Oʻzbekiston madaniyati


Saqlash
17:12 / 22.12.2023 0 2342

Oʻzbekiston madaniyati – Oʻzbekistondagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, urf-odatlar, marosim-bayramlar, maʼnaviy qadriyatlar, ilm-fan, axloq, sanʼat va din, moddiy va maʼnaviy boyliklar. Oʻzbekiston madaniyati uzoq tarixga borib taqaladi. Oʻzbekiston qadimiy tamaddun oʻchoqlaridan biri boʻlib, uning hududida minglab arxeologiya, madaniyat va sanʼat yodgorliklari mavjud. Shu sabab uni bir necha tarixiy davrlarga boʻlib oʻrganish maqsadga muvofiqdir:

 

Birinchi davr – eramizgacha II ming yillik. Quyi paleolit – ilk tosh asri (1 million – 150 ming yil avval) ashel madaniyatiga oid tosh qurollarni Fargʻona vodiysi (Norin va Baqirgan soy atrofi)da topilishi bu maskanda ibtidoiy odamlar istiqomat qilganidan guvohlik beradi. Sel Ungur gʻorida bundan 400–700 ming yil ilgari odamlar yashagani haqida maʼlumotlar bor. Oʻrta paleolit – Mustye davri (150–130 ming yil avval)dagi Teshiktosh (Surxondaryo)dan topilgan juda koʻp tosh qurollar, turli hayvon suyaklari, hamda neandertal bolaning skeleti gʻorda yashovchi odamlarda oʻziga xos sodda madaniyat asoslari vujudga kela boshlaganidan dalolat beradi. Ibtidoiy teshiktoshliklar olovdan samarali foydalana olgan. 9 yoshli neandertal bola dafn etilgan qabrdan har xil buyumlar va togʻechkisi shoxining topilishi oʻsha davrlarda diniy tasavvurlar paydo boʻlganini tasdiqlaydi. Teshiktoshliklar eʼtiqodi boʻyicha tosh va shox murdani himoya qilgan. Omonqoʻton gʻori (Samarqand), Obirahmat va Koʻl buloq (Toshkent), Qallachi va Soʻx (Fargʻona vodiysi), Uchtut (Navoiy)ga oid topilmalar (150–130 ming yil oldin), odamlar toʻda boʻlib yashab ovchilik bilan hayot kechirgani, ov qurollaridan foydalana boshlangani, shu bilan birga ovchilik oʻyinlari (ovga tayyorgarlik koʻrish mashqlari) ham paydo boʻlgani haqida maʼlumotlar beradi. Qoya va gʻor devorlarida ibtidoiy odamlar chizgan tasvir-rasmlardan maʼlum boʻladiki, bu davrdan boshlab odamlar oʻsimlik va hayvonot dunyosini tushunishga harakat qilganlar, ularning ongi, harakatlari, marosimlarida fetishizm – odam uchun kerakli narsalar (masalan, yogʻoch va tosh qurollar)ni muqaddasligiga ishonish; animizm – bu tabiatdagi barcha hodisalar, jismlar, hayvonlarning joni borligi va ruhga ishonish, ularning ilohiy kuchiga sigʻinish; totemizm – hayvon va oʻsimliklar bilan kelib chiqishimiz bir, deb ularni muqaddaslashtirish va sigʻinish; magiya (jodugarlik) – ilohiy kuch yordamida atrofdagi barcha narsa va hodisalar, jonzotlarga taʼsir gʻoyasi paydo boʻlgan. Soʻnggi poleolit (30–12 ming yil avval) davrida Samarqand makoni, Krasnovodsk (Turkmaniston), Uchtut ustaxonasi (Navoiy), Ohangarondan topilgan yodgorliklar (mehnat qurollari)da esa, sanʼat (badiiy bezak) belgilari koʻzga tashlanadi. Tadqiqotlar koʻrsatishicha, shu davrdan boshlab ayollar urugʻi hukmronligi (matriarxat) boshlangan boʻlib, ular katta mavqega ega boʻlgan. Mansab, nasl (avlod) va mulk ona urugʻi boʻyicha meros boʻlib oʻtgan. Erkaklar ayollarga boʻysungan. Matriarxat davrida ayollar turmushiga xos madaniyat ustuvor boʻlgan. Shu bilan birga, oʻsha davrlardan boshlab bola tarbiyalash, roʻzgʻor yuritish, taom tayyorlash kabi vazifalarni bajarishda ayollar asosiy oʻrin tutgan. Ov qilish erkaklar vazifasi boʻlsa-da, ovdan keyingi barcha tadbirlarda ayollar bosh rol oʻynagan. Ayollar boshchiligida ovchi-erkaklar ishtirokida ovga, hayvonlarga bagʻishlangan maxsus marosimlar, tomoshalar uyushtirilgan. Mezolit davri (miloddan avvalgi 10–6 ming yilliklar) Machay gʻori (Surxondaryo), Obishir (Fargʻona vodiysi)ga oid madaniy topilmalar diqqatga sazovordir. Bu davrda ov va mehnat qurollari takomillashib, kamon va yoydan samarali foydalanilgan, terimchilik, ovchilik, baliqchilik bilan shugʻullanish ravnaq topdi va bu mashgʻulotlarga oid odatlar paydo boʻldi. Neolit – “yangi tosh” davri (miloddan avvalgi 6–3 ming yilliklar)da Markaziy Osiyo xalqlari hayoti va madaniyatida “neolitik inqilobiy” oʻzgarishlar sodir boʻldi. Qabilalar terimchilik, ovchilik, baliqchilik kabi oʻzlashtiruvchi xoʻjalikda band boʻlishi bilan bir qatorda ishlab chiqarish xoʻjaligiga ham oʻtdi: hayvonlar xonakilashtirildi, sodda dehqonchilik paydo boʻldi. Mazkur davrdagi Kaltaminor madaniyati alohida ahamiyatga egadir. Uzukoʻl, Tayloqkoʻl (Fargʻona vodiysi), Jonbasqalʼa (Qoraqalpogʻiston), Tuzkon (Buxoro) va boshqa joylardagi yodgorliklar tahlili shuni koʻrsatadiki, bu davrda ikki daryo oraligʻida odamlarning turmush tarzi ancha taraqqiy etib, rivoj topdi, toʻqimachilik, kemachilik paydo boʻldi, sodda dehqonchilik shakllandi, qabila uyushmalari vujudga keldi. Jez davri (miloddan avvalgi 3 ming yillik – 1 ming yillik boshi) yodgorliklari: Zamonbobo (Buxoro), Suvyorgan (Qoraqalpogʻiston), Chust (Namangan), Amirobod (Xorazm), Sopollitepa (Surxondaryo) topilmalari bu davrga kelib Oʻrta Osiyo xalqlari hayotida qator oʻzgarishlar boʻlganidan, jumladan, odamlarni turmush tarzi va madaniyati ravnaq topganidan guvohlik beradi. Bu davrda chorvachilik rivojlanadi, oʻtroq dehqonchilik shakllanadi, sunʼiy sugʻorishga asoslangan yerlar oʻzlashtiriladi, bugʻdoy, arpa, tariq, suli kabilar ekiladi.

