Bilasizmi?
Oʻzbekiston tarixi – oʻzbek xalqi maʼnaviyatining asosi, yurtimiz bosib oʻtgan tarixiy yoʻl, avlod-ajdodlarimiz va mamlakatimiz tarixi. 34 milliondan ortiq aholisi boʻlgan Oʻzbekiston geografik jihatdan ham, siyosiy jihatdan ham Markaziy Osiyoning oʻzagini tashkil etadi, taʼbir joiz boʻlsa, yuragi hisoblanadi. Dunyodagi eng qadimgi sivilizatsiyalardan biri mana shu mintaqada paydo boʻlgan. Qadimgi zamonlarda Buyuk Ipak yoʻli shu yerdan oʻtgan. Oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixi oʻz ildizlari bilan asrlar qaʼriga borib taqaladi va uch ming yildan koʻproq davrni oʻz ichiga oladi. Prezidentimiz alohida taʼkidlagani kabi, Hozir Oʻzbekiston deb ataluvchi hudud, yaʼni bizning Vatanimiz nafaqat Sharq, balki, umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri boʻlganini butun jahon tan olmoqda. Bu qadimiy va tabarruk tuproqdan buyuk allomalar, fozilu fuzalolar, olimu ulamolar, sarkardalar, siyosatchilar yetishib chiqqan. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari mana shu zaminda yaratilgan, sayqal topgan. Eramizgacha va undan keyin qurilgan murakkab suv inshootlari, shu paytgacha koʻrku fayzini, mahobatini yoʻqotmagan osoru atiqalarimiz qadim-qadimdan yurtimizda dehqonchilik, hunarmandchilik madaniyati, meʼmorchilik va shaharsozlik sanʼati yuksak boʻlganligidan dalolat beradi. Beshafqat davr sinovlaridan omon qolgan, eng qadimgi toshyozuvlar, bitiklardan tortib, bugun kutubxonalarimiz xazinasida saqlanayotgan 20 mingdan ortiq qoʻlyozma, ularda mujassamlashgan tarix, adabiyot, sanʼat, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, fizika, kimyo, astronomiya, meʼmorchilik, dehqonchilikka oid oʻn minglab asarlar bizning beqiyos maʼnaviy boyligimiz, iftixorimizdir. Bunchalik katta merosga ega boʻlgan xalq dunyoda kam topiladi. Shuning uchun ham bu borada jahonning sanoqli mamlakatlarigina biz bilan bellasha olishi mumkin.
Istiqlol yillarida Oʻzbekiston aql-zakovat salohiyatini rivojlantirishga, xalqaro ilmiy-madaniy aloqalarni kengaytirishga jamiyatshunos olimlar, birinchi navbatda, tarixchilar, arxeologlar, manbashunoslar va etnologlar katta hissa qoʻshdilar. Oʻzbek xalqining etnogenezini oʻrganish va uning xolisona tarixini qayta yaratish, anʼanalari, turmush tarzi va madaniyatini oʻrganish bilan bogʻliq ishlar juda katta qiziqish uygʻotmoqda. Haqiqatan ham, dunyoda oʻzbekning qoʻlidan kelmaydigan ish yoʻq. Qozoqning buyuk oqini Abay eʼtirofini hech kim inkor eta olmaydi: “Oʻzbeklar yetishtirmaydigan, moʻl hosil olmaydigan ekinning oʻzi yoʻq, yer yuzida oʻzbek savdogarlarining oyogʻi yetmagan joy yoʻq, oʻzbeklar uddalay olmagan ishning oʻzi yoʻq... Oʻtkir zehn, mahorat, abjirlik va tadbirkorlik – bularning hammasi oʻzbeklarga xos