Bilasizmi?
Saxiy qashshoq
Rauf Parfining hayot tarzidagi darveshlik talabalik yillaridayoq namoyon bo‘la boshlagan edi. Shunday bir manzara xotiramga muhrlanib qolgan. Yotoqxonada turganimizda har kuni yuqori kursda o‘qiydigan, hamisha bir xil – qop-qora ko‘ylak kiyib yuradigan bir yigit xonama-xona yurib, sigaret so‘rar, “Yo‘q” desak sira xafa bo‘lmas, nazokat bilan uzr so‘rab, yana boshqa xona eshiklarini taqillatar edi. Atoqli adib Asqad Muxtorning oq yo‘li bilan “Sharq yulduzi” jurnalida she’rlari surati bilan bosilganda o‘sha yigitning Rauf Parfi degan iste’dodli shoir ekanini keyinroq bilganmiz.
Kunlardan bir kun talabalikda nochor kun kechirayotgan Rauf Parfiga qarindosh-urug‘lari yangi kostyum-shim sovg‘a qilishadi. Yotoqxonada hamma uni yangi sarupo bilan tabriklaydi. Shunda Rauf akaning o‘rtog‘i Aydar Usmonov (keyinchalik qrim-tatar adibi bo‘lib yetishgan adib) kostyum-shimni bir kiyib ko‘rsam maylimi, deb so‘raydi.
– Marhamat, kiying! – deydi shoir chin yurakdan.
Haydar aka yangi kiyimni kiyib ko‘rib, so‘raydi:
– Qalay, loyiqmi?
– Loppa-loyiq! Yarashdi sizga! Mendan sizga sovg‘a! – deydi Rauf aka.
Avvaliga hamma bu gapni hazil deb o‘ylaydi. Ammo shoir hazillashmayotgandi. Yap-yangi kostyum-shimni qayta yechtirmay, o‘sha do‘stiga sovg‘a qilib yuboradi.
Past ketma
Sho‘rolar davrining jamiki shon-shuhrati va mukofotlariga sazovor bo‘lgan, nafaqat O‘zbekistonda, balki sobiq ittifoqda ham dong taratgan kolxoz raisi Hamroqul Tursunqulov shoir Rauf Parfining pochchasi (xolasining eri) edi. Dorilfunun talabasi bo‘lgan shoir bir kuni dongdor qarindoshiga haddi sig‘ib, shunday iltimos qiladi:
– Pochcha, menga bitta mashinka olib bering, juda qiynalib ketdim. Bizga bu narsa juda zarur-da...
– Hmm... mayli, o‘ylashib ko‘rarmiz, – kutilmagan iltimosdan ensasi qotgan rais shop mo‘ylovini asabiy burab qo‘yadi. Oqshomda rais xotiniga iddao qiladi.
– Bu deyman... Tursunboyingni (shoirning asl ismi) ishtahasi karnay-ku! Hozirdan mashina mingisi kep qopti!
Yolg‘iz qolishganda xola shoirni iskanjaga oladi:
– Hech esing kirmadi-kirmadi-da, Tursunboy! Uyalmay-netmay, pochchangdan mashina so‘radingmi?
– E, unaqa – minadigan mashina emas, yozuv mashinkasi so‘rovdim.
– Axir pochchang o‘zi aytdi-ku!
– Demak, tushunmabdi-da! Xo‘sh, nima qilay, boshqatdan...
– E qo‘yaver, endi past ketma, o‘sha obro‘yingda turaver! – deydi xola.
Qaltis hazil
Rahmatli Maqsud Shayxzoda qazo qilgan kunning ertasi shoir Ixtiyor Rizoni ko‘rgan do‘stlari undan so‘rashadi:
– Kecha Shayx akaning dafn marosimida ko‘rinmading?
– Kecha men Rauf Parfining dafn marosimiga ketgan edim! – dadil javob beradi Ixtiyor aka.
– Iye, Rauf... bandachilik qildimi?
