Bilasizmi?
Elshunoslik (etnologiya, etnografiya) – elat va xalqlarning kelib chiqishi va joylashishi, oʻzaro oʻxshash va farqli xususiyatlari, madaniy-maishiy hayoti, ijtimoiy va oilaviy turmush tarzi, maʼnaviy dunyosi kabi muammolarni oʻrganuvchi fan sohasi. Shuningdek, etnoslarning ibtidoiy davrlardan to shu kungacha oʻzligi, urf-odat, marosim, maʼnaviyat va anʼanaviy turmush tarzi, hozirgi kundagi eng muhim etnoslararo munosabatlar, umuminsoniy va umumetnik jarayonlar, etnik guruh va irqlarning oʻzaro aloqalari, etnik ong stereotipi va etnik psixologiya kabi masalalarni tadqiq qiladi. Keyingi vaqtda etnologiya fani koʻproq nazariy muammolarni, etnografiya esa amaliy masalalarni oʻrganishga ixtisoslashmoqda. Etnografiya (yunoncha etnos – xalq va grafos – yozaman) fanining zamonaviy yevropacha nazariy asoslari xalqlar toʻgʻrisidagi mustaqil fan sifatida XIX asr oʻrtalarida shakllangan. “Etnos” soʻzi ilk bor qadimgi yunon tilidagi manbalarda uchraydi. “Etnografiya” atamasi fanga ilk marotaba 1784-yilda A.Shavann tomonidan olib kirilgan. Fransuz olimi Jan Jak Amper tomonidan 1830-yilda “antropologik” (ijtimoiy) fanlarning umumiy tasnifini ishlab chiqishda xalqlar va ularning madaniyati toʻgʻrisidagi yangi fanning nomlanishi tarzida maxsus izoh sifatida qoʻllangan. Keyinchalik mazkur atama Yevropa davlatlariga juda tezlik bilan yoyilgan. Umuman, etnologiya mustaqil fan sifatida bir qator etnologlar jamiyatlari (1839-yil Parijda Fransiya etnologlari jamiyati, 1848-yil AQSHda Amerika etnologlari jamiyati)ning tuzilishi bilan rasman tasdiqlangan. Keyinchalik elshunoslikning nazariy qismi ham rivojlanib borib, uning asosida etnologiya fani vujudga kelgan. Etnologiya ham “xalq toʻgʻrisidagi fan” degan maʼnoni bildiradi. Fan sohasi sifatida elshunoslik (etnografiya, etnologiya) XIX asrning oʻrtalarida isteʼmolga kirdi. Rasmiy ravishda mustaqil fan sifatida 1839-yili “Parij etnologiya jamiyati”ga asos solingan davrdan boshlab tan olingan.
Elshunoslik dastlab faktik bilimlarni toʻplaydi, keyin ularni tahlil etish orqali mohiyatini tushunib olib, nazariy xulosalar chiqaradi. Elshunoslik oʻz tadqiqotlarini arxeologiya, antropologiya, madaniyatshunoslik, lingvistika, sotsiologiya, sanʼatshunoslik kabi fan sohalari bilan bogʻliq holda amalga oshiradi. Mazkur fanlarning oʻzaro aloqasi tufayli keyingi yillarda qoʻshaloq ilmiy sohalar: etnik antropologiya, etnomadaniyat, etnolingvistika, etnosotsiologiya, etnopsixologiya va boshqalar yuzaga keldi. XIX asr ikkinchi yarmida Yevropadagi boshqa yirik davlatlar singari Fransiya siyosiy doiralari tomonidan mustamlakachilik siyosatining kuchayishi va mustamlakalarni boshqarish mexanizmining murakkablashuvi, oʻz-oʻzidan qaram xalqlar toʻgʻrisida kengroq maʼlumotlarga ega boʻlish, ularning milliy xususiyatlari, tarixi, turmush tarzi, madaniyati, maʼnaviyati va anʼanalari haqida batafsilroq maʼlumotga ega boʻlishni talab qila boshlagan. Shu boisdan ham elshunoslik bu davlatda “etnografiya” deb yuritilgan. Fransiyada mazkur atama XIX asr oxirigacha ilmiy isteʼmol doirasida boʻlgan. Etnografiya jahondagi barcha xalqlarning, etnik uyushmaning turli shakllari, ularning kelib chiqishi (etnogenezi), turmush tarzi, urf-odatlari, moddiy va maʼnaviy taraqqiyot darajasi, ularning oʻzaro tafovuti, umumiyligi yoki oʻxshashligini, etnoslarning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganuvchi maxsus fan sohasi hisoblanadi. Elshunoslik hozirgi etnoslarning kelib chiqishi va shakllanishi, joylashishi va etnik tuzilishi, urf-odatlari, maʼnaviy madaniyati va milliy xususiyatlarini tarixiy