xususiyatdir”. Qalmiq adibi David Kugultinov yuqoridagi fikrga tan berib, shunday yozgan edi: “Xudo oʻzbeklarga saxiy va tuganmas xazina misol zamin, ana shu zamin singari saxiy va muruvvatli maʼnaviyat, goʻzal til va jahonga tatigulik buyuk madaniyat berdi. Bunchalik katta merosga egalik qilish yer yuzidagi hech bir xalqqa nasib etmagan”. Tarixda “Turon”, “Turkiston”, “Movarounnahr” nomi bilan mashhur boʻlgan Markaziy Osiyo, ayniqsa, Oʻzbekiston hududida minglab yillar davomida yuksak madaniyat gullab-yashnagan, qudratli davlatlar mavjud boʻlgan. Ular insoniyat tarixida, jahon maʼnaviyatini rivojlantirishda yorqin iz qoldirgan. Shu sababdan ham dunyoda Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotlar olib boruvchi 40dan ziyod institutlar, markazlar, universitetlar olimlari va jamiyatlar faoliyat koʻrsatmoqda (2008). Hozirgi Oʻzbekiston yerlarining tabiati kishilik tarixining quyi paleolit (miloddan avvalgi 3 mln. yil – 100-minginchi yillik) bosqichidayoq bu yerlarda odamzod yashashi uchun qulay boʻlgan. Fargʻona vodiysining Soʻx soyi sohilidagi Selungur gʻorida va Ohangaron vodiysining Koʻlbuloq makonida topib oʻrganilgan ilk tosh davri yodgorliklariga qaraganda, qadimgi Turon yerlarida bunday qariyb 700 ming – 1,5 mln. yil muqaddam ibtidoiy odamlar yashagan. Oʻrta paleolit (miloddan avvalgi 100–40-mingyilliklar) davriga oid Teshiktosh gʻoridan topilgan 8–9 yoshli bolaga tegishli suyak qoldiqlari fan olamida jiddiy kashfiyot boʻldi. Odam suyaklari atrofiga terib chiqilgan arxar va Buxoro bugʻusi shoxlarining topilishi dafn marosimlarining ibtidoiy koʻrinishlari bilan bogʻliq. Marhumni qabrga turli buyumlar bilan birga koʻmish dastlabki diniy tasavvurlarning vujudga kela boshlaganini koʻrsatadi. Yuqori paleolit (miloddan avvalgi 40–12-ming yillik) bosqichida hozirgi zamon odami (kromanyon) shakllangan. Oʻsha davr odamlari fanda “Homo sapiens” – idrokli odam deb nomlanadi.
Hozirgi zamon odamining 3 irqi – yevropoid, negroid, mongoloid qiyofalari ham oʻsha vaqtda vujudga kelgan. Odam toʻdalari qon-qarindosh boʻlib yashay boshlagan. Ona tomondan qarindoshlik mustahkamlanib, matriarxat paydo boʻlgan. Tasviriy va amaliy sanʼatning ibtidosi ham oʻsha davrdan boshlangan. Mezolit (miloddan avvalgi 12–7-ming yilliklar)da oʻq-yoy kashf etilgan, bu oʻsha davr odamlari hayotida buyuk burilish yasagan. Hayvonlarni qoʻlga oʻrgatish boshlangan. Mezolit davrida ungurlar devoriga oʻyib chizilgan yoki rangli boʻyoqlar bilan tasvirlangan ibtidoiy sanʼat paydo boʻlgan. Bular totemistik eʼtiqod bilan bogʻliq boʻlib, ulardan biri Surxondaryoning Zarautsoy darasida topib oʻrganilgan. Neolit, yaʼni yangi tosh davri (miloddan avvalgi 6–4-ming yillik)da ovchi jamoalar yertoʻla, chayla yoki kapalar