 

Ikkinchi davr – eramizgacha I ming yillikning birinchi yarmi. Miloddan avvalgi VII–IV asrlarda Oʻrta Osiyoda yangi tipdagi shahar madaniyati shakllana boshladi. Jumladan, Sopollitepa, Jarqoʻton (Surxondaryo); Anov, Namozgoh, Oltintepa (Turkmaniston); Xorazm, Marokanda, Kiroshota kabi joylarda qalʼa – shaharlarning vujudga kelishi oʻsha davrga xos yuksak madaniyat manzilgohlarini vujudga keltirdi. Qalʼalar atrofining oʻralishi, shaharlarda oʻziga xos meʼmorchilikning bunyod etilishi, hunarmandchilikning dehqonchilikdan ajralib chiqishi, turli kasb-hunarlarning ravnaq topishi, sodda savdo-sotiqning taraqqiy etishi, bozor atrofida turli madaniy-maishiy maskanlar, tomoshagohlarning paydo boʻlishi, aholining uy-roʻzgʻor, kiyinishga alohida eʼtibor berishi – bularning hammasi shahar madaniyatining kamol topishiga jiddiy zamin yaratdi. Miloddan avvalgi II asrda Oʻrta Osiyodan yirik karvon yoʻllari oʻta boshlaydi, keyinchalik u “Buyuk Ipak yoʻli” deb nom oldi. Buning natijasida dasht-choʻl yoʻllarida sarbadorlar, shaharlarda musofirxona (mehmonxona), karvonsaroylar qad koʻtara boshlaydi. Markaziy Osiyo xalqlarida qadimdan mavjud boʻlgan turli diniy qarashlar (totemistik, politeistik, jodugarlik kabilar) zamirida zardushtiylik dini keng tarqaldi. Bu dinning muqaddas kitobi “Avesto” oʻsha davrning muhim manbasiga aylandi. Old Osiyoda paydo boʻlgan Oromiy yozuvi taʼsirida Xorazm, Soʻgʻd va Baqtriy yozuvlari paydo boʻldi. Xalq ijodi (baxshichilik, dostonchilik, ertakxonlik), amaliy ijod turlari, xalq oʻyinlari, sanʼat turlari (tomosha, raqs, musiqa), mavsumiy marosim-bayramlar keng rivoj topdi. Markaziy Osiyo tarixidagi siyosiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, bu hududdagi madaniy taraqqiyotga ham jiddiy taʼsir qildi. Miloddan avvalgi IV–III asrlar davomida Oʻrta Osiyo yerlarining koʻpchilik qismida eronlik Ahamoniylar sulolasi hukmronlik qilgan. Bu qadimgi eron madaniyatining mahalliy madaniyatga taʼsirini kuchaytirdi. Bu davrdan boshlab Oʻrta Osiyoda qadimiy eron tili, odatlari, eʼtiqodlari keng tarqaldi.