jarayon bilan bogʻliq tarzda oʻrganadi. Tarixiy elshunoslik yoʻqolib ketgan xalq va elatlar, oʻtmishdagi etnik jarayonlar, maishiy turmush va maʼnaviy madaniyat xususiyatlarini tadqiq qiladi. Elshunoslik fani asosiy eʼtiborni hozirgi xalqlarga qaratgani holda, oʻtmishda mavjud boʻlgan barcha etnik birliklarni ilmiy oʻrganishga ham qaratadi. Elshunoslikning fan sifatidagi asosiy obyekti xalq va xalqlarning oʻziga xosligi hisoblanadi. Elshunoslik fanida turli xalqlar etnogenezi va etnik tarixi, anʼanaviy va etnik-madaniy jarayonlar, moddiy va maʼnaviy madaniyat muammolari hamda etnoslararo jarayonlar tadqiq etiladi. XX asr boshlarida fransuz tadqiqotchilari etnografiyaga tarixiy va nazariy materiallarni jalb etgan holda izlanishlar olib borishlari natijasida elshunoslik etnologiyaga aylangan va hozirda fransuz olimlari tomonidan asosan etnologik tadqiqotlar olib borilmoqda.
XX asrning soʻnggi choragidan boshlab Germaniyada Maks Plank nomidagi Etnologiya va antropologiya ilmiy tadqoqot instituti tomonidan olib borilayotgan izlanishlar alohida eʼtiborga sazovordir. Avvalo, inglizzabon mamlakatlarda xalqlar toʻgʻrisidagi fan antropologiyaning bir qismi sifatida oʻrganilgan. Amerikada dastlabki elshunoslar jamiyati 1848-yilda tuzilgan boʻlsa-da, elshunoslik maktablari Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda amalda birmuncha kechroq shakllangan. Negaki, qitʼa aholisining etnik rang-barangligi va uzoq yillar mobaynida mazkur qitʼada davom etgan irqchilik siyosati natijasida jismoniy antropologiyaning irqiy va madaniy farqlarigina oʻrganib kelingan. Oʻz oʻrnida shuni ham qayd etish kerakki, mazkur yoʻnalishga mashhur olim Genri Lyus Morgan tomonidan asos solingan. Uning ibtidoiy jamiyatda urugʻchilik, oila-nikoh munosabatlari tiplari tasnifi, insoniyat tarixini davrlashtirish mavzularidagi sodda tadqiqotlari bir necha oʻn yillar mobaynida Amerika elshunoslari uchun muhim izlanish yoʻnalishlari sifatida xizmat qilgan. Rossiyada 1846-yil “Rus geografiya jamiyati”ning tuzilishi natijasida elshunoslik yoʻnalishidagi dastlabki tadqiqotlarga asos solingan. Rus etnografiyasi maktabining shakllanishida mashhur sayyoh va tadqiqotchi olim Mikluxo Maklayning xizmati beqiyosdir. Oʻrta Osiyo xalqlari, shu jumladan, oʻzbek xalqi elshunosligi haqidagi dastlabki maʼlumotlar arxeologik yodgorliklar, ilk yozma manbalar va turli qadimiy tarixga oid materiallardan maʼlum. Qadimgi davrlarda va Oʻrta asrlarda Amudaryo va Sirdaryo boʻylarida yashagan xalqlar hayotini oʻrganishda zardushtiylik dinining muqaddas kitobi – “Avesto”, qadimgi turkiy bitiklar va soʻgʻdiy yozuvlar, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit-turk”, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” hamda “Nasabnomai oʻzbek”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma”, Abulgʻoziy Bahodirxonning “Shajarai turk”, Muhammad Solihning “Shayboniynoma” kabi asarlari katta ahamiyatga ega. 1870-yilda Samarqand, Buxoro, Urganch boʻyicha uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiya (N.N.Karazin, N.Ye.Simanov)lar oʻz davri uchun muhim maʼlumotlarni toʻplash imkonini bergan. Oʻrta Osiyo Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, oʻzbek xalqi elshunosligini oʻrganishga jiddiy eʼtibor qaratila boshlangan. Ayniqsa, 1895-yilda Toshkentda Arxeologiya havaskorlari Turkiston toʻgaragining tashkil etilishi natijasida oʻzbek xalqi etnografiyasiga oid ilmiy materiallar yigʻila boshlandi. Shuningdek, Sattorxon Abdugʻafforov, Mirzo Barot, Mulla Qosimov, Muhammad Vafo, G.Arandrenko, L.S.Berg, V.L.Vyatkin, M.F.Gavrilov, A.D.Grebenkin, A.A.Divayev, I.I.Ibrohimov, A.V.Kaulbars, P.Ye.Kuznetsov, D.N.Logofet, N.A.Mayev, A.Ye.Snesarev, M.S.Andreyev, A.A.Semenov, A.F.Petrovskiy, A.P.Shishov, V.N.Nalivkin, N.P.Malliskiylarning tadqiqotlarida oʻzbek xalqining etnik tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, geosiyosiy joylashuvi, oʻzaro ichki va tashqi aloqalari, anʼanaviy turmush tarzi va madaniyatiga doir koʻplab ilmiy materiallar toʻplangan. 