bino qilib, oʻtroq hayot kechirishga oʻtganlar. Bu davrda oila tarixining dastlabki bosqichi – juft nikoh urf boʻlgan. Eneolit (mis-tosh) davrining (milloddan avvalgi 4–3-ming yillik) nodir yodgorligi Zarafshon vodiysida joylashgan Sarazm boʻlib, u yerdan sirtiga rangdor naqshlar berilgan sopol boʻlaklari, mis koʻzgu, oltin va kumushdan yasalgan munchoqlar topilgan. Jez davrida (miloddan avvalgi 3–2-ming yilliklar) ovchilik va terimchilik ijtimoiy va iqtisodiy hayotda oʻzining dastlabki ahamiyatini yoʻqotgan. Ot, eshak, tuya va hoʻkizdan transport vositasi sifatida foydalanilgan, aravalar vujudga kelgan. Bu davrda rivojlangan Baqtriya (Amudaryo boʻyi) dehqonchilik madaniyati shakllangan. Ilk shaharlar paydo boʻlgan. Temir davri (miloddan avvalgi IX asrdan) yodgorliklari Xorazm, Baqtriya, Soʻgʻd, Choch yerlari va Fargʻona vodiysida oʻrganilgan. Bu davrda hunarmandchilik dehqonchilikdan ajralib chiqqan. Mehnat unumdorligi oʻsib, qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarila boshlangan. Bu esa ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishiga olib kelgan. Aholi kohinlar, jangchilar, dehqonlar va hunarmandlar toifalariga boʻlingan. Qabilalar oʻrtasida harbiy ittifoqlar tuzilgan. Kuchli lashkarboshilar “qoviy”, (kuchli, zabardast) unvonlari bilan atala boshlagan. Qoviylik hokimiyati merosiy boʻlgan. Ular el-yurtni tashqi yov bosqinlaridan mudofaa etar, daryolardan katta-katta kanallar chiqarish va yangi berilgan. Vizantiya tarixchisi Prokopiyning yozishicha, eftaliylarning qonuniy davlati podshohi mutlaq tomonidan boshqarilgan. Xioniy va kidariylarning Markaziy Osiyoga kirib kelishi hamda Eftaliylar davlatining tashkil topishi mahalliy aholining maʼnaviy hayotiga ham maʼlum darajada taʼsir etgan. Asriy anʼanalari kuchli boʻlgan Tohariston va Soʻgʻdiyonada koʻchmanchilar tez orada oʻtroqlashib, mahalliy aholi bilan qorishgan va uning ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy hayotida faol ishtirok etgan. Ilk oʻrta asrlarning oʻziga xos madaniyati shakllana boshlagan. Bu, ayniqsa, binokorlik, meʼmorlik va tasviriy sanʼatning ayrim jabhalarida koʻproq namoyon boʻlgan. VI–VIII asrlarda mamlakatning siyosiy jihatdan zaiflashuvi uning bir necha mayda davlatlarga boʻlinib ketishiga sabab boʻlgan. Soʻgʻd va Fargʻonada ixshidlar, Toharistonda malikshohlar, Xorazmda xorazmshohlar, Choch va Iloqda tudun va dehqonlar hukmronlik qilgan. Ilk oʻrta acrlarda Soʻgʻdda shahar va qishloq aholisi “naf” deb atalgan. Zodagonlar “ozod”, shahar hunarmandlari “ozodkor”, savdogarlar “gʻuvokor”, ziroatkorlar “kashovarz”, qul va choʻrilar “bantak” va “doya” deb yuritilgan. Bu davrda Turon aholisi zardushtiy, budda, xristianlik, moniy va qam (shomon) kabi dinlarga eʼtiqod qilgan.
