Oʻzlikni anglash


Saqlash
17:12 / 25.12.2023 0 1848

Oʻzlikni anglash – insonning oʻzini alohida vujud sifatida butun borliqdan ajrata bilishi, baholashi va qadriyat sifatida anglashini ifodalovchi tushuncha. Oʻzlikni anglash shaxsning oʻzini haqiqiy inson muayyan moddiy va maʼnaviy boyliklarning egasi va ular uchun masʼul ekanini, yagona til, urf-odatlar, anʼanalar, qadriyatlar va davlatga mansubligini, manfaatlar hamda ehtiyojlar umumiyligini tushunib yetishi jarayonida shakllanadi. Oʻzlikni anglash jamiyat oldida turgan vazifalarni toʻgʻri anglash, ijtimoiy tajribalardan foydalanish qonuniyatlarini bilish, Vatan, millat oldidagi masʼuliyat tuygʻusi hamdir. Oʻzlikni anglash mudom tarixiy rivojlanib boradigan shakl va koʻrinishlarda, turli darajalarda namoyon boʻladi. Uning birinchi shaklida inson his etish orqali oʻzini tabiatdan, tevarak-atrofdagi narsa va hodisalardan ajrata biladi. Oʻzlikni anglashning ikkinchi shakli yanada yuqori darajada namoyon boʻlib, unda inson oʻzini biror-bir jamoa, u yoki bu madaniyatga tegishli ekanligi orqali anglaydi. Va nihoyat, uchinchi, eng yuqori daraja – oʻzini “men” orqali boshqalar nuqtai nazaridan baholashi, erkinligini his etgan holda har bir xatti-harakatiga boʻlgan masʼuliyatni his etishi, oʻzi qilayotgan ishlarining toʻgʻri-notoʻgʻriligi, haq yoki noxaqligini nazorat qila bilishidir. Bunda insonning dunyoqarashi, maʼnaviyati va maʼrifatligi, uning individual tarzda shakllangani bilan belgilanadi. Oʻzlikni anglashning shakllanish jarayoni va omillari Sharq hamda Gʻarb allomalari tomonidan har taraflama oʻrganilgan. Sharq allomalaridan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Forobiy, Ibn Sino, Nasafiy, Navoiy, Mirzo Bobur va boshqalar oʻzlikni anglashning ruhiy, botiniy jihatlarini, inson maʼnaviyatining tarkibiy qismi, olam va odam munosabatini bilish asosi ekani kabi masalalarga eʼtibor qaratganlar. Gʻarb allomalaridan Suqrot, F.Bekon, T.Gobbs, R.Dekart, F.Nisshe, Z.Freyd, E.Erikson, V.Gegel, I.Kant, N.Berdyayev va boshqalpr oʻzlikni anglashning zohiriy jihatlarini, uni ijtimoiy borliq, makon va zamonning faol ijodkorligi omili sifatida oʻrganganlar. “Individual ong – oʻzini anglashdir”, deb yozadi I.Kant. Tarixiy zaruriyat ostida “insonning jamiyat va boshqa kishilar bilan munosabatlari jarayonida oʻzini nazorat etish va oʻzini idora qilish kabi hayotiy muhim vosita sifatida paydo boʻlgan. Agar mehnat va jamiyat paydo boʻlmaganida kishida oʻzlikni anglash ham shakllanmas edi. Shunday ekan, oʻzlikni anglashsiz jamiyat va haqiqiy insoniy mehnat ham muvaffaqiyatli rivojlanmas edi”.

 

Kishidagi individual ong, oʻzlikni anglash, oʻzini nazorat etish, boshqarish tarixiy rivojlanish jarayonida, mehnat va ijtimoiy munosabatlar taʼsirida shakllana borgan. XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida yangi davr faylasuflari va nemis mumtoz faylasuflari tomonidan rivojlantirilgan oʻzlikni anglash toʻgʻrisidagi qarashlar ham eʼtiborga molikdir. Jumladan, yangi davr ijtimoiy-siyosiy taʼlimotlarida xususan, Dekart qarashlarida oʻzlikni anglash “cogito ergo sum” tushunchasi orqali ifodalangan. Dekart “Agar men har qanday narsa va hodisa haqida fikr yuritadigan boʻlsam, men oʻzimni subyekt sifatida mavjudligimni his qilaman”, degan. Oʻzlikni anglash – bu faqat individual hodisa yoki jarayon boʻlmay, balki jamoa yoki birorbir xalqning maqsadli faoliyatidan ham iborat. Shu nuqtai nazardan ham milliy oʻzlikni anglashning etnopsixologik jihatlarini tadqiq qilish shartdir. Masalan, uni shaxs (millat vakili) va guruh (etnos), millat va boshqa millat, anʼanaviy ong va zamonaviy mentalitet, etnos va superetnos ongi, milliy oʻzlikning mehnat faoliyatida, millatlararo munosabatlarda, turmush tarzida namoyon boʻlishi kabi yoʻnalishlarda ochib berish mumkin. Gegel birinchi boʻlib ruh bilan oʻzlikni anglash masalasini uygʻunlikda qaradi. “Bilishning haqligi oʻzlikni anglashdadir, oʻzlikni anglash esa bilishning asosidir, chunki boshqa predmetni har qanday bilishning mavjudligi oʻzlikni anglashdadir. Men bilamanki, predmet meniki (u mening tasavvurim), shuning uchun uni bilganimda oʻzimni anglayman”. Gegel oʻzini anglashni: 1) oʻzi-oʻzi uchun mavjud, “yolgʻiz oʻzini anglash” yoki oʻz nafsiga berilgan oʻzini anglash; 2) yolgʻiz oʻzini anglashning boshqa oʻzini anglashga oʻtishi yoki yakka va umumiyning birlashishi; 3) bir-biriga yaqinlashgan oʻzini anglash, yaʼni “umumiy oʻzini anglash” darajasiga oʻtishiga ajratadi. Keyin u ushbu bosqichlarning falsafiy-psixologik mohiyati va mexanizmlari haqida fikr yuritadi. Oʻzlikni anglash, vaziyatni idrok etish, yuzaga kelgan muammoga oqilona yondashish emas, kimningdir, goho “dohiy”larning daʼvosi, shiori ommani harakatga keltiradi. Shuning uchun omma irratsionalga, hissiyotlarga toʻla baqiriqqa, daʼvatga boʻysunadi. Bugungi kunda oʻzlikni anglash ijtimoiy siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishni, boʻlayotgan voqea-hodisalarni teran anglab yetishni bildiradi. Oʻzligini anglagan shaxs, ayniqsa, yoshlarimiz har qanday mafkuraviy xurujlarga berilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 100
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 352
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 123
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 213
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 523
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 943
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218712
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104466
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33964
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27296
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26431
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 25007
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24813
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21672
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//