Yaxshilik


Saqlash
17:12 / 20.12.2023 0 5395

Yaxshilik – asosiy maʼnaviy-axloqiy tushuncha boʻlib, ezgulikning sinonimi tarzida qoʻllansada, mohiyatan, bir-biridan farq qiladi. Xususan, ezgulik cheksizlikda, yaxshilik esa muayyan chegara doirasida namoyon boʻladi. Ezgulik ijtimoiylik xususiyatiga ega boʻlsa, yaxshilik, asosan, shaxsning odobi, xulqiga bogʻliq boʻlgan ijobiy hodisa; unda mardlik, ochiqkoʻngillilik, halollik singari axloqiy meʼyorlar tajassum topadi. Biroq unga asos boʻlgan amaliy xatti-harakatlar qahramonlik, jasorat, vatanparvarlik kabi axloqiy tamoyillar darajasiga koʻtarila olmaydi. Masalan, hazrat Alisher Navoiy butun umrini ijodiy mehnatga bagʻishladi, xalqimiz, insoniyat uchun “Xazoyin ul-maoniy”, “Xamsa”dek buyuk asarlar yaratib, ezgulik timsoliga aylandi. Ezgulik maʼlum maʼnoda abadiylik xususiyatiga ega, chunki Navoiy asarlari millionlab odamlarga asrlar mobaynida zavq-shavq ulashib, ularni komillikka chorlab kelmoqda. Ayni paytda, Navoiyning oʻzi bevosita koʻplab yaxshiliklar qildi – muhtoj odamlarni qoʻllab-quvvatladi, aholining soliqlarini oʻz hisobidan toʻladi, xalq uchun oʻnlab inshootlar qurdirdi va hokazo. Uning bu yaxshiliklari har qancha ijobiy hodisa boʻlgani holda, oʻtkinchilik tabiatiga ega. Demak, ezgulik, asosan, bilvosita amalga oshiriladigan, uzoq kelajakka moʻljallangan, yaʼni strategik ahamiyatga molik axloqiy xatti-harakatlar majmui; yaxshilik esa, odatda, bevosita muayyan davr uchun dolzarblik xususiyatiga ega axloqiy faoliyatdir. Shunday qilib, yaxshilikni yuksak ijtimoiy-maʼnaviy hodisa – ezgulik bilan aynanlashtirish toʻgʻri emas. Bu fazilatlarning yana bir farqi shundaki, shaxs va jamiyat hayotida voqe boʻlgan ezgulik hech qachon yomonlikka aylanmaydi yaxshilikda esa bunday emas: biror obyektga qilingan yaxshilik boshqa bir obyekt uchun yoki yaxshilik qilgan subyekt uchun yomonlikka aylanishi mumkin. Axloq va axloqsizlik, maʼnaviyat va maʼnaviyatsizlikni farqlashda yaxshilik muhim rol oʻynaydi. Keng maʼnoda barcha ijobiy axloqiy-maʼnaviy sifatlar yaxshilik bilan bogʻliqdir. Masalan, qahramonlik, mardlik, vatanparvarlik ijobiy axloqiy sifatlar sirasiga kiradi va yaxshilik bilan uzviy bogʻliq. Yoki boʻlmasa, maʼnaviyat tizimidagi “muhabbat” yaxshilikning ibtidosi sifatida talqin qilinishi mumkin. Muhabbatning aksi boʻlgan nafrat oʻz obyekti uchun yaxshilikka asos boʻla olmaydi.

 

Yaxshilik insonlarning moddiy yoki maʼnaviy manfaatlari bilan bogʻliq tarzda namoyon boʻladi. Odamlar oʻzlarining manfaatlariga zid boʻlgan harakatlarni yaxshilik sifatida baholamaydi. Bu fikrdan yaxshilik va manfaatlar oʻrtasida aynanlik mavjud, ular orasiga tenglik belgisini qoʻyish mumkin, degan xulosa kelib chiqmaydi. Baʼzan odamlar oʻz manfaatlariga zid boʻlgan hodisalarni ham yaxshilik sifatida baholashi mumkin. Masalan, rahbar tomonidan xodimga berilgan adolatli jazo adolatparvar xodim tomonidan yaxshilik sifatida baholanishi mumkin. Falsafa, fan tarixida yaxshilik obyektiga nisbatan turlicha talqinlar mavjud. Yaxshilikni har kim qilishi kerak, yaxshilikni har kuni qilish kerak, degan yondashuv bilan bir qatorda, yaxshilikni hammaga qilish kerak, degan gʻoya ham ilgari surilgan. Yaxshilik odamlarga axloqiy baho berishda asosiy mezonlardan biri sifatida xizmat qiladi. Axloqiy baho ularning soʻzlariga emas, amallariga qarab berilar ekan, ularning faoliyati jamiyatga, kishilarga nisbatan Yaxshilikka yoʻnaltirilganmi yoki yomonlikka yoʻnaltirilgani haqida xulosa qilishga asos boʻladi. Masalan, Navoiyning: “Odami ersang, demagil odami, Onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami”, degan misralarida odamiylikka yaxshilik nuqtai nazaridan baho beriladi.

 

Kundalik hayotda bu mezondan chetga chiqish hollari ham uchraydi. Odamlarni baholashda baʼzan ularning amallariga emas, soʻzlari, xushomadlari, laganbardorligiga eʼtibor beriladi. Yaxshilik tushunchasi mutlaq xususiyatga ega emas. Yaxshilikning nisbiy jihatlari ham mavjud. Ayni paytda yaxshilik tushunchasidagi nisbiy jihatlarni mutlaqlashtirish ham toʻgʻri emas. Yaxshilik tushunchasi tarkibida nisbiy jihatlar bilan bir qatorda, barqaror xususiyatlar ham mavjud. Yaxshilik tarkibidagi nisbiylik aynan bir hodisaga turli shaxslar yoki turli davrlarda turlicha baho berilishida koʻrinadi. Yaxshilik koʻpayib, yomonlik kamayib borayotgan jamiyat maʼnaviy yuksaklik, farovonlikka tezroq erishadi. Dunyoda yaxshilik bilan yomonlik yonma-yon yurganidek, bu tushunchalar fanda juft kategoriyalar hisoblanadi. Yaxshilik tushunchasi nafaqat axloqiy hodisalarga, balki ijtimoiy-siyosiy hodisalarga nisbatan ham qoʻllanishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi qo‘yilgan

Barchasi

Bilasizmi?

10:12 / 03.12.2024 0 46
Pul va minora – ular “qarindosh”mi?

Bilasizmi?

17:11 / 21.11.2024 0 227
“Tarif”ning ta’rifi va tarixi

Qatra

17:11 / 21.11.2024 0 521
Yoshlar yomonlanadigan davralarda o‘tirmayman



Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Qatra

01:12 / 08.12.2021 143 219187
Oppoq qog‘oz va qora dog‘

Hikmat

01:12 / 03.12.2021 88 104700
Eshikka osilgan taxtacha

Qomus

22:08 / 04.08.2023 4 35344
Milliy urf-odatlar

Qomus

16:12 / 29.12.2021 4 27551
Kompetentlik

Qomus

17:09 / 18.09.2023 0 27483
Nutq. Nutq madaniyati. Nutq odobi

Qomus

17:04 / 17.04.2023 1 26660
Xarakter

Qomus

17:05 / 03.05.2023 1 25376
Alpomish

Qomus

20:07 / 28.07.2023 5 22637
Mehmon. Mehmondorchilik odobi. Mehmondo‘stlik

//