VIII asr boshlarida Movarounnahr Arab xalifaligi tomonidan istilo etilgan. Bu davrda sodir boʻlgan murakkab siyosiy vaziyatning tadrijiy rivoji va u bilan chambarchas bogʻliq ijtimioy-iqtisodiy oʻzgarishlar mamlakat maʼnaviy hayotiga ham kuchli taʼsir etgan. Dastlabki maʼlumotni Movarounnahr, Xuroson va Xorazm madrasalarida olgan Markaziy Osiyo olimlari Bogʻdod, Damashq, Qohira, Kufa va Basrada bilimlarini oshirgan. Ular oʻz asarlarini oʻsha davrda ilm tiliga aylantirilgan arab tilida yozishga majbur boʻlganlar. Movarounnahr va Xuroson aholisining tez-tez qoʻzgʻolon koʻtarishi, mamlakat ichida uzluksiz davom etgan urushlar Arab xalifaligi hokimiyatini zaiflashti rib, mustaqil davlatlarning paydo boʻlishiga olib kelgan. Oʻzbekiston hududida Qarluqlar, Oʻgʻuzlar davlatlari hukm surgan. 873-yilda Xurosonda Tohiriylar hukmronligi tugatilib, yangi Safforiylar davlati tashkil topgan. Bunday siyosiy oʻzgarishdan soʻng Movarounnahr oʻz mustaqilligini toʻla tiklab olgan. Bu davrda Samarqand, Fargʻona, Shosh va Ustrushona viloyatlarida Somoniylar xonadoni vakillari noib edilar. Ismoil davrida Xuroson ham Somoniylar qoʻl ostiga oʻtgan. Mamlakat maʼnaviy hayotining tayanchi boʻlgan islom mafkurasiga Somoniylar davrida “ustod” – din va ilm peshvolari rahnamolik qilgan. Somoniylar davridagi siyosiy barqarorlik va iqtisodiy koʻtarilish maʼnaviy hayot ravnaqiga imkon bergan. Buxoro, Samarqand, Nasaf, Gurganj, Marv singari shaharlar ilmiy va madaniy markaz sifatida taraqqiy etgan. Bu davrda qishloq aholisining aksariyati soʻgʻdiy, turkiy, xorazmiycha soʻzlashsa-da, markaziy shaharlarda davlat tili sifatida qabul qilingan forsiy-dariy adabiy tili vujudga kelgan. Forsiy-dariyda nazm, nasr va ilmiy asarlar yozila boshlagan. Bu davrda Muhammad Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Narshaxiy, Beruniy kabi jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk siymolar ijod qilganlar. X asr oʻrtalarida tashkil topgan Qoraxoniylar davlati podsholari buyuk hukmdor maʼnosini anglatuvchi “arslonxon” va “bugʻroxon” unvonlari bilan yuritilgan. Buyuklik, ulugʻlik esa qadimda turkiy xalqlarda “qora” soʻzi bilan sifatlangan. 999-yilda Qoraxoniylar Buxoroni bosib olib, Somoniylar hokimiyatiga barham bergan. X asr oxirida Somoniylar mulki oʻrnida Qashqardan Amudaryogacha choʻzilgan Qoraxoniylar va Hindiston shimolidan Kaspiy dengizi janubiga qadar viloyatlarni egallagan Gʻaznaviylar davlati tashkil topgan. Sirdaryo etaklarida yashovchi oʻgʻuzlardan ajralib, Saljuqiy nomi bilan Xurosonga borib oʻrnashgan kuchlar Gʻaznaviylarga qarshi jiddiy kurash boshlagan. 1040-yildagi Dandanakon jangida Saljuqiylardan magʻlub boʻlgan Gʻaznaviylar tasarrufida oʻazna, Qobul, Qandahor va Panjob viloyatlarigina boʻlib, u kichik davlatga aylanib qolgan. Saljuqiylar Toʻgʻrulbek zamonida 1055-yilda Bogʻdodda oʻz siyosiy hukmronligini oʻrnatgan. Saljuqiylar 1043-yilda Xorazmni ham boʻysundirgan. 1127-yilda Xorazm Qoraxitoylar tomonidan egallangan. Ular Xorazmning ichki ishlariga aralashmay, faqat boj va oʻlpon yigʻish bilan kifoyalangan.
