 34297
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 29358
Kompetentlik

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 28226
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 27762
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//