Bir kuni...
Shaxs erkinligi – yuksak maʼnaviyat tamoyillariga mos va inson huquqlarini taʼminlash, uning ozod shaxs sifatida mehnat qilishi, bilim olishi, oʻzi istagan kasb-hunar, diniy eʼtiqod va boshqalarni ixtiyoriy tanlashini ifoda etuvchi tushuncha. Qadimdan erkinlik, ozodlik, tenglikni barcha insonlarning ijtimoiy mavqei, dini, irqi, jinsi, millatidan qatʼi nazar, qonunlar oldida teng huquqliligini taʼminlashi odamzodning asosiy maqsadi boʻlib kelgan. Shaxs erkinligining tarkibiy qismlari shaxsning daxlsizligi, qadr-qimmati, diniy eʼtiqod, vijdon, soʻz, ijod erkinligi, xususiy mulkka egalik huquqi va boshqalardan iborat. Shaxsning daxlsizligi qoidalari qadimgi va oʻrta asrlarda cheklab kelingan. Insoniyat tarixida shaxs erkinligini roʻyobga chiqarishda AQSHda XVIII asr oxirida qabul qilingan “Inson huquqlari toʻgʻrisida Bill” va buyuk fransuz inqilobi davrida qabul qilingan “Inson va fuqarolar huquqlari deklaratsiyasi” muhim oʻrin tutadi. Bu borada BMT 1948-yilda qabul qilgan va uning Nizomiga kiritilgan “Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasi” katta ahamiyat kasb etadi. Hozirgi davrdagi ilgʻor, demokratik jamiyatlarning qonunlarida, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham shaxs erkinligi kafolatlangan. Shaxs erkinligiga daxl qilib, moddiy va maʼnaviy zarar yetkazgan, jabr-zulm qilgan shaxslar qonuniy jazoga tortiladi. Sobiq shoʻrolar davrida soʻz, diniy eʼtiqod erkinligi, shaxsning milliy tuygʻulari taʼqib qilinar, millatparvar odamlar “millatchi” deb jazoga tortilar edi. Nazariy-falsafiy jihatdan shaxs erkinligi har bir davrda nisbiy maʼnoda amal qiladi. Tanazzulga uchrayotgan jamiyatlarda turli zoʻravonlik, nohaqliklar oqibatida shaxs erkinligi buzilishi, insonlarning qadr-qimmati yoʻqolib borishiga sabab boʻladi.
Islom taʼlimoti boʻyicha, inson oʻz hayotida yaxshilik yoki yomonlik, savob yoki gunoh ishlarga qoʻl urishi uning oʻz ixtiyorida, Xudoi taolo bandalarga yomonlik qil, deb buyurmagani uchun ular gunohlarni oʻz ixtiyoriga koʻra qiladilar va buning uchun masʼuliyatlidirlar. Boshqa tarafdan shaxs erkinligi Vatan, xalq, jamiyat oldidagi insoniy burch va masʼuliyatni inkor qilmasligi kerak. Burch va masʼuliyat shaxs erkinligini oqilona boshqarib turadi. Burchini, masʼuliyatini yaxshi bilgan odamlarning el-yurt oldida obroʻyi, qadr-qimmati ham oshib boradi. Bunday kishilarni xalq eʼzozlaydi. Shaxs erkinligini yuzaki, biryoqlama tushungan odamlar barcha ishlarda faqat oʻz manfaatini oʻylab, boshqalarning haq-huquqlarini toptashga urinadi. Davlat, qonun tomonidan inson haq-huquqlarining himoya qilinishi fuqarolarning ilm olish, mehnat qilish, jamiyat hayotida yuz berayotgan voqea-hodisalar haqida erkin soʻzlash, ijobiy yoki tanqidiy fikrni aytish, halol mehnat bilan topilgan mulkka egalik qilish huquqlaridan foydalanishga imkon beradi. Mustaqil Oʻzbekiston Konstitutsiyasida shaxs erkinligini yuzaga chiqaruvchi barcha huquqlar kafolatlagan. Bugun Oʻzbekistonda shaxs erkinligi, inson huquqlarining muhofazasi va kafolati, eʼtiqod, mehnat va kasbni erkin tanlash huquqi, taʼlim olish, ijtimoiy muhofaza va boshqa imkoniyatlar qonun bilan himoya qilingan. Bugungi murakkab va ziddiyatli davrda, mamlakatimiz sarhadlariga yaqin joylarda urush oqibatida begunoh odamlar qurbon boʻlib, sarson-sargardon kishilar koʻpayib borayotgan bir sharoitda Oʻzbekistonda inson uchun eng oliy neʼmat – yashash huquqi va osoyishta hayot kechirish huquqi toʻliq taʼmin etilgan.
Bir kuni...
Bilasizmi?
Hikmat
Bilasizmi?
Bir kuni...
Bilasizmi?
Qatra
Hikmat
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
Qomus
//
Izoh yo‘q