1881-yilda mahalliy hokimiyat tomonidan oʻz davrining mashhur elshunos olimlaridan tashkil topgan “Turkiston tub aholisining maishiy turmushini oʻrganish ilmiy komissiyasi” faoliyat yuritgan. Aynan shu komissiya ishtirokida mashhur elshunos tadqiqotchi olim A.A.Divayev rahbarligida Sirdaryo viloyati va Oʻrta Osiyo xalqlari etnografiyasining bilimdonlaridan biri M.S.Andreyev boshchiligida Samarqand viloyatida yashovchi el-uluslar etnografiyasi va boy folklor – xalq ogʻzaki ijodi namunalarini oʻrganish boʻyicha etnofolkloristik ekspeditsiyalar uyushtirilgan. 1930-yillarda yirik oʻzbek folklorshunoslari Gʻozi Olim Yunusov va Hodi Zaripovlar hamda mashhur rus etnografi L.P.Potapov tomonidan oʻzbek xalqi madaniyati, etnografiyasi va folklorini oʻrganish borasida uyushtirilgan maxsus ekspeditsiyalar jarayonida ham mahalliy aholining oʻziga xosligi yuzasidan juda boy materiallar toʻplangan.
XX asrning 20–30-yillariga qadar elshunoslik muammolari bilan koʻproq rusiyzabon olimlar shugʻullangan boʻlsa, 30-yillar oxiriga kelib, M.A.Bikjanova, Sh.Inogʻomov, T.Mirgʻiyosov, M.Yusupov, H.Husanboyev, G.Alimov, A.Boltayev, M.Saidjonov kabi mahalliy mutaxassis-etnograflarning yangi avlodi shakllangan. Bu davrda yaratilgan tadqiqotlar muzeylar va ilmiy markazlarda bajarilgan boʻlib, ularning asosiy ilmiy natijalari asosan turli jurnallarda maqolalar tarzidagina eʼlon qilingan. 1943-yil Oʻz FA Tarix va arxeologiya instituti tarkibida Etnografiya boʻlimining tashkil etilishi respublikada etnografik ilmiy izlanishlarni yanada jonlantirib yubordi, deb hisoblash mumkin. Bu davrda tadqiqotchilar tomonidan asosan tarixiy va zamonaviy etnografiya hamda oʻzbeklarning etnik muammolari yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borildi. XX asrning 70-yillaridan boshlab Oʻzbekistonning ayrim mintaqalari aholisining etnik tarkibidagi oʻzgarishlar haqida hududiy maʼlumot beruvchi etnografik xaritalar tayyorlandi (Sh.I.Inogʻomov, K.Shoniyozov, X.Toshev, B.Aminov va boshqa) Oliy oʻquv yurtlari uchun “Etnologiya” fanidan maxsus darslik (I.Jabborov “Oʻzbek xalqi etnografiyasi”, T., 1994), oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar (O.Boʻriyev, B.Isʼhoqov), “Etnologiya atamalari lugʻati” (O.Boʻriyev) chop etildi. Yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin elshunoslik fani ham yangi bosqichga koʻtarildi. Ayniqsa, etnogenez va etnik tarix muammolari boʻyicha qator tadqiqotlar yaratildi. Bugungi kunda mamlakatimiz ilmiy muassasalarida elshunoslik fanining dolzarb muammolari keng oʻrganilmokda. 2000–2001-yillarda Termiz va Qarshida etnologik tadqiqotlar markazi tashkil etildi. Mamlakatimiz etnologlari AQSH, Angliya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Markaziy Osiyo respublikalari etnologlari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalarini oʻrnatishgan. Rossiya FA Etnologiya va antropologiya instituti bilan ham doimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bunday ilmiy aloqalar yurtimizda elshunoslik (etnologiya, etnografiya) jahon ilmi bilan oʻzaro uygʻun rivojlanayotganligidan dalolat beradi.
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q