– Ha endi... umri qisqa ekan do‘stimizni, Olloh rahmat qilsin.
Rauf Parfining do‘stlari bu sovuq xabarni eshitgach, Mashrab Boboyev rahbarligida yig‘ilishib, bitta kichik avtobusda Yangiyo‘lning Sho‘ralisoy qishlog‘iga ta’ziyaga jo‘nashadi. Manzilga yetgach, shoirning uyi oldida hech kim yo‘qligidan andak ajablanishadi. Ichkaridan chiqib kelgan keksa onaxon “O‘g‘limni yo‘qlab kelibsizlar-da”, deya suyunib, alqaganda yigitlar hangu mang bo‘lib qolishadi. Ma’lum bo‘lishicha, shoir o‘lmagan, dorilfununni bitirgach, shahardan ish topolmay, dalada mol boqib yurgan ekan.
Mehmonlar Mashrab aka boshchiligida shoirning “qayta tirilgani”ni yaxshilab “yuvishadi”...
“Josus”
Mustaqillikdan ilgari, Yozuvchilar uyushmasining navbatdagi qurultoyidan keyin ma’lum muddat ikkiga bo‘linib ketgan uyushma a’zolarining aksariyati o‘rtasida oldingi samimiy munosabatlar yana davom etaveradi.
O‘zlariga Adiblar Ittifoqi deb nom qo‘ygan yangi tashkilotning ayrim faollari har qanday guruhbozliklardan yuqori turuvchi, beozor shoir Rauf Parfini qistovga oladilar:
– Rauf aka! Nega siz shu mahalgacha biz tomonga o‘tmadingiz?
– Men sizlar tomondaman, do‘stlarim!
– Ishonmaymiz, yozma ravishda ariza berib o‘tmadingiz-ku!
– Shunaqa rasmiyatchilik... shartmikin?
– Shart! Yozing arizani!
Rauf aka iskanjadan osonlikcha qutulolmasligiga ko‘zi yetgach, axiyri shunday deydi:
– Bilasizlarmi, men hozircha o‘sha – Yozuvchilar uyushmasining ichida bo‘lib turganim tuzuk.
– Nega endi?
– Men “Adiblar ittifoqi”ning Yozuvchilar uyushmasidagi josusiman!..
She’rni qanday yozish kerak
Bir anjumanda yosh shoir she’r o‘qiyotib, nogoh she’rining davomini eslolmay, tutilib qoladi. Shosha-pisha daftarini varaqlay boshlaydi. Nihoyat, o‘sha she’rni topadi ham, ammo negadir o‘z yozuviga “tishi o‘tmay”, peshonasi tirishadi. Sho‘rlik terlab ketadi, tinglovchilarga xijolatomuz qarab qo‘ygach, o‘zicha bir nimalar deya izoh bermoqchi bo‘ladi. Shunda Rauf Parfi shoirga tanbeh berib, shunday deydi:
– She’rni qo‘l bilan yozish kerak-da, shoir!
Ziyofatgacha nima ish qiladi?
Bir zamonlar mahalladosh, hamkasb shoir, yozuvchilar bilan ahyon-ahyon gap-gashtakka to‘planib turardik. Mashhur xonanda Dadaxon Hasanov – jo‘raboshimiz edi. Kunlardan bir kun ziyofatimiz oxirlay boshlaganda jo‘raboshi navbatdagi “gap” qachon, kimnikida bo‘lishini e’lon qildi. Yonidagi hamsuhbati bilan gurungga andarmon bo‘lib qolgan Rauf Parfi muhim ma’lumotni to‘liq eshitolmay qolgani uchun eski do‘stidan qayta so‘raydi:
– Soat nechada yig‘ilishamiz deding?
– Soat oltida!
– Voy bo‘-o‘y, namuncha kech! – deydi Rauf aka hafsalasi pir bo‘lib. – Axir ungacha nima ish qilamiz?
Shodmon OTABEK
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q