 

Uchinchi davr – eramizgacha IV asr oxiri – eramizning IV asri Miloddan avvalgi 329–327-yillarda Oʻrta Osiyo janubiy-gʻarbiy qismini Aleksandr Makedonskiy bosib oldi va yunon-makedon hukmdorligi 150-yil davom etdi. Yunon-makedonlar ham Oʻrta Osiyo madaniyatiga oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Jumladan, bu hududda ham yunon arxitekturasi, haykaltaroshlik sanʼati, teatr tomoshalari paydo boʻldi. Bu taʼsirni Oʻrta Osiyo janubida paydo boʻlgan Yunon-Baqtriya davlatida yaqqol sezsa boʻladi. Natijada, janubda yunon va baqtriya madaniyatlari uygʻunlashdi. Milodiy asr boshlanishi arafasida Kushon podsholigi (I–IV asrlar) vujudga keladi va u borgan sari kengayib (Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Shimoliy Hindistonni oʻz ichiga olib), oʻsha davrda dunyodagi 3ta yirik imperiyalar qatoriga qoʻshiladi. Kushon davri madaniyati insoniyat tarixida oʻzining munosib oʻrniga ega. Meʼmorchilik, haykaltaroshlik, devoriy rang-tasvir, temir, tosh, suyakdan yuksak badiiy saviyadagi asarlarni yaratish Kushon madaniyatining tarkibiy qismiga aylandi. V–VI asrlarda turkiy jangovor koʻchmanchi qabilalar birlashmasi asosida vujudga kelgan Eftalitlar davlatida dehqonchilik va hunar mandchilik madaniyatiga alohida eʼtibor berilgan, ulkan meʼmorchilik inshootlari bunyod qilingan, rangli shishadan turli idish va sanʼat asarlari yaratilgan, tanga pul zarb etish yuqori darajaga koʻtarilgan.

 

Toʻrtinchi davr – VII–VIII asrlar. Bu asrlarda arablar Oʻrta Osiyoni bosib olgandan soʻng bu yerga islomiy madaniyat – arab yozuvi, islom dini, odatlari va bayramlari olib kelindi. Madaniy obidalar (masjid, madrasa, maqbara, namozgoh kabilar) qurildi va ularda maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatlar olib borish tajribasi va usullari yoʻlga qoʻyildi. Islomgacha mavjud boʻlgan madaniyat yodgorliklari, otashparastlik va boshqa dinlar bilan bogʻliq aqidalarga qarshi kurash olib borildi. Madaniyat arablar kelgunga qadar yuqori darajada rivojlangan boʻlsa-da, biroq, bu ulkan hudud aholisini birlashtiradigan yagona hokimiyat va yagona mafkura yetishmas edi. Islom Markaziy Osiyo xalqlarini maʼnaviy birlashtirib, bu hududda yangi dunyoviy madaniyat ravnaq topishiga asos soldi.