XIII asr boshida Xorazm juda katta hududni egallagan buyuk davlatga aylanib, uning chegarasi Orol va Kaspiy dengizi sohilidan Iroqqa qadar borar, janubi-sharqiy sarhadi Gʻazna viloyatidan, Yettisuv va Dashti Qipchoqdan oʻtar edi. Poytaxti Gurganj shahri boʻlgan. Movarounnahr aholisining Qoraxitoylar asoratidan ozod boʻlib, Xorazm davlatiga birlashishi ijobiy tarixiy voqea edi. Lekin, sirtdan qaraganda juda kuchli, nufuzi buyuk koʻringan Xorazmshohlar davlati siyosiy jihatdan unchalik mustahkam boʻlmagan. Shu sababga koʻra, Chingizxon boshliq moʻgʻil bosqinchilari Xoʻjand hokimi Temur Malik, 1221-yil boshida Xorazm davlati sultoni deb eʼlon qilingan Jaloliddin Manguberdining qahramonliklariga qaramay, Movarounnahrni nisbatan oson istilo etishga muvaffaq boʻlgan. Moʻgʻillar istilosi oqibatida Movarounahr va Xorazm iqtisodiy va maʼnaviy hayotiga juda katta zarar yetib, gavjum va koʻrkam shaharlar, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Gurganj, Marv, Banokat, Xoʻjand kabilar xarobazorga aylantirilgan. Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Movarounnahr Chingizxonning 2-oʻgʻli Chigʻatoyga berilgan. Koʻchmanchi moʻgʻillar oʻtroq aholidan iborat katta va madaniy viloyatlarni boshqarishda boʻysundirilgan xalqlarning zodagon tabaqa vakillari xizmatidan foydalanganlar. XIV asr 40-yillarida Chigʻatoy ulusi Sharqiy Turkiston va Yettisuvdan iborat Moʻgʻiliston va Movarounnahr qismlariga boʻlinib ketadi. Movarounnahrda moʻgʻillar istilosi oqibatida inqirozga yuz tutgan fan, adabiyot, maʼrifat va madaniyatning ayrim tarmoqlari tiklana boshlaydi va bu davrda, birinchi navbatda, shaharsozlik bilan bogʻliq boʻlgan binokorlik va meʼmorchilik yoʻlga qoʻyiladi. Oʻsha asrlarda tiklangan koʻpgina madaniyat obidalaridan ayrimlari bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. XIV asrning 60-yillarida Movarounnahrda siyosiy tarqoqlik kuchayib, oʻzaro kurash keskinlashgan. Shunday paytda tarix sahnasiga chiqib kelgan Amir Temur Movarounnahr va Xorazmda tarqoqlik, oʻzaro nizolarga chek qoʻyib, Sirdaryo boʻylaridan Orol dengizigacha boʻlgan yerlarda yashovchi xalqlarni yagona markazlashgan davlat tasarrufida birlashtirgan. Amir Temur oʻzining 35 yillik hukmronligi davrida Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻigacha gʻoyat katta hududni oʻz ichiga olgan ulkan saltanatni vujudga keltirgan. Saltanat poytaxti Samarqandda Isfaxon, Sheroz, Xalab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh shaharlari meʼmoru binokorlari ishtirokida saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar qurilgan. Bunyodkorlik faoliyati hoz. Oʻzbekiston hududidan tashqarida ham amalga oshirilgan. Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bogʻdodda madrasa, Turkistonda Xoja Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara bino qurdirilgan. Bunyodkorlik faoliyati temuriylar davrida ham davom ettirilgan. Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davrida ham poytaxt shaharlarda olimu fuzalolar, shoiru bastakorlar, meʼmoru binokorlar va naqqoshu hunarmandlarning katta guruhi toʻplangan. Samarqand va Buxoro ilmu maʼrifat dargohiga aylantirilgan. Ulugʻbek farmoni bilan Buxoro (1417), Samarqand (1417–1420) va Gʻijduvonda (1433) madrasalar qurilgan. Buxoro madarasasi darvozasiga: “Ilm olmoq har bir musulmon ayol va erkakning burchidir”, degan kalima yozib qoʻyilgan. Samarqandda dunyoga kelgan rasadxona astronomiya sohasida jahonshumul ahamiyat kasb etgan natijalarga erishgan. Temuriylardan soʻng hokimiyatga kelgan Shayboniylar sulolasi 100-yil hukm surgan. Poytaxt dastlab Samarqand, Ubaydullaxon davrida Buxoroga (1533) koʻchirilgan. Shundan soʻng mazkur davlat Buxoro xonligi deb atala boshlagan. Ashtarxoniylar sulolasi (1601–1753) davrida siyosiy nizo, ichki kurashlar kuchayib, Buxoro va Xiva xonliklari oʻrtasidagi urushlar katta talafotlarni keltirib chiqargan. Ashtarxoniylardan soʻng Mangʻitlar sulolasi (1753–1920) taxtga chiqqan davrda ham madrasalar qurilgan, lekin ularda asosan, fors va arab tillari, diniy taʼlimotlar oʻqitilgan.
