Oʻzbek tabiati


Saqlash
11:12 / 21.12.2023 0 932

Oʻzbek tabiati (Xarakteri) – oʻzbek millati vakillariga xos boʻlgan koʻplab maʼnaviy-axloqiy sifatlarni oʻzida mujassam etuvchi tushuncha. Har bir xalqning milliy tafakkurida shu xalqqa xos va mos boʻlgan, ijtimoiy-tarixiy sharoitlar taʼsiri natijasida shakllangan jihatlar mavjudki, u shu xalqning ruhiyati, mentaliteti, xarakterini ifodalaydi, ijtimoiy-madaniy taraqqiyoti rivojini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Iymon va eʼtiqodlilik, andishalilik, oilaga muhabbat, bolajonlik, halollik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, farzandlarning ota-onalari, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urugʻlariga mehribonligi, diniy qadriyatlarni hurmat qilish, savodxonlik, saxovatlilik, xushfeʼllik, shirinsoʻzlik, mardlik, odillik, hayolilik, mehnatsevarlik kabi xislatlar shular jumlasidandir. Oʻzbek tabiatining yana bir muhim jihati – ota-ona, qarindosh-urugʻlarning hurmatini joyiga qoʻyish, oila muqaddasligi tuygʻularining barkamol boʻlishiga erishish, oʻzaro munosabatlarda yonma-yon yashayotgan oʻzga millat va elat vakillarining manfaatlarini hisobga olishdir. Oʻzbek tabiatiga xos boʻlgan mehr-oqibat, muruvvat, andisha, or-nomus, sharmu hayo, ibo-iffat kabi betakror fazilatlar, bagʻrikenglik, mehmondoʻstlik, oqkoʻngillik xususiyatlari ham xalqimiz feʼl-atvorini ifoda etuvchi ajoyib xislatlardir. Oʻzbek millati vakillariga xos xususiyatlar millatning kundalik turmush tarzida namoyon boʻlib, uning oʻziga xosligini taʼminlaydi.

 

Xarakterning oʻziga xosligi shu bilan izohlanadiki, millat maʼlum hududda, tashqi va ichki omillar, muayyan shart-sharoitlar taʼsirida shakllanadi va bu hol millatning xulq-atvorida oʻz ifodasini topadi. Muayyan shart-sharoit bir xalqdan mulohazali, andishali boʻlishni talab etsa, boshqa bir xalqning shakllanib, rivojlanish sharoiti undan jahldorlikka moyillikni talab etadi, aks holda u oʻz etnik qiyofasini yoʻqotadi. Turfa xarakterli kishilarni har bir millat orasida uchratish mumkin, lekin yaxlit milliy xarakter mavjudligini ham inkor etib boʻlmaydi. Millatlar doirasida kechayotgan tabiiy jarayonlar, yaʼni ularning feʼl-atvoridagi oʻziga xos jihatlar, milliy xarakterdagi murakkab voqea-hodisalar oʻrganilmas, ular bilan teng huquqli, oʻzaro foydali munosabat oʻrnatilmas ekan, millatlar aro munosabatlar rivojini taʼminlash amrimahol. Sobiq mustabid tuzum sharoitida milliy xulq-atvor deyarli inkor qilindi, yagona sotsialistik axloq kodeksi ishlab chiqilib, uni millatlar kundalik hayoti va turmush tarziga, ularning oʻziga xos jihatlariga eʼtibor bermasdan joriy etishga harakat qilindi. Bunday siyosat tabiiy ravishda millatlar orasidagi tafovut va keskinlikni kuchaytirdi.

 

Oʻzbek xarakteridagi andishalilik va uning zamirida paydo boʻlgan “yetti oʻlchab bir kes” kabi ibratli oʻgitlar millatimizga xos xususiyatdir. German Vamberining 1885-yilda Leypsigda nashr etilgan “Turkiy xalqlar” asarida qayd etilishicha, “Oʻzbeklar oʻzlarining dindosh birodarlaridek mutaassib emas, ularning oʻrtasida mugʻombirlik, munofiqlik kamdan-kam uchraydi”. Ana shu xususiyatlar millatning tinchliksevarligi, har qanday vaziyatda ham andishali boʻlishini bildirib, boshqalarni ham shunga undaydi. Millatimizning oʻziga xos xarakteri etnik taraqqiyot, shuningdek, milliy davlatchilik rivojini taʼminlashda asosiy omildir. Shu maʼnoda, u oʻzbek xalqining milliy birligidir. Oʻzbekistonning bugungi va istiqboldagi taraqqiyoti milliy xarakterning oʻziga xosligi, uning rivoji va takomili bilan belgilanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

18:11 / 01.11.2024 0 267
“Birpas”mi, “ikkipas”?..

Qatra

13:10 / 30.10.2024 0 126
“Yashashga shoshilaman”

Bilasizmi?

12:10 / 23.10.2024 0 450
“Beshbattar”dagi besh nima?



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

20:12 / 07.12.2021 143 217915
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

20:12 / 02.12.2021 88 104087
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

17:08 / 04.08.2023 4 30778
Milliy urf-odatlar

Qomus

11:12 / 29.12.2021 4 26689
Kompetentlik

Qomus

12:09 / 18.09.2023 0 23878
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

12:05 / 03.05.2023 1 23700
Alpomish

Qomus

12:04 / 17.04.2023 1 22095
Xarakter

Qomus

15:07 / 28.07.2023 5 20991
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//