 

Beshinchi davr – IX-XII asrlar. Bu davrda Movarounnahr (ikki daryo oraligʻi)da ilmu fan taraqqiy etdi, jahonga mashhur tasavvuf ilmi vujudga keldi. Yassaviya, Naqshbandiya, Kubroviya, Bektoshiya, Uvaysiya, Qadariya, Ravshaniya kabi tariqatlar keng tarqaldi. IX–XII asrlar mobaynida maʼnaviy madaniyat gullab-yashnadi. Falsafa, riyoziyot (matematika), falakiyot (astronomiya), jugʻrofiya (geografiya), tibbiyot (meditsina) kabi fanlar ravnaq topdi. Yurtimizda dunyoviy kashfiyotlar (algebra – al-jabr asoslari, yerning sharsimonligi, tibbiyot qonunlari kabilar) yaratildi. Buyuk matematik, astronom va geograf, algebra ilmining otasi – Muhammad al-Xorazmiy, “Shayx ur-rais”, “Donishmandlar sultoni”, “Tabiblar shohi” kabi buyuk va moʻtabar nomlarga sazovor Abu Ali ibn Sino, qomusiy bilimlar sohibi, umumjahon fani va madaniyatiga bebaho hissa qoʻshgan Abu Rayhon Beruniy, ikkinchi Arastu nomi bilan mashhur, jahon falsafa, musiqa va matematika ilmlari poydevorini tiklagan Forobiy, Navoiy taʼbiri bilan aytganda, koʻzi oldida osmon past boʻlgan Mirzo Ulugʻbek, islom madaniyati va fani iqlimida juda katta oʻrin tutgan Imom Buxoriy, Ahmad Yassaviy, turkiy adabiyot sultoni hazrat Alisher Navoiy, ham qalam, ham jang maydonida koʻrsatgan jasorati bilan mashhur Bobur Mirzo shu tuproq farzandlaridir.

 

Oltinchi davr – XIV–XVI asr boshi. XIV–XVI asrlar – Temuriylar davrida Markaziy Osiyoda yuksak dunyoviy madaniyat vujudga keldi. Temur yordami bilan “Karvon yoʻllari”ning tiklanishi hamda Samarqandda olamga mashhur olimu fuzalolar, yozuvchi, shoirlar, meʼmoru hunarmandlar toʻplanishi natijasida yurtimiz jahon madaniy markazlaridan biriga aylandi. Temur davrida meʼmorchilik, naqqoshlik, zargarlik, oʻymakorlik, kulolchilik, oynasozlik, xattotlik, adabiyot hamda ilmu fan rivoj topdi. Samarqand va uning atrofida jahonga mashhur bogʻlar vujudga keldi. Kutubxona, rasadxona, madrasa va maqbaralar qurildi. Ulugʻbek yaratgan “Yulduzlar xaritasi” jahon falakiyot ilmiga qoʻshilgan munosib hissa boʻldi, Ulugʻbek observatoriyasi esa dunyodagi eng ilgʻor ilmiy inshootlarning biriga aylandi. Ulugʻ mutafakkir–shoir A.Navoiyning ijodi va faoliyati oʻzbek adabiy tilining shakllanishida muhim oʻrin tutdi.

 

Yettinchi davr – XVII–XIX asr boshi. Xonliklar davrida sanʼat, adabiyot va ilm-fan jadal rivojlandi. Har bir xonlik madaniyati oʻziga xos koʻrinish va shakllarda rivojlandi. Qoʻqon xonligida keng adabiy muhitning yaratilgani koʻplab jahonga mashhur shoir va shoiralarning yetishib chiqishiga zamin yaratdi. Bu davrda oʻzbek teatr sanʼatining asosiy turlari: masxarabozlik, qiziqchilik, qoʻgʻirchoq bozlik va dorbozlik kamol topdi. Raqs sanʼati sohasida Fargʻona, Xorazm va Buxoroning oʻziga xos uslublari yaratildi. Ayniqsa, Fargʻonada “Katta oʻyin”, “Oʻt oʻyin”, Buxoro va Samarqandda “Chavki” kabilar xalq orasida keng shuhrat qozongan. Oʻzbek musiqa sanʼatining maishiy, marosim va tarixga oid turlari keng tarqaldi. Muayyan vaqtda ijro etiladigan toʻy (“yor-yor”), mehnat (“mayda”, “yozi”), motam (“yigʻi”, “sadr”) qoʻshiqlari hamda istalgan vaqtda kuylanadigan terma, qoʻshiq, lapar, alla, ashula, yalla kabilar xalq orasida mashhur boʻlgan. Xorazm, Buxoro, Fargʻona, Toshkent maqomlari yuqori mumtoz sanʼat turiga aylandi. Xalq cholgʻu asboblari ichida gʻijjak, sato, qoʻbiz, doʻmbira, dutor, tanbur, rubob, ganch, sibizgʻa, gajir, nay, qoʻshnay, surnay, karnay, doira, nogʻora, saroil kabilar ijrochilik musiqa sanʼatining ravnaq topishida asosiy oʻrin tutdi.