Dunyoviy fanlarga deyarli ahamiyat berilmagan. 1709-yilda Fargʻona vodiysida vujudga kelgan Qoʻqon, 1511-yildayoq shakllangan Xiva xonliklaridagi ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy hayot Buxorodagidan keskin farq qilmagan. Hukmron tabaqa vakillari oʻrtasida birlik va ahillikning yoʻqligi, moddiyatning maʼnaviyatdan ustun qoʻyilishi, boylik talashib oʻzaro olib borilgan mantiqsiz urushlar oqibatida Markazi Osiyo xalqlari jahon hamjamiyati rivojidan orqada qolgan. Jahon bozoridan ajralib qolganlik xonliklar va amirlikni qoloqlikka mahkum etgan. Buxoro va Xiva munosabati yaxshi qoʻshnichilikka asoslanmagan edi, shuningdek, Buxoro va Qoʻqon oʻrtasidagi munosabat ham dushmanlik ruhida kechgan. XVI asrdan boshlab Markaziy Osiyo xalqlari madaniy hayotda XIV–XV asrlardagi mavqeini saqlab qola olmaganlar. Aksincha, shu davrdan boshlab madaniy hayotda orqaga ketish roʻy bergan va uzoq turgʻunlik davri boshlangan. Buning birinchi sababi, markazlashgan davlatning parchalanib ketgani boʻlsa, ikkinchisi, diniy mutaassiblik, xurofot va jaholat xalqlar hayotidan aniq va tabiiy fanlarni deyarli siqib chiqargani edi. XIX asr oʻrtalarida mustamlakachi ikki imperiya yaʼni, Rossiya va Buyuk Britaniya strategik manfaatlari Turkistonda toʻqnashgan. Markaziy Osiyo davlatlari hukmdorlari kaltabinliklari, oʻz shaxsiy manfaatlarini el-yurt manfaatlaridan ustun qoʻyganlari oqibatida bu ikki mustamlakachi imperiyalar oʻrtasidagi ziddiyatlardan foydalana olmaganlar. Rossiya va Buyuk Britaniya kelishuviga binoan, Afgʻoniston ikki davlatning Osiyodagi mustamlakalari oʻrtasida ularni ajratib turuvchi hudud vazifasini oʻtaydigan boʻlgan. Shunday qilib, Rossiya bosqini xavfi ham oʻzaro ziddiyati kuchli Buxoro, Xiva, Qoʻqon xonliklarini birlashtira olmagan. Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olgach, dunyoning eng yirik mustamlakachi mamlakatiga aylangan. Mustamlakachilik mahalliy xalqlarga mutlaqo ishonmaslik, turkiy xalqlarni kamsitish kabi buyuk davlatchilik va shovinistik ogʻular bilan zaharlangan edi. Lekin, Rossiya istilosi natijasida Toshkent va Fargʻona vodiysida banklar, xorijiy korxonalar ochilgan. Turkistonda ham bozor munosabatlari shakllana boshlagan. Markaziy Osiyo xonliklari boʻysundirilgach, oʻzaro urushlar barham topgan. Biroq, istiqlol uchun kurash aslo toʻxtamagan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, maʼrifiy jadidchilik harakati yuzaga kelgan. Dastlabki jadid maktablari, gazetalari, jurnallari nashr etilgan. Oʻzbek milliy teatriga asos solingan. 1917-yil Oktyabr toʻntarishidan keyin tuzilgan Turkiston Xalq Komissarlari Sovetiga mahalliy millat vakillaridan birorta ham kishi kiritilmagan. Mintaqadagi milliy demokratik davlatchilikning dastlabki tajribasi – Turkiston muxtoriyati bolsheviklari tomonidan qulatilgan. Shoʻro rejimi chorizm mustamlakachilik siyosatidan ham oshib tushgan. Turkiston oʻlkasi Rossiyaga yana bir bor siyosiy va iqtisodiy jihatdan qaram etilgan. Oqibatda, Shoʻro rejimiga qarshi, “bosmachilik” tamgʻasi bosilgan qurolli harakat boshlangan. Bolsheviklar Turkiston mintaqasining boʻlib tashlab, idora qilish maqsadida 1918-yil 30-aprelida unga “avtonomiya” berganlar. Soʻngra Turkistonni parchalab tashlash uchun jiddiy tayyorgarlik koʻrishga kirishilgan. 1925-yil 13–17-fevralda OʻzSSRning tuzilishi “oʻzbek xalqining milliy davlatchiligi tashkil qilindi” degan fikrni anglatmaydi.
SSSR tarkibidagi OʻzSSR amalda hech qanday suverenitet va mustaqillikka ega emas edi. OʻzSSRning XX asr 30 yillaridagi ijtimoiy-siyosiy hayoti mustabid Shoʻro tartiboti mustahkamlangan va totalitar tuzum qaror topgan, bolsheviklar partiyasi yakka hukmronligi choʻqqiga chiqqan davrga toʻgʻri keladi. Partiya hayotning butun ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy, mafkuraviy va madaniy sohalarini boshqarishni oʻz qoʻlida jamlab olgan edi. XX asr 70 yillariga kelib OʻzSSRda ijtimoiy rivojlanish muammolarining hal qilinishidan koʻra tezroq koʻpayib, keskinlasha borgan. Boshqaruvning maʼmuriy-buyruqbozlik usullari va iqtisodiy hayotni qatʼiy rejalashtirish tamoyili vaziyatni yanada murakkablashtirib yuborgan. 1985–1991-yillar Oʻzbekiston tarixida xalqning milliy oʻzligini anglashi va milliy ongining oʻsishida muhim ahamiyatga ega boʻlgan bosqich hisoblanadi. Markazda boshlangan qayta qurish jarayoni Oʻzbekistonda ham mustaqillik gʻoyalarining tiklanishi va shakllanishi uchun zamin yaratgan. 1989-yil 23-iyunda OʻzKP MK Birinchi kotibligiga I.A.Karimov saylangach, mustaqillik uchun dadil harakat tezlashgan. Shu yilning 21-oktyabrida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi buning yaqqol dalilidir. 1990-yil 24-martda Oʻzbekistonda prezidentlik boshqaruvi joriy etilishi ham istiqlol sari tashlangan yangi qadam edi. 1991-yil 31-avgustda oʻzbek xalqining muqaddas, tarixiy orzusi roʻyobga chiqdi – Oʻzbekiston tinch, parlament yoʻli bilan oʻzining haqiqiy davlatchiligiga erishdi. Prezident Islom Karimov rahbarligida Oʻzbekiston aholisining milliy-tarixiy turmush va tafakkur tarzidan, xalq anʼanalari va boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib taraqqiyotning oʻziga xos va mos modeli ishlab chiqildi. Oʻzbekiston demokratik, adolatli ijtimoiy tuzum, jahon hamjamiyatidan munosib oʻrinni egallaydigan va jahon madaniyatiga salmoqli hissa qoʻshadigan, iqtisodiy va maʼnaviy jihatdan boy davlat va jamiyat barpo etishni oʻzining strategik vazifasi deb belgiladi. Istiqlolga erishilgach, Oʻzbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida ulkan ishlar amalga oshirildi, xalqimizning haqqoniy tarixini yaratish imkoni ochildi. Oʻz erki va mustaqilligini qoʻlga kiritgan xalqimizning yurtimizda Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish borasidagi faoliyati jadallik bilan davom etmoqda.
Bilasizmi?
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q