 

Sakkizinchi davr – XIX asr oxiri va XX asr boshlari. Bu davrda Rossiya tomonidan Oʻrta Osiyoning bosib olinishi oʻzbek madaniyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Istilochilar oʻz madaniyatini joriy etishga intildilar. Biroq, bu hodisaga nisbatan mahalliy ziyolilar orasida turli qarashlar, siyosiy-madaniy oqimlar paydo boʻldi. Din arboblari sof islom anʼanalari va qadriyatlarini boshqa madaniyat taʼsiridan saqlashga va Yevropa madaniyatiga qarshi kurashga intildilar. Mahalliy ziyolilar orasida paydo boʻlgan jadidchilik harakati namoyandalari madaniyat va maʼrifat usullarini yangilash va boyitishga harakat qildilar. Rus istilochilari ichidan chiqqan nigilistik qarashga ega vakillar “proletkult” oqimini vujudga keltirdi. Proletkultchilar milliy madaniyatni tag-tomiri bilan qoʻporib, mutlaqo yangi madaniyat barpo etish gʻoyasini ilgari surdilar. XIX asr oxiri XX asrning birinchi yarmida Oʻzbekiston madaniyatiga qator yangiliklar kirib keldi. Yevropaga xos klub, muzey, teatr, sirk, opera, balet, xor, orkestr, estrada kabi shakllar mahalliy madaniy hayotda oʻz oʻrnini topa boshladi. Joylarda koʻp janrli havaskorlik ijodi taraqqiy etdi. Madaniyat va sanʼatni targʻib qilishda OAV – radio, matbuot, TV muhim oʻrin egallay boshladi. Shoʻro hokimiyati davrida muayyan ishlar amalga oshirilgan boʻlsa-da, biroq milliy ong, xalq anʼanalari, maʼnaviy qadriyatlarga qarshi norasmiy kurash olib borildi. Natijada, oʻzbek xalq anʼanaviy madaniyati oʻz “tomirlari”dan kerakli kuch ololmay, yaxshi taraqqiy eta olmadi.

 

Toʻqqizinchi davr – 1991-yildan to bugungi kungacha. Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlga kiritgandan soʻng ajdodlarimiz tomonidan ming yilliklar ichida yaratilgan bebaho meros – xalq anʼanaviy madaniyatini tiklash, saqlash va taraqqiy ettirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Mustaqillikning ilk yillaridayoq Oʻzbekiston BMTga (1992-y.), UNESCOga (1993-y.) aʼzo boʻldi. Bugungi kunda yurtimizdagi 4000dan ortiq madaniy qadriyatlar UNESCO roʻyxatiga olingan. UNESCO qaroriga muvofiq, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500-yilligi, Samarqand shahrining 2750-yilligi, Qarshi shahrining 2700-yilligi, Margʻilonning 2000-yilligi keng nishonlandi. Toshkent shahrining 2200-yilligini tantanali nishonlashga qaror qilindi. Milliy bayramlar, urf-odatlar va diniy qadriyatlar qayta tiklanmoqda, zaminimiz dan yetishib chiqqan buyuk tarixiy shaxslar va mutafakkirlarning meroslari oʻrganilib, nomlari eʼzozlanmoqda. Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband, Amir Temur, Ulugʻbek, Navoiy kabi mutafakkirlarning yubileylari oʻtkazildi. Yangi maʼnaviy-gʻoyaviy yoʻnalishlar shakllandi. Bu ijodiy izlanishlar doirasini kengaytirib, badiiy tafakkur rivojining yanada jadallashishiga olib kelmoqda. Tarixiy-madaniy, maʼnaviy, axloqiy qadriyatlarning keng qatlamlarini qayta idrok etish gʻoyalari, yangilanish tamoyillari meʼmorlik, tasviriy va amaliy bezak sohalarida, musiqa va tomosha sanʼatlarida, badiiy va hujjatli kino, TV tizimida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 12
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 12
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman

Bilasizmi?

10:11 / 20.11.2024 0 92
“O‘dag‘a”ning o‘dag‘aylagani

Qatra

21:11 / 11.11.2024 0 195
Moʻjizaning bahosi

Qatra

15:11 / 08.11.2024 0 508
Ota va yetti o‘g‘il hikoyasi

Bilasizmi?

23:11 / 01.11.2024 0 928
“Birpas”mi, “ikkipas”?..



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 218652
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104447
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 33544
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27239
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 26215
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 24709
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 24